Sharh

Jinoyat Kodeksi 235-moddasi tahlili: g’ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala

Adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash uchun mansabdor shaxslarni noqonuniy harakatlari uchun javobgarlikka tortish alohida ahamiyat kasb etadi. Noqonuniy harakatlar uchun mansabdor shaxs ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Jinoyat Kodeksining (bundan keyin JK) 235-moddasi qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadi. Mazkur maqolamizda JKning 235-moddasi qanday holatlarda qo’llanilishiga misollar keltiramiz.

JKning 235-moddasida qiynoq quyidagicha ta’riflangan:

“Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash, ya’ni gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, guvohga, jabrlanuvchiga yoki jinoyat protsessining boshqa ishtirokchisiga yoxud jazoni o‘tayotgan mahkumga, ularning yaqin qarindoshlariga ulardan biror bir axborot, jinoyat sodir etganligiga iqrorlik ko‘rsatuvi olish, ularni sodir etilgan qilmish uchun o‘zboshimchalik bilan jazolash yoxud biror bir harakatni sodir etishga majburlash maqsadida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror tomonidan yoki huquqni muhofaza qilish organining, jazoni ijro etish muassasasining boshqa xodimi tomonidan qo‘rqitish, urish, do‘pposlash, qiynash, azob berish yoki qonunga xilof boshqa harakatlar vositasida sodir etilgan qonunga xilof ruhiy yoki jismoniy ta’sir ko‘rsatish”.

Demak, biron xatti-harakat qiynoq yoki boshqa shafqatsiz, g’ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hisoblanishi uchun uch jihatga e’tibor qaratish kerak:

  1. Maqsad: Xatti-harakat biror bir axborot yoki jinoyat sodir etganligiga iqrorlik ko‘rsatuvi olish, kishini sodir etilgan qilmish uchun o‘zboshimchalik bilan jazolash yoxud biror bir harakatni sodir etishga majburlash maqsadida amalga oshirilishi kerak;
  2. Taqiqlangan harakatlar: Xatti-harakat ruhiy yoki jismoniy ta’sir ko‘rsatishdan (masalan, qo‘rqitish, urish, do’pposlash, qiynash, azob berish yoki qonunga xilof boshqa harakatlar) iborat bo’lishi kerak;
  3. Mansabdor shaxs: Yuqoridagi harakatlar mansabdor shaxs (masalan, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, Ichki ishlar organi xodimi) yoki uning buyrug’i bilan jismoniy shaxs (masalan, bir mahkumning jazoni ijro etish muassasasi xodimi buyrug’i bilan boshqa mahkumni qiynoqqa solishi) tomonidan amalga oshirilishi kerak.

Mazkur moddada qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala o’rtasidagi farq belgilab o’tilmagan. Fikrimizcha, mansabdor shaxsni 235-modda asosida javobgarlikka tortish uchun mazkur ikki huquqiy tushuncha o’rtasidagi farqqa ko’p e’tibor berishning ahamiyati yo’q. Mansabdor shaxs biron maqsadni ko’zlab kishiga ruhiy yoki jismoniy azob berishi, azob darajasi qanday bo’lishidan qat’i nazar, 235-moddaning qo’llanilishiga asos bo’lishi kerak.

Mazkur tushunchalar o’rtasidagi farq, asosan, mansabdor shaxsga jazo tayinlashda ahamiyatga ega. Agar qilmishni qiynoqqa solish deb ta’riflash mumkin bo’lsa, unda mansabdor shaxsga belgilash mumkin bo’lgan eng og’ir jazo tayinlanishi kerak. Aksincha, agar qilmish qiynoq emas, balki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala deb topilsa, unda nisbatan yengilroq jazo tayinlanishi mumkin. Mazkur ikki huquqiy tushunchani tasniflashdagi muammolarga alohida maqolada to’xtalamiz.

235-modda qo’llanilishi mumkin bo’lgan holatlar

JKning 235-moddasi tushunilishi oson bo’lmagan moddalardan biri. Ushbu modda amalda aynan qanday holatlarda qo’llanilishi bilan bog’liq savollar tug’ilishi tabiiy hol. Quyida 235-modda qanday holatlarda qo’llanilishini misollar yordamida ko’rib chiqamiz.

  1. Do’pposlash: Huquq-tartibot organlari biron kishini do’pposlaganliklari natijasida 235-modda asosida javobgarlikka tortilishlari uchun, ularning harakatlari yuqorida yoritilgan uch talabga javob berishi kerak: maqsad, noqonuniy harakat va mansabdor shaxs. Masalan, Ichki ishlar xodimlari jinoyat sodir etib, qochishga uringan kishini qo’lga tushirish vaqtida uni urib-tepishlari 235-moddaga ko’ra kvalifikatsiya qilinishi mumkin emas. Bu yerda qilmish mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshirilib, jismoniy kuch qo’llanilgan bo’lsa ham, alohida maqsadni ko’zlab amalga oshirilmagan. Ammo, tergovxonaga borgandan keyin, hibsga olingan kishidan sheriklari haqida ma’lumot olish uchun gumondorni do’pposlash 235-moddaga ko’ra kvalifikatsiya qilinishi mumkin. Sababi, noqonuniy kuch ishlatishdan maqsad hibsga olingan kishidan ma’lumot olish, xatti-harakatlar noqonuniy jismoniy kuch ishlatishdan iborat va nihoyat do’pposlash mansabdor shaxs tomonidan amalga oshirilgan.
  2. Kishan solish: Jinoyat sodir etgan kishiga kishan solish huquq-tartibot faoliyatining ajralmas qismi. Kishan solish orqali huquq-tartibot organi xodimi ham o’zining, ham atrofidagi fuqarolarning xavfsizligini ta’minlaydi. Shu sababli, bevosita kishan solish jarayonida qo’llanilgan jismoniy kuch va yetkazilgan azob uchun 235-modda asosida xodimni javobgarlikka tortish mumkin emas. Ammo ba’zi holatlarga nisbatan 235-modda qo’llanