Jinoyat va ma'muriy huquq

Kimlar jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin?

Savol: Jinoyat sodir etgan shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod etish mumkinmi? Kimlar javobgarlikdan ozod etilishi mumkin?

Javob: Jinoyat qonuniga muvofiq sodir etgan qilmishida jinoyat tarkibi mavjud bo‘lgan, shuningdek,, jinoyat sodir etishda aybdor deb topilgan shaxs ham jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin. Jinoiy javobgarlikdan ozod qilish instituti sodir etilgan qilmish Jinoyat kodeksida javobgarlik belgilangan jinoyatni sodir etishdan ixtiyoriy qaytish (26-modda), muayyan jinoyat tarkibi mavjud bo‘lgan, ammo kam ahamiyatli qilmish (36-modda), zaruriy mudofaa (37-modda), oxirgi zarurat (38-modda), ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazish (39-modda), buyruq yoki vazifani ijro etish, kasb yoki xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan asosli tavakkalchilik kabi jinoyat huquqiy munosabatlarda qilmishning jinoiyligini istisno etuvchi holatlar tushunchasi bilan ifodalanuvchi holatlardan farq qiladi. Chunki jinoiy javobgarlikdan ozod qilish haqidagi nomalar sodir etgan qilmishi jinoyat bo‘lmagan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi. Boshqacha qilib aytganda bunday qilmishlar aybsizlik mezoni bilan baholanadi.

Jinoiy javobgarlikdan ozod qilish shaxsni oqlashdan ham farq qiladi. Shaxsni oqlash, oqlovchi hukm chiqarishga asos bo‘lgan jinoyat tarkibining mavjud emasligi yoki sodir etilgan jinoyatga shaxsning aloqador emasligida ifodalanadi.

Jinoiy javobgarlikdan ozod qilish uchun ikkita belgi mavjud bo‘lishi lozim:

a) shaxsning jinoiyat tarkibi mavjud bo‘lgan qilmishni sodir etishi, shuningdek, uni jinoiy javobgarlikka tortish uchun barcha asoslarning mavjud bo‘lishi

b) mazkur shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish uchun barcha qonuniy asos va shart-sharoitlarning mavjud bo‘lishi.

Jinoiy javobgarlikdan ozod qilish o‘z mazmuniga ko‘ra shaxsni sodir etilgan qilmishning huquqiy oqibatlaridan ozod qilishdan iboratdir. Shaxsni jinoiy javobgarlikdan har qanday asoslarga ko‘ra ozod qilish qilmishning huquqiy tabiatini o‘zgartirmaydi. Chunki sodir etilgan qilmish doimo jinoyat bo‘lib qolaveradi va o‘z mohiyatini o‘zgartirmaydi.

Demak, jinoiy javobgarlidan ozod qilish-vakolatli davlat organining sudlov yoki ayblovni bekor qilish, shuningdek, jinoyat sodir etishda aybdor bo‘lgan shaxsga nisbatan davlat majburlov chorasini qo‘llashni bekor qilish haqidagi akti.

Jinoiy javobgarlikdan ozod qilish ikkiga bo‘linadi:

birinchisi shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish muddatning o‘tganligi yoki amnistiya akti asosida jinoiy javobgarlikdan ozod qilish. Qonunda ko‘rsatilagan asoslar mavjud bo‘lgan hollarda jinoyat ishini ko‘rayotgan surishtiruv, tergov organlari va sud shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod qilishi va jinoyat ishini yuritishni tugatishi lozim.

Bu Jinoyat kodeksining 64-moddasida belgilangan jinoiy javobgarlikka tortish muddatining o‘tishi yoki amnistiya aktining qo‘llanishi to‘g‘risidagi qoidalardan kelib chiqadi.

Jinoiy javobgarlikdan ozod qilishning ikkinchi turiga,javobgarlikdan ozod qilishning qolgan barcha turlari kiradi: qilmish yoki shaxsni ijtimoiy xavfliligini yo‘qotganligi munosabati bilan; aybdorning o‘z qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lganligi munosabati bilan; yarashganlik munosabati bilan; kasalligi tufayli javobgarlikdan ozod qilish (65-67-moddalar) va voyaga yetmagan shaxsga nisbatan majburlov chorasini qo‘llagan holatda javobgarlikdan ozod qilish (88-modda) kiradi. Bu moddalarda ko‘rsatilgan holatlar surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud uchun majburiyat keltirib chiqarmaydi, balki, bu ularning huquqlari bo‘lib hisoblanadi. Bu Jinoyat kodeksining jinoiy javobgarlikdan ozod qilish haqidagi moddalarida belgilangan: “Jinoyat sodir etgan shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin” degan qonuniy asosga ko‘ra belgilanadi.

