Maqolalar, Mehnat va jtimoiy ta'minot

Majburiy mehnat qurbonlari va sharoitlari

Bundan oldingi maqolaarimizda majburiy mehnat hamda bolalar mehnati haqida yozdik. Endi esa majburiy mehnatga kimlar qurbon bo’lishi mumkinligi yoki bo’layotgani hamda majburiy mehnat sharoitlari haqida yozamiz.

Majburiy mehnat qurbonlari

Paxta terimi bilan bog’liq majburiy mehnat oqibatida shaxslar paxta terimi bilan bog’liq ishlarda yuqori turuvchi mansabdor shaxslar yoki paxta terimiga mas’ul huquq-tartibot organlari vakillari tomonidan haqoratlanishi va/yoki kaltaklanishi, shu tufayli sog’lig’ini yo’qotishi, yurak xurujiga uchrashi yoki vafot etishi; paxta dalasida mehnat xavfsizligi sharoitlari ta’minlanmagani sababli shaxslarning jiddiy jarohat olishi yoki vafot etishi, paxta dalasida gigiyena va tozalik sharoitlari ta’minlanmagani sababli shaxslarning jiddiy kasalliklarga yo’liqishi, paxta dalasida yuqori bosqish talabalari quyi bosqish talabalarini paxta terishga majbur qilishi va jismoniy tazyiq o’tkazishi natijasida shaxsning jiddiy jarohat olishi yoki vafot etishi kabi holatlar ro’y berishi mumkin.

Majburiy mehnatdan aziyat chekkanlar doirasini faqatgina to’g’ridan-to’g’ri jismoniy yoki moddiy zarar ko’rganlar bilan cheklash to’g’ri emas. Quyidagi kabi holatlar ham majburiy mehnat oqibatida yetkazilgan zararlar toifasiga kiradi: umumta’lim va oliy ta’lim o’quvchi va talabalari uzluksiz ta’lim olish huquqidan mahrum bo’lishi; umumta’lim va oliy ta’lim o’quvchi va talabalari sifatli ta’lim olish huquqidan mahrum bo’lishi; paxta terishga shanba yoki yakshanba kuni majbur etilayotganlarning dam olishga bo’lgan huquqlarining poymol etilishi; paxta terishga bayram kuni majbur etilayotganlarning bayramni oila davrasida bayram qilish huquqidan mahrum bo’lishi; paxta terimiga bevosita aloqasi bo’lmagan avtoulov haydovchilarining yuk va/yoki odam tashish xizmatlarini bajarishga majbur qilinishi; ishchilarning o’z kasblariga aloqador bo’lmagan va mehnat shartnomasida nazarda tutilmagan vazifalarni bajarishga jalb etilishi; paxta terishni istamagan shaxslardan paxta terimi uchun ma’lum miqdorda pul talab qilinishi.

Majburiy mehnat sharoitlari

Majburiy ravishda paxta terishga chiqarilgan shaxslar, ko’pincha, mehnat xavfsizligi talablariga javob bermaydigan va inson sog’lig’i uchun zararli bo’lgan sharoitlarda mehnat qilishga majbur bo’ladi. Bu quyidagi kabi holatlarda o’z ifodasini topishi mumkin:

  • Mansabdor shaxslar kasalligi haqida tibbiy ma’lumotnomasi bor bemor kishilarni ham paxtaga safarbar qilishi holatlari tez-tez uchrab turadi.
  • Paxta terimidagi kishilar uchun yaratilgan sharoitlar sanitariya, gigiyena va sog’liqni saqlash talablariga javob bermaydi. Odatda, maktab sport zallari, koridorlar va sinfxonalaridan paxta terimchilari uchun yotoqxona sifatida foydalaniladi.
  • Terimchilar issiq suvdan foydalanish va hammomga kirish sharoitlari bilan ta’minlanmagan.
  • Paxta terimchilari uchun berilayotgan ovqat ratsioni yetarli darajada emas;
  • Ishlash uchun ruxsat etilgan kunlik vaqt me’yorlariga rioya etilmaydi.

 

Majbury mehnat qurboni bo’lsangiz yoki sizni shunday mehnatga majburlayotgan bo’lishsa, o’z huquqlaringizni himoya qilishingizni so’raymiz. Buning uchun majburiy mehnat va paxta terimiga oid maqolalarimiz o’qib, kuzatib borishingizni tavsiya qilamiz.

Comments are closed.