Savol: O‘g‘lim ikkinchi bosqich talabasi bo‘lib, kontrakt asosida o‘qiydi. Xotinim va men shifokormiz. Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarga asosan, biz kontrakt to‘layotganimiz uchun daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozga egamizmi?
Javob: O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 170-moddasida soliq solinadigan baza haqida norma belgilangan bo’lib,
“Soliq solinadigan baza jami daromaddan kelib chiqib, ushbu Kodeksning 179 va 180-moddalariga muvofiq soliq solishdan ozod qilingan daromadlar chegirilgan holda aniqlanadi”, deyilgan.
179-moddada jismoniy shaxslarning soliq solinmaydigan daromadlari ro’yxati keltirilgan. Uning 31-bandi quyidagicha ifodalanadi:
“31) fuqarolarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlarining:
O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlarida ta‘lim olish uchun (o‘zining o‘qishi yoki yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlarining o‘qishi uchun) yo‘naltiriladigan summalari.”
Demak, amaldagi Soliq kodeksi 179-moddasining 31-bandiga binoan jismoniy shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlarda ta‘lim olishi uchun (o‘zining o‘qishi yoki yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlarning o‘qishi uchun) yo‘naltirilgan summalari hisoblangan daromadlariga soliq solinmaydi.
2 Comments