Bir qarashda Kattaqoʻrgʻonda sodir boʻlgan hodisa paysalga solinmasdan, javobgarlarga nisbatan qisqa vaqt ichida qonunda belgilangan choralar koʻrilishi kerak edi. Amalda unday boʻlmadi: Sanʼat Umarov sodir etgan qilmish ijtimoiy tarmoqlarda #QadrimniToptama heshtegi bilan keng tarqalib, millionlab kishining gʻazabiga sabab boʻlganidan keyingina hibsga olindi. Tahqirlangan ayol hodisa haqida ariza topshirganiga qariyb 45 kun oʻtishiga qaramasdan, tergov qanday yakunlanganini haligacha bilmaymiz. Mazkur hodisa Ichki ishlar organlari faoliyatida keng tarqalgan vakolat suisteʼmoli bilan birga, davlat organlari va fuqarolik jamiyati faoliyatidagi jiddiy nuqsonlarni ham koʻrsatdi. Quyida mazkur nuqsonlar aynan nimada kuzatilganligiga toʻxtalib oʻtamiz.
1. Ichki ishlar organlari
Kattaqoʻrgʻon hodisasi kabi holatlarda birinchilardan boʻlib chora koʻrishi kerak boʻlgan eng asosiy davlat organi bu Ichki ishlar organlari. Vakolat suiisteʼmoli oldini olish uchun Ichki ishlar organlarining birinchi vazifasi oʻz hodimlari qatoriga eng munosib shaxslarni tanlash va ularni tegishli tayyorgarlikdan oʻtkazish. Vakolat suisteʼmoli roʻy berganda esa tegishli hodim(lar)ga qarshi zudlik bilan chora koʻrishi kerak.
Kattaqoʻrgʻon voqeasi esa yuqoridagi ikki vazifa samarasiz bajarilayotganini koʻrsatdi. S. Umarov Ichki ishlar organlarida ishlashga noloyiq kishi. U bu holatga bir kunda tushmagan. Shunga qaramasdan Ichki ishlar organlariga ishga qabul qilinib, koʻp yillar davomida ishlab, kapitan unvonini olgan. Demak, vazifa va majburiyatlarini toʻgʻri bajarayotgani ustidan hech qanday nazorat boʻlmaganiga guvoh boʻldik, zero xabarlarga koʻra ayollarga nisbatan bunday muomalada boʻlish “odatiy” boʻlgan.
Shu bilan birga, tahqirlangan ayol hodisa haqida 22 iyun kuni ariza topshirgan boʻlishiga qaramasdan, 8-iyulgacha hech qanday chora koʻrilmadi. S. Umarovni darhol ishdan vaqtinchalik chetlatish oʻrniga keng omma uning qilmishi haqida xabardor boʻlishiga qadar oʻz lavozimida ishlab yuraverdi. Bu esa unga istasa, jabrdiyda bilan koʻrishish, uni qoʻrqitish, dalillarni yoʻqotish, guvohlar koʻrsatmalarini oʻzgartirish va boshqa qonunbuzarliklar izini yoʻqotishga keng imkoniyat yaratib berdi.
Bundan tashqari, Ichki ishlar organlari zudlik bilan ichki taftish jarayonini boshlashi, hodisaga aloqador yoki voqif boʻlgan barcha kishilar aniqlanishi va ularga tegishli chora koʻrish masalasi muhokama qilinayotgan boʻlishi kerak edi. Qisman shunday boʻldi ham. 16iyul kuni Ichki ishlar tarqatgan bayonotga koʻra, 6 nafar xodim ishdan olindi. Ammo bu yetarli emas, zero bayonotda aytilishicha, mazkur xodimlarning bir nechtasi xizmat vazifalarini “bajarmaganlar” yoki “qoʻpol kamchiliklarga yoʻl qoʻyganlar”, bu esa qilmishning darajasiga qarab jinoiy javobgarlikka sabab boʻlishi kerak edi.
2. Prokuratura
Qonun bilan aniq belgilangan choralarni koʻrishda sustlik Prokuratura faoliyatida ham kuzatildi. Ichki ishlar organlari kabi, Prokuratura ham S. Umarovni hibsga olib, unga qarshi jinoiy ish ochishiga keragidan ortiq vaqt ketdi. S. Umarovning ijtimoiy xavfliligini hisobga olib, unga qarshi zudlik bilan qamoqqa olish chorasi qoʻllanilishi kerak edi.
