Jinoyat va ma'muriy huquq

Ma’naviy zarar qanday undiriladi yoxud amalga oshmagan jinoyat uchun jazo bormi?

Savol: 17 yoshli qizni talonchilik qilib, tilla ziragini majburlab olishgan. Buning ustiga o’sha talonchi yigit qizni zo’rlashga uringan. Qizning baxtiga amalga oshirolmagan.

Qiz ruhan o’zini yo’qotib, qo’rqib ketgan. Qonun tarafidan zirak puli undirildi, ammo jabrlanuvchiga yetkazilgan ruhiy zarar haqida gap bo’lmadi. Balog’atga yetmagan jabrlanuvchi stress oqibatida qiynalib yuribdi. Jabrlanuvchiga yetkazilgan ma’naviy zararni talab qilsa bo’ladimi va u qancha miqdorda bo’ladi? Yigitning bu jinoyati uchun qanday jazo bor?

Javob: Savolda tushuntirilgan holat yuzasidan jabrlanuvchi ayblanuvchidan ma’naviy zarar undirishi mumkin. O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Ma’naviy zararni qoplash haqidagi qonunlarni qo’llashning ayrim masalalari to’g’risida”gi Qaroriga ko’ra, Jinoyat protsessual kodeksining 57-moddasiga muvofiq, jabrlanuvchi, ya’ni jinoyat tufayli ma’naviy zarar ko‘rgan shaxs, jinoyat ishi yuritilishi jarayonida ma’naviy zararni qoplash haqida fuqarolik da’vosini qo‘zg‘ash huquqiga ega.

Agar jinoyat ishi ko‘rilayotganda ma’naviy zararni qoplash haqidagi da’vo arz qilinmagan yoki hal etilmagan bo‘lsa, FPKning 245-moddasiga muvofiq bunday da’vo fuqarolik ishi yuritish tartibida ko‘rilishi mumkin.

Ma’naviy zararni qoplash nomoddiy boyliklarni va nomulkiy huquqlarni himoya qilishning birdan-bir manbai hisoblanadi. Shunga ko‘ra FKning 163-moddasi 1-qismiga muvofiq ma’naviy zararni undirish haqidagi talablarga da’vo muddati joriy qilinmaydi.

Ma’naviy va jismoniy azoblarni qoplash haqidagi da’vo arizalarini qabul qilish va ishlarni ko‘rishda, ma’naviy zarar pul bilan qoplansa-da, nomulkiy zarar ekanligini hisobga olish lozim. Shuni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi “Davlat boji stavkalari haqida”gi 533-sonli qarori 1-moddasining “d” bandiga binoan mulkka oid bo‘lmagan da’vo arizalaridan davlat boji undiriladi.

Vazirlar Mahkamasining “Davlat boji stavkalari haqida”gi 533-sonli qarori 1-moddasining “d” bandiga ko’ra, mulkka oid bo‘lmagan tusdagi (yoki baholanmaydigan) boshqa da’vo arizalaridan — eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida davlat boji undiriladi.

2012-yil 29-noyabr sanasi bilan O’zbeksiton Respublikasida eng kam oylik ish haqi 79 590 so’m, demak, ma’naviy zararni undirish to’g’risidagi da’vo arizasi uchun 39 795 so’m  davlat boji undiriladi.

Fuqarolik kodeksining 1022-moddasiga ko’ra, ma’naviy zarar pul bilan qoplanadi.

Ma’naviy zararni qoplash miqdori jabrlanuvchiga yetkazilgan jismoniy va ma’naviy azoblarning xususiyatiga, shuningdek, ayb tovon to‘lashga asos bo‘lgan hollarda zarar yetkazuvchining aybi darajasiga qarab sud tomonidan aniqlanadi. Zararni qoplash miqdorini aniqlashda oqilonalik va adolatlilik talablari e’tiborga olinishi lozim.

Jismoniy va ma’naviy azoblarning xususiyati ma’naviy zarar yetkazilgan haqiqiy holatlar va jabrlanuvchining shaxsiy xususiyatlari hisobga olingan holda sud tomonidan baholanadi.

Ma’naviy zarar uchun to’lov yetkazilgan mulkiy zarardan alohida hisoblanadi.

Ma’naviy zararning miqdorini sudlar hal qiladi.

O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25-moddasi 2-bandiga ko’ra, qasddan sodir etiladigan jinoyat boshlanib, shaxsga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra oxiriga yetkazilmagan bo‘lsa, jinoyat sodir etishga suiqasd deb topiladi.

Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik va jinoyat sodir etishga suiqasd qilganlik uchun javobgarlik ham Jinoyat kodeksining Maxsus qismining tamom bo‘lgan jinoyat uchun javobgarlikni belgilovchi moddasiga muvofiq hal qilinadi.

Demak, nomusga tegishga bo’lgan harakat jinoyatchiga bog’liq bo’lmagan sabablarga ko’ra yakuniga yetmagan bo’lsa, uni Jinoyat kodeksi 118-moddasi “Nomusga tegish” jinoyatining 2-qismi “a” — “shaxsning o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda” bandiga 25-modda orqali suiqasd qilish deb jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. 118-moddaning 2-qismi “a” bandi jazoni og’irlashtiruvchi holat hisoblanib, ushbu jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxs o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Savolda tilga olgan ishda sud payti jabrlanuvchi ma’naviy zarar undirishni talab qilmagan. Shunday bo’lsa-da, ma’naviy zarar undirishni so’rab u fuqarolik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilishi mumkin.

Eslatib o’tamiz, biz savolda tushuntirilgan holatlar yuzasidan umumiy ko’rsatma va ma’lumot beramiz. Ishning barcha holatlari bizga ayon bo’lmaganligi bois, shaxsning aybdor deb topilishi ham, aynan nomusga tegish jinoyati yoki unga suiqasd jinoyati amalga oshirilgan yoki yo’qligi sud tomonidan isbotlanadi.

One Comment