Maqolalar

Kanadada yashash huquqini qanday qo’lga kiritish mumkin? (Birinchi maqola)

Rakhmad Sobirov*

Kanada dunyodagi eng rivojlangan davlatlardan biri. Bu o’lka hayot darajasi yuqoriligi, iqtisodi va moliyaviy tizimi kuchli va aholisining boshqa millatlarga nisbatan xushmuomalaligi bilan ajralib turadi. Uzoq yillardan beri dunyodagi yashash uchun eng yaxshi davlatlar orasidan mustahkam o’rin egallagan Kanada har yili yuz minglab insonlarning doimiy yashash joyiga aylanmoqda.

Biz ushbu maqolada Kanadaga immigrant sifatida kelish imkoniyatlari haqida qisqacha ma’lumot berishga harakat qilamiz. Umid qilamizki, hozirgi kunda ko’p insonlarning “Kanadaga qanday qilib immigrant sifatida borsa bo’ladi?” degan savoliga qisqa bo’lsa ham o’rinli bir javob bo’ladi. Asosiy maqsadimizga o’tishdan oldin ushbu maqolada bildirilgan fikr yuridik maslahat emasligi ta’kidlab o’tishimiz lozim. Yuridik maslahat olish uchun Kanadada immigratsiya huquqi bo’yicha ishlaydigan va advokatlik litsenziyasiga ega yuristlarga murojaat etishingizni maslahat beramiz.

Yo’llar ko’p, ammo maqsad bir

Bir davlatdan boshqa bir davlatga doimiy yashash uchun bormoqchi bo’lgan odam, faqat qonuniy yo’l bilan, o’zi bormoqchi bo’layotgan davlatning immigratsiya qonunlariga rioya qilgan holda bu ishni amalga oshirishi lozim. Aks holda, belgilangan tartib va qonunlarga amal qilmaslik ma’lum bir huquqiy natijalarga va javobgarlikka olib kelishi mumkin. Kanadaga doimiy ravishda yoki uzoq muddat davomida yashamoqchi bo’lganlarga eng birinchi maslahatimiz shu: Kanadaga hech qachon noqonuniy yoki “egri” yo’llar bilan kirmaslik kerak. Aksincha, to’g’ri, xavotirlardan xoli, qonunlarga rioya qilgan holda o’z maqsadi tomon yo’lga chiqishi lozim.

Kelgusi maqolalarimizning birida Kanadada noqonuniy yo’llar bilan qolishning qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida ham to’xtalib o’tmoqchimiz. Hozircha bu mavzuda faqat dono xalqimizning maqollaridan birini eslatib o’tsak kifoya, deb o’ylaymiz:

“Oshing halol bo’lsa, ko’chada ich!”

Bu maqolning talqinlari juda ko’p bo’lishi mumkin; lekin bir talqinini mana bunday izoh etsa bo’ladi: “Agar yurish-turishing va qilmishlaring to’g’ri bo’lsa, hech narsadan qo’rqmasdan yashayver.” Bu lirik chekinishdan so’ng endi maqsadga o’tsak ham bo’ladi.

Kanadada yashash huquqini qo’lga kiritish yo’llari

Kanadaga immigrant sifatida borish jarayoni quyidagi programma va kategoriyalardan iborat:

