Rahmadjon Sobirov*
Yuqoridagi jiddiy savolga javob berishdan oldin, qisqacha, “adabiy kirish so’zi” yozsak.
Bugungi kunda telekanallarda urf bo’lgan bir necha “reallik shoulari”da (Inglizchasi “Reality shows”) tomoshabinga to’gridan-to’gri murojaat qiladigan bo’lishgan. Masalan,
– “So You Think You Can Dance?” (O’zbekchasi: “Xo’sh, raqsga tusha olaman deb o’ylaysizmi?” – O’zbekning “Tanovar” yoki “Lazgi”ga “tashlashini” ko’rmaganlar shunday savollar bersa kerak.);
– “Who Wants To Be a Millionaire?” (O’zbekchasi: “Kim millioner bo’lishni istaydi?” – Javob sifatida, “Kim istamaydi?” deb yuborgisi keladi odamni.);
– “Deal or No Deal?” (O’zbekchasi: “Kelishdikmi yoki yo’qmi?” – Bu kabi muloqotlarni O’zbekistonning juda ko’p bozorlarida (ayniqsa, mol bozorlarida) eshitib qolishimiz mumkin.)
Xo’sh, “Kanadada yurist bo’lmoqchimisiz?”
Tele-shoulardan ta’sirlangandek bo’lib, shu savolga javob berishga harakat qilamiz. Oldiniga, qisqacha, kerakli bo’lgan qadamlarni aytib o’tamiz va undan keyin har bir qadam haqida batafsil tushuntiramiz. Ushbu maqolada faqatgina Kanadaning Ontario provinsiyasiga (viloyatiga) tegishli yurist bo’lish tartiblarini tushuntirib boramiz. Albatta, bu tafsilotlar boshqa provinsiyalarga ham tegishli bo’lishi mumkin. Yana ushbu maqolamizda, iloji boricha, “jaydari” tilda, oddiyroq qilib tushuntirishga harakat qilinadi. Maqolamizni o’qiyatganlardan yagona iltimosimiz shuki, bu yerda keltirilgan ma’lumotlarga yuridik maslahat sifatida qaramasinlar. Bu fikrlar shaxsiy tajribaga asoslanib, faqatgina shaxsiy fikr sifatida qabul qilinsin.
Kanadada yurist (advokat) bo’lish uchun quyidagi qadamlarni bosib o’tish shart. Ya’ni minimum shartlar mana shular bo’ladi:
- Istalgan bir sohada yaxshi baholar bilan to’ldirilgan bir bakalavr unvonini olish;
- Huquq fakulteti (Kanada va AQShda ko’pincha huquq fakulteti emas, balki “huquq maktabi” – “law school”deb ataladigan o’qish joylariga) qabul qilinish;
- Huquq fakultetlariga kirish uchun majburiy bo’lgan “Law School Admission Test” (LSAT) imtihonidan yuqori bal olish;
- Har bir topshirilayotgan huquq fakultetining kerakli hujjatlarini to’ldirish va hujjat topshirish xarajatlarini (“application fee”) to’lash;
- Hujjatlarni belgilangan muddatgacha (“deadline”) topshirishga ulgurish;
- Huquq fakultetini yaxshi baholar bilan bitirish;
- Advokatlik sinovlarini (“Barrister Examination” va “Solicitor Examination”) muvaffaqiyatli topshirish;
- Advokatlik firmasida, korxonalarning huquqiy bo’limida yoki davlat idoralarining huquqiy bo’limlarida 10 oylik amaliyotni muvaffaqiyatli tugatish;
- Advokatlik amaliyoti, litsenziya va sug’urta to’lovlarini vaqtida to’lash; va
- Advokat qasamyodini qabul qilish marosimida shaxsan qatnashib, qasamyod qabul qilish va advokatlik litseziyasini qabul qilib olish.
Yuqoridagi qadamlar yordamida Kanadada yurist (advokat) bo’lish jarayonini juda soddalashtirib ko’rsatishga harakat qildik. Endi har bir qadamni alohida va batafsil tushuntiramiz. Umid qilamizki, bu uzundan uzun jarayon bo’lajak yurist kasbdoshlarimizni qo’rqitib yubormaydi.
