27.01.2010
Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
va Senatining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasi.
Assalomu alaykum, hurmatli deputatlar!
Hurmatli senatorlar!
Qadrli do‘stlar!
Avvalambor, barchangizni bo‘lib o‘tgan saylovlarda erishgan munosib g‘alabangiz bilan, Sizlarga saylovchilar, mamlakatimiz aholisi tomonidan ko‘rsatilgan yuksak ishonch bilan tabriklab, Siz, xalq vakillariga o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromimni bildirishdan xursandman.
Aminmanki, haqli ravishda Sizlarga ko‘rsatilgan bu ishonch – birinchi navbatda barchangizning shaxsiyatingizga, bilim, tajribangiz, fidokorona mehnatingizga, eng avvalo, mamlakatimizning obro‘-e’tibori va ravnaqi, el-yurtimiz farovonligini yanada yuksaltirish yo‘lida qo‘shayotgan munosib hissangizga xalqimiz tomonidan bildirilgan hurmat ifodasidir.
Ayni vaqtda bu ishonch umumxalq saylovlarida sizlar vakili bo‘lib ishtirok etgan siyosiy partiyaga, ijtimoiy harakatga bildirilgan ishonch belgisidir.
Shu borada, o‘ylaymanki, shu zalda o‘tirgan barcha deputatlar yaxshi anglamoqda, bularni, ya’ni, xalqimiz tomonidan bildirilgan katta umidni, har qaysingiz o‘zingizning halol amaliy mehnatingiz bilan oqlashingiz zarur bo‘lgan avans – nasiya, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Sizlarning e’tiboringizni yana bir o‘ta muhim holatga jalb etmoqchiman. Sizlarning obro‘yingiz – bu Qonunchilik palatasi va Senatning obro‘si, respublikamiz parlamentining obro‘si, mohiyat e’tiboriga ko‘ra, mamlakatimizning obro‘si ekanini hech qachon unutmasligingizni istardim.
Hurmatli do‘stlar!
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida 2009 yil 27 dekabr kuni Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovlar haqida va shuningdek, 2010 yilning 10 yanvar kuni ana shu idoralarga o‘tkazilgan takroriy saylovlar xususida ortiqcha gapirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman.
Ushbu saylovlar haqida mamlakatimizdagi tegishli vakolatga ega bo‘lgan tuzilmalar kuzatuvchilari va jamoatchiligimiz tomonidan, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy tashkilot va kuzatuvchilar tomonidan ham atroflicha, yetarli va xolis baholar berildi.
Barcha-barcha berilgan baho va tafsilotlarda avvalo saylovchilarimizning ovoz berish paytida umumiy faollik, ochiqlik va oshkoralik, milliy va xalqaro qonunchilik me’yorlari va talablariga rioya qilish muhiti yaqqol namoyon bo‘lgani ta’kidlandi.
Bu o‘z navbatida jamiyatimizning o‘tgan davr mobaynida demokratik o‘zgarishlar, har qaysi fuqaroning tanlash erkinligini ta’minlash va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘lida tom ma’noda qanday ulkan qadamlar qo‘yganini yana bir bor tasdiqladi.
Qonunchilik palatasiga 30 foizga yaqin, mahalliy kengashlarga esa taxminan 20 foizdan ko‘proq deputatlar saylovlarning takroriy bosqichidan – ikkinchi turdan o‘tishga majbur bo‘lganlarining o‘zi – ushbu saylovlarimiz naqadar demokratik asosda bo‘lib o‘tganining, hech shubhasiz, yaqqol isboti, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Bo‘lib o‘tgan saylovlar aholimizning yuksak ijtimoiy-siyosiy madaniyatini, uning siyosiy va fuqarolik ong darajasi tobora o‘sib borayotganini, saylovchilar mamlakatni isloh etish va modernizatsiya qilish jarayonlarini chuqurlashtirish yo‘lidan izchil ilgarilab borayotganimizni keng qo‘llab-quvvatlayotganini namoyish etdi.
Eng muhimi, mazkur saylovlar davlatimiz hayotida yuz berayotgan barcha tub o‘zgarish va yangilanishlar jarayoni orqaga qaytarib bo‘lmaydigan qonuniy tus olganini yana bir bor ko‘rsatdi.
Eng muhim xulosa shundan iboratki, bu saylovlar bugungi kunda hayotimizni demokratlashtirish va liberallashtirishga qaratilgan o‘zgarishlar jarayonini, haqiqatdan ham, hech qanday kuch orqaga qaytara olmasligining amaliy ifodasi bo‘lganini takror va takror ta’kidlashni o‘rinli deb bilaman.
Barchamizga yaxshi ma’lumki, biz o‘z vaqtida shu borada muhim qarorlar, xususan, “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunni qabul qilgan edik.
Shuningdek, siyosiy partiyalarning saylovlarda qatnashib, o‘zining nimalarga qodir ekanini isbotlashga, amalda bu partiyalarni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan chuqur o‘zgarishlarning hal qiluvchi kuchiga aylantirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, joriy etilganidan ham xabardorsiz.
Bo‘lib o‘tgan saylovlardan biz chiqarishimiz kerak bo‘lgan yana bir o‘ta muhim xulosa shundan iboratki, bu saylovlar o‘z vaqtida qabul qilingan ana shu qarorlarning naqadar to‘g‘ri va samarali ekanini ko‘rsatdi.
Aynan ana shu xususiyat – ya’ni, siyosiy partiyalarning hal qiluvchi kuch sifatida maydonga chiqishi mazkur saylovlarning mohiyati va asosiy ma’no-mazmunini tashkil etdi, desam, yanglishmagan bo‘laman.