  1. “Skilled workers and professionals” kategoriyasi – bu dastur orqali Kanada federal hukumati ma’lum bir kasblarda tajribali bo’lgan mutaxxassislarni Kanadada doimiy yashash uchun qabul qiladi. 2012-yil 1-iyuldan beri bu programma orqali talabgorlarni qabul qilish vaqtinchalik to’xtatilgan. 2013-yilning may oyidan boshlab, talabgorlarni qabul qilish yana yo’lga qoyilishi kutilmoqda. Bunday vaqtinchalik tanaffusga sabab shuki, Kanada federal hukumati Kanadada qaysi kasb egalariga ehtiyoj borligini doimiy ravishda aniqlab, qonunchilikka kerakli o’zgartirishlar kiritib boradi va o’sha kasb egalarini immigratsiya orqali Kanadaga kelishiga imkoniyat beradi. Malakali mutaxassislarni qabul qilish dasturi yana boshlangach, biz alohida bir maqolamiz orqali yangi immigratsiya tartibi va undagi o’zgarishlar haqida to’xtalib o’tamiz.
  2. Federal Skilled Trades Program – bu dastur eng yangi immigratsiya programmasi bo’lib, 2013-yil 2-yanvardan boshlab amal qilishni boshladi. Bu programma ma’lum bir hunarga ega va tajribali ishchilarga mo’ljallangan bo’lib, ba’zi talablar (masalan, ingliz tilini bilish majburiyati) yengillashtirligan. Bu yangi programma bo’lganligi sababli, biz kelasi maqolamizni aynan shu programma tahliliga bag’ishlaymiz.
  3. “Quebec‑selected skilled workers” kategoriyasi – bu dastur faqatgina Kanadaning, asosan, fransuz tilida so’zlashuvchi viloyati (provinsiyasi) bo’lmish Kvebek viloyatiga immigrant sifatida kelishni istaganlar uchundir. U fransuz tilini biladilaganlar uchun juda yaxshi imkoniyat bo’lib, Kanada federal hukumati va Kvebek hukumati orasidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi. Ushbu dasturda qatnashgan ko’plab insonlar tajribasiga ko’ra, bu programma orqali immigratsiya qilish boshqa kategoriyalarga nisbatan oson va tez amalga oshadi.
  4. Canadian Experience Class programmasi – bu dastur Kanadada o’qigan yoki ishlab tajriba olgan insonlar uchun juda qulay va oson imkoniyatdir. Bu programmaning qulayliklari haqida keyingi maqolalarimizning birida, albatta, to’xtalib o’tamiz. Hozircha qisqa qilib aytadigan bo’lsak, Kanadadagi o’quv yurtlarida tahsil olgan talabalar, o’qish programmalari necha yil bo’lsa, o’qishni bitirishlari bilan shuncha muddatga Kanadada ishlash ruxsati beriladi. Masalan, chet ellik talaba Kanadada 2 yillik kollej programmasini o’qib diplom olgan bo’lsa, o’qishni bitirishi bilan unga 2 yillik Kanadada ishlash ruxsati (open work permit) beriladi. Bu hujjat bilan xorijlik bitiruvchi istalgan joyda ishlashi mumkin. Talabalar o’qishlarining birinchi 6 oyida o’qiyotgan kollej yoki universitetlarida ishlashlari mumkin. 6 oydan keyin esa, ularga universitetdan tashqarida ishlashga ham ruxsat beriladi. Shuning uchun talabalar 1 yillik ish tajribalarini, o’qishni bitirishdan oldin ham qo’lga kiritishlari mumkin. Talabalar bir yil Kanadada ishlab tajribasiga ega bo’lganidan keyin, doimiy yashashga ruxsat olish uchun hujjatlarini topshirishi mumkin bo’ladi.
  5. “Investors, entrepreneurs and self-employed” kategoriyasi – bu immigratsiya kategoriyasi moliyaviy imkonlari bo’lgan sarmoyadorlar, tadbirkorlar va xususiy tadbirkor-ishchilar hamda madaniyat va sport sohasida Kanada jamiyatiga o’z hissalarini qo’sha oladigan insonlarga qaratilgan. Hozirgi paytda investor va tadbirkor kategoriyasi bo’yicha immigratsiya qilish vaqtinchalikto’xtatilgan bo’lib, qachon yana bu imkon ochilishi aniq emas. Lekin “self-employed”, yani o’zini o’zi ish bilan ta’minlagan tadbirkorlar, Kanadada biror fermani sotib olib, uni yurg’iza oladigan insonlar hamda madaniyat va sport sohasida mamlakat ravnaqiga hissa qo’sha oladigan insonlar uchun immigratsiya qilish imkonlari hali ham ochiq va amal qilmoqda.
  6. Family sponsorship – bu imkoniyat Kanada fuqarolari va Kanadada doimiy yashash huquqiga ega bo’lgan chet el fuqarolariga taalluqli. Bunday fuqarolar shu imkoniyatdan foydalanib, o’z turmush o’rtog’i va qaramog’ida bo’lgan farzandlariga homiylik qilib, ularni ham Kanadaga doimiy yashash uchun olib kelish mumkin. Sponsorlik qilayotgan va sponsorlik qilinayotgan insonlar uchun ma’lum bir shartlar mavjud bo’lib, shu shartlarni bajarganlaridan keyingina Kanada hukumati bu insonlarga Kanadada doimiy yashash uchun ruxsat berishi mumkin.
  7. “Provincial nominees” programmasi – Kanada federativ davlatdir va bu programma Kanadani tashkil qilgan 10 ta viloyat (provinces) va 3 ta territoriya (territories) tomonidan amalga oshiriladi va Kanada federal hukumati bilan hamkorlikda olib boriladi. Har bir viloyat yoki territoriya ma’lum bir toifadagi ishchilarga ehtiyoji bor. Shu ehtiyojlardan kelib chiqqan holda, viloyatlar va territoriyalar o’zlarida doimiy yashash uchun kerakli kasbdagi insonlardan immigratsiya uchun hujjatlar qabul qiladi va tanlanganlarga Kanada federal hukumati o’sha insonni tanlagan viloyatda yoki territoriyada doimiy yashash uchun ruxsat beradi. Bu programmaning o’ziga xos talablari va shartlari bor. Kerakli kasb egalari uchun juda qulay va tez ruxsat olish yo’llaridan biri bo’lishi mumkin.
  8. “Live-in caregivers” kategoriyasi – bu kategoriya orqali Kanadaga kelish yuqorida ta’rif etilgan programma va kategoriyalardan tubdan farq qiladi. Ushbu kategoriya orqali Kanadaga faqatgina uzoq muddatga kelish mumkin. Bu kategoriyaga kiruvchilar “chet ellik ishchi” hisoblanib, Kanadada doimiy yashash huquqiga ega bo’lmaydilar. Ammo, bu chet ellik ishchilar Kanadada ish tajribasini qo’lga kiritganlaridan keyin yuqorida ta’rif etilgan “Canadian Experience Class” programmasi orqali immigratsiya uchun hujjat topshirishlari mumkin. Bu katergoriya orqali yosh bolalarga, nogironlarga va qariyalarga muntazam qarab turuvchi ishchilar Kanadaga kelishlari mumkin. Bunday nazorat va yordam xizmatlari shaxsiy uylarda olib borilganligi uchun, shu xizmatlarga ehtiyoji bo’lgan insonlar va oilalar, o’zlariga shunday ishchilarni yollaydilar va ishchiga o’z uylarida yashash joyi va maosh bilan ta’minlaydilar.
  9. “Refugees” kategoriyasi – bu kategoriya Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Qochoqlar Statusi Bo’yicha Konvensiyasi” (United Nations Convention Relating to the Status of Refugees) asosida “qochoq” deb topilgan insonlarga tegishlidir. Kanada BMT Konvensiyasini ratifikatsiya qilgan davlatlardan biri bo’lib, qochoqlar masalasi bo’yicha milliy qonunchiligiga egadir. Bu kategoriyaga tegishli qonunchilikka yangi o’zgartirishlar kiritilishi natijasida, hozirgi kunda “yolgo’n qochoqlar”ni aniqlash juda tezlashtirilgan. Natijada, masalan, Kanadaga turist vizasi bilan kelganlar qochoq statusiga da’vogar bo’lsalar, ularning bu da’volari 60 kun ichida ko’rib chiqiladi va da’vogarga aniq javob beriladi. Agar da’vogar haqiqatdan ham qochoq deb topilsa, unga Kanadada doimiy yashash ruxsati beriladi. Lekin qochoq deb topilmasa, qonun va belgilangan tartiblar asosida Kanadadan tashqariga chiqarib yuborish choralari ko’riladi.

