Savol: Agar sud ijrochisi mast holda ayol kishini ursa va uni zo’rlamoqchi bo’lsa unga qanday jazo beriladi?
Javob: O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 206-moddasi Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish deya nomlanib, unda shunday norma o’rnatilgan:
“Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, ya’ni mansabdor shaxsning o‘ziga qonun bilan berilgan vakolatlar doirasidan chetga chiqadigan harakatlarni qasddan sodir etishi, fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon etkazilishiga sabab bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakat:
a) juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;
b) uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab;
v) mas’ul mansabdor shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.
Mansabdor shaxsning qonun belgilab bergan vakolat doirasidan chetga chiqqan harakatlari deganda, mansabdor shaxsning vakolatini tartibga soladigan normativ hujjatlar yoki idoraviy ko’rsatmalarda belgilanmagan, ya’ni uning huquq va vakolatlariga kirmaydigan harakatlarni sodir etish tushuniladi. Ma’lumki, sud ijrochilarning huquqlari va vakolatlari doirasiga fuqarolarni urish va nomusiga tajovuz qilishga urinish kabi ularning huquq va erkinliklarini buzuvchi harakatlar kirmaydi. Demak, sud ijrochisining fuqaroni urishi va nomusiga tegishga suiqasd qilishi ushbu jinoyat bilan kvalifikatsiya qilish uchun asos bo’ladi.
Ushbu modda bo’yicha kvalifikatsiya qilinishning zaruriy belgisi mansabdor shaxs sodir etgan g’ayriqonuniy harakatlarning uning mansab vakolatlari bilan aloqasi hisoblanadi. Mansabdor shaxsning g’ayriqonuniy harakatlari va uning hokimiyat hamda mansab vakolati o’rtasida aloqaning yo’qligi hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish jinoyati tarkibini hosil qilmaydi. Ya’ni, sud ijrochisining harakatlarini ushbu modda bilan kvalifikatsiya qilish uchun sud ijrochisi ayolga o’z vazifa va vakolatlariga aloqador holat sababli duch kelgan va shunday vaziyat kelib chiqqan bo’lishi kerak. Masalan, sud ijrochisi ayoldan sudning qonuniy buyruq va qarorlarini ijro ettirish yuzasidan kelgan va ijroni talab qilish asnosida o’z vakolatlari doirasiga kirmaydigan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etgan bo’lishi kerak. Agar sud ijrochisi o’z hokimiyat yoki mansab vakolatlariga hech bir aloqasi yo’q holda o’zga bir sabab va motivlar ostida ayolni urgan va uni nomusiga tegishga suiqasd qilgan bo’lsa, ya’ni sodir etilgan jinoyat bilan sud ijrochisining hokimiyat va mansab vakolatining umuman aloqasi bo’lmasa, unda sud ijrochisining sodir etgan g’ayriqonuniy harakati Jinoyat Kodeksining boshqa moddalari bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Agar hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish jabrlanuvchiga qasddan og’ir tan jarohati yetkazish bilan o’zaro bo’gliq bo’lsa, qilmish jinoyatlar majmui bo’yicha Jinoyat Kodeksining 206 va 104-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Kaltaklash, badanga yengil va o’rtacha o’gir shikast yetkazish, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish qilmishi tarkibiga kiritilib, tegishli moddaga ko’ra, qo’shimcha kvalifikatsiya qilinishi talab qilinmaydi. Ya’ni, faqat jabrlanuvchining sog’lig’iga yetkazilgan zarar bo’yicha 206-moddaning o’zi bilan javobgarlikka tortiladi. Sog’liqqa yetkazilgan tan jarohati o’gir, o’rtacha og’ir yoki yengilligini faqatgina sud meditsina ekspertizasi aniqlab beradi.
Sud ijrochilari hokimiyat vakillari hisoblangani uchun mas’ul mansabdor shaxs hisoblanadi va ushbu jinoyat hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish moddasining ikkinchi qismi “v” bandi bilan og’irlashtiruvchi holat sifatida kvalifikatsiya qilinadi.
Savolda keltirilgan g’ayriqonuniy harakatda ayolning nomusiga tegishga suiqasd harakati ham mavjud. Jinoyat Kodeksining 118-moddasi Nomusga tegish deb atalib, unga ko’ra:
“Nomusga tegish, ya’ni zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy aloqa qilish —
uch yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Nomusga tegish:
a) ikki yoki bir necha shaxsga nisbatan;
b) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoxud ilgari ushbu Kodeksning 119-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs tomonidan;
v) bir guruh shaxslar tomonidan;
g) o‘ldirish bilan qo‘rqitib sodir etilgan bo‘lsa, —
yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Nomusga tegish:
a) shaxsning o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda;
b) yaqin qarindoshga nisbatan;
v) ommaviy tartibsizliklar qatnashchisi tomonidan;
g) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa;
d) og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa, —
o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘n to‘rt yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsning nomusiga tegish —
o‘n besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.
Savolda keltirilgan holat tafsilolari ma’lum bo’lmagani uchun keltirilgan ma’lumotlarga asoslanib shuni aytish mumkinki, sud ijrochisining sodir etgan jinoyati tarkibida 118-moddaning og’irlashtiruvchi qismlari mavjud emas. Bunday holda sud ijrochisining harakatlari Nomusga tegish jinoyatining birinchi qismiga Jinoyat Kodeksining 25-moddasi bilan suiqasd orqali kvalifikatsiya qilinadi.
“25-modda.
Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish
Shaxsning qasddan qilinadigan jinoyatni sodir etish yoki yashirish uchun shart-sharoit yaratuvchi qilmishi o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra sodir etilishi boshlangunga qadar to‘xtatilgan bo‘lsa, bunday qilmish jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish deb topiladi.
Qasddan sodir etiladigan jinoyat boshlanib, shaxsga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra oxiriga yetkazilmagan bo‘lsa, jinoyat sodir etishga suiqasd deb topiladi.
Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik va jinoyat sodir etishga suiqasd qilganlik uchun javobgarlik ham ushbu Kodeks Maxsus qismining tamom bo‘lgan jinoyat uchun javobgarlikni belgilovchi moddasiga muvofiq hal qilinadi”.
Sud ijrochisining harakatlari 206-modda 2-qismi “v” bandi va 118-moddaning 1-qismiga 25-modda orqali jinoyatlar jami sifatida kvalifikatsiya qilinishi zarur.
Sud ijrochisining mast holda ushbu g’ayriqonuniy harakatni sodir etgaligi Jinoyat Kodeksining 56-moddasi “o” bandiga asosan og’irlashtiruvchi holat deb hisoblanadi.
Shuni ta’kidlab o’tish joizki, sudning hukmi kuchga kirmaguncha shaxs aybsiz deb e’tirof etiladi. Shaxsni aybdor deb topish uchun barcha holat va tafsilotlar sudda isbotlanishi shart.
2 Comments