Fuqarolik huquqi

Konsullik ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?

Savol: Agar chet elda O’zbekiston konsullik xizmatlari yoki O’zbekiston elchixonalari xodimlari noqonuniy xatti-harakat qilishsa (deylik, o’z xizmat vazifalarini suiiste’mol qilsa, pora talab qilsa), ularning ustidan kimga va qanday tarzda shikoyat qilish mumkin?

Savol: Chet el fuqarosining O’zbekistonga kirishi uchun viza boji yosh bolalarga ham to’lanadimi? Nyu-Yorkdagi konsullik yosh bolalarga ham viza uchun pul talab qilayotgan ekan. Vashingtondagi elchixonada esa olmas ekan. Qaysi biri to’g’ri va agar konsullikning ishi noto’g’ri bo’lsa, qayerga shikoyat qilish kerak?

Javob: Fuqarolarning murojaatlari to’g’risidagi qonunning 8-moddasiga ko’ra, davlat organining, jamoat birlashmasining, korxona, muassasa, tashkilotning, mansabdor shaxsning xatti-harakati yoki qarori ustidan shikoyat bo‘ysunuv tartibiga qarab, yuqori turuvchi organ yoki mansabdor shaxsga yoxud sudga beriladi. Yuqori turuvchi davlat organiga, jamoat birlashmasining organiga yoki mansabdor shaxsga davlat organi yoki jamoat birlashmasining organi tomonidan xatti-harakat sodir etilganligi yoki qaror qabul qilinganligi fuqaroga ma’lum bo‘lib qolgan vaqtdan e’tiboran 1 yildan kechiktirmay shikoyat bilan murojaat qilinishi mumkin. Uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan muddat shikoyatni ko‘rib chiqayotgan organ tomonidan tiklanadi. Yuqori turuvchi davlat organining, jamoat birlashmasining, mansabdor shaxsning qarori ustidan qonun hujjatlarida belgilangan muddatda sudga shikoyat qilinishi mumkin.

O’zbekiston Respublikasining chet eldagi vakolatxonalari (elchixona yoki konsullik muassasalari), tuzilmaviy tarkibiga ko’ra, Tashqi ishlar vazirligiga qaraydi. Elchixona yoki konsullik xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari ustidan bo’ysunish tarkibiga ko’ra, konsul yoki elchi nomiga shikoyat qilish mumkin. Agar noqonuniy ishlarga konsul yoki elchining shaxsan o’zi ham aralashgan deb hisoblasangiz yoki ular aralashmagan bo’lsa ham, to’g’ridan-to’g’ri Tashqi ishlar vaziriga shikoyat qilish mumkin. Shikoyatni yozishda unga asos bo’lgan holat yoki holatlarni aniq tasvirlash lozim. Noqonuniy xatti-harakat ro’y bergan vaqt, joy, ishtirok etgan shaxslarning to’liq ismi, guvohlar bo’lsa, ularning to’liq ismi va aloqa ma’lumotlarini va eng muhimi yozma yoki boshqa ko’rinishdagi hujjatlarni ilova qilishingiz shikoyatingizning tez va ijobiy qondirilishiga asos bo’ladi.

Shikoyatni Tashqi ishlar vazirligiga pochta orqali, telefon/faks orqali, elektron pochta orqali yoki vazirlik joylashgan binoga borib shaxsan topshirish mumkin.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi aloqa ma’lumotlari:

O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

100029, Toshkent, O`zbekiston ko`ch., 9

Telefon: +(998 71) 233-64-75

Faks: +(998 71) 239-15-17

Konsullik boshqarmasi: (+998 71) 233-45-01

Kanselyariya: (+998 71) 239-14-27

WEB-site:   www.mfa.uz

EMAIL:        info@tiv.UZ

Vazirlik haqida qo’shimcha ma’lumotni Tashqi ishlar vazirligi saytidan topishingiz mumkin.

Fuqarolarning murojaatlari to’g’risidagi qonunga ko’ra, shikoyatda fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan, taklif, ariza yoki shikoyatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi lozim. Ushbu ma’lumotlar ko‘rsatilmagan murojaatlar anonim xat hisoblanadi va ko‘rib chiqilmaydi.

Vazirlik qoidalarga to’liq rioya qilgan holda berilgan murojaatlarni ko‘rib chiqishi shart. Murojaatlarni qabul qilishni rad etish taqiqlanadi.

Vazirlik shikoyatchiga shikoyatni tekshirish natijalari va qabul qilingan qarorning mohiyati to‘g‘risida yozma tarzda ma’lum qilishi shart.

Arizalar va shikoyatlar davlat organiga, jamoat birlashmasiga, korxona, muassasa va tashkilotga tushgan kundan e’tiboran 1 oy muddat ichida ko’rib chiqilishi lozim. Qo‘shimcha o‘rganishlar va tekshirishni talab qilmaydigan masalalarni esa 15 kundan kechiktirmay hal etishlari shart.

Ariza yoki shikoyatni hal etish uchun maxsus tekshiruvlar o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoki boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lsa, tegishli organ, korxona, muassasa, tashkilot rahbari yoki rahbarining o‘rinbosari ariza yoki shikoyatni hal etish muddatini, istisno tariqasida, uzaytirishi mumkin. Biroq bu muhlat bir oydan oshmasligi lozim bo‘lib, bu haqda ariza yoki shikoyat bergan shaxsga ma’lum qilinadi. Bunda murojaatni ko‘rib chiqish umumiy muddati ikki oydan oshmasligi kerak.

Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori hamda unga bo‘ysunuvchi prokurorlar amalga oshiradilar. Ular o‘zlariga berilgan vakolatlarga muvofiq fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklashga, qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, huquqbuzarlarni javobgarlikka tortishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘radilar.

Agar vazirlikka yo’llagan shikoyatingiz rad etilsa, ko’rib chiqilishi qonunda belgilangan muddatlardan uzrli sabablarsiz kechiksa, shikoyat natijasi haqida sizni xabardor qilishmasa yoki shikoyatingiz yuzasidan vazirning chiqargan qarori yoki ko’rgan chorasidan norozi bo’lsangiz, to’g’ridan to’g’ri Vazirlik joylashgan tuman prokuraturasiga yoki sudga shikoyat qilishingiz mumkin.

O’zbekiston Respublikasining AQShdagi Elchixonasi saytiga qo’yilgan ma’lumotga ko’ra, 16 yoshga to’lmagan xorij fuqarolariga O’zbekistonga kirish uchun turist viza olishda ulardan boj undirilmaydi. Demak, 16 yoshga to’lmagan xorijlik bolalarga kirish vizasi uchun pul talab qilish noqonuniy. Pul talab qilayotgan konsul yoki konsullik xodimi ustidan yuqorida tushuntirilgan tartibda Tashqi ishlar vaziriga shikoyat qilish lozim.

Eslatib o’tamiz, O’zbekistonga kirish vizasi olishda viza uchun undiriladigan yig’imdan tashqari, tashkiliy ishlar uchun ham arizachilardan yig’im undiriladi. Ushbu yig’im miqdori elchixona joylashgan davlatga qarab farqlanadi. AQSh fuqarolari uchun O’zbekistonga kirish vizasini olishda arizachilardan tashkiliy ishlar uchun 20 dollar miqdorida pul undiriladi.

One Comment