Yuqoridagi kategoriyalar va programmalar haqida qo’limizdan kelgancha ma’lumot berishga harakat qildik. Shu asnoda yana bir narsani takidlab o’tish joizdir. Har bir insonning o’ziga xos hayotiy tajribasi, kasbi, ish tajribasi, hunari, ilmi, chet tilini o’rganish qobiliyatlari va boshqa xususiyatlari bo’lgani uchun Kanadaga immigratsiya orqali kelish imkoniyatlarining hammasi ham insonga to’g’ri kelmasligi mumkin. Qaysi immigratsiya programmasi yoki kategoriyasi to’g’ri kelishini bilish uchun, avvalambor, inson o’zi haqidagi barcha ma’lumotlarni sinchiklab analiz qilishi va o’zining maqsadlarini aniqlashi lozim.

Shu maqsadda tajribali yuristlar bilan maslahatlashish va ularning fikrlariga quloq tutish foydali deb o’ylaymiz. Yurist siz bergan ma’lumotlar asosida bir immigratsiya strategiyasini ishlab chiqadi va ba’zan murakkab bo’lgan immigratsiya qonunchiligini oson va sodda tilda tushuntira oladi. Eng muhimi, faqatgina litsenziyaga ega bo’lgan yuristlargina immigratsiya hujjatlarini sifatli tayyorlab, sizning ishingiz bo’yicha Kanada davlat organlari va elchixonalari qabul qilgan qarorlar ustidan Kanada Federal Sudida appelyatsiyaga berishi mumkin. Qisqasi, dono xalqimiz aytganidek, “Chumchuq so’ysa ham qassob so’ysin”.



* Rakhmad Sobirov, JD, LLM, LLB

Barrister & Solicitor, Notary Public

Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universitetining Xalqaro huquq fakultetini 2003-yilda bitirib, Vengriyaning Budapesht shahridagi Markaziy Yevropa Universitetida (Central European University) Qiyosiy konstitutsiyaviy huquq yo’nalishi bo’yicha (LL.M. in Comparative Constitutional Law) magistraturani bitirgan. Bir necha xalqaro tashkilotlarda, xususan, EXHT Kotibiyatida (Vena, Avstriya) va Xalqaro Jinoiy Sudda (Gaaga, Gollandiya) amaliy tajriba orttirib, Kanadaning Ottava Universitetining huquq fakultetini 2011-yilda tugatgan (Juris Doctor in Common Law).

Hozirgi kunda Kanadaning Toronto shahrida Sobirovs Law (www.sobirovs.com) yuridik firmasini tashkil etib, yurist va notarius faoliyatini olib bormoqda. Ayni paytda Bombardier Aerospace samolyotsozlik korporatsiyasida shartnomalar va muzokaralar olib borish bo’yicha mutaxassis bo’lib ishlaydi.  Tashabbus.uz saytida Rakhmad Sobirov tomonidan bildirilgan fikrlar Bombardier Aerospacega tegishli deb hisoblanmasligi kerak.

9 Comments