- Bakalavr diplomi bu minimum talab yoki “Huquq yosh tanlamaydi!”
Kanadada har yili minglab odamlar huquq maktablariga kirish uchun hujjat topshiradi. Qo’llarida eng kamida bakalavr diplomi (ba’zan Magistr va hatto Doktorlik unvoni) bo’lgan bu insonlar huquqiy maktablardagi har bir joy uchun juda qattiq harakat qiladi. Natijada, qo’lida faqatgina bakalvr diplomi bo’lgan inson qiyin ahvolda qolishi mumkin. Bir o’ringa 20-25ta inson talabgor bo’lishi bu juda odatiy hol. Shuning uchun diplomlardan tashqari ish tajribasi, biron ko’zga tashlanadigan sport yoki boshqa sohalarda erishilgan yutuqlar, xorijiy tillarni bilish va umuman olganda, har tomonlama yetuk bo’lish juda katta ahamiyatga ega.
Huquq maktablarida yoshi katta insonlarni, bir necha yillab yuqori lavozimlarda ishlagan insonlarni, ma’lum bir sohada doktorlik darajasini qo’lga kiritgan talabalarni ko’rish g’ayrioddiy hol emas. Bunga eng asosiy sabab – huquqiy maktablarda o’qitiladigan programma “professional program” hisoblanadi, ya’ni huquqdan boshqa hech narsa o’rgatilmaydi va olingan akademik unvon esa “professional degree” (ma’lum bir kasbga yo’naltirilgan daraja) hisoblanadi. Bir o’ylab qaralsa, huquq maktablaridan olinadigan diplomning rasmiy nomi “Bachelor of Laws – LL.B.” (ya’ni huquq sohasidagi bakalavr darajasidir) yoki hozirgi kunda ko’proq “Juris Doctor –J.D.” (bu termin PhD, yoki doktorlik unvoni deb tushunilmasin) deb ataladi. Amalda esa LL.B. yoki J.D. unvonlari boshqa sohadagi bakalavr diplomlaridan ustun turadi.
Kanadada (AQShda ham) huquq sohasidagi bakalavr diplomlari O’zbekiston, Yevropa va Osiyo davlatlaridan shu jihati bilan ham farq qiladi. Agar bir qatorga qo’yadigan bo’lsak LL.B. va J.D. unvonlari hatto Magistr darajalaridan ham balandroq va qiymatliroqdir desa ham bo’ladi. Bunga sabablardan bittasi va eng soddasi shuki, huquq sohasidagi Magistr darajasini talaba aksariyat holda bir yilda oladi. Ba’zi Magistr unvonlari esa 2 yilda olinadi. Masalan, “Master of Business Administration – MBA” unvonlarini odatda 2 yilda olish mumkin. Ammo, barcha huquqiy maktablarda LL.B. yoki J.D. unvonini olish uchun 3 yil o’qish kerak bo’ladi va undan keyin taxminan 1 yillik ish tajribasi ham talab qilinadi.
Shu xususiyatlarni inobatga olganda, LL.B. yoki J.D. unvonlarida “bakalvr” so’zi ishlatilsa ham, aslida bu akademik unvonlarning doktorlik darajasiga yaqinroq bo’ladi, desak xato qilmaymiz. Bu narsani aniq tushunib olish ko’p savollarga javob bo’lishi mumkin. Kanadada yurist bo’lmoqchi bo’lgan odamga aslida huquq sohasida magistr emas, balki LL.B. yoki J.D. diplomlari kerakli ekanligini aniq tushinib yetish imkonini beradi. Bu diplomlar bo’lmasa, 10 ta magistr diplomi olsangiz ham sizga yurist bo’lib ishlash huquqi (litsenziyasi) berilmaydi. Buni aniq tushunib olgan inson, “Menda O’zbekistondan yoki Kanada tashqarisidagi davlatlardan huquq sohasida bakalavr diplomim bor. Nega endi men yana Kanadaga kelib yana bir bor “Huquq bakalavri” darajasini olishim kerak?” deb savol bermaydi. Kanadadan tashqarida olingan huquq sohasidagi bakalavr diplomi faqatgina Kanadada huquq maktabiga dokument topshirish imkonini berishi mumkin. Yuqorida aytganimizdek, istalgan sohada (hattoki huquq sohasida ham) bir bakalavr diplomi kerak deb aytib o’tgan edik.
