Fuqarolar o’z huquq va erkinliklarini amalga oshirishi davomida qonun hujjatlari yoki qonun osti aktlari ularning Konstitutsiyada kafolatlangan huquqlari, manfaatlari va erkinliklariga zid kelsa; qonunlar konstitutsiyaviy kafolatlarga zid talqin etilsa va qonun normalari tushunarsiz, mujmal bo’lsa, ularni Konstitutsiyaga zid deb topish va bekor qilish hamda qonun normalariga sharh berishni so’rab Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishi mumkin.
O’quvchilarimizdan kelgan ko’plab savollar va shikoyatlar ham fuqarolar yakka holda yoki guruh bo’lib O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat/shikoyat qilishi mumkinmi degan mavzuga kelib taqalyapti. “Tashabbus” huquqshunoslari ushbu maqolada shu mavzuni kengroq tahlil qilishni niyat qildi.
Konstitutsiyaviy sud O’zbekiston umumiy yurisdiksiya sudlaridan (tuman, viloyat sudlari, Oliy Sud) farq qilib, faqat qonun normalarining Konstitutsiyaga mos kelishi yoki kelmasligini tekshiradi hamda qonun normalariga rasmiy sharh berish bilan shug’ullanadi.
Avvalambor, shuni aniqlashtirib olish kerakki, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish bilan Konstitutsiyaviy sud majlisiga masalalar kiritish huquqi bir-biridan farq qiladi.
O’zbekiston qonunchiligida fuqarolarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi ochiq-oydin belgilangan. Ammo fuqarolarning Konstitutsiyaviy sud masjlisiga to’g’ridan to’g’ri, ya’ni bevosita masala kiritish huquqining aniq tartibi mavjud emas. Shunday bo’lsa-da, fuqarolarda yakka holda yoki guruh bo’lib Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish orqali sud majlisiga muhokama uchun masala kiritish huquqi bor. Buning huquqiy asoslarini quyida keltirib o’tamiz.
Konstitutsiyaviy sudga masalalar kiritish huquqi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasiga muvofiq, har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish kafolati berilgan. Har bir fuqaro ham alohida, ham boshqa shaxslar bilan birgalikda arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan vakolatli davlat organlari, muassasalari yoki xalq vakillariga murojaat qilish huquqiga ega.
“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasida Konsititutsiyaviy sudga ko’rib chiqish uchun masalalar kiritish huquqiga ega bo’lgan idoralar va shaxslar quyidagilar:
• O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari;
• O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti;
• Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri;
• Oliy Majlis Senatining Raisi;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi;
• Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida to‘rtdan bir qismidan iborat deputatlar guruhi;
• Oliy Majlis Senati a’zolari umumiy sonining kamida to‘rtdan bir qismidan iborat senatorlar guruhi;
• O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi;
• Oliy xo‘jalik sudi raisi;
• Bosh Prokuror;
• Konstitutsiyaviy sudning kamida uch sudyasidan iborat guruh.
Demak, Konstitutsiyaviy sudga masalalar kiritish huquqiga faqat yuqorida ko‘rsatilgan sub’yektlar doirasigina ega bo‘lib, ulardan boshqa shaxstlar Konstitutsiyaviy sudga to’g’ridan to’g’ri masalalar kiritish huquqiga ega emas.
Ammo qonunchilikda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish to‘g‘risida”gi Nizom (Nizom faqat rus tilida berilgan) mavjud bo’lib, unda fuqarolarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat etishlari mumkinligi tilga olingan. Nizomga ko’ra, fuqarolar, agar Nizom talablariga mos kelsa, Konstitutsiyaviy sud majlisiga ko‘rib chiqilishi uchun hatto masala ham kiritishlari mumkin.
Agar fuqarolar o‘z murojaatlarida hal etilishi Konstitutsiyaviy sud vakolatiga kiradigan masalalarni ko‘targan bo‘lsalar, bu masalalar Konstitutsiyaviy sud sudyalarining tashabbusi bilan uning majlisiga kiritiladi. Boshqa hollarda esa Konstitutsiyaviy sudga murojaatlar “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq tegishliligiga ko‘ra davlat organlariga yuboriladi.
