Читайте эту статью на русском
Ommaviy axborot vositalari xabariga ko’ra, Malayziya sudi 3 nafar O’zbekiston fuqarosini o’lim jazosiga hukm qilgan. Hukmga ko’ra, ikki ayol va bir erak kishidan iborat o’zbekistonliklar Malayziyaga narkotik modda olib kirishda aybdor deb topilgan va mamlakat qonunlariga ko’ra, eng oliy jazoga loyiq topilgan.
Masalaga huquqiy jihatdan yondashamiz va quyidagi savollarga javob izlaymiz:
Bir davlat fuqarosining boshqa bir davlatda sudga tortilishida xalqaro huquq normalari amal qiladimi? Bunday holatda davlatlarning qanday majburiyatlari bor?
Konsullik aloqalari to’g’risidagi Vena Konvensiyasiga ko’ra, o’zga davlat fuqarosini sudlayotgan davlat ayblanuvchiga o’z davlatidan huquqiy himoya olishi mumkinligi haqida ma’lum qilishi kerak. Ya’ni, biz ko’rayotgan holatda, uch nafar o’zbek fuqarosi O’zbekiston davlatidan yuridik yordam va himoya olish huquqiga egaligi to’g’risida Malayziya tomonidan xabardor qilinishi kerak. Malayziya, shuningdek, O’zbekiston davlatiga (O’zbekistonning Malayziyadagi elchixonasiga) O’zbekistonning uch fuqarosi ustidan jinoiy ochilganligi va ularga qo’yilgan ayblovlar to’g’risida xabar berishi shart. Eslatib o’tamiz, O’zbekiston ham, Malayziya ham Konsullik Aloqalari to’g’risidagi Vena Konvensiyasiga a’zo davlatlar hisoblanadi.
Yangiliklarda bunday protsedural harakatlar amalga oshirilganmi yoki yo’qmi, bu haqda yozilmagan.
O’zbekiston Respublikasining Fuqaroligi to’g’risidagi Qonunga ko’ra, O’zbekiston o’z fuqarolarini mamlakat tashqarisida ham huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qiladi. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi o’z fuqarolari oldida mas’ul hisoblanadi. O’zbekistonning o’z fuqarolari oldidagi bunday burchini amalga oshirish Tashqi ishlar vazirligining to’g’ridan-to’g’ri vakolatiga kiradi. O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Nizomiga ko’ra, vazirlikning asosiy vazifasi xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlarda O‘zbekistonning davlat manfaatlarini va uning fuqarolari huquqlarini himoya qilishdir.
Vazirlik chet mamlakatlar bilan aloqalarda diplomatik vakolatxonalar orqali ish ko’radi. Yuqoridagi Nizomga ko’ra, diplomatik vakolatxonalar o‘zlari bo‘lgan davlatda O‘zbekiston Respublikasi va uning fuqarolarining manfaatlarini xalqaro huquq hamda bu davlatlar bilan ikki tomonlama mavjud shartnomalar va bitimlar, shuningdek, har ikkala davlat qatnashchi hisoblangan ko‘p tomonlama shartnomalar doirasida himoya qiladi.
Diplomatik vakolatxonalarga elchixonalar hamda konsullik muassasalari kiradi. O’zbekiston Respublikasining Konsullik Ustaviga ko’ra, konsullik muassasalari chet ellarda O‘zbekiston Respublikasining, O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari va fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qiladi. Demak, O’zbekiston bu uch nafar fuqaroga huquqiy yordam berishi (yaxshi advokat bilan ta’minlashi) va ularning manfaati uchun kurashishi kerak.
Shu o’rinda huquqiy yordam masalasiga kengroq tushuntirish berish kerak. Huquqiy adabiyotlarda huquqiy va yuridik so’zlari bir xil ma’noda ishlatiladi. Shu ma’noda huquqiy yordam va yuridik yordam atamalari bir xil tushunchalardir.
Konstitutsiyaviy huquqqa oid ensiklopedik lug’atga ko’ra, yuridik yordam fuqarolarning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishga, tashkilotlarning faoliyatida qonuniylikni ta’minlashga yordam berishni anglatadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasiga muvofiq, sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilishi uchun barcha sharoitlar ta’minlab berilishi lozim. Konsullik Ustaviga ko’ra, Konsul O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari va fuqarolarining buzilgan huquqlari tiklanishi uchun chora-tadbirlar ko‘rishi shart. Hatto agar O’zbekistonning xorijdagi fuqarolari ba’zi sabablarga ko‘ra o‘z manfaatlarini himoya qilishga qodir bo‘lmasalar, konsulxona joylashgan davlat muassasalarida konsul ularning nomidan ishonchnomasiz vakillik qilish huquqiga egadir. Ushbu vakillik ular o‘z vakillarini tayinlagunga qadar yoki o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilishni o‘z zimmalariga olgunga qadar davom etadi .Demak, huquqiy yordam advokat himoyasi bilan ta’minlash degan ma’noni ham qamrab oladi.
O’zbekiston davlatining manfaati bu fuqarolar haqiqatdan aytilgan jinoyatlarni sodir etgan yoki etmaganligidan qat’i nazar, ularni o’lim jazosidan olib qolish bo’lishi kerak. Chunki O’zbekiston 2008-yilda o’lim jazosini bekor qilgan va shundan beri O’zbekistonda eng og’ir jazo turi bu umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi hisoblanadi.
