Jinoyat va ma'muriy huquq

Jinoyatda nohaq ayblash jinoyatmi?

Savol: Qo’rqitish uchun javogarlik bormi? Masalan, davlat ishida ishlovchi yuridik shaxs o’z mansabidan foydalanib jismoniy shaxsga hazillashib, “Sizning ustingizdan jinoiy ish qo’zg’atildi”, desa, mansabdor shaxsga nisbatan jinoiy javobgarlik bormi? Jismoniy shaxs boshqa jismoniy shaxsni shunday qo’rqitsa, unga nisbatan qaysi modda qo’llaniladi? Shunday hollarda birinchi kimga murojaat qilish kerak?

Javob: Savolda yozilgan “davlat ishida ishlovchi yuridik shaxs” tushunchasiga oydinlik kiritaylik. Fuqarolik huquqiga ko’ra, shaxslar ikki guruhga bo’linadi: yuridik shaxslar va jismoniy shaxslar. O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi bu shaxslar tushunchasini qonunan quyidagi tarzda asoslaydi:

“16-modda. Fuqaro (jismoniy shaxs) tushunchasi

Fuqarolar (jismoniy shaxslar) deganda O’zbekiston Respublikasining fuqarolari, boshqa davlatlar fuqarolari, shuningdek fuqaroligi bo’lmagan shaxslar tushuniladi.

Agar qonunda boshqacha tartib belgilangan bo’lmasa, ushbu Kodeksning qoidalari barcha fuqarolarga nisbatan qo’llaniladi”.

Bu normativ qoidadagi fuqaro so’zidan keyin qavs ichiga jismoniy shaxs deb yozilishi jismoniy shaxs va fuqaro tushunchalari bir ma’noni anglatishini bildiradi. Demak, jismoniy shaxslar yuqorida ta’rifi keltirilgan fuqarolardir.

Fuqarolik kodeksining 39-moddasiga ko’ra, o’z mulkida, xo’jalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega bo’lgan hamda o’z majburiyatlari yuzasidan ushbu mol-mulk bilan javob beradigan, o’z nomidan mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo’la oladigan va ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda da’vogar va javobgar bo’la oladigan tashkilot yuridik shaxs hisoblanadi. Yuridik shaxslar mustaqil balans yoki smetaga ega bo’lishlari kerak.

Keyingi moddaga asosan O’zbekiston Respublikasida yuridik shaxslarning ikki turi: tijorat tashkiloti va notijorat tashkiloti kabi turlari mavjud.

Bundan ma’lum bo’ladiki, berilgan savolda ”davlat ishida ishlaydigan yuridik shaxs” atamasi noto’g’ri ishlatilgan. Yuridik shaxs davlat ishida ishlay olmaydi, chunki yuridik shaxsning o’zi tashkilotdir. Faqat jismoniy shaxslar davlat ishida ishlashi mumkin. Davlat organlarida xizmat qiluvchi shaxslarning ayrimlari mansabdor shaxs deya yuritiladi. O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksining 15-moddasi ikkinchi bandiga ko’ra, mulk shaklidan qat’i nazar, korxona, muassasa, tashkilotda muayyan mansabni egallab turgan shaxs, basharti unga rahbarlik, tashkiliy, farmoyish berish, tekshiruv-nazorat vazifalari yoki moddiy boyliklar harakati bilan bog’liq bo’lgan vazifalar yuklatilgan bo’lsa, mansabdor shaxs deb hisoblanadi.

Bundan ma’lum bo’ladiki, savoldagi ”davlat ishida ishlaydigan yuridik shaxs” ni ”davlat xizmatidagi mansabdor shaxs” deb atash to’g’ri hisoblanadi.

O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksi va Jinoyat kodekslarida ”Qo’rqitish” deya nomlanuvchi modda yo’q. Ammo asossis ravishda jinoyat sodir etganlikda ayblash yuqoridagi kodekslarning ”Tuhmat” deb atalavchi moddalari bilan malakalanishi mumkin. Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 40-moddasida shunday deyilgan:

”40-modda. Tuhmat

Tuhmat, ya’ni bila turib yolg’on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish, —

eng kam ish haqining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi”.

Agar shaxs, ushbu modda bilan ma’muriy javobgarlikka tortilganidan so’ng, bir yil davomida yana xuddi shu harakatlarni sodir etsa, unda O’zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksi 139-”Tuhmat” moddasiga asosan javobgarlikka tortilishi mumkin.

”139-modda. Tuhmat

Tuhmat qilish, ya’ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalarni tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo’llanilganidan keyin sodir etilgan bo’lsa, —

eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko’paytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali tuhmat qilish –

eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan to’rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi.

Tuhmat:

a) og’ir yoki o’ta og’ir jinoyat sodir etishda ayblab;

b) o’gir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo’lgan holda;

v) xavfli retsidivist tomonidan;

g) g’arazgo’ylik yoki boshqa past niyatlarda qilinsa, —

uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi’’.

Yuqoridagi qoidadan ma’lum bo’ladiki, agar shaxs ma’muriy tuhmat qilganligi uchun ma’muriy taribda jazolangach, yana ushbu tuhmat qilishda davom etsa, jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Jinoyat kodeksining 139-‘’Tuhmat” moddasining 3-qismi a-bandida o’gir yoki o’ta og’ir jinoyat sodir etishda aylab tuhmat qilsa, degan og’irlashtiruvchi qismi mavjud. Savoldagi harakatlar aynan ushbu moddaning shu og’irlashtiruvchi qismiga to’g’ri kelishi uchun, shaxs aynan o’gir yoki o’ta og’ir jinoyat sodir etganlikda ayblanib, tuhmat qilingan bo’lishi talab etiladi. Tuhmat jinoyatining sub’yetki (sodir etgan shaxsi) alohida sub’yekt, ya’ni mansabdor shaxs bo’lmaganligi hamda ushbu jinoyat tarkibiy qismida “xizmat yuzasidan qaram bo’lgan shaxsga nisbatan’’ degan og’irlashtiruvchi qism mavjud bo’lmaganligi uchun ushbu modda oddiy fuqaroga ham va mansabdor shaxsga ham birdek tatbiq qilinadi.

Agar shaxs tuhmatda ayblanayotgan bo’lsa, birinchi marta bunday ayblov ustidan Ichki ishlar bo’limlariga yoki sudga shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin. Agar bunday tuhmatlar yana davom etsa, prokuraturaga yoki sudga shikoyat bilan murojaat qilishi lozim.

2 Comments