Unga qarshi qoʻyilgan ayblovlarda ham jiddiy kamchiliklarni koʻrish mumkin. S. Umarovga qarshi Jinoyat Kodeksining faqat 206-moddasi bilan jinoiy ish qoʻzgʻatildi. Vaholanki, mazkur holatga eng kamida yana beshta alohida modda qoʻllanilishi mumkin edi: jabrdiyda oyogʻiga ikki marta tepgani uchun 109-modda (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish); videolavhani yozib olib, uni tarqatgani uchun 130-modda (Pornografik mahsulotni tarqatish); jabrdiydani toʻxtamasdan soʻkib, haqorat qilgani uchun 140-modda (Haqorat qilish); S. Umarovning mazkur harakatlari mansab vakolati suisteʼmoli boʻlgani uchun 205-modda (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish); va 235-modda (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala qoʻllash). Xoʻsh, mazkur moddalar asosida nimaga S. Umarovga qarshi ayb qoʻyilmadi?
Bundan tashqari, S. Umarovning noqonuniy, gʻayriinsoniy va kishi qadr-qimmatni kamsituvchi muomalasiga bir necha IIB hodimi guvoh boʻlgan. Jumladan, bevosita qonunbuzarlik sodir etilgan xonada eng kamida yana bir hodim boʻlgan. S. Umarov jabrdiydani butun boshli boʻlimda yalangʻoch yurishga majburlagan. Mazkur holatga guvoh boʻlib, hech qanday chora koʻrmagan hodimlarga qarshi Jinoiy Kodeksning 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va/yoki 208-moddasi (Hokimiyat harakatsizligi) bilan ham jinoiy ish qoʻzgʻatilishi mumkin edi. Ammo haligacha bunday boʻlmadi.
3. Parlament
Xalq nomidan ish olib borish uchun Oliy Majlisda 250 deputat ishlaydi: 150 nafarQonunchilik palatasi deputatlari va 100 nafar Senat aʼzolari. Ammo 250 kishidan atigi 4-5 deputat Kattaqoʻrgʻondagi hodisa yuzasidan fikr bildirdi. Bu yaxshi. Ammo bu kabi hodisalarga deputatlarning javobi oddiy munosabat bildirish bilan cheklanmasligi kerak, zero amaldagi qonunchilik ularga samarali chora koʻrish uchun keng vakolatlar bergan.Masalan, parlament nazorati. Ikki yil avval parlament nazorati toʻgʻrisida butun boshliqonun qabul qilindi. Bu qonun Kattaqoʻrgʻonda sodir boʻlgan hodisalarga javoban qoʻllanilmasa, qachon qoʻllaniladi?
Parlament nazorati ichiga parlament soʻrovi va parlament tekshiruvi kabi vakolatlar kiradi (Parlament nazorati toʻgʻrisidagi Qonunning 5, 14, 18-moddalariga qarang). Bu vakolatlar asosida Oliy Majlis deputatlari nafaqat Ichki ishlar organlari, balki prokuratura faoliyati ustidan ham nazorat oʻrnatishi mumkin. Masalan, S. Umarovga qarshi eng kamida Jinoyat Kodeksining yuqorida sanab oʻtilgan 5ta moddasi bilan ayblov eʼlon qilish mumkin boʻlganda nimaga faqat bitta modda asosida ish qoʻzgʻatilgani haqida parlament soʻrovi kiritilishi kerak edi. Yoki nimaga bittadan koʻp Ichki ishlar xodimi bu hodisada bevosita yoki bilvosita ishtirok etganiga qaramay, faqat bir kishiga qarshi jinoiy ish ochildi? Maqola muallifi xalqqa yaqin boʻlgan va ijtimoiy muammolarga munosabat bildirishi bilan tanilgan deputatlar Qodir Joʻrayev, Rasul Kusherbayev, Akmal Burhanov va Nuriddin Zaynitdinovlarga mazkur savolni berdi, ammo joʻyali javob ololmadi.