O‘ylaymanki, o‘tgan saylovlarning ayni shunday alomatlari mamlakatimiz parlament tizimining samaradorligini oshirishga albatta sezilarli ta’sir o‘tkazadi.
Shu fursatdan foydalanib, yorug‘ kelajagimizni qurish yo‘lida mamlakatimiz bu murakkab siyosiy imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgani uchun barcha fuqarolarimizni yana bir bor tabriklab, butun xalqimizga chuqur minnatdorligimni va hurmatimni bildirishni o‘zimning burchim, deb bilaman.
Muhtaram majlis ishtirokchilari!
Qonunchilik palatasi va Senatning yangitdan saylangan tarkibining bo‘lg‘usi faoliyati bilan bog‘liq masalalarga o‘tishdan oldin Oliy Majlisning o‘z vakolatlarini tugatgan har ikkala palatasi a’zolariga, ularning sidqidildan qilgan mehnati, Vatanimiz qudratini mustahkamlash, xalqimiz farovonligini oshirishga qo‘shgan katta hissasi uchun samimiy tashakkur bildirishga ruxsat bergaysiz.
Ma’lumki, birinchi bor 2004 yilda saylangan ikki palatali parlamentimizning faoliyati hayotimizning muhim bir davriga – mamlakatimizda chuqur o‘zgarishlar, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha tomonlarini izchil isloh etish va liberallashtirish, jamiyatimizni demokratik yangilash va modernizatsiya qilish jarayonlari jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan bir davrga to‘g‘ri keldi.
O‘zbekistonning oldida turgan ushbu ustuvor vazifalarning barchasini hal qilishda parlamentning avvalgi tarkibi mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish ishida katta ahamiyatga ega bo‘lgan 250 dan ziyod qonunni qabul qilib, muhim hissa qo‘shdi.
Bugun shu borada amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilar ekanmiz, aytish mumkinki, parlamentning professional organi sifatida doimiy faoliyat olib boradigan, qonunlarni ishlab chiqadigan va qabul qiladigan quyi palatasi va hududiy vakillik organi sifatida mintaqalarimizning manfaatlarini to‘liq aks ettiradigan yuqori palata bo‘lmish Senatni shakllantirish bo‘yicha asosiy vazifalar, umuman olganda, muvaffaqiyatli hal qilindi.
Qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining sifati va asoslanishi tubdan yaxshilandi. Umumdavlat va mintaqaviy manfaatlar o‘rtasidagi mutanosiblik va uyg‘unlik yanada samarali ta’minlanmoqda.
Siyosiy partiyalarning mamlakatimiz oliy qonunchilik organi, joylardagi hokimiyat vakillik organlari faoliyatidagi roli va ta’siri sezilarli darajada oshdi.
Qonunchilik palatasida birinchi marta parlamentdagi ko‘pchilik – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va shuningdek, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyalarini birlashtirgan Demokratik blok shakllandi. Ayni vaqtda O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi fraksiyasi timsolida parlamentdagi muxolifat tashkil topdi.
Oliy Majlisning qonun ijodkorligi faoliyatida mamlakatimizda iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlarni, qulay investitsion muhitni shakllantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlash, bank-moliya tizimini rivojlantirishni normativ-huquqiy jihatdan ta’minlash masalalari alohida o‘rin egalladi.
Bu davrda xususiy mulkni huquqiy jihatdan himoya qilishni kuchaytirish, mamlakatimizda har tomonlama baquvvat mulk egalari sinfini shakllantirish, fermerlik harakatini mustahkamlash, iqtisodiyotni yanada liberallashtirishni ta’minlash, tadbirkorlik, avvalo kichik biznes faoliyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, keng tarmoqli bozor infratuzilmasini barpo etishni ko‘zda tutadigan qonun hujjatlarining butun bir majmuasi qabul qilindi.
Aholi daromadlari va xalq farovonligini uzluksiz oshirib borish, keng miqyosdagi ijtimoiy dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish masalalari parlamentning e’tibor markazida bo‘ldi.
Iqtisodiy islohotlarni qonuniy jihatdan ta’minlashga yo‘naltirilgan bunday va boshqa bir qator tadbirlar 2009-2012 yillarga mo‘ljallangan, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining salbiy oqibatlarini imkon qadar kamaytirishga qaratilgan Inqirozga qarshi choralar dasturini samarali amalga oshirishni huquqiy ta’minlash, dunyodagi sanoqli davlatlar qatorida O‘zbekistonga iqtisodiyotning barqaror o‘sish sur’atlarini saqlab qolish va aholining real daromadlarini oshirish imkonini berdi.
Bu xulosalarni tasdiqlaydigan raqamlar haqida gapiradigan bo‘lsak, og‘ir kelgan 2009 yilda mamlakatimizning yalpi ichki mahsuloti 8,1 foizga o‘sgani, sanoat sohasi 9 foizga, iqtisodiyotimizga jalb etilgan investitsiyalar hajmi 26 foizga, shu jumladan, tashqi investitsiyalar 68 foizga oshgani, tashqi savdoning ijobiy saldosi 2,3 milliard dollardan ko‘proqni tashkil etgani, o‘rtacha oylik darajasining o‘sishi 40 foizga, aholi daromadlari esa 26,5 foizga ko‘payganini ta’kidlash lozim. Mana shu misollarning o‘ziyoq biz erishgan ko‘pgina yutuqlarning yaqqol dalili bo‘la oladi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Shuni ta’kidlash kerakki, parlamentimiz sud-huquq tizimini chuqur isloh qilish va liberallashtirish, sud hokimiyatining amaldagi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha mamlakatimizda olib borilayotgan keng miqyosli ishlarga ham salmoqli hissa qo‘shdi. O‘tgan besh yil mobaynida qabul qilingan 58 ta qonunga muvofiq, sud-huquq tizimidagi islohotlar yanada chuqurlashtirildi.
