Amaldagi qonunchilikda huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan mulkiy va nomulkiy zararni qoplash huquqi mavjud. Yetkazilgan zarar moddiy yoki ma’naviy ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. Jinoyat Protsessual Kodeksining 275-moddasiga quyidagi toifadagi moddiy ziyon qoplanishi kafolatlanadi:
- bevosita jinoyat tufayli fuqarolarga yetkazilgan ziyon;
- jabrlanuvchini dafn etish bo’yicha xarajatlar;
- jabrlanuvchining kasalxonada davolanishi bo’yicha xarajatlar;
- sug‘urta tariqasida unga to‘langan pul, nafaqa yoki pensiya pulini undirish.
Mulkiy ziyonni qoplash ikki yo’l bilan amalga oshirilishi mumkin:
- Bunday mazmundagi da’vo bevosita jinoyat ishi ko’rib chiqilayotganda ko’rilishi mumkin;
- Jinoyat ishi davomida ko’rilmagan taqdirda, alohida fuqarolik sudlariga mulkiy va ma’naviy zararni undirishni so’rab da’vo arizasi topshirilishi mumkin.
Fuqarolik Kodeksining 11-moddasiga binoan, fuqarolik huquqlarini himoya qilish huquq buzilishidan oldingi holatni tiklash, zararni to‘lash va ma’naviy ziyonni qoplashni ham o‘z ichiga oladi. Fuqarolik Kodeksining 1021-moddasiga binoan, ma’naviy zarar yetkazganlik uchun javobgarlikning kelib chiqishiga asos bo‘luvchi shartlardan biri zarar yetkazuvchining aybi hisoblanadi. Demak, ma’naviy zarar qoplanishini talab qilish uchun kishiga nisbatan g‘ayriqonuniy harakat yoki harakatsizlik sodir etilgan bo‘lishi kerak. Bunday g‘ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) kishi hayoti, sog‘lig‘i, qadr-qimmati, shaxsiy hayotining daxlsizligi, mulk huquqi kabi manfaatlaridan bittasi yoki bir nechtasiga qarshi qaratilgan bo‘lishi mumkin.
Ma’naviy zararni talab qilishga asos beradigan holatlarga misollar:
- Paxta terishga majbur qilinish sababli ruhiy azob ko’rish;
- Yaqin qarindoshni yo‘qotish sababli ma’naviy qayg‘urish;
- Sog‘liqqa yetkazilgan har qanday ziyon;
- Ijtimoiy hayotdagi faolligini davom ettira olmaslik;
- Ma’lum bir huquq va erkinliklardan mahrum bo‘lish;
- Kunlik paxta terish normasini bajarmaganlik uchun kishining kamsitilishi va xo’rlanishi;
- Paxta terimiga jalb qilingan kishilarning isitilmagan xonalarga joylashtirilishi yoki oddiy sanitariya talablariga javob beradigan sharoitning yaratib berilmasligi.
Istisnoli holatlarda ma’naviy zarar uni yetkazuvchining aybidan qat’i nazar qoplanadi (1021-modda, Fuqarolik Kodeksi). Shunday holatlarga, jumladan, quyidagilar kiradi: zarar fuqaroning hayoti va sog‘lig‘iga oshiqcha xavf manbai tomonidan yetkazilgan bo‘lsa; zarar fuqaroga uni qonunga xilof tarzda hukm qilish, qonunga xilof tarzda jinoiy javobgarlikka tortish, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishni yoki munosib xulq-atvorda bo‘lish haqida tilxat olishni qonunga xilof tarzda qo‘llanish, qonunga xilof tarzda ma’muriy jazo qo‘llanish va qonunga xilof tarzda ushlab turish natijasida yetkazilgan bo‘lsa.
Zarar yetkazuvchining aybidan qat’i nazar, talab qilinishi mumkin bo’lgan ma’naviy zararga misol sifatida quyidagilarni keltirish mumkin: paxta terayotgan kishini traktor (oshiqcha xavf manbai) bosib ketsa, haydovchining aybidan qat’i nazar, ma’naviy zarar to‘lanishini talab qilish mumkin; avtoulov haydovchisiga DAN xodimi paxta terishdan yoki paxta terimiga tegishli ishni qilishdan bosh tortgani uchun ma’muriy jazo qo‘llasa yoki avtoulovini qonunga xilof tarzda ushlab tursa, bu holatda ham ma’naviy zarar undirilishini talab qilish mumkin.
Ma’naviy zarar pul bilan qoplanadi (Fuqarolik Kodeksining 1022-moddasi). Ma’naviy zararni qoplash miqdori jabrlanuvchiga yetkazilgan jismoniy va ma’naviy azoblarning xususiyatiga, shuningdek, ayb tovon to‘lashga asos bo‘lgan hollarda zarar yetkazuvchining aybi darajasiga qarab sud tomonidan aniqlanadi. Ma’naviy zarar miqdorini belgilashda sud jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar darajasini ko‘rsatuvchi ob’yektiv ma’lumotlar bilan birga, jabrlanuvchining sub’yektiv bahosini ham e’tiborga oladi.
Eslatma: Ma’naviy zarar pul bilan qoplanadi.