- Huquq maktablariga qabul qilinish katta bir aysbergning uchi xolos
Huquq maktablariga qabul qilinish ham bir zahmatli va qiyin jarayondir. Avvaliga, yaxshi baholari bo’lgan va huquq maktabiga kirishni istagan “da’vogar” (“applicant” – O’zbekchada abituriyent desa to’g’ri bo’ladi) LSAT testiga yozilishi kerak va o’sha testdan yaxshi bal olishi kerak. Bu test faqatgina ingliz tilida bo’lib, hatto o’z ona tili inglizcha bo’lgan insonlar uchun ham ancha qiyin hisoblanadi. Ya’ni, boshqacha qilib aytganda ona tilisi inglizcha bo’lmagan insonlarga hech qanday “shafqat” ko’rsatilmaydi.
LSAT aslida mantiq sinovi bo’lib, beshta qismdan iborat. Bu test haqida batafsilroq ma’lumotni <http://www.lsac.org/JD/LSAT/about-the-LSAT.asp> veb sahifasidan olishingiz mumkin. Ushbu maqolada bu test haqida quyidagilarni aytib o’tish yetarli bo’ladi:
- Bu test huquq maktabiga kirish uchun majburiy bo’lgan imtihon bo’lib, faqatgina talabalarni tanlashdagi ko’p kriteriyalardan bittasi xolos;
- Har bir huquq maktabining ushbu testdan minimum o’tish bali mavjud bo’lib, bu bal har yili topshirayotgan “da’vogarlar” olgan ballarga qarab o’zgarishi mumkin. Masalan, 2012-yili bir huquq maktabiga topshirganlar 1000 kishi bo’lsa va o’sha maktab yiliga faqatgina 200ta talabani qabul qilsa va 1000ta da’vogarlar ichidan 200tasi 163 baldan yuqori olgan bulsa, shunda minimum qabul qilinadigan bal 163 hisoblanadi. LSAT testidan eng ko’p 180 bal olish mumkinligini hisobga olsak, 163 bal olish juda qiyin bo’lishi mumkin;
- LSAT huquq bilimini tekshiradigan test emas. Aksincha, huquq sohasida ishlatiladigan mantiq, qiyin matnlarni tez o’qib va tushinish, analiz qilish qobiliyati va vaqtni unumli ishlatish qobiliyatlarini tekshiradi. Ya’ni, bu testda sizdan qonunlar, tarixdan savollar yoki yodlab olinishi oson bo’lgan faktlardan savol so’ralmaydi. Taxminan 5 soat davom etadigan bu testda mantiqiy va analitik qobiliyatlar tekshiriladi. Eng qiziq tarafi shundaki, test 5 qismdan iborat bo’lsa-da, faqat 4 qismiga berilgan javoblar yordamida bal beriladi. Bitta qismga berilgan javoblar umuman hisobga olinmaydi va bu qism qaysi qism ekanligi hech kimga aytilmaydi;
- Bu testni olmoqchi bo’lgan insonlar bir necha marotaba LSAT testini olib, lekin ballarini talab qilmay faqatgina testga ko’nikib olgandan keyin, bal olish uchun test topshirishadi. Boshqacha qilib aytganda, insonlar bu testdan yaxshi bal olish uchun ancha moliyaviy mablag’ va vaqt sarflashga ham tayyor bo’lishadi.
Bu testni olgandan keyin esa barcha kerakli hujjatlarni tayyorlab bir necha huquq maktablariga topshiriladi. Ontario provinsiyasida markazlashtirilgan OLSAS o’qishga hujjatlar topshirish sistemasi (<http://www.ouac.on.ca/olsas/>) mavjud. Bu sistemadan foydalanish Ontariodagi huquq maklablariga topshirayotganlar uchun majburiy bo’lib juda ko’p qulayliklar yaratib beradi. Albatta, Kanadaning boshqa provinsiyalaridagi maktablarga topshirmoqchi bo’lganlar har bir maktabga alohida hujjatlar to’plamini topshirishi kerak bo’ladi.