Jinoiy javobgarlikdan ozod qilishning umumiy sharti shaxsning ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganligi hisoblanadi.

Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan qilmish, deganda qasddan sodir etilib, qonunda uch yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar tushuniladi.

Uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarga esa qasddan sodir etilib, qonunda uch yildan ortiq, lekin besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar, shuningdek, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi. Masalan, zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, qasddan odam o‘ldirish (Jinoyat kodeksi 100-modda), kuchli ruhiy xayajonlanish holatida qasddan badanga og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish (Jinoyat kodeksi 106-modda).

Jinoyat kodeksining 65-67-moddalariga asosan javobgarlikdan ozod qilishda jinoyatning tasnifidan tashqari boshqa holatlar, yetkazilgan zararning xususiyati, aybdorning shaxsi va ijtimoiy xavflilik darajasi ham e’tiborga olinishi lozim, bundan shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish maqsadga muvofiqliligi kelib chiqadi. Bunday holatlarga: jinoyat tufayli yetkazilgan zararning aniq miqdori va uni qoplanganligi haqidagi rasmiy ma’lumotlar, Fuqarolik kodeksida ko‘rsatilgan jismoniy va ma’naviy zararning qoplanganligi, jinoiy javobgarlikdan ozod qilish masalasi ko‘rilayotgan shaxs haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, boshqa ma’lumotlar (oilaviy ahvoli, nima bilan shug‘ullanishi va boshqalar) kiradi. Jinoyat protsessual qonunchiligida belgilangan dalilar va jinoiy javobgarlikdan ozod qilish shartlari aniqlangan bo‘lishi lozim.

Yuqorida ko‘rsatilgan jinoiy javobgarlikdan ozod qilish turidan farqli ravishda, kasaligi tufayli yoki shaxs ijtimoiy xavfliligini yo‘qotganligi,  javobgarlikka tortish muddatining o‘tishi, shuningdek,, amnistiya akti bilan javobgarlikdan ozod qilishda sodir etilgan jinoyatning aniq bir turi ko‘rsatilmagan. Bunday ozod qilish ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni sodir etgan shaxs bilan bir qatorda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan ham qo‘llaniladi.

Ikkinchi farqi shundaki, javobgarlikka tortish muddatining o‘tishi bilan yoki amnistiya akti asosida jinoiy javobgarlikdan ozod qilish jinoiy ishni ko‘rayotgan surishtiruv organlari, prokratura va sud uchun qonunda belgilangan holatlar aniqlangan vaqtdan boshlab majburiy hisoblanadi.

Jinoiy javobgarlik va jazodan ozod qilish tushunchasi bir-biridan mazmun jihatidan farq qiladi:

Jinoyat kodeksida jazodan ozod qilishning quyidagi turlari ko‘rsatilgan:

1)                  javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi munosabati bilan jinoiy javobgarikdan ozod qilish (64-modda);

2)                  qilmish yoki shaxs ijtiomoiy xavfliligini yo‘qotganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish (65- modda);

3)                  aybdor o‘z qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish (66-modda);

4)                  yarashganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilish (661 modda)

5)                  kasallik tufayli javobgarlikdan ozod qilish ( 67-modda);

6)                  amnistiya akti asosida javobgarlikdan ozod qilish (68-modda);

7)                  voyaga yetmagan shaxsga nisbatan majburlov chorasini qo‘llagan holatda javobgarlikdan ozod qilish (88-modda).

Jinoiy javobgarlikdan ozod qilish huquqiy jihatdan jinoyat sodir etgan shaxsni sodir etilgan qilmishning barcha huquqiy oqibatlari: sud hukmi asosida davlat tomonidan tayinlanadigan va shaxsni rasmiy tarzda jinoyatchi deb topadigan ta’sir chorasidan, jazodan va sudlanganlikdan ozod qiladi. Shuningdek,, bu institutning qo‘llanilishi barcha turdagi jinoyat protsessual majburlov va ehtiyot choralarini bekor qiladi: Shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish shaxsning aybsizligini anglatmaydi va uni fuqarolik-huquqiy masalan, sodir etgan qilmishi uchun mulkiy javobgarlikni qo‘llash, shuningdek, ma’muriy, intizomiy ta’sir choralaridan ozod qilmaydi.

Javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish

Jinoyat huquqida muddatning o‘tishi deganda, jinoyat qonunida belgilangan jinoyat sodir etilganidan so‘ng shaxsning javobgarlikka tortilishini istisno qiluvchi muddatning o‘tganligi tushuniladi.

Jinoyat kodeksida u yoki bu jinoyatni sodir etgan shaxsni sodir etilgan jinoyatlar og‘irlik darajasidan kelib chiqib, jinoiy javobgarlidan ozod qilish uchun asos bo‘ladigan muddatlar o‘tishining to‘rt turi mavjud. Jinoyat kodeksining 64- moddasiga muvofiq:

a) ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat sodir etilgan kundan boshlab- uch yil;

b) uncha og‘ir jinoyat sodir etilgan kundan boshlab- besh yil;

v) og‘ir jinoyat sodir etilgan kundan boshlab- o‘n yil;

g) o‘ta og‘i jinoyat sodir etilgan kundan boshlab (tinchlik va insoniyat xavfsizligiga qarshi qaratilgan jinoyatlar bundan mustasno)- o‘n besh yil o‘tib ketgan bo‘lsa, shaxs javobgarlikdan ozod qilinadi.

Qilmish yoki shaxs ijtimoiy xavfliligini yo‘qotganlgi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish

Ishni tergov qilish yoki sudda ko‘rish vaqtida sharoit o‘zgarganligi tufayli sodir etilgan qilmish yoki jinoyat sodir etgan shaxs o‘zining ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotgan deb topilsa, jinoyat sodir etgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin. Bu normada ikita mustaqil, lekin ma’no va mazmun jihatdan jinoiy javobgarlikdan ozod qilishda bir-biriga yaqin bo‘lgan asoslar ko‘rsatilgan: sharoit o‘zgarganligi tufayli qilmishning ijtimoiy xavfliligini yo‘qotishi va sharoitning o‘zgarishi bilan shaxsning ijtimoiy xavfliligini yo‘qotishi.

Qilmishning ijtimoiy xavfliligini yo‘qotishi uchun ikkita asos bo‘lishi lozim:

a) sharoitning o‘zgarishi

b) mazkur o‘zgarish qilmishning ijtimoiy xavfliligini yo‘qotishiga olib kelishi.

Sharoitning o‘zgarishi deganda, obyektiv voqeilikning o‘zgarishi bois sodir etilgan jinoyatning yangi ijtimoiy sharoitlarda o‘zinig ijtimoiy xavfliligini yo‘qotganligi tushiniladi. Masalan, g‘ayriqonuniy ravishda taqiqilangan joyda baliq ovlash ijtimoiy xavfli hisoblanib, Jinoyat kodeksining 204-moddasiga ko‘ra javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi. Agar baliqlarning ko‘payib ketishi yoki hayvonot olamining qirilib ketishi natijasida ov qilishga ruxsat berilgan bo‘lsa bunday harakat jinoyat hisoblanmaydi.

Ikkinchi asos ham tashqi shart-sharoitning o‘zgarishini ifodalaydi. Qilmishning ijtimoiy xavfliligini yo‘qotuvchi holatdan farqli ravishda, u shaxs tomonidan jinoyat sodir etilgunga qadar yoki jinoyat sodir etilgandan so‘ng sharoitning o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Masalan, armiya xizmatini o‘tashga chaqirilgan shaxs uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir qilgan bo‘lsa, tergov organi yoki sud uni javobgarlikdan ozod qilib, harbiy xizmatni o‘tashiga imkon berishi mumkin. Bunda jinoyatning xavflilik darajasi o‘zgarmaydi balki shu jinoyatni sodir qilishda aybdor bo‘lgan shaxs bundan so‘ng xavfli emas deb topiladi. Bu holatda ijtimoiy xavfli qilmish yoki muayyan hududdagi sharoitning o‘zgarishi emas, balki, jinoyat sodir etgan shaxsning o‘zi yuridik jihatdan baholanadi.

Aybdorning chin ko‘ngildan o‘z qilmishiga pushaymon bo‘lganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish

Jinoyat kodeksining 66-moddasiga muvofiq ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar jinoyat sodir qilingandan keyin jinoyat tufayli yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda bartaraf qilib, aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.

