Savol: Barcha tergov jarayonida advokat ishtirok etishi mumkinmi?Jinoyat ishida kim advokat bo’lishi mumkin? Yaqin qarindoshlari himoyachi bo’la oladimi?
Javob: O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Protsessual qonunchiligiga ko’ra, jinoyat ishlarida mijozini himoya qilayotgan advokat (har qanday) tergov harakatida ishtirok etishi mumkin. Masalan, O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Protsessual kodeksi 111-moddasining 2-qismiga ko’ra, jinoyat ishida gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarni birinchi marta so’roq qilishdan oldin (so’roq qilish tergov harakatidan oldingi jarayon) quyidagi harakatlar o’tkazilishi kerak:
1) gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga uning ushbu Kodeks 46 va 48-moddalarida nazarda tutilgan protsessual huquqlari va majburiyatlari tushuntiriladi;
2) gumon qilinuvchi, ayblanuvchi bilan shartnoma tuzgan himoyachining yoxud, agar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi shartnoma tuzishga ulgurmagan yoki tuza olmagan bo’lsa, boshqa himoyachining so’roqda ishtiroq etishi ta’minlanadi.
Yuqoridagi iqtibosning 1-qismida keltirilgan 46 va 48-moddalarning to’liq matni quyidagicha:
“46-modda. Ayblanuvchining huquq va majburiyatlari
Ayblanuvchi: o‘zining nimada ayblanayotganligini bilish; qamoqqa olinganligi va turgan joyi to‘g‘risida advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilish yoxud xabar berish; himoyachiga ega bo‘lish hamda uchrashuvlarning soni va davom etish vaqti cheklanmagan holda u bilan xoli uchrashish, ushbu Kodeks 230-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno; o‘ziga qo‘yilgan ayblov yuzasidan hamda ishning boshqa har qanday holatlari bo‘yicha ko‘rsatuvlar berish yoxud ko‘rsatuvlar berishdan bosh tortish va ko‘rsatuvlaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor bo‘lish; o‘z ona tilidan hamda tarjimon xizmatidan foydalanish; o‘zining himoyalanish huquqini shaxsan o‘zi amalga oshirish; iltimosnoma berish va rad qilish; dalillar taqdim etish; surishtiruvchi yoki tergovchining ruxsati bilan tergov harakatlarida ishtirok etish; dastlabki tergov tamom bo‘lganidan so‘ng ishning barcha materiallari bilan tanishib chiqish hamda undan zarur ma‘lumotlarni yozib olish, materiallar va hujjatlardan texnika vositalari yordamida o‘z hisobidan ko‘chirma nusxalar olish yoki ulardagi ma‘lumotlarni o‘zga shaklda qayd etish; jinoyat ishining tergovchi yoki prokuror tomonidan tugatilganligiga qarshi e‘tiroz bildirish hamda sud muhokamasi o‘tkazilishini talab qilish; yarashuv to‘g‘risidagi, amnistiya aktini qo‘llash haqidagi ishlar bo‘yicha, birinchi instantsiya va apellyatsiya instantsiyasi sudining majlislarida, sudning ruxsati bilan esa, kassatsiya va nazorat instantsiyalari sudining majlislarida ishtirok etish; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning harakatlari hamda qarorlari ustidan shikoyatlar berish; sud majlisining bayonnomasi bilan tanishish hamda u haqda o‘z mulohazalarini bildirish; ish bo‘yicha keltirilgan protestlar, apellyatsiya, kassatsiya shikoyatlaridan xabardor bo‘lish va ularga nisbatan e‘tirozlar bildirish huquqiga ega”.
“48-modda. Gumon qilinuvchining huquq va majburiyatlari
Gumon qilinuvchi: o‘zining nimada gumon qilinayotganligini bilish; ushlab turilganligi va turgan joyi to‘g‘risida advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilish yoxud xabar berish; u ushlangan yoki gumon qilinuvchi deb e‘tirof etilganligi to‘g‘risidagi qaror unga ma‘lum qilingan paytdan boshlab himoyachiga ega bo‘lish hamda uchrashuvlarning soni va davom etish vaqti cheklanmagan holda u bilan xoli uchrashish, ushbu Kodeksning 230-moddasi[1]ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno; ushlanganidan keyin yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay so‘roq qilinishini talab qilish; o‘ziga nisbatan qo‘yilgan gumon xususida hamda ishning boshqa har qanday holatlari to‘g‘risida ko‘rsatuvlar berish yoxud ko‘rsatuvlar berishdan bosh tortish va ko‘rsatuvlaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor bo‘lish; o‘z ona tilidan hamda tarjimon xizmatidan foydalanish; o‘zining himoyalanish huquqini shaxsan o‘zi amalga oshirish; iltimosnoma berish va rad qilish; dalillar taqdim etish; surishtiruvchi yoki tergovchining ruxsati bilan tergov harakatlarida ishtirok etish; yarashuv to‘g‘risidagi, amnistiya aktini qo‘llash haqidagi ishlar bo‘yicha sud majlislarida ishtirok etish; surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning va sudning harakatlari hamda qarorlari ustidan shikoyatlar berish huquqiga ega”.