Maktablarga hujjatlarni to’ldirish alohida bir “san’at” sohasi bo’lganligi sababli, ushbu maqolada bu masalada ko’p narsa deyolmaymiz. Qisqasi shuki, bu hujjatlar a’lo darajada to’ldirilib, so’ralgan savollarga to’liq va kuchli javoblar berilishi shart. Albatta, har bir maktabning hujjatlarni qabul qilish vaqti bo’lganligi uchun hujjatlarni vaqtida topshirish ham juda muhim.
- Huquq maktabida o’qishning dahshatli va maroqli taraflari bor
Endi huquq maktabiga qabul qilingandan keyin, yangi bir bosqichga ko’tarilish yuz beradi. Birinchi kundanoq sinfda o’tirganlarga bir nazar solsangiz, o’z hayotida ma’lum bir yutuqlarga erisha olgan va bilimi juda kuchli bo’lgan odamlarni ko’rasiz. Har biri tishlasa uzib oladigan insonlar bo’lishadi. Chunki huquqiy maktabga kirishning o’zi ham oson ish emas. Xullas, birinchi kundanoq 3 yil davom etadigan musobaqa boshlanadi. Bu vaziyatni yaxshi tushunish uchun 1973-yilda chiqarilgan “The Paper Chase“ (<http://www.imdb.com/title/tt0070509/>) filmini izlash tafsiya etiladi. Oskar mukofotiga sazovor bo’lgan bu filmda Harvard huquq maktabi talabalarining hayoti ko’rsatiladi.
Darslar, yuqorida aytilganidek faqat huquq sohasida bo’lib, hech qanday ortiqcha va keraksiz darslar berilmaydi. Bir necha majburiy darslarni olgandan keyin talabalar o’zlari qiziqqan sohadagi darslarni olishlari mumkin bo’ladi. Har bir akademik yil 2 semestrdan iborat bo’lib, har bir talaba semestrda o’rtacha 4-5 ta dars oladi. Ba’zi darslar (masalan, Kontraktlar huquqi – “Contracts Law”) bir yil davom etishi mumkin.
Darslar soni kam bo’lsa ham o’zlashtirish kerak bo’lgan materiallar hech ham kam emas. Taxminan aytganda, har bir dars uchun har kuni talaba 40-50 varaqlik materiallarni o’qishi kerak bo’ladi. Materiallar, asosan, ma’lum bir sohada ko’p ahamiyatga ega bo’lgan sud qarorlaridan (“cases”) iborat bo’ladi. Shuning uchun 1800-yillarda Buyuk Britaniya Lordlar Palatasi tomonidan qabul qilingan sud hukmlarini o’qish odatiy hol hisoblanadi. O’rnak sifatida mana bu veb-sahifadagi keyslarga bir nazar tashlashingiz mumkin <http://www.bailii.org/uk/cases/UKHL/>. Kanada huquqiy tizimi aslida Anglo-Sakson huqiqiy tizimidan bo’lganligi sababli ingliz lordlarining qarorlari juda muhim o’rin egallaydi.
Darslarni o’qitish Sokratik metodga asoslanadi. Ya’ni, sud qarorlarini yoki mavjud qonunlarni o’qib yodlash emas balki o’sha qarorlar nega aynan shunday qabul qilingan, boshqachasiga hal etilsa bo’lmaydimi, bu sud qarori chiqishiga nima sabab bo’lgan va hozirgi kunimizda xuddi shunday qaror chiqarilishini kutsak bo’ladimi, degan ko’plab savollar berish orqali talabalar o’zaro muloqotlar va tortishuvlar qilishadi. Ma’lum bir sud qarorining qisqa bir mazmunini aniqlashga juda katta e’tibor beriladi. Qisqasi, darslar monoton emas, balki bahs va analiz qilishdan iborat bo’ladi.
