Savol: Kasb-hunar kollejlarida mukofot puli joriy etilganmi? Agarda joriy etilgan bo’lsa, mukofot puli qay tarzda va kimlarga berilishi to’g’risida bilmoqchi edim.
Javob: O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 153-moddasiga ko’ra, mehnat haqi shakli va tizimlari, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar, rag‘batlantirish tarzidagi to‘lovlar jamoa shartnomalarida, shuningdek, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa ichki hujjatlarda belgilanadi.
Mehnat kodeksining 37-moddasida esa jamoa shartnomasining mazmuni va tuzilishi tushuntirilgan. Unga ko’ra, jamoa shartnomasining mazmuni va tuzilishini taraflar belgilaydi. Jamoa shartnomasiga mehnatga haq to‘lash shakli, tizimi va miqdori, pul mukofotlari, nafaqalar, kompensatsiyalar, qo‘shimcha to‘lovlar bo‘yicha o‘zaro majburiyatlari kiritilishi mumkin.
Demak, Mehnat kodeksi 37, 153-moddalarida mukofot puli jamoa shartnomalarida belgilanishi mumkinligi ko’rsatilgan. Siz o’zingiz ishlab turgan kasb-hunar kollejida o’qituvchilar va boshqa xodimlar bilan jamoa shartnomasi tuzilgan bo’lsa, mukofot yoki qo’shimcha rag’batlantiruvchi pullar haqida ma’lumot bor-yo’qligini bilish uchun o’sha hujjatni ko’zdan kechirib chiqishingizni tavsiya etamiz. Bunday shartnomani yoki kelishuvni ishlab turgan kollejingizdagi kasaba uyushmasi tashkilotidan topishinigz mumkin. Agar jamoa shartnomasida mukofot puli to’g’risida hech bir kelishuv belgilanmagan bo’lsa, kasaba uyushmasining a’zosi sifatida jamoa kelishuviga mukofot puli haqida bandlar kiritilishini taklif sifatida ko’tarib chiqishingiz mumkin.