Shu davrda jinoiy jazo tizimini liberallashtirish, amalda sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash jarayonlariga katta e’tibor berildi. Advokatura instituti isloh etildi. Sud qarorlarini ijro etish tizimi, prokuratura faoliyati takomillashtirildi, butun sud-huquq tizimini bosqichma-bosqich demokratlashtirishga qaratilgan boshqa bir qator chora-tadbirlar amaliyotga tatbiq etildi.
Mamlakatimizda 2008 yil 1 yanvardan boshlab o‘lim jazosini bekor qilish to‘g‘risida, shuningdek, fuqarolarni qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini prokuraturadan sudlarga o‘tkazish to‘g‘risida 2007 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari butun dunyoda ulkan qiziqish va e’tibor uyg‘otdi. Mazkur chora-tadbirlarning joriy etilishi bilan O‘zbekistonda dunyodagi eng insonparvar, liberal jinoiy jazo tizimlaridan biri yaratildi.
Demokratik islohotlarning muhim tarkibiy qismi bo‘lgan fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlash va rivojlantirish, mustaqil ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish bo‘yicha ham ko‘p ishlar amalga oshirildi.
Keyingi yillarda ommaviy axborot vositalarini yanada demokratlashtirish va liberallashtirish, olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlarning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashda ularning faolligini oshirish, media makonga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini bevosita joriy etishga qaratilgan qariyb 10 ta qonun hujjati qabul qilindi.
2008 yilning iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi har ikki palatasi kengashlarining “Nodavlat notijorat tashkilotlarini, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilindi.
Bu hujjat nodavlat notijorat tashkilotlarning, fuqarolik jamiyati institutlarining mustaqil rivojlanishini bosqichma-bosqich ta’minlash, mamlakatimizni demokratik yangilash jarayonida ularning roli va ahamiyatini kuchaytirish yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur qo‘shma qarorga binoan nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini moliyalashtirish manbalarini shakllantirishning mustaqil, demokratik prinsiplarga asoslangan tizimi yaratildi.
Hurmatli majlis qatnashchilari!
Erishilgan yutuqlarni qayd etar ekanmiz, shu bilan birga, avvalgi parlamentimiz faoliyatidagi kamchilik va nuqsonlar, foydalanilmasdan qolgan imkoniyatlar haqida ham aytib o‘tishni zarur, deb bilaman. Bugun, Oliy Majlisning kelgusi besh yildagi faoliyatining asosiy vazifalari va ustuvor yo‘nalishlari belgilab olinayotgan bir paytda bu ayniqsa muhimdir.
Birinchidan, shuni tan olish kerakki, Qonunchilik palatasi faoliyatidagi eng katta kamchiliklardan biri uning qonun ijodkorligi ishlari bo‘yicha chuqur va har tomonlama puxta ishlab chiqilgan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlar jarayonining talablari bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan, uzoq istiqbolga mo‘ljallangan o‘z dasturiga ega emasligida ko‘rinadi.
Bu ko‘pincha qonunlarning aniq bir tizimga rioya qilmagan holda, ularning qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lgan subyektlar tomonidan kiritilishiga qarab qabul qilinishiga olib kelayotgan sabablardan biridir.
Ikkinchidan, iqtisodiy, siyosiy, gumanitar sohalarda jadal rivojlanayotgan islohotlarni amalga oshirish uchun hayotiy zarur bo‘lgan qonunlarni kiritish tashabbusi bilan chiqishda va ularning qabul qilinishini tezlashtirishda deputatlar korpusining sustkashligi, bu borada yetarlicha faollik ko‘rsatmayotgani jiddiy kamchilik hisoblanadi. Keyingi besh yil mobaynida Qonunchilik palatasiga taqdim etilgan 297 ta qonun loyihasidan atigi 44 tasi deputatlar tashabbusi bilan kiritilgan.
Ayni paytda, 42 ta qonun loyihasi bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilgan, 160 tadan ziyod qonun loyihasi esa mamlakatimiz hukumati tomonidan kiritilgan bo‘lib, ularning aksariyat qismi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlarining ijrosini ta’minlash munosabati bilan taqdim etilgan.
Uchinchidan, qabul qilinayotgan qonunlarning sifatini tubdan yaxshilash talab etiladi. Ularning ko‘pchiligi amaldagi qonun hujjatlariga o‘zgartish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan bo‘lib, kodifikatsiyalashish xarakteriga, ya’ni, muayyan darajada tizimlashuv mazmuniga ega emas.
Qabul qilinadigan qonun loyihalarida amaldagi qonun hujjatlaridan farq qiladigan tafovutlarga, takrorlarga yo‘l qo‘yilganini, boshqa hujjatlarga havola qilish holatlari ko‘pligini qayd etish lozim.
Va eng asosiy kamchilik qabul qilinadigan qonunlarda aksariyat o‘rinlarda ana shu qonun hujjatlarining hayotga tatbiq etilishini ta’minlaydigan protsessual mexanizmlarning mavjud emasligida ko‘zga tashlanadi. Bu esa o‘z-o‘zidan ushbu hujjatlarning qo‘llanishini sezilarli darajada qiyinlashtiradi, qonunlarning ijro etilmasligiga, huquqiy nigilizmga, ya’ni har qanday huquqiy normaning inkor qilinishiga, huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligining pasayishiga olib keladi.
