Fuqarolik huquqi

Jiyanimni farzandlikka olsam bo’ladimi?

Savol: 15 yoshli jiyanimni farzandlikka olmoqchiman. Jiyanimning ota-onasi hayot. Men chet elda yashayman, ammo O’zbekiston fuqarosiman. Jiyanimni farzandlikka asrab olsam bo’ladimi?

Javob: “Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) to‘g‘risida” gi Nizomga ko’ra, quyidagi toifadagi insonlar farzandlikka qabul qilinishi mumkin:

  • ota-onasi vafot etgan;
  • ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum etilgan;
  • ota-onasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan;
  • ota-onasi bolalarni tarbiyalash yoki ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bo‘yin tovlagan;
  • ota-onasi bir yildan ortiq muddat davomida bolalar muassasalari yoki tibbiy muassasalardagi bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan;
  • ota-onasi tarbiyalash, davolash muassasalaridan, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasidan va boshqa muassasalardan bolasini olishdan bosh tortgan;
  • ota-onasi bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan deb e’lon qilingan.

Jiyaningizning ota-onasi hayot va ular ota-onalik huquqidan mahrum etilmagan yoki yuqoridagi shartlardan biriga javob bermasa, jiyaningizni farzandlikka qabul qila olmaysiz.

Shuningdek, farzandlikka faqat voyaga yetmagan, ya’ni 18 yoshga to’lmagan bolalar berilishi mumkin. Farzandlikka berishda bolaning qarindoshlariga va O’zbekiston Respublikasi fuqarolariga afzallik beriladi.

Farzandlikka olish masalalari bo’yicha O’zbekistondagi xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limiga murojaat qilish kerak.

Comments are closed.