Hozirgi kunga qadar Konstitutsiyaviy sud qarorlariga asos bo’lgan masalalardan bir nechtasi fuqarolar tomonidan sudga yo’llanib, Konstitutsiyaviy sudning sudyalari tashabbusiga ko’ra sud majlisida muhokama etilgan. Masalan, fuqaro S.Murodxo‘jaev Soliq kodeksi 59-moddasi ikkinchi qismida konstitutsiyaviy huquq asosida belgilangan imtiyozining buzilishi yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaati qiladi (Izoh: murojaatda eski tahrirdagi Soliq Kodeksi nazarda tutilgan. Mazkur Kodeks 2008-yil 1-yanvarda o’z kuchini yo’qotgan. Yangi tahrirdagi Soliq Kodeksini bu yerda o’qishingiz mumkin). Konstitutsiyaviy sud sudyalari U.Bozorov, G.Pirjanov va S.Hakimovaning tashabbusi asosida ushbu fuqaro murojaatidagi masala sud majlisiga kiritiladi. Natijada “O’zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksining 59-moddasini sharhlash to’g’risida” O’zbekiston Konstitutsiyaviy sudi ajrim qabul qiladi.
Fuqaro K.Muzaffarovning Konstitutsiyaviy sudga murojaati ham Konstitutsiyaviy sud sudyalari U.Bozorov, G.Pirjanov va S.Hakimova tashabbusi bilan sud majlisiga kiritilib, ushbu masala ko’rib chiqilishi natijasida “Normativ-huquqiy hujjatlar to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi qonuni 31-moddasining ikkinchi qismini sharhlash haqida Konstitutsiyaviy sud qaror qabul qiladi. Konstitutsiyaviy sudning Lex.uz tizimiga joylashtirilgan barcha qarorlari bilan bu yerda tanishib chiqishingiz mumkin.
Demak, har bir fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga ariza, shikoyat yoki taklif bilan murojaat etishi mumkin va bu murojaatlar talablarga javob bersa hamda Konstitutsiyavy sud sudyalarining kamida uchtasining e’tiborini tortsa, sudning majlisiga muhokama uchun kiritilishi mumkin. Bu munosbatlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining 2004-yil 30-yanvardagi 6-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom bilan tartibga solinadi.
Konstitutsiyaviy sudga masala kiritish tartibi
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlat fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Qonunning 1-moddasida belgilab qo‘yilganidek, quyidagi hollarda Konstitutsiyaviy sudga murojaat etishlari mumkin:
a) O‘zbekiston Respublikasi qonuni yoki Oliy Majlis qabul qilgan boshqa hujjat, mamlakat Prezidentining Farmoni, hukumat yoki davlat hokimiyati mahalliy organlarining qarori, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga nomuvofiq xalqaro shartnomasi yoki boshqa majburiyati bilan o‘z huquqlarini buzilgan deb hisoblaganda;
b) Qoraqolpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga yoki Qoraqolpog‘iston Respublikasi qonunlari O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga nomuvofiq deb topilganda;
v) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining moddalariga sharh berilishini lozim deb topganlarida.
Murojaat qanday shaklda bo’lishi lozim?
Nizomga ko’ra, Konstitutsiyaviy sudga yo’llangan fuqarolarning murojaatlari “Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida”gi qonunning talablariga to’la javob berirshi lozim. Ushbu Qonundagi talablar bilan quyida tanishtiramiz.
“Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga binoan, murojaatlarda fuqarolarning familiyasi (ismi, otasining ismi), yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan, ariza, taklif yoki shikoyatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak. Yozma murojaatlarda murojaat etuvchining imzosi ham bo‘lishi kerak. Agar murojaatda fuqaroning familiyasi, yashash joyi, shuningdek, imzosi qo‘yilmagan bo‘lsa, bu murojaatni ko‘rib chiqmaslikka asos bo‘ladi.
“Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasiga binoan, fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda fuqarolarning shaxsiy hayotiga doir ma’lumotlar ularning roziligisiz oshkor qilinsa, shuningdek, davlat siri yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir hisoblangan ma’lumotlar, shuningdek, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini kamsitadigan axborotlar davlat organlari xodimlari tomonidan oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Fuqarolarni hamda ularning oila a’zolari o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish yoki himoya qilish maqsadida davlat organlariga murojaat etganliklari uchun ta’qib qilinishi man etiladi.