To‘rtinchidan, qonunda ko‘zda tutilgan deputatlik nazorati va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga ta’sir ko‘rsatish shakllaridan sust foydalanilmoqda.
Quyi palata faoliyat yuritgan butun davr mobaynida atigi bir nechta, xususan, innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish, kimyo sanoati korxonalari qurilishini jadallashtirish va yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha parlament so‘rovi amalga oshirilganini albatta yetarli deb bo‘lmaydi.
Beshinchidan, parlament deputatlarining o‘z saylov okrugidagi tizimli faoliyatini sezilarli darajada yaxshilash talab etiladi.
Aynan ana shunday faoliyat qabul qilingan qonunlar qanday ishlayotganini, xo‘jalik yuritish amaliyoti bugungi kunda qanday qonunlarga muhtoj ekanini, saylovchilar qanday muammolarga duch kelayotgani va ularni hal etish bo‘yicha nimalar qilish zarurligini aniqlash uchun deputatga imkon bergan bo‘lardi.
Bu haqda ko‘p gapirmasdan, birgina misolni keltirish mumkin. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining saylov okrugidagi faoliyatini tashkil etish tartibi” palata tomonidan 2008 yilning may oyiga kelib, ya’ni parlament faoliyatining to‘rtinchi yilidagina ishlab chiqilgani va qabul qilinganini aytib o‘tishning o‘zi kifoya, deb o‘ylayman.
Afsuski, deputatlarning saylov okrugidagi faoliyati asosan shunchaki uchrashuvlar tashkil qilishdan iborat bo‘lib qolgan, tahlillarning ko‘rsatishicha, ular ham ko‘pincha nomigagina o‘tkazilib, faqat shikoyat va savollarga javob qaytarish bilan cheklanilgan.
Oltinchidan, quyi va yuqori palatalar amaliy faoliyatining ayniqsa dastlabki davrida aksariyat hollarda har ikki tomonning o‘z ambitsiyalarini namoyon etishi bilan bog‘liq bo‘lgan jiddiy muammolar ham kuzatildi, bunday ziddiyatlar qonun hujjatlarini qabul qilish muddati va sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Muxtasar aytganda, O‘zbekistondagi oliy qonun chiqaruvchi organ bo‘lmish Oliy Majlis tomonidan amalga oshiriladigan qonun ijodkorligi jarayonining mustaqil va muqarrar tarkibiy qismi bo‘lgan har qaysi palata faoliyatini ta’minlash jarayoni qiyinchilik bilan yo‘lga qo‘yildi.
Albatta, har qaysi palata tomonidan o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifa va vakolatlarni ado etish asnosida ularning o‘rtasida turli kelishmovchilik va qarama-qarshiliklar vujudga kelishi har tomonlama tabiiy va qonuniy holdir.
Shu fursatdan foydalanib, Senat, uning a’zolari qonunchilik tashabbusi huquqiga ega emasligini ta’kidlab o‘tishni istardim.
Senat – bu vakillik organi va uning ko‘pchilik qismi xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining deputatlari sifatida mamlakatimiz oliy qonun chiqaruvchi organida ana shu mahalliy Kengashlarning vakolatli vakillari hisoblanadi va ularga hisob beradi. Va shu sababli ham senatorlarning o‘z faoliyatida, qonunlarni muhokama etish va qarorlar qabul qilishda, birinchi navbatda, umumdavlat manfaatlaridan kelib chiqqan holda, bu qonunlarni o‘zlari vakili bo‘lgan hudud va mintaqalar manfaatlari nuqtai nazaridan ko‘rib chiqishlari to‘liq qonuniy asosga egadir.
Shuning uchun ham Senat tomonidan biron-bir qonun qaytarilgan vaziyatda taqdim etilgan loyihalarning mohiyati va ma’no-mazmuni bo‘yicha quyi va yuqori palatalar kelishuv komissiyalari doirasida vujudga keladigan bahs-munozaralarni biz demokratik parlament ishining tabiiy va sog‘lom shakli sifatida ko‘rishimiz darkor.
Hurmatli deputat va senatorlar!
Oliy Majlisning o‘tgan davrdagi faoliyatini talabchanlik ruhida, tanqidiy baholar ekanmiz, parlament ishida yo‘l qo‘yilgan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etmasdan, sustkashlik va o‘zibo‘larchilik holatlariga barham bermasdan turib, deputat va senatorlar o‘z oldida turgan vazifalarni samarali hal etishga, saylov paytida saylovchilariga bergan yuksak va’dalarining ustidan chiqishga erisha olmasligini yaqqol anglab, tushunib olishimiz kerak.
Ayniqsa, yangitdan saylangan parlament sifat jihatidan yangicha siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda faoliyat yuritishi zarurligi barchamizga aniq-ravshan ayon bo‘lishi lozim.
Bugungi kunda davlat va jamiyat qurilishi sohasida mamlakatimiz oldida o‘zining miqyosi va qamroviga ko‘ra ulkan vazifalar turibdi.
Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi hali-beri davom etayotgan og‘ir bir sharoitda iqtisodiyotimizning yanada barqaror rivojlanishini ta’minlash, uni diversifikatsiya va modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishni texnik qayta jihozlash borasidagi ishlarni izchil davom ettirishimiz zarur.
Mintaqamizda va butun dunyoda yuzaga kelayotgan murakkab geosiyosiy sharoitda bizning zimmamizda mamlakatimizning xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash, shu muqaddas zaminimizda hukm surayotgan tinch-osoyishta hayotni saqlash kabi biri-biridan mas’uliyatli va keng ko‘lamli bir qator vazifalar borki, yurtimizning, jondan aziz farzandlarimizning bugungi va ertangi kuni ana shu masalalarni qanchalik muvaffaqiyat bilan hal etishimizga bog‘liqdir.