Talabalarni baholash, asosan, semestr o’rtasida (“mid-terms”) va semestr oxirida (“finals”) o’tkaziladigan sinovlar orqali amalga oshiriladi. Ko’p hollarda bahoning 30 foizini semestr o’rtasidagi sinovdan, 60 foizini semestr oxiridagi sinovdan va 10 foizini darslarda faol qatnashish orqali olish mumkin bo’ladi. Professorlar talabaning sinov javoblarini baholayatgan paytda javob qaysi talabaga tegishli ekanligini bilmaydi. Bunga sabab talabalar faqatgina ularga berilgan raqamlarni sinov kitobchasiga yozishlari mumkin. Talaba ismini yozmaslik orqali professor talabani bergan javobiga asoslanib xolis baho beradi. Ishqilib, tanish-bilishchilik, “domlajon, xizmatingizni qilay”chiliklarga yo’l qo’yilmaydi. Imtihonlar vaqtida talaba boshqa talabaning javobini ko’chirsa, avtomatik ravishda huquq maktabidan haydaladi va talabaning “Bir kun yurist bo’laman!” degan orzusini suvlarga aytishni qattiq ta’kidlab huquq maktabining chiqish eshigi ko’rsatiladi.
Huquq maktabidagi o’qish programmasi uzluksiz 3 yil davom etadi, deb aytib o’tdik. Bu programmani aksariyat hollarda faqatgina kunda darsga borish (“full-time”) orqali tugatiladi. Birinchi kursning birinchi semestri bitishi bilanoq kelasi yilning yoz oyida yuridik (advokatlik) firmalarida yoz amaliyotini o’tash uchun ashaddiy kurash boshlanadi. Bu amaliyotga faqatgina eng a’lochi va iste’dodli talabalar olinadi. Bu yoz amaliyoti yurist bo’lish uchun majburiy bo’lmasa ham, talabalarga o’zlarining bo’lajak ish yerlarini aniqlab olish imkonini beradi. Ko’p hollarda yoz amaliyotini talaba qaysi advokatlik firmasida o’tasa, talaba ikkinchi kursdan keyin bo’ladigan yoz amaliyotini ham, huquq maktabini bitirgach majburiy bo’lgan amaliyotni ham ayni o’sha firmada o’taydi. Shuning uchun har bir talaba birinchi kursdayoq o’z kelajagini aniqlab qo’yish imkonidan foydalanishga bor kuchi bilan harakat qiladi. Albatta, yoz amaliyotlarini o’tashda moliyaviy manfaatlar ham bor. Ko’p hollarda katta yuridik firmalar talabalarga o’z saxiyliklarini ko’rsatib, beriladigan oylik maoshdan tashqari o’qish xarajatlari uchun ham katta miqdorda moliyaviy yordam berishlari odatiy holdir.
Shunday bir musobaqa kuchli bo’lgan bir sharoitlarda o’qish juda ham psixologik tarafdan qiyin bo’lishi mumkin. Ba’zan huquq talabalari boshlaridan o’tgan eng qiyin kunlarni aynan huquq maktablarida ko’radilar va hattoki kuchli asab buzilishlariga olib kelishi mumkin. Aslida, bizning fikrimizcha, huquq maktablaridagi qiyinchiliklar bir yuristning amaliyotdagi hayotidan bir namuna bo’la oladi. Shuning uchun, fikrimizcha, huquq maktabida o’qish va uni bitirish bu katta bir aysbergning bir kichkina uchi deb hisoblasa bo’ladi.
Eng qiyin va qattiq musobaqa esa ikkinchi kurs boshlanganidan keyin yuz beradi. Ya’ni, shu paytlar yuridik firmalar 10 oylik majburiy amaliyot o’tash uchun talabalarni chertib-chertib tanlab oladigan “ov sezonini” boshlashadi. Buni “On-Campus Interviews (OCI)” deb atashsa ham, aslida talabalar ko’plab yuridik firmalarga o’z rezyumelarini jonatish orqali bu jarayonga qo’shilishadi. Minglab rezyumelar ichidan bir nechtasini tanlab olgan yuridik firmalar har bir huquq maktabiga tashrif buyurib eng iste’dodli talabalarni o’z firmalariga amaliyot o’tashga taklif qilishadi. Albatta, taklif qilishdan oldin juda hayajonli intervyular o’tkaziladi.
Ushbu qiyin tanlovlardan muvafaqqiyatli o’tgan talabalar o’qishlarini bitirmasdanoq o’zlariga ish topib olgan bo’ladi. Ya’ni, uchinchu kursni bemalol ish qidirmasdan o’qishlari mumkin bo’ladi. Albatta, bu har bir talabaga ham nasib qilavermaydi. Vaholanki, juda katta moliyaviy mablag’larni sarf etib huquq fakultetini bitirayotgan talabalarning yagona orzusi o’qishni bitiriboq katta maoshli ish topishdan iborat bo’ladi.