Murojaat yo’llangandan so’ng
“Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 25-moddasiga ko‘ra, fuqarolarning arizasi yoki shikoyati qanoatlantirilgan taqdirda, ana shu murojaat bo‘yicha qonunga xilof qaror qabul qilgan davlat organi ariza yoki shikoyat berish va uni ko‘rib chiqish munosabati bilan fuqaroga yetkazilgan zararning o‘rnini, tegishli davlat organining talabi bilan ariza yoki shikoyatni ko‘rib chiqish uchun joylarga borish munosabati bilan sarf qilingan xarajatlarni qoplaydi hamda ana shu vaqt ichida yo‘qotilgan ish haqini to‘laydi. Fuqaroga yetkazilgan ma’naviy ziyon ham to‘lanishi mumkin.
“Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 8-moddasiga muvofiq, Konstitutsiyaviy sudda fuqarolarni qabul kilish tashkil etiladi. Fuqarolarni qabul qilish rahbar yoki boshqa mansabdor shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun davlat organlarida alohida bo‘linmalar tuzilishi mumkin, fuqarolarni qabul qilish uchun ma’sul mansabdor shaxs belgilab qo‘yiladi.
Qabul fuqarolar uchun qulay vaqtda o‘tkaziladi. Fuqaro og‘zaki murojaat etayotganda o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi kerak.
Fuqarolarning Konstitutsiyaviy sudga kelib tushgan murojaatida boshqa davlat organlari, davlat yoki nodavlat tashkilotlar vakolatlari doirasiga kiradigan masalalar nazarda tutilgan bo‘lsa, murojaat Konstitutsiyaviy sud rahbariyati bilan kelishilgan holda besh kunlik muddat ichida, uni ko‘rib chiqish topshirilgan Konstitutsiyaviy sud devoni xodimi yoki sudya tomonidan imzolanib, tegishliligi bo‘yicha ko’rib chiqiishi uchun davlat organlariga yuboriladi va bu haqda murojaat etgan shaxsga ma’lum qilinadi. Agar murojaatni tegishli idora va organlarga yuborish uchun yetarli asoslar bo‘lmasa, unda murojaat besh kunlik muddat ichida asoslantirilgan tushuntirish xati bilan fuqaroning o‘ziga qaytariladi.
Arizani qabul qilish yoki rad etish haqida qaror qabul qilish
Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashni tashkil etish Konstitutsiyaviy sud kotibiyatining mudiri tomonidan amalga oshiriladi. Fuqarolarning murojaatlari Konstitutsiyaviy sud kotibiyatida maxsus daftar hamda kartochkalarda qayd etib boriladi. Uni ko‘rib chiqish uchun Konstitutsiyaviy sud raisi, agar u bo‘lmasa, Konstitutsiyaviy sud raisi o‘rinbosariga taqdim etiladi.
Fuqarolarning murojaatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyalari, katta ekspertlari va ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqilib, murojaatlar yuzasidan tayyorlangan javob xatlari matnlari Konstitutsiyaviy sudning raisi, agar u bo‘lmasa, Konstitutsiyaviy sud raisi o‘rinbosari tomonidan ma’qullagandan keyin, imzolanadi va tegishli manzilga yuborish uchun 1-toifali ish yurituvchi kotibiga topshiriladi. Murojaat yuzasidan tayyorlangan javob xatining ikkinchi nusxasi chetiga ijrochi sanani ko‘rsatib, imzo qo‘yadi.
Qabul qilingan arizani ko’rib chiqish
Agar murojaat Konstitutsiyaviy sudda ko‘rib chiqilishi lozim deb topilsa, bu haqda murojaat yo‘llagan shaxsga o‘n kunlik muddat ichida ma’lum qilinadi. Ko‘rib chiqilayotgan masala yuzasidan Konstitutsiyaviy sudning qarori tegishli material olingan vaqtdan e’tiboran uzog‘i bilan 3 oy ichida qabul qilishini mumkin.