Inson Huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasiga ko’ra, har bir shaxs yashash huquqiga ega. Ammo bu hujjat majburiy kuchga ega emas. Shuning uchun o’lim jazosi ko’plab davlatlarda o’ta bahsli masalalardan biri hisoblanadi. Chunki uni qo’llovchi va unga qarshi taraflarning o’z qarashlari bor (O’qing: O’lim jazosini quvvatlovchi va unga qarshilarning asosiy dalillari). Ammo insoniylik prinsipi yuzasidan barcha inson huquqlari tashkilolari va inson huquqlari qadriyatlariga asoslangan davlatlar o’lim jazosidan voz kechishga boshqa davlatlarni undab keladi. Biz bu maqolada Malayziyaning o’lim jazosini qo’llash amaliyotini baholashdan tiyilamiz.
Bo’lib o’tgan sud ishiga doir ayrim ma’lumotlarga e’tibor qaratsak. Yangiliklardanma’lum bo’lishicha, sudlangan fuqarolar (yoki ularning himoyachisi) Malayziyada narkotiklar savdosi uchun o’lim jazosi kabi qattiq jazo berilishini bilmaganliklarini aytgan. O’zbekiston manfaati va O’zbekiston fuqarolari himoyasi uchun kurashayotgan advokat agar ular aybdor deb topilganda ham, jazoni O’zbekistondagi muqobil jazoga almashtirgan holda (umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi) uni O’zbekistonda o’tashlarini uchun kurashishi lozim edi.
Odatda, ikki va undan ortiq davlatlar jinoiy jazolarni amalga oshirish yuzasidan o’zaro kelishuv va shartnomalarga kirishadi. Masalan, 2006-yil “Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyati doirasida jinoiy jazolarni ijro etish bo’yicha hamkorlik to’g’risida kelishuv” imzlangan va O’zbekiston ham unga qo’shilgan. O’zbekiston va Malayziya o’rtasida jinoiy jazolarni amalga oshirish borasida bunday kelishuv mavjud emas, ammo 2008-yildan 2013-yilgacha amal qilgan Huquqiy Hamkorlik Sohasida Memorandum mavjud edi. Garchi Memorandum, asosan, kadrlar almashinuvi hamda intellektual mulk huquqlariga oid bo’lsa ham, unda umumiy manfaatga doir masalalar yuzasidan qonun hujjatlari bilan almashish hamda tomonlar o‘zaro kelishgan huquqiy hamkorlikning boshqa sohalarida birga ishlashi belgilangan. O’zbekiston fuqarolari ustidan ochilgan jinoiy ishda adolatni topish ikkala tomonning ham umumiy manfaatiga kiradi.Chunki bu manfaatdorlik ostida 10 kg narkotik modda qanday qilib O’zbekiston bojxona nazoratidan sezilmasdan chiqib ketti degan savol ham turadi. Shuni ta’kidlash kerakki, Memorandum 2013-yil avgust oyida o’z kuchini yo’qotgan bo’lsa ham, 3 nafar fuqaroga nisbatan jinoiy ish 2010-yilda ochilgan va mana shu 3 yil davomida ikkala davlat hamkorlik qilishi uchun Memorandum amalda bo’lgan.
Xalqaro huquqda shu mavzuga taalluqli mashhur “LaGrand” ishi mavjud. Unda Germaniya fuqarosi bo’lgan ikki aka-uka (garchi 3-4 yoshidan buyon AQShda yashab kelayotgna bo’lsa ham) AQShning Arizona shtatida qotillikda aybdor deb topiladi va o’lim jazosiga hukm qilinadi. AQSh Konsullik Aloqalari to’g’risidagi Vena Konvensiyasiga amal qilmasdan, bu ikki Germaniya fuqarosiga ularning Germaniya davlatidan huquqiy yordam va himoya olish huquqi borligi haqida xabar bermaydi va Germaniya elchixonasiga ham ikki fuqaro ustidan jinoiy ish ochilgani va ularga qo’yilgan ayblovlar haqida ma’lum qilmaydi. Bundan xabar topgan Germaniya AQSh davlatini Birlashgan Millatlar Tashkilotning asosiy sud organi – Xalqaro Adolat Sudiga beradi. O’lim jazosi amalga oshirilishidan bir necha soat avval Xalqaro Adolat Sudi AQShga hukm ijrosini kechiktirish to’g’risida ajrim chiqaradi. AQSh sudlari esa Xalqaro Adolat Sudining ajrimini majburiy deb hisoblamaydi va o’lim jazosini ijro qiladi. Shundan so’ng, Germaniya AQShga qarshi Xalqaro Adolat Sudida ish ochadi va natijada Xalqaro Adolat Sudi AQSh Vena Konvensiyasiga rioya qilmagan deb topadi hamda Xalqaro Adolat Sudining ajrimlari a’zo davlatlar uchun majburiy kuchga ega ekanligini rasman tasdiqlaydi.
Eslatib o’tamiz, O’zbekiston ham, Malayziya ham BMTning Xalqaro Adolat Sudiga a’zo emas va natijada Xalqaro Adolat Sudining yurisdiksiyasini qabul qilmaydi. Shuning uchun O’zbekistonning Malayziyaga qarshi Xalqaro Adolat Sudida ish ochishi imkonsiz. Ammo shunday bo’lishiga qaramasdan, ikkala davlat ham Vena Konvensiyasiga a’zo davlatlar hisoblanadi hamda O’zbekiston, milliy qonunlariga asosan, o’z fuqarolarini qayerda bo’lmasin, mamlakat ichkarisidami yoki tashqarisida, himoya qilishi va ularning manfaatlari uchun kurashishi, buning uchun ham huquqiy, ham siyosiy choralarni ko’rishi lozim.
Dilorom ABDULLAYEVA