Demak, jinoyat ishidagi har bir tergov harakatida advokat ishtirok etish huquqiga ega. Shaxs ushlanganda esa, uning harakat erkinligiga bo’lgan huquqi amalda cheklangan paytdan boshlab advokat ishtirokiga yo’l qo’yiladi.
O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Protsessual Kodeksining 49-moddasiga asosan, himoyachi gumon qilinuvchilarning, ayblanuvchilarning, sudlanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari qonunda belgilangan tartibda himoya qilinishini amalga oshirish hamda ularga zarur yuridik yordam ko’rsatish vakolatiga ega bo’lgan shaxsdir.
Ishda himoyachilar sifatida advokatlar ishtirok etishlari mumkin. Advokatning ishda ishtirok etishiga u advokat guvohnomasini ko‘rsatganidan va muayyan ishni yuritishga vakolatli ekanligini tasdiqlovchi orderni taqdim etganidan keyin yo‘l qo‘yiladi. Advokatlik litsenziyasiga ega bo’lmagan shaxslar esa jinoyat ishida himoyachi bo’la olmaydi.JPK 49-moddasi, 2-qismiga ko’ra, advokat guvohnomasi hamda vakolatli ekanligini tasdiqlovchi orderni taqdim qilsagina ishda ishtirok etishi mumkin.
Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari yoki qonuniy vakillaridan birining advokat bilan bir qatorda himoyachi sifatida ishtirok etishiga gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining iltimosnomasi bo‘yicha surishtiruvchining, tergovchining qarori yoki sud ajrimiga binoan yo‘l qo‘yilishi mumkin.
Himoyachining ishda ishtirok etishiga jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligiga bo‘lgan huquqi amalda cheklangan paytdan boshlab ruxsat etiladi.
Xulosa sifatida, jinoyat ishlarida faqatgina advokatlik litsenziyasiga ega bo’lgan va gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi bilan yoxud ularning qarindoshlari bilan advokatlik shartnomasini tuzgan shaxslar advokat sifatida ishtirok etishi mumkin. Yuridik ma’lumotga ega bo’lmagan yoxud advokatlik litsenziyasiga ega bo’lmagan jinoyat ishi ishtirokchilarining yaqin qarindoshlari jinoyat ishida himoyachi sifatida ishtirok eta olmaydi. Lekin JPK 49-moddasiga ko’ra, yaqin qarindoshlar advokat bilan birga ishtirok etishi uchun sudlanuvchining shu haqdagi iltimosi bo’lishi va tergovchi yoki surishtiruvchining iltimosni qanoatlantirish to’g’risidagi qarori yoxud sudning ajrimi bo’lishi talab etiladi.
[1] 230-modda. Ushlab turilganlarga uchrashish uchun ruxsat berish
Ushlab turilgan shaxsga himoyachi bilan uchrashuvga ushbu Kodeks 46-moddasining birinchi qismida va 48-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarga ko‘ra ruxsat beriladi.
Ushlab turilgan shaxsga himoyachi bilan birinchi xoli uchrashuvga birinchi so‘roqqacha ruxsat beriladi. Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlanayotgan ushlab turilgan shaxsning himoyachi bilan uchrashuviga ushbu Kodeks 226-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan ehtiyot chorasi qo‘llanilishi lozim bo‘lgan, muddatlar inobatga olingan holda ruxsat beriladi hamda uchrashuv surishtiruvchi, tergovchi va prokuror tomonidan ikki soatga qadar cheklanishi mumkin.
Ushlab turilgan shaxsga qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan uchrashuvga ushlab turilgan shaxslar saqlanadigan joyning ma‘muriyati ushlab turish to‘g‘risidagi materiallar qaysi tergovchi yoki surishtiruvchining ish yurituvida bo‘lsa, faqat o‘sha tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsati asosida ijozat beradi, himoyachi bilan uchrashuv bundan mustasno.
One Comment