Konstitutsiyaviy sud sudyasi fuqarolarning murojaatini o‘rganib chiqayotganda fuqarolardan quyidagilarni talab qilishi mumkin:
a) ko‘rilayotgan masalaga aniqlik kiritish va qo‘shimcha materiallar to‘plash uchun murojaat yo‘llagan fuqaroni chaqirish;
b) Konstitutsiyaga mosligi shubha ostiga olinayotgan qonun hujjati ijrosini ta’minlayotgan mutasaddi tashkilotlar vakillarini taklif etish;
s) tegishli idora va mansabdor shaxslardan ko‘rilayotgan ishga oid qo‘shimcha ma’lumotlarni so’rash.
Konstitutsiyaviy sud majlisiga kiritish uchun o‘rganib chiqilgan murojaat to‘g‘risidagi xulosa Konstitutsiyaviy sud sudyasi tomonidan tayyorlanib, Konstitutsiyaviy sud raisi yoki uning o‘rinbosariga taqdim etiladi.
Sudning mazkur ishga doir xulosasi Konstitutsiyaviy sudning boshqa, kamida uchta sudya tomonidan ma’qullansa, Konstitutsiyaviy sud majlisida ko‘rib chiqish uchun kiritilishi mumkin.
Fuqarolarning murojaatlari Konstitutsiyaviy sud devonida hisobga olib boriladi. Ular umumlashtiriladi va tahlil etiladi. Tahlil natijalari esa Konstitutsiyaviy sudning yillik va yarim yillik majlislariga yozma hisobot shaklida taqdim etiladi. Ushbu hisobotda quyidagi ma’lumotlar o‘z aksini topishi kerak:
– fuqarolar ko‘proq qaysi mavzudagi muammolarni ko‘tarib chiqqanligi;
– murojaat etayotgan fuqarolar aholining qaysi tabaqasiga oidligi;
– murojaatlarda ko‘proq qaysi organlar yoki mansabdor shaxslar ustidan shikoyat bo‘layotganligi;
– murojaatlarda davlat organlari va mansabdor shaxslarning g‘ayrikonstitutsiyaviy xatti-harakatlari to‘g‘risida dalillar mavjudligi yoki mavjud emasligi.
Nega fuqarolar bu qonun hujjatlaridan bexabar?
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining 2004-yil 30-yanvardagi 6-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom fuqarolarga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish hamda sud majlislariga masala kiritish bo’yicha ulkan huquqlarni beruvchi hujjat hisoblanadi. Ammo ushbu Nizom matni Adliya Vazirligiga tegishli va barcha qonun hujjatlarini jamlab boruvchi Lex.uz qonunchilik matnlari qidiriv tizimida mavjud emas. Biz Nizomning rus tilidagi matnini xususiy kompaniya hisoblanuvchi “Pravo.uz” tizimining pulli xizmatidan topdik.
Fuqarolar o’z haq-huquqlarini bilishlari va ularni himoya qila olishlari uchun, istagan paytlarida, barcha qonun hujjatlarini topa olishlari muhim. Bu boradagi mavjud muammolar quyidagi ko’rinishlarda o’z ifodasini topadi:
- Barcha qonun matnlarining ommaga e’lon qilinmasligi. Masalan, yuqoridagi Nizomni oddiy fuqaro qayerdan topishi yoki topa olishi mumkin? Hatto malakali huquqshunoslar uchun ham bu Nizomni topish oson emas.
- Qonun matnlarining tili. O’zbekiston Respublikasida davlat tili o’zbek tili bo’lishiga qaramay, ayrim qonun hujjatlari faqat rus tilida e’lon qilingan.Ularning o’zbek tilidagi tarjimalari mavjud emas. O’zbek tilida qabul qilingan ko’plab qonun hujjatlarining, dastlab, rus tilida tayyorlanib, so’ng o’zbekchaga o’girilishini ularda paydo bo’ladigan g’aliz so’z va jumlalardan payqash qiyin emas. Shuningdek, ayrim qonun hujjatlarining o’zbek tilida mavjud emasligi ushbu qonunlar yuridik kuchga egami, degan savolni keltirib chiqaradi. Agar o’zbek tilida sud ishi ko’rilayotgan bo’lsa va ishga tegishli qonunlardan birining matini faqat rus tilida mavjud bo’lsa, sud ishni ko’rishda nimaga asoslanadi? Yoki sud va sudda ishtirok etayotgan tomonlar qonun matnini o’zlari tushungan holda tarjima va talqin qilib ketaveradimi? Unda qonun ustuvorligini ta’minlash qayerda qoladi? Qolaversa, bunday amaliyot O’zbekiston aholisning aksariyatini tashkil etuvchi va rus tili ona tili bo’lmagan fuqarolarning huquqlarini poymol qilmaydimi?