Mana, yon qo‘shnimiz Afg‘onistonda 30 yildan buyon davom etayotgan qurolli mojaroning hali-beri oxiri ko‘rinmayapti. Xalqimizda “Qo‘shning tinch – sen tinch” degan maqol bejiz aytilmagan. Qo‘shni mamlakat hududida mana shunday keskinlik saqlanib turar ekan, albatta, mintaqamizda tinchlik-barqarorlikka nisbatan tahdid ham saqlanib qolaveradi.
Afg‘onistondagi murakkab vaziyatni hal etish bo‘yicha O‘zbekiston eng nufuzli xalqaro minbarlardan muhim amaliy tashabbuslarni doimiy ravishda bayon qilib kelmoqda. Ayniqsa, NATO/SEAP tashkilotining 2008 yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan Buxarest sammitida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan afg‘on muammosini faqat harbiy yo‘l bilan yechib bo‘lmasligi haqidagi fikr birinchi bo‘lib o‘rtaga qo‘yilgan va bu mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal etish maqsadida “6+2” muloqot guruhini “6+3” guruhiga aylantirish haqidagi taklif ilgari surilgan edi. Bu guruhga Afg‘oniston bilan qo‘shni bo‘lgan davlatlar, AQSH va Rossiya hamda NATO tashkilotining vakolatli vakillari kirishi nazarda tutiladi. O‘zbekistonning bu taklifi dunyo siyosiy jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otgani sizlarga yaxshi ma’lum, deb o‘ylayman.
Afg‘on mojarosini hal qilish uchun 30 yil davomida milliard-milliard dollar mablag‘ sarflandi. Lekin, ahvol ijobiy tomonga o‘zgarish o‘rniga, aksincha, mamlakatdagi keskinlik kuchayib bormoqda.
Avvalo, mahalliy xalq, qaysi millat va elatga mansubligidan qat’i nazar, bir-biri bilan kelishishi kerak, buning uchun ularga yordam, birinchi navbatda iqtisodiy yordam berish lozim.
Eng muhimi, afg‘on xalqining milliy urf-odatlari va madaniyatini, diniy qadriyatlarini hurmat qilish zarur. Boshqacha aytganda, avvalo xalqni hurmat qilish, keyin unga aql o‘rgatish kerak.
Shu kunlarda Afg‘oniston masalasi bo‘yicha Londonda bo‘lib o‘tadigan xalqaro anjumanda ana shunday yondashuv asosida umumiy bir qaror qabul qilinishi haqida fikrlar bildirilmoqda. Ya’ni, dunyodagi ko‘pgina davlatlar afg‘on muammosini faqat harbiy yo‘l bilan hal qilish mumkin emasligini har tomonlama anglab, amaliy xulosalarga kelmoqda. Bu, o‘z navbatida, Buxarest sammitida O‘zbekiston ilgari surgan tashabbusning naqadar to‘g‘ri ekanini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
Qisqacha aytganda, jafokash afg‘on zaminida tezroq tinchlik qaror topishi uchun jahon hamjamiyati, avvalambor iqtisodiy-moliyaviy, ijtimoiy-gumanitar yordam ko‘rsatishi va bu ishlarning barchasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahnamoligida amalga oshirilishi zarur.
Bugungi kunda dunyodagi ko‘pgina davlatlar tomonidan Afg‘onistonga ana shunday yordam ko‘rsatilmoqda. Albatta, bu mamlakatda tinchlik va barqarorlik o‘rnatishdan avvalo unga qo‘shni bo‘lgan davlatlar manfaatdordir.
O‘zbekiston hozirgi vaqtda yaqin qo‘shni davlat sifatida Afg‘onistonga katta yordam bermoqda. Jumladan, 2010 yilda O‘zbekiston bu mamlakatga yetkazib berayotgan elektr energiyasi miqdori o‘tgan yillarga nisbatan 6 barobarga oshirildi.
Shu kunlarda O‘zbekistonning quruvchi va mutaxassislari tomonidan “Termiz – Hayraton – Mozori Sharif” temir yo‘lini qurish ishlari boshlanmoqda va ishonamanki, u yil oxiriga qadar yakuniga yetkaziladi.
Xulosa qilib aytganda, parlamentimizning bugungi kunda mintaqamizda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash masalasida mas’uliyati katta. Buni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz kerak.
Aziz do‘stlar!
Yuqorida zikr etilgan masalalarning barchasi parlamentimizdan yuksak tashabbuskorlikni, qonun ijodkorligi faoliyati samaradorligini oshirish yo‘lida muntazam izlanishni, har bir deputat va siyosiy partiyadan esa avvalambor ular saylov davrida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarishni talab etadi.
Qonunchilik va normativ-huquqiy bazadagi kamchilik va nuqsonlarga imkon qadar tezroq barham berish, huquqni qo‘llash amaliyotida g‘oyat jiddiy o‘zgarishlarni joriy etish, huquqni muhofaza qilish va sud organlarining faoliyatida faqat va faqat qonunga rioya etilishini ta’minlash bilan bog‘liq ishlarni takomillashtirish darkor.
Bu vazifalar biz barpo etayotgan huquqiy davlatni shakllantirishda naqadar muhim ahamiyatga ega ekani haqida, o‘ylaymanki, ortiqcha gapirib o‘tirishning hojati yo‘q.
