Maqolalar, Xabarlar

Malayziyada yana bir o’zbekistonlik o’limga hukm qilinishi mumkin

5-iyun ommaviy axborot vositalarida o‘zbekistonlik ellik yoshli erkakning Malayziyaga giyohvand moddalarni noqonuniy olib kirayotganda qo‘lga olinganligi haqida xabar tarqaldi.

Xabarga ko’ra, Toshkentdan uchib kelgan o‘zbekistonlikning bagaji Kuala Lumpur aeroportida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida to‘qqizta kofe paketi ichidan metamfetamin moddasi borligi aniqlangan. Malayziya qonunchiligida noqonuniy narkotik modda traffigi uchun o‘lim jazosi ko‘zda tutiladi.

Xuddi shunga o’xshash voqea bundan 4 yil muqaddam ham sodir bo’lib, uch nafar O’zbekiston fuqarosi Malayziyada mamlakatga narkotik moddalar olib kirganligi uchun hibsga olingan  edi. 2013-yilning kuzida Malayziya sudi mazkur 3 nafar O’zbekiston fuqarosini o’lim jazosiga hukm qilgan.

Tashabbus sayti ushbu voqelarni huquqiy tahlil qilib, bir davlat fuqarosining boshqa bir davlatda sudga tortilishida xalqaro huquq normalari amal qiladimi, bunday holatda davlatlarning qanday majburiyatlari bor, degan savollarga javob bergan edi.

Maqolaning to’liq matini o’qish: Malayziyada osishga hukm etilgan o’zbekistonliklar hayotini saqlab qolish mumkinmi?

Bu tahliliy maqola hozirgi ishga ham taalluqli bo’lib, uning mavzuga aloqador muhim qismlarni quyida qayta havola qilamiz:

Konsullik aloqalari to’g’risidagi Vena Konvensiyasiga ko’ra, o’zga davlat fuqarosini sudlayotgan davlat ayblanuvchiga o’z davlatidan huquqiy himoya olishi mumkinligi haqida ma’lum qilishi kerak. Ya’ni, hibsga olingan O’zbekiston fuqarosi O’zbekiston davlatidan yuridik yordam va himoya olish huquqiga egaligi to’g’risida Malayziya tomonidan xabardor qilinishi kerak. Malayziya, shuningdek, O’zbekiston davlatiga (O’zbekistonning Malayziyadagi elchixonasiga) O’zbekistonning uch fuqarosi ustidan jinoiy ochilganligi va ularga qo’yilgan ayblovlar to’g’risida xabar berishi shart. Eslatib o’tamiz, O’zbekiston ham, Malayziya ham Konsullik Aloqalari to’g’risidagi Vena Konvensiyasiga a’zo davlatlar hisoblanadi.

O’zbekiston Respublikasining Fuqaroligi to’g’risidagi Qonunga ko’ra, O’zbekiston o’z fuqarolarini mamlakat tashqarisida ham huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qiladi. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi o’z fuqarolari oldida mas’ul hisoblanadi. O’zbekistonning o’z fuqarolari oldidagi bunday burchini amalga oshirish Tashqi ishlar vazirligining to’g’ridan-to’g’ri vakolatiga kiradi. O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Nizomiga ko’ra, vazirlikning asosiy vazifasi xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlarda O‘zbekistonning davlat manfaatlarini va uning fuqarolari huquqlarini himoya qilishdir.

O’zbekiston Respublikasining Konsullik Ustaviga ko’ra, konsullik muassasalari chet ellarda O‘zbekiston Respublikasining, O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari va fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qiladi. Demak, O’zbekiston  hibsga olingan O’zbekiston fuqarosiga huquqiy yordam berishi (yaxshi advokat bilan ta’minlashi) va ularning manfaati uchun kurashishi kerak.

O’zbekiston davlatining manfaati bu fuqaro haqiqatdan aytilgan jinoyatlarni sodir etgan yoki etmaganligidan qat’i nazar, ularni o’lim jazosidan olib qolish bo’lishi kerak. Chunki O’zbekiston 2008-yilda o’lim jazosini bekor qilgan va shundan beri O’zbekistonda eng og’ir jazo turi bu umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi hisoblanadi. O’zbekiston manfaati va O’zbekiston fuqarolari himoyasi uchun kurashayotgan advokat agar qo’lgan olingan shaxs aybdor deb topilgan taqdirda ham, jazoni O’zbekistondagi muqobil jazoga almashtirgan holda (umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi) uni O’zbekistonda o’tashi uchun kurashishi lozim.

Demak, xalqaro qonunchilikka ko’ra ham, O’zbekiston milliy qonunchiligiga ko’ra ham O’zbekiston o’z fuqarosini chet davlatlaridan sodir qilgan qilmishi qanchalik yomon bo’lmasin (mazkur ishda esa u shaxsning aybdorligi hali isbotlangani yo’q), huquqiy va siyosiy jihatdan himoya qilishga majbur.

One Comment