- Imtihonlarga to’ymagan talabalar uchun yana ikkita katta imtihon bor.
Huquq maktabini bir amallab bitirgandan so’ng issiq yoz oylarida bitiruvchilarni yana ikkita murakkab imtihon kutib turgan bo’ladi. Bularni o’zbekchada “advokatlik litsenziyasi uchun imtihonlar” deb tarjima qilsa bo’ladi (“Barrister Examination” va “Solicitor Examination”. Ikkovlon birgalikda “Bar Exams” deb ataladi). Bu imtihonlarga tayyorgarlik uchun o’qiladigan materiallar Ontario Advokatlar Jamiyati (Law Society of Upper Canada – LSUC) tomonidan tayyorlangan bo’lib, bir to’plam materiallar tahminan 600 varaqdan va ikkinchisi esa 800 sahifadan iborat bo’ladi. Bu materiallar asosiy huquq sohalariga taalluqli bo’lib, juda ko’p ma’lumotlar to’plami sifatida tayyorlangan. Ko’p hollarda bo’lajak yuristlar huquq maktabida o’qimagan huquq sohalari bo’yicha ham materiallar bo’ladi. Masalan, Oila huquqiga qiziqmagan talaba Oila huquqi darslarini olmagan bo’ladi. Ammo, bu imtihonlar uchun, baribir, Oila huquqi materiallarini ham o’qish shart va shu sohadan ham savollar kelishi tayin. Qisqacha qilib aytganda, butun huquq maktabi darslarini qaytadan o’qib chiqish kerak.
Imtihon kunida esa har bir bo’lim uchun 7 soat vaqt kerak va sinov juda qattiq nazorat ostida o’tadi. Bu imtihonlar “open book” testlar bo’lgani uchun, yani imtihon topshuruvchi istalgan kitob yoki boshqa materiallardan foydalanib javob yozishi mumkin. Aslida esa, vaqt yetarli bo’lmaganligi uchun haligi 600 va 800 sahifalik materiallardan ham foydalanish juda qiyin bo’ladi. Xullas, bu ikkita imtihonlardan o’tganlar keyin bemalol 10 oylik amaliyotlarni boshlashlari mumkin.
Bu imtihonlarga yuridik firmalar juda katta ahamiyat beradi va imtihonlarni birinchi urinishda topshira olmaganlarni ishga olmasliklari mumkin.
- Bo’lajak yurist amaliyotda ma’lum bo’ladi.
Amaliyotlar turli joylarda o’tishi mumkin. Ko’pincha katta milliy va xalqaro yuridik firmalarda qilinadigan amaliyot, davlat idoralarida, korxonalarning yuridik bo’limida va nodavlat tashkilotlarida ham bo’lishi mumkin. Eng asosiy talab – bir necha yil ish tajribasi bo’lgan va Advokatlar Jamiyati tomonidan ruxsat berilgan yurist qo’l ostida amaliyot o’tashdir. Amaliyot o’tayotgan bo’lajak yuristlar “articling student” deb ataladi.
Amaliyot paytida bo’lajak yuristlar qiladigan ishlar, asosan “due diligence” (bir masalani har tomonlama analiz qilish) va “legal research and drafting” (ma’lum bir masalaga bog’liq huquqiy tashfiqot va hujjatlarni tayyorlash) bo’ladi. Ba’zi yuridik firmalarda “articling student” boshqa yuristlar bilan sud ishlarida va muzokaralarda ishtirok etadi. Amaliyot davomida “articling student” maosh oladi va butun huquqiy ishlari tajribali yurist tomonidan tekshiriladi.
