Savol: Mening yaqin do`stim bor edi. U avvaliga pedagogika kollejining jismoniy tarbiya fakultetini tugatdi. Biz birga o`qidik, o`quv faoliyati ham yaxshi kechgan. Keyinchalik xizmatga chaqirildi va xizmatdan kelib qanaqadir xususiy qo`riqlash firmasiga ishga qabul qilinib, u yerda kadr bo`limida ishlab yurdi. Ishlari yaxshi edi, bu qo`riqlash firmasining boshlig`i bir necha bor odamlarni ishga qabul qilaman deb aldab pul olgan va bir necha bor pullarni do`stim orqali ham oldirgan. Do`stimga boshlig`i pul olib kelishsa, olib qo`ygin, deb buyruq bergan va u buyruqni bajargan, xolos. Keyinchalik ish jiddiylashib, boshlig`i ustidan sudga ariza tushgan.Asosiysi bu arizaga do`stimning o`zi ham oylikni vaqtida bermayotgani uchun qo`shilgan. Tergov faoliyatida boshliq qo`lga olindi va unga sherikchilikda ayblanib do`stim ham qamaldi. Sudda boshlig`i barcha pullarni o`zi olganini va do`stimni hech qanday aloqasi yo`qligini aytdi, ammo sud do`stimni ham ayblab 3 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo`lladi. Do`stim 19 ga kirdi, uni oilasi bu ish yuzasidan appellyatsiya shikoyatini berishgan, ammo natijasi bo`lmadi. Bu jinoyat uchun amnistiya tegadimi? Do`stimning onasi va opasi bor, xolos. Opasi turmushga chiqib ketgan, onasi hozir yolg`iz, dardini kimga aytishni bilmay suddan natija chiqishini kutyapti.
Javob: Firma rahbarining xatti-harakatlari O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining quyidagi moddasiga mos tushadi:
“168-modda.Firibgarlik
Firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish —
eng kam oylik ish haqining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi.
Firibgarlik:
a) ko‘p miqdorda;
b) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
g) kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Firibgarlik:
a) juda ko‘p miqdorda;
b) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan;
v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Etkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi”.
Firma rahbari o’z qo’l ostidagi xodim bilan birgalikda hukm qilinganligi firma rahbari va do’stingizning kamida 168-modda “v” bandi bilan jazoga tortilgani ma’lum bo’ladi.
Firma rahbarining yoki do’stingizning u jinoyatni sodir etmagani yoki jinoyatga aloqasi yo’qligi haqidagi ko’rsatmalari sudda o’z isbotini topsa, do’stingiz aybdor deb topilmas edi. Ammo shaxsni aybdor deb topish uchun ham har bir harakatning jinoyatga ham sub’yektiv ham ob’yektiv aloqadorligi isbotlanishi shart. Sud do’stingizni aybdor deb topgan ekan, demak, sud do’stingizning jinoyatga sherikchiligini isbotlovchi dalillar mavjud deb topgan. Aks holda, sud dalillarsiz bunday qaror chiqarmaydi. Do’stingiz firma rahbarining noqonuniy ish – firibgarlik bilan shug’ullanishidan xabari bor bo’lgan va u shu maqsadlarini amalga oshirish uchun unga buyruq berganda, jinoyatga ko’maklashayotganini bila turib, odamlar olib kelgan pullarni olib qolgan yoki saqlagan bo’lishi mumkin. Do’stingiz fuqaro sifatida jinoyatga aloqador harakat sodir etilishidan xabardor bo’lgan holatda, zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga bu haqda xabar berishi kerak edi. Ammo do’stingiz xizmat jihatdan tobe bo’lgan rahbarning buyrug’ini bajarayotgani uchun uning holati ayrim hollarda Jinoyat kodeksining 55-moddasi “g” bandida belgilangan jazoni yengillashtiruvchi holat — majburlash yoki moddiy tomondan, xizmat jihatidan yoxud boshqa jihatdan qaramlik sababli jinoyat sodir etish, deya e’tirof etilishi mumkin. Shunday bo’lgan taqdirda ham, xizmat yuzasidan tobelik jinoyat sodir etayoganini anglab turgan shaxs uchun aybdor deb topilmasligi uchun asos bo’la olmaydi.
Do’stingizning onasi yoki do’stingizning advokati Jinoyat Protsessual kodeksining 510-moddasiga asosan, sudning hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab bir yil muddat davomida sud chiqargan hukmdan norozi bo’lib, nazorat tartibida shikoyat berishi mumkin.
Do’stingizning yoshi 19 da ekanligi, yolg’iz onasi borligi yoki yolg’iz opasi borligi jazoni yengillashtirishga yoki jazodan ozod etishga sabab bo’la olmaydi.