Xabarlar

“Konstitutsiyaning himoya kuchi” mavzusida huquqiy maqolalar tanlovi

2016-yil 8-dekabrda mustaqil O’zbekiston Republikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganligiga 24 yil to’ladi. Konstitutsiyaning 24 yilligi munosabati bilan Tashabbus “Konstitutsiyaning himoya kuchi” nomli ilmiy-huquqiy maqolalar tanlovini e’lon qiladi.

Maqsad:

Tanlovdan maqsad huquqshunoslik soha vakillarini huquq va erkinliklarni kafolatlovchi konstitutsiyaviy prinsiplar va normalar haqida  ilmiy izlanishga rag’batlantirish va mazkur prinsiplar bo’yicha fuqarolarning bilimini oshirish hamda jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga fuqarolarning huquqiy bilim va ko’nikmalarini oshirish orqali hissa qo’shish.

Kim ishtirok etishi mumkin:

Tanlovda huquqshunoslar, huquqshunoslik talabalari va huquqshunoslik sohasida ilmiy maqola yoza oladigan yaqin soha vakillari ishtirok etishi mumkin.

Tanlov shartlar:

Tanlovga faqat ilmiy-huquqiy yo’nalishdagi maqolalar qabul qiladi.

Maqolalarda Konstitutsiya va uning fuqarolar huquq va erkinliklarini kafolatlovchi himoya kuchi haqida

  1. keng ma’lumot beruvchi;
  2. amaliyotda mavjud muammolarni tahlil qiluvchi;
  3. amaliyot yoki nazariyada mavjud muammolarni hal qilish yoki yaxshilash uchun yangi taklif kirituvchi ilmiy huquqiy maqolalar qabul qilinadi.

Maqolalarni saralashda muallif olib kelgan yangilik, yangicha yondashuv, tahliliy-tanqidiy fikrlash, qiyoslash hamda mustaqil fikrlashga katta e’tibor qaratiladi. Konstitutsiyani balandparvoz gaplar bilan madh etishdangina iborat bo’lgan maqolalar qabul qilinmaydi; aksincha, Konstitutsiyaning kuchini hayotda ifodalagan, uning muvaffaqiyatli ijrosi uchun taklif qilingan yangi, ijodiy va innovatsion taklif hamda mushohadalarga urg’u beriladi.

Tanlov mavzusi borasida Konstitutsiya doirasidan tashqari cheklov bo’lmasada, unda quyidagi mavzular va ularga yaqin mavzular bilan ishtirok etish tavsiya qilinadi:

  1. Propiska va erkin harakatlanish huquqi,
  2. OVIR va erkin harakatlanish huquqi,
  3. Vijdon erkinligi muammolari,
  4. Konstitutsiyaviy sud va uning Konstitutsiyani himoya qilishda tutgan o’rni,
  5. Advokatura va uning Konstitutsiyani himoya qilishda turgan o’rni,
  6. O’zbekistonda dunyoviylik va vijdon erkinligi o’rtasida munosabat,
  7. Sudlar mustaqilli;
  8. So’z erkinligining Konstitutsiyani himoya qilishdagi o’rni;
  9. Surishtiruv va tergov jarayonida qonun va inson huquqlariga rioya qilish va hkz.

Maqola hajmiga nisbatan cheklov yo’q. Maqola o’zbek tilida ravon va imloviy xatolarsiz yozilgan bo’lishi lozim. Maqola lotin yoki kiril alifbosida yozilgan holda yuborilishi mumkin. Maqola sarlavhaga ega bo’lishi lozim. Maqola Microsoft World formatida “Tanlov uchun-Ism Familiya” ko’rinishida nomlangan holda tashabbus@gmail.com manziliga yuborilishi lozim. Tanlov uchun maqolalarni qabul qilish 2016-yil 25-dekabr, Toshkent vaqti bilan 23:59ga qadar qabul qilinadi. Tanlov shartlariga javob bermaydigan va talab qilingan ko’rinishda  hamda belgilangan muddat doirasida yuborilmagan maqolalar tanlovga qabul qilinmaydi.

Mukofot:

Qabul qilingan maqolalar orasidan yuqorida belgilangan mezonlarga asosan uchta eng yaxshi maqola aniqlanadi va

1-o’rin: $100

2-o’rin: $75

3-o’rin: $50 miqdorida sovringa ega bo’ladi.

Tanlovga kelib tushgan barcha maqolalar ustidan mualliflik huquqi Tashabbus ixtiyorida bo’ladi (muallif nomini saqlagan holda) va ularni Tashabbus mualliflar roziligisiz vebsaytida chop etish huquqiga ega.

Tanlov haqida savollar bilan tashabbus@gmail.com manziliga bog’lanish mumkin.

Eslatma: Tanlov muddati 4-dekabrdan 25-dekabrga o’zgartirildi.

Comments are closed.