Ko’p hollarda yuridik firmalar o’sha firmalarda amaliyot qilgan talabalarni doimiy ishga olishlari mumkin. Lekin firmada 10-15ta talaba amaliyot o’tagan bo’lsa, ularning hammasiga ham ish taklif qilinmasligi mumkin. Shuning uchun talabalar amaliyot paytida o’zlarini ko’rsatishlari zarur bo’ladi va juda ko’p soatlar ishlashga harakat qilishadi. Ko’plari asablari buzilib, juda kam uxlab, ertayu kech tinmasdan ishlashlari mumkin. Bu aslida butun yuridik sohaning ishlash usulidir. Firma boshida turgan katta yuristlar, ya’ni “partner”lar firmaning asl xo’jayinlari hisoblanadi. Bular ostidagi yoshroq yuristlar qanchalik jonlarini ayamasdan ishlasalar, shunchalik partnerlarning yillik daromadi oshadi. Shuning uchun partnerlar yosh yuristlarni tanlashda ularga kim ko’proq daromad olib kela oladi degan nazarda qaraydilar. Shuning uchun jonini ayamay ishlaydigan yosh yuristlar eng yaxshi investitsiya sifatida baholanadi.
Juda mashaqqatli amaliyotdan o’tgan bo’lajak yuristlar amaliyotdan so’ng kimning yuridik firmada olib qolishlarini intizorlik bilan kutib yashaydilar. Firmaning katta yoki kichikligi va firma kliyentlarida yuridik ishlarning kam yoki ko’pligi va boshqa ko’plab omillarga asoslanib firmalar 50-60 va hatto 70% bo’lajak yuristlarga doimiy ish taklif qilishlari mumkin. Ba’zida esa umuman hech bir yosh yurist amaliyotdan so’ng doimiy ish ololmaydi va qaytadan ish qidirishga tushadi.
Boshqa kasblarda bo’lgani kabi yuristlik kasbida ham ish bozori o’zgarib turishi mumkin. Ba’zida ish topish oson bo’lsa, boshqa paytlarda juda qiyinlashib ketadi. Lekin yuristlik kasbining bir xususiyati shuki, bu kasb egalari boshqa bir necha sohalarda ishlashlari mumkin bo’ladi. Yuristlar tadbirkorlik, investitsion proyektlar, korxonalarning boshqaruvi va siyosiy partiyalarda faol qatnashadilar.
- Har bir sohaning o’z badali bor
Shimoliy Amerikada ko’pincha yuristlar har doim ko’p pul topadigan, har kuni qo’liga belkurakni olib ko’chada yotgan dollarni qoplab-qoplab to’playdigan insonlar sifatida qaraladi. Aslida bu fikrlar unchalik tog’ri emas. Keling, bir oddiy matematik hisob-kitob qilib ko’raylik.
Ontarioda yurist bo’lish uchun ketadigan minimum moliyaviy xarajatlar:
- LSAT imtihoni va huquq maktablariga hujjatlar topshirish harajatlari:
- 1 marta LSATni topshirish: $160 AQSh dollari – ko’pincha yurist bo’lmoqchi bo’lganlar bir necha marotaba LSATni topshiradilar. Agar LSATga tayyorlanish kurslariga qatnashishni istaganlar bo’lsa, unda kamida $2000-$2500ni “shitirlatib” sanashlari kerak bo’ladi;
- Bitta huquqiy maktabga hujjat topshirish: kamida $100 AQSh dollari – albatta, faqatgina bitta maktabga topshirib, omadiga ishonadiganlar juda kam. Har yili bir talaba eng kamida 5-6 ta maktabga hujjat topshiradi. Agar bu yil kirolmasa, yanagi yil xuddi shu harajatlarga tayyor bo’lishi kerak.
- Huquqiy maktabda o’qish va yashash xarajatlari:
- Ontariodagi eng arzon huquqiy maktab (Kanada fuqarolari yoki Kanadada doimiy ravishda yashovchilar uchun) yiliga $13,000-14,000 AQSh dollari bo’ladi. Maktabda o’qish paytida juda kam holatlarda talabalar qo’shimcha ish qiladilar, chunki huquqiy maktabda darslar har kuni bo’ladi va juda murakkab o’qish jarayonidan o’tadilar. Shu sababli qo’shimcha daromad bo’lmaydi va har doim xarajatlarga tayyor bo’lish kerak.
