Maqolalar, Mehnat va jtimoiy ta'minot

Majburiy mehnatga qarshi milliy-huquqiy choralar

Shaxslar davlat organlari va mansabdor shaxslarning g’ayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) oqibatida o’z huquqlarini buzilgan deb hisoblaganlarida, shikoyat bilan tegishli davlat organiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega. Huquqbuzarliklarga qarshi ko’rish mumkin bo’lgan huquqiy choralarni shartli ravishda ma’muriy va sud tartibida amalga oshiriladigan choralarga bo’lish mumkin.

Davlat organi va mansabdor shaxsning xatti-harakatlari yoki qarori ustidan shikoyat bo’ysunuv tartibiga qarab, yuqori turuvchi organ yoki mansabdor shaxsga beriladi. Shikoyatni qabul qilgan yuqori turuvchi davlat organi o’z vakolatlari doirasida quyidagi asosiy vazifalarni bajarishi lozim:

  • shikoyatni xolisona, har tomonlama va o’z vaqtida tekshirishi;
  • fuqaroga shikoyatni tekshirish natijalari va qabul qilingan qarorning mohiyati to’g’risida yozma tarzda ma’lumot berishi kerak.

Mansabdor shaxslar shikoyatlarni davlat organiga tushgan kundan e’tiboran bir oy muddat ichida hal etishlari kerak. Agar shikoyat qo’shimcha o’rganishlar va tekshirishni talab qilmasa, davlat organi shikoyatda ko’tarilgan masalani 15 kundan kechiktirmay hal etishi kerak.

Tegishlilik tartibida yuqori turuvchi davlat organiga murojaat qilish foyda berishiga ishonmasangiz yoki foyda bermaganda, tegishli prokuratura organlariga murojaat qilishingiz kerak. Fuqaroning huquq va erkinliklari buzilishi ma’muriy huquqbuzarlik xususiyatiga ega bo‘lgan hollarda prokuror ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atadi yoki zudlik bilan huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ma’lumotni va tekshiruv materiallarini ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan organga yoki mansabdor shaxsga beradi.

Fuqaroning huquq va erkinliklari buzilishini jinoiy xususiyatga ega deb bilish uchun asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda prokuror jinoyat ishi qo‘zg‘atadi hamda uni sodir etgan shaxslar qonunga binoan jinoiy javobgarlikka tortilishiga doir choralarni ko‘radi.

Ma’muriy-huquqiy choralar yordam bermagan taqdirda yoki ulardan foydalanish yordam bermaydi deb o’ylasangiz, o’z huquq va erkinliklaringizni himoya qilish uchun sudga shikoyat qilishingiz mumkin. Sudga shikoyat bilan murojaat qilish uchun quyidagi muddatlar belgilangan:

  • fuqaro o‘z huquqlari va erkinliklari buzilganligidan xabar topgan kundan boshlab uch oy;
  • fuqaro yuqori turuvchi organ, mansabdor shaxsning shikoyatni qanoatlantirishni rad etish haqidagi yozma bildirishini olgan kundan boshlab bir oy;
  • fuqaro o‘z shikoyatiga yozma javob olmagan bo‘lsa, shikoyat berganidan keyin bir oy muddat o‘tgan kundan boshlab bir oy.

Fuqarolar o’z shikoyatlarini quyidagi tartibda sud idoralariga yuborishi mumkin:

  1. Fuqaro o’zi yashaydigan joydagi sudga;
  2. Xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyat qilinayotgan davlat organi joylashgan yerdagi sudga, yoki;
  3. Xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyat qilinayotgan mansabdor shaxsning ish joyi joylashgan yerdagi sudga.

Sud shikoyatning asosliligini aniqlagandan keyin, uni ko’rib chiqadi. So’ng, ko’rib chiqish natijalari bo‘yicha hal qiluv qarori chiqaradi va unda quyidagi holatlardan birini buyuradi:

  • Ustidan shikoyat berilgan xatti-harakatni (qarorni) qonunsiz deb topadi;
  • Fuqaroning talablarini qanoatlantirish majburiyatini yuklaydi yoki uning buzilgan huquqlari va erkinliklarini o‘zgacha yo‘l bilan tiklaydi;
  • Agar ustidan shikoyat berilgan xatti-harakatni (qarorni) sud fuqaroning huquqlari va erkinliklarini buzmaydigan qonuniy xatti-harakat (qaror) deb topsa, u shikoyatni qanoatlantirishni rad etadi.

Eslatma: Davlat organi shikoyatda ko’tarilgan masalani 15 kundan kechiktirmay hal etishi kerak.

Comments are closed.