Ayni paytda, shuni ham o‘zimizga yaqqol tasavvur qilishimiz kerakki, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, odamlarimizning hayot darajasini yanada yuksaltirish, sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy sohalardagi boshqa ko‘plab vazifalarga ijobiy yechim topish eng muhim bir vazifani muvaffaqiyatli hal etishni talab qiladi.
Bu vazifa avvalambor demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va iqtisodiyotni erkinlashtirish, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lidan jadal va samarali ilgarilab borishdan iboratdir.
O‘ylaymanki, Qonunchilik palatasida ham, Senatda ham, oldimizda turgan ishlarning amaliy dasturini tayyorlash jarayonida ana shu vazifalarning barchasi hisobga olinadi va oxirigacha puxta ishlab chiqiladi.
Mening chuqur ishonchim bo‘yicha, eng muhim, hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan quyidagi masalalar doimiy e’tiborimiz markazida turishi darkor.
Birinchi. Mana shu yuksak minbardan turib qat’iy ta’kidlashni istardim: agarki, biz iqtisodiy va sotsial sohani isloh etish jarayonlarini ijtimoiy-siyosiy va sud-huquq tizimini muntazam yangilab borish jarayonlari bilan o‘zaro aniq va chuqur, uzviy bog‘liq holda amalga oshirishni ta’minlamas ekanmiz, mamlakatimizni modernizatsiya qilish borasida belgilab olgan yuksak marralarimizga erisha olmaymiz.
Shu borada Konstitutsiyamiz muhrlab qo‘ygan davlat hokimiyati tizimi – hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga rioya qilgan holda, parlament hokimiyatining amaliy rolini kuchaytirish masalalari e’tiborimiz markazida turishi kerak.
Bu o‘ta muhim vazifalarni amalga oshirishda ko‘ppartiyaviylik tizimining rivojlanishiga, siyosiy partiyalar faolligining keskin oshishiga, ular o‘rtasida raqobat asosidagi kurashning kuchayishiga sharoit tug‘dirib berish alohida o‘rin tutadi.
Biz o‘z oldimizga qo‘yayotgan bu vazifaning tub mohiyati shundaki, u partiyalar o‘rtasidagi saylovoldi kurashi, Oliy Majlisimizning yangi tarkibini shakllantirish paytida bo‘lib o‘tgan g‘oya va dasturlar kurashi parlamentning kundalik faoliyatida ham davom etishini va yanada chuqurlashib borishini nazarda tutadi.
Aynan parlament faoliyatida, ta’bir joiz bo‘lsa, g‘oya va dasturlar bellashuvi doimiy tus olishi, har qaysi partiya o‘z oldiga qo‘ygan maqsad-muddaolariga ana shunday kurash orqali erishishi lozim.
Ishonchim komilki, Qonunchilik palatasidagi turli siyosiy fraksiyalar o‘rtasidagi raqobat qanchalik keskin va kuchli bo‘lsa, jamiyatimizning muayyan siyosiy kuchlari va ijtimoiy qatlamlari manfaatlarini o‘zida ifoda etadigan har qaysi partiyaning g‘oyalari, dasturiy vazifalari hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilishining kafolati ham shunchalik mustahkam bo‘ladi.
Bularning barchasi, hech shubhasiz, qabul qilinadigan qonunlarning sifatini oshirishga, parlament rolining, uning mamlakatimizda yuz berayotgan jarayonlarga ta’sirining kuchayishiga yordam beradi.
Partiyalar o‘rtasidagi bahs-munozaralar jiddiy, professional va amaliy negizda olib borilishi darkor. Aynan shuning uchun ham siyosiy partiyalar o‘z elektoratini o‘ylantirayotgan sotsial-iqtisodiy muammolarni yanada chuqurroq o‘rganishga va ularni hal etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga butun diqqat-e’tiborini qaratishi kerak.
Bu haqda gapirganda, “mamlakat rahbariyatining islohotlarni amalga oshirish borasidagi strategik yo‘lini siyosiy qo‘llab-quvvatlaymiz” degan umumiy gaplardan amaliy faoliyatga o‘tish, chuqur o‘ylangan, shu jumladan, muqobil, raqobatdosh loyihalar va har qaysi partiya yoki harakatning aniq maqsadli vazifalarini o‘zida mujassam etadigan dasturlarni taqdim etgan holda, faol ish olib borish davri kelganini ta’kidlash lozim.
Bunda joylarda islohotlarning ijtimoiy samarasini oshirishga xalaqit berayotgan jiddiy kamchilik va nuqsonlarni aniqlash, ularni ochiq, oshkora va amaliy ruhda muhokama qilish, o‘z xizmat joyida zimmasiga yuklangan majburiyatlarni uddalay olmayotgan davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi, nazorat va huquqni muhofaza qilish tizimlarining rahbarlarini asosli tanqid qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Albatta, elektorat bilan ish olib borishning zamonaviy usullaridan, umume’tirof etilgan siyosiy texnologiyalardan keng foydalanish, partiyaviy nashrlarni partiyalararo qizg‘in bahs-munozaralar minbariga aylantirish zarurligini hammamiz yaxshi tushunamiz.
Parlamentimiz va mahalliy vakillik organlari – Kengashlar oldida turgan ikkinchi g‘oyat muhim vazifa – bu qabul qilingan qonunlarning ijro etuvchi hokimiyat, ya’ni hukumat tomonidan markazda, hokimliklar tomonidan esa joylarda qanday bajarilayotgani ustidan qat’iy parlament nazoratini, deputatlik nazoratini o‘rnatishdan iboratdir.