Yashash xarajatlari esa kamida yiliga $10,000 AQSh dollari desak xato bo’lmaydi. Endi bu raqamlarni birlashtirsak, yiliga eng kamida $23,000-$24,000 AQSh dollari sarf qilinar ekan. Uch yilda esa taxminan $69,000 – $72,000ning diydoridan kechish kerak. Bundan tashqari qimmat yuridik kitoblar va ishga topshirish xarajatlari va boshqa sarflar bor. Shu sababli yuridik maktabni bitirgan bir talabada banklardan kamida $100,000 AQSh dollari qarzi bor bo’lishi bu juda ham odatiy holdir. Bu hisoblarimiz juda tejamkor talabalarga tegishli bo’lib, ko’p hollarda bu xarajatlar ancha baland bo’lishi tayin.
- O’qishni bitirgandan keyingi ikkita sinov xarajati taxminan $2400 AQSh dollari bo’ladi va agar birinchi sinovdan o’tolmasa, yana qaytadan $1500-$2000 atrofida haq to’lab yana qayta imtihon topshiradilar.
- Yurist bo’lib ishni boshlashdan oldin esa yiliga $2100 AQSh dollari – Advokatlar Jamiyatiga a’zolik to’lovi uchun va yiliga $3350 AQSh Advokatlik faoliyati sug’urtasi uchun to’lash kerak bo’ladi.
Ko’rinib turibdiki, hali yurist bo’lib ishni boshlamasdan oldin, talabada juda katta qarzlar bo’ladi va boshqa kasblar, masalan, oddiy taksi haydovchisiga nisbatan moliyaviy ahvoli “minus balansda” bo’ladi. Ya’ni taksi haydovchisi bo’lish uchun uncha katta xarajatlar talab etilmaydi va yuristga nisbatan qaralganda taksi haydovchisining boshlang’ich nuqtasi ancha oldinda bo’ladi.
Bu hisob-kitobdan tashqari, yuristning ishlayotganda topgan daromadini soatbay hisoblansa, juda ko’p kasblarga nisbatan kamroq oylik olgan bo’ladi. Bir o’ylab ko’ring, haftasiga 5 kun ishlab (yani 40 soat ishlab), soatiga $25 olgan yaxshimi, yoki haftasiga 7 kun ishlab (yani kamida 90-100 soat ishlab, bu kuniga 13-15 soat ishlash degani), va butun soliqlardan keyin soatiga $50 topgan yaxshimi? Juda ko’p insonlar haftasiga 40 soat ishlab, tinchgina haftasiga $1000 topishni afzal ko’radi.
Kimlargadir oilasi va do’stlari bilan ko’proq vaqt o’tkazish, topayotgan daromadidan ham ustun bo’lishi mumkin. Yurist bo’lib katta pul topaman deganlar bo’lsa, eng birinchi bo’lib o’zlari uchun qiymatli bo’lgan narsalarni aniqlab olishlarini maslahat beramiz. Albatta, pulni “shaqirlatib” topaman, rahmatli Hojiboy Tojiboev ta’biri bilan aytsak, “kekirib” yuraman deganlar bo’lsa, marhamat! Yurist bo’lish orqali bunga erishish mumkin. Lekin shuni ham unutmaslik kerak: Har bir kasbning o’z badali bor!
_________________________________________________________________________
Muallif haqida:
*Raxmadjon Sobirov, JD, LLM, LLB
Barrister & Solicitor, Notary Public (Ontario)
Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universitetining Xalqaro Huquq fakultetini 2003-yilda bitirib, Vengriyaning Budapesht shahridagi Markaziy Yevropa Universitetida(Central European University) Qiyosiy Konstitutsiyaviy Huquq yo’nalishi bo’yicha(LL.M. in Comparative Constitutional Law)magistraturani bitirgan. Bir necha xalqaro tashkilotlarda, xususan, OBSE Kotibiyatida (Vena, Avstriya) va Xalqaro Jinoiy Sudda (Gaaga, Gollandiya) amaliy tajriba orttirib, Kanadaning Ottava Universitetining huquq fakultetini 2011-yilda tugatgan (Juris Doctor in Common Law).
Hozirgi kunda Kanadaning Toronto shahrida yurist va notarius faoliyatini olib bormoqda. Bombardier Aerospace samolyotsozlik korporatsiyasida shartnomalar va muzokaralar olib borish bo’yicha mutaxassis bo’lib ishlaydi. Tashabbus veb sahifasida Raxmadjon tomonidan bildirilgan fikrlar Bombardier Aerospace tomonidan bildirilgan deb hisoblanmasligi kerak.
One Comment