Bundan tashqari, Oliy Majlis qoshida butun boshli Ombudsman faoliyat koʻrsatadi.Vakolatlariga davlat organlari tomonidan inson huquqlari hamda erkinliklari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini taʼminlash kirishiga qaramasdan (1-modda), Kattaqoʻrgʻondagi hodisadan 5 kun oʻtib munosabatbildirdi. Bayonotda umumiy jumlalar qatorida tergov jarayonini kuzatib borishni “rejalashtirmoqda“ligi, Bosh Prokuraturaga soʻrov yuborilgani aytiladi, xalos. Bayonot ham bevosita Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha Vakili janob Ulugʻbek Muxammadiyevdan emas, idora nomidan yozilgan.
Demokratiya va inson hukuklari instituti rahbari Sayyora Xodjayeva ham hech qanday jiddiy munosabat koʻrsatmadi. Xodjayeva oʻzining Facebook sahifasida hodisa boʻyicha Rossiyada joylashga mail.runing qisqa xabariga havola keltirib, “Bespredelu kones….” deb izoh qoldiradi (bu ham hodisa roʻy berganidan 2 kun oʻtib). Ayol, davlat arbobi, huquqshunos va inson huquqlari faoli sifatida boshqa hech qanday tanqidiy yondashuv, bundan keyin nima qilish kerakligi haqida biron mulohaza yoki taklif bildirmagani kishini hayratga soladi.
4. Fuqarolik jamiyati
Kattaqoʻrgʻonda boʻlgan hodisa fuqarolik jamiyatining ham abgor ahvolini koʻrsatdi. Oʻzbekistonda 8 ming 700ga yaqin nodavlat notijorat tashkiloti mavjud ekanligi aytilsa-da, ularning loaqal 5tasidan tuzukroq faollik kuzatilmadi. Eng jiddiy faollik Xotin-qizlar Qoʻmitasida kuzatilishi kerak edi. Unday boʻlmadi. Qoʻmita rahbari Tanzila Narbayeva tarqatgan ilk bayonotda Ichki ishlar hodimlarini himoya qilib chiqdi.
Albatta, hodisadan bir necha kun oʻtib Narbayeva jabrdiyda uyiga tashrif buyurib, turli ijtimoiy yordam turlarini taklif etdi. Bu olqishlanishi kerak. Ammo Xotin-qizlar Qoʻmitasining asosiy vazifasi gumanitar yordam koʻrsatishdan koʻra ayollar huquqlarini samarali himoya qilishdan iborat. Bu borada Ichki ishlar organlari bilan ”yoʻl xaritasi“ ishlab chiqilayotgani va aniq talablar kiritilishi haqida xabar berildi. Ammo bu holatda eʼtibor birinchi navbatda ayb uchun jazoning muqarrarligiga qaratilishi kerak edi. Afsuski, Qoʻmita faoliyatida S. Umarov va boshqa Ichki ishlar hodimlariga qarshi bir necha asosga koʻra jinoiy javobgarlikka tortish borasida samarali choralar kuzatilmadi.
Xuddi shunday muammoni Inson huquqlari boʻyicha milliy Markaz faoliyatida ham koʻrish mumkin. Markaz Oʻzbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilishning taʼsirli vositasini barpo etish maqsadida 1996 yilda tuzilgan. Kattaqoʻrgʻondagi hodisa esa Markaz davlatga qarashli inson huquqlari boʻyicha tahlil, maslahat va muvofiqlashtirish organi sifatida oʻz vazifalarini samarali bajarmayotganini koʻrsatdi.
Davlat organlari va fuqarolik jamiyati oʻz vazifalarini bajarmas ekanlar, inson huquqlari va asosiy erkinliklarni kafolatlash borasida qabul qilingan 700dan ortiq qonundan hech qanday naf boʻlmaydi. Fuqarolar konstitutsiyaviy huquqlari boʻlmishjamoatchilik nazorati doirasida mansabdor shaxslardan oʻz vazifalarini bajarishlarini talab qilishlari kerak. Shunday boʻlmaguncha davlat organlari oʻz vazifalarini toʻliq bajarmaydi, fuqarolik jamiyati esa jonlanmaydi.
Mirakmal Niyazmatov, huquqshunos