Shuni ochiq tan olish kerak, Qonunchilik palatasi va Senatda, afsuski, bu boradagi ishlar o‘ta qoniqarsiz yo‘lga qo‘yilgan. Qonunchilik palatasi va Senatda qonunlar ijrosi, tegishli tarmoqlarda ustuvor davlat dasturlarining bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari, vazirlik va qo‘mitalar, ijro etuvchi tashkilotlar rahbarlarining axborot va hisobotlari kamdan-kam eshitiladi va muhokama qilinadi.
O‘rganishlar natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, parlamentda bunday hisobotlarni eshitish ko‘proq umumiy, ya’ni tanishuv holatiga ega bo‘lib, ko‘rilayotgan masala bo‘yicha muayyan qo‘mita yoki komissiyaning pozitsiyasi aniq belgilab olinmagan, har tomonlama puxta ishlab chiqilib tavsiya etilgan biron-bir dastur va hujjat qabul qilinmagan.
Kelgusida qonun chiqaruvchi hokimiyat nazorat vakolatlarini amalga oshirishning qonunda ko‘zda tutilgan huquqiy norma va mexanizmlaridan markazda va joylarda keng foydalanish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish kerak.
Davlat tuzilmalari rahbarlarining ularga ishonib topshirilgan tarmoqlarda qonun hujjatlarini ijro etish holati bo‘yicha hisobotlarini eshitib borish parlament faoliyatining kundalik ishiga aylanishi darkor.
Shu bilan birga, ijro hokimiyati rahbarlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zolarining ular bevosita mas’ul bo‘lgan sohalarda qonunlarning qanday bajarilayotgani bo‘yicha hisobotlarini tinglab borish amaliyotini kengaytirish zarur.
Xususan, parlament nazoratini amalga oshirish jarayonida davlat tuzilmalarining iqtisodiyot sohasiga asossiz aralashuvini kamaytirish choralariga alohida ahamiyat qaratish kerak.
2009-2012 yillarga mo‘ljallangan Inqirozga qarshi choralar dasturini, unda ko‘zda tutilgan ijtimoiy-iqtisodiy sohaning izchil rivojlanishini, mamlakatda barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor berish zarur.
Parlament nazoratining parlament so‘rovi, parlamentda hisobotni eshitish va parlament faoliyatining qonunda ko‘zda tutilgan boshqa shakllaridan keng foydalanish lozim.
Parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha asoslangan izoh va har tomonlama tushuntirish berish davlat hokimiyati va boshqaruv idoralari mansabdor shaxslarining bevosita vazifasi hisoblanadi.
Bu vazifaning bajarilishi bo‘yicha javobgarlik barcha bo‘g‘indagi davlat hokimiyati idoralarining rahbarlari va prokuratura zimmasiga yuklatilishi kerak.
Ijro etuvchi hokimiyat ustidan parlament nazoratini kuchaytirish vazifasini muvaffaqiyatli hal etish ko‘p jihatdan ommaviy axborot vositalari, keng jamoatchilikning bu jarayondagi faol ishtirokiga bog‘liqdir.
Bu borada partiyalarning matbuot nashrlari oldida katta va mas’uliyatli vazifalar turibdi. Lekin, afsuski, bunday nashrlar hali-beri zaif bo‘lib, sodda qilib aytganda, “tish-tirnoqsiz” bo‘lib qolayotganini qayd etish lozim.
Parlamentning mamlakatimizda kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan demokratik yangilanishlar, liberal islohotlar targ‘ibotchisiga aylanishiga erishish eng asosiy vazifa bo‘lmog‘i zarur.
Mazmun-mohiyatiga ko‘ra, sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlarni, biz tanlagan davlat va jamiyat qurilishi modelini tatbiq etish jarayonida fuqarolarning mamlakat boshqaruvidagi rolini oshirib borishni asosiy o‘ringa qo‘yadigan “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha ishlarni yanada faollashtirish masalasini bugun hayotning o‘zi kun tartibiga tobora qat’iy qilib qo‘ymoqda.
Bu amalda fuqarolik jamiyati institutlarining butun tizimini rivojlantirishni, uning mamlakatni, ma’muriy-hududiy tuzilmalarni boshqarish jarayoniga uyg‘un ravishda integratsiyalashuvini anglatadi.
Siyosiy partiyalarning markazda va joylarda ijro etuvchi hokimiyat idoralarini shakllantirish jarayoniga faol ta’sirini ta’minlash uchun barcha tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlardan to‘laqonli foydalanish darkor.
Shu maqsadda Xalq deputatlari mahalliy kengashlaridagi partiyalar guruhlari faoliyatini jonlantirish, barcha bo‘g‘indagi ijro etuvchi tuzilmalarning mintaqalar ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga doir amaliy vazifalarni hal etish ishiga partiyalarning ta’sirini oshirish darkor.
Fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatining normativ-huquqiy bazasini yanada rivojlantirish qonunchilik faoliyatining muhim yo‘nalishi bo‘lishi zarur, deb hisoblayman.
Toki bu institut va tashkilotlar qarorlar qabul qilish, o‘zlari mansub bo‘lgan ijtimoiy qatlam va tuzilmalarning manfaatlarini himoya qilish tizimida munosib o‘rin egallay olsin.
Shu munosabat bilan bugungi kunda ekologik yo‘nalishdagi 100 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotni birlashtirgan O‘zbekiston Ekologik harakatidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlar oldida katta va mas’uliyatli vazifalar turibdi.
Mazkur harakatdan saylangan deputatlar atrof muhitni muhofaza qilish sohasiga oid qonunchilikni yanada rivojlantirishga, markazda va joylarda davlat hokimiyati idoralari, shuningdek, turli ijtimoiy va boshqa tuzilmalarning bu sohada shu paytga qadar qabul qilingan hujjatlarni so‘zsiz bajarish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish yuzasidan tizimli ishlarni tashkil qilishga ko‘maklashishlari lozim.
Barchamiz bir oddiy haqiqatni qat’iy va aniq anglab olishimiz kerak – bundan buyon O‘zbekiston Ekologik harakati yangi sifat bosqichiga ko‘tariladi, yuksak deputatlik minbaridan turib atrof muhitni muhofaza qilish masalalarini o‘rtaga qo‘yish va nazorat qilish, insonni va mamlakat aholisini ekologiyaning xavfli hamda tajovuzkor o‘zgarishlaridan himoya qilish uchun ulkan imkoniyatlarni qo‘lga kiritadi.
Fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamiyat va davlat qurilishi tizimidagi huquq hamda vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish masalasi ustuvor yo‘nalishga aylanishi zarur.
Bugungi kunda joylarda fuqarolarning eng dolzarb muammolarini o‘z vaqtida va muvaffaqiyatli hal etish, ularning manfaatlarini himoya qilishda mahalla tizimining ta’siri va ahamiyati qanchalik ortib borayotganini barchamiz yaxshi bilamiz.
Mahallaning aholimiz, ayniqsa, yoshlarimizning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi bilan bog‘liq masalalarni yechish, ijtimoiy sohaning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash, joylarda jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash borasidagi hissasi tobora kuchayib bormoqda.
Shu munosabat bilan mahalla faoliyatining huquqiy bazasini takomillashtirish, uning samarali faoliyat yuritish mexanizmlari va vakolatlarini kengaytirish bundan keyin ham bizning ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.
Mahallani aholini aniq yo‘naltirilgan asosda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish markaziga aylantirish yo‘lida boshlagan ijobiy ishlarimizni izchil davom ettirishimiz va yangi bosqichga ko‘tarishimiz darkor.
Boshqaruv idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda mahallaning vazifalarini kengaytirib borish, davlat ijtimoiy dasturlarining hayotga tatbiq etilishi bo‘yicha joylarda amalga oshirilayotgan ishlardan jamoatchilikni keng xabardor qilish maqsadida davlat organlarining fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish idoralari bilan mustahkam hamkorligini ta’minlash bundan buyon ham doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lishi kerak.
Mahallaning fuqarolarning eng dolzarb muammolarini hal etish, ularning ijtimoiy faolligini ta’minlashdagi o‘rni va ahamiyati ortib borayotganini inobatga olgan holda, oqsoqollar va ularning maslahatchisi etib eng munosib nomzodlar saylanishini ta’minlaydigan fuqarolar yig‘ini raislari (oqsoqollar) va ularning maslahatchilarini saylash tizimini yanada takomillashtirish talab etilmoqda.
Bugun hayotning o‘zi oldimizga fuqarolik jamiyati institutlari tizimida ommaviy axborot vositalarining o‘rni va rolini yanada mustahkamlash vazifasini qat’iy qilib qo‘ymoqda. Ommaviy axborot vositalarini yanada erkinlashtirish, nodavlat matbuot nashrlari, radio, televideniye faoliyatini jonlantirish, ularning Internet global tarmog‘iga kirish imkoniyatlarini kengaytirish olib borilayotgan islohotlar siyosatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashga, kuchli fuqarolik jamiyatining izchil shakllanishiga madad berishi darkor.
Milliy matbuotimizning sifatini, mahorat va ta’sirchanligini oshirish, uni rivojlangan davlatlarning ommaviy axborot vositalari erishgan yuksak talab va mezonlar darajasiga ko‘tarish uchun imkon beradigan shart-sharoitlarni yaratish maqsadida ommaviy axborot vositalari sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirishni ta’minlash zarur.
Ommaviy axborot vositalariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ichki va tashqi siyosatni, yurtimizda va xorijda sodir bo‘layotgan voqealarni fikrlar xilma-xilligini hisobga olgan holda yanada faolroq yoritish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar tug‘dirib berish lozim.
Nodavlat ommaviy axborot vositalarining tobora kengayib borayotgan tarmog‘i faoliyatining, mualliflik huquqi va intellektual mulk himoyasining, shuningdek, axborot sohasiga bozor mexanizmlarini joriy etishning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirishni ta’minlash muhim ahamiyatga ega.
Bu borada ommaviy axborot vositalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, soha xodimlarining mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy mexanizmlarni yaratish masalalari dolzarb o‘rin egallaydi.
Soha xodimlarining mehnatini munosib baholash, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash gazeta va jurnallar tahririyatlarining mustaqilligi va erkinligini amalda ta’minlash bilan birga, ularning mas’uliyatini ham oshirishni ko‘zda tutadi.
Qadrli vatandoshlar!
Bo‘lib o‘tgan saylovlarda xalqimiz avvalo mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, siyosiy-ijtimoiy hayotimizni modernizatsiya qilish va demokratlashtirish, bozor munosabatlarini chuqurlashtirish, tinchliksevar tashqi siyosat olib borish uchun ovoz berdi.
Bugungi kunda el-yurtimiz o‘zi saylagan deputatlar va senatorlarga, islohotlar taqdiri uchun mas’ul bo‘lgan barcha-barcha insonlarga katta umid va ishonch bilan qaramoqda. Bunday yuksak ishonchni oqlash barchamiz uchun ham qarz, ham farzdir.
Hammangizga sihat-salomatlik, deputatlik va senatorlik faoliyatingizda kuch-quvvat va omad, xonadonlaringizga baxtu saodat va farovonlik tilayman.