Xulosa
Demak, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasiga asosan, shuningdek, “Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi qonunlarga hamda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, fuqarolar yakka holda yoki guruh bo’lib to’g’ridan to’g’ri Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish hamda Konstitutsiyaviy sud majlislariga masalalar kiritish huquqiga ega.
Fuqarolar Konstitutsiyaviy sudga quyidagi holatlarda to’g’ridan to’g’ri murojaat qilishlari mumkin:
• davlat qabul qilgan qonunlar, qarorlar, qonunosti hujjatlari o’zlarining Konstitutsiyada belgilangan hamda xalqaro miqyosda tan olingan huquq va erkinliklariga xilof deb hisoblaganlarida;
• Qonun hujjatlari yoki qonunosti hujjatlari Konstitutsiya va qonunlarga nomuvofiq deb hisoblaganlarida;
• Qonun va qonunosti hujjatlari, ulardagi matn va jumlalar tushunarsiz deb hisoblaganlarida va ularga sharh berilishini talab qilganlarida.
Konstitusiyaviy sudga murojaat qilish uchun asos bo’lishi mumkin bo’lgan ayrim masalalarni quyida keltirib o’tamiz:
- “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi Qonuning 14-moddasi hamda Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksning 1841-moddasida tilga olingan “ibodat libosi” atamasi noaniq va tushunarsizdir. Ayrim huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari hamda sudlar “ibodat libosi”ni musulmon ayollarning kiyimi – hijobga nisbatan talqin qilib, ularni ma’muriy javobgarlikka tortish amaliyoti uchramoqda.
O’QING: Hijobli ayollar o’z huquqlarini qanday himoya qilishi kerak?
“Ibodat libosi”ni musulmon ayollarning kiyimiga nisbatan talqin qilish Konstitutsiyaning 31-moddasiga, umume’tirof e’tilgan inson huquqlariga hamda bir qator O’zbekiston qonunlarida kafolatlangan vijdon erkinligi huquqiga xilof hisoblanadi. Fuqarolar Konstitutsiyaviy sudga MJTK va Qonundagi “ibodat libosi” atamasiga sharh berishni so’rab murojaat qilishlari mumkin. Ular ayrim davlat organlari tomonidan “ibodat libosi” musulmon ayollarning kiyimi – hijobga nisbatan ham qo’llanilayotganini va natijada fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi poymol etilayotganini asos sifatida keltirib, ushbu atama tilga olingan qonun moddalarini Konstitutsiyaga zid deb topishni so’rashlari mumkin.
- Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasportini va 16 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning harakatlanish hujjatini berish tartibi to‘g‘risida”gi Qarori bilan tasdiqlangan Nizomning “Xorijga chiqish uchun ruxsatnomani rasmiylashtirish tartibi” haqidagi III bo‘limi hamda Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 6-yanvardagi 8-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqishi va O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishi Tartibi”dagi “xorijga chiqish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirish” talabi (OVIR) Konstitutsiyaning 28-moddasida kafolatlangan fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga zid hisoblanadi. Fuqarolar xorijga chiqish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirish amaliyoti Konstitusiyaga zid ekanligini da’vo qilib, Konstitutsiyaviy suddan bu amaliyotni tartibga soladigan qonun normalarini Konstitutsiyaga zid deb topishni so’rashlari mumkin.
- 2014-yil 20-yanvarda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Diniy Mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Qaroriga ilova sifatida tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi” Nizom Konstitutsiyaning 29-moddasida kafolatlangan “Har kimning fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqi, har kimning o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqi”ni jiddiy tarzda buzadi.
O’QING: Diniy adabiyotlarni nazorat qilish qoidalari va ulardagi muammolar
Fuqarolar ushbu qonun bandlarini Konsitutsiyaviy sud tomonidan Konstitutsiyaga zid deb topilib, bekor qilinishini so’rashlari mumkin.
Yaqin kunlarda Konstitutsiyaviy sudga yoziladigan shikoyat na’munasini saytimizda e’lon qilamiz.