Kasallik tufayli javobgarlikdan ozod qilish

Agar aqli noraso shaxs tomonidan ijtimoiy xavfli qilmish sodir etilsa, bu uni jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘la olmaydi. Agar shaxs ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etish vaqtida aqli raso bo‘lib, sud hukm chiqargunga qadar o‘z harakatlarini boshqara olmaydigan va oqibatlarini anglamaydigan holatdagi ruhiy kasallikka chalinib qolsa, qilmish jinoiy hisoblanib bunday shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksi va Jinoyat protsessual kodeksi normalari qo‘llanadi. Jinoyat sodir etgan shaxs hukm chiqarilgunga qadar o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan va boshqara olmaydigan darajada ruhiy kasallikka chalinib qolgan bo‘lsa javobgarlikdan ozod qilinadi. Bunday shaxslarni javobgarlikka tortishning maqsadga muvofiq emasligi ruhiy kasallikka chalingan shaxsning sud tomonidan belgilangan javobgarlik choralalarini kasalligi tufayli to‘g‘ri idrok etish imkoniga ega emasligida ifodalanadi. Bunday shaxsga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanishi mumkin. Tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash tartibi Jinoyat kodeksining 91-95-moddalarida (Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llashning maxsus tartibi) belgilangan. Agar tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxs Jinoyat kodeksining 64-moddasida belgilangan javobgarlikka tortish muddati o‘tmasdan tuzalib ketsa, javobgarlikka tortiladi. Javobgarlikka tortish muddati sud tomonidan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan kundan boshlab hisoblanadi.

Amnistiya akti asosida javobgarlikdan ozod qilish

O‘zbekiston Respublikasi Konstutitsiyasining 79- va  93-moddalarida qayd etilganidek, amnistiya akti asosida javobgarlikdan va jazodan ozod qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga asosan Senat  vakolatlariga kiradi.

Amnistiya normativ xususiyatdagi akt bo‘lib, u muayyan jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutatidigan jinoyat qonunini bekor qilmasdan, sud hukmining qarorlarining asosli va qonuniyligini shubha ostiga qo‘ymasdan, jazodan yoki jinoiy javobgarlikdan ozod qiladi, jazoni yengil  jazo bilan almashtiradi, yoxud belgilangan muddatlarni qisqartiradi, shuningdek, sudlanganlikni bekor qiladi.

Odatda amnistiya aktlari birinchi navbatda voyaga yetmaganlar, qariyalar, shuningdek, ayollar, homilador ayollarga, shuningdek, boshqa belgilar: jinoyatning xususiyatli va og‘irlik darajasi (ehtiyotsizlikdan sodir etilga, qasddan sodir etilgan uncha og‘ir bo‘lmagan va og‘ir jinoyatlar) ko‘ra qo‘llaniladi. Ammo boshqa, ijtimoiy-siyosiy asoslarga ko‘ra ham amnistiya aktlari qabul qilingan bo‘lib, ularning doirasi an’anaviy tartibda emas, balki alohida tartibda belgilanadi.

Yarashganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish

2001-yil 29-avgustda Jinoyat kodeksiga yarashganlik munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish haqidagi 661 –modda kiritildi. Unga ko‘ra, birinchi marta Jinoyat kodeksi Maxsus qismida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs, agar u o‘z aybiga iqror bo‘lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin. Yarashuv instituti jinoiy javobgarlikdan ozod qilish turi sifatida shaxsning aybdorligi masalasini hal etmay turib jinoyat ishlarini tugatish uchun asos bo`ladi.[141]

Yarashganlik munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish, aybini bo‘yniga olib arz qilishga o‘xshaydi va xuddi shu kabi belgilarga ega. Ammo yarashganlikning o‘ziga xos xususiyatlari bo‘lib, bu uni aybini bo‘yniga olib arz qilish asosida javobgarlikdan ozod qilishdan farqlash imkonini beradi. Yarashganlik asosida javobgarlikdan ozod qilish zararni qoplash va jabrlanuvchi tomonidan ayblanuvchini kechirish asosida amalga oshiriladi. Aybini bo‘yniga olib arz qilishda esa, dastlabki tergov yoki sud tomonidan amalga oshiriladi.

Ayblanuvchi va jabrlanuvchining yarashganligi qonuniy va ixtiyoriy bo‘lganligini belgilash uchun quyidagi shartlar mavjud bo‘lishi lozim:

1)     jinoyat kodeksining 661-moddasida ko`rsatilgan jinoyatlardan birining sodir etilganligi;

2)     aybini tan olishi;

3)     yetkazilgan zararning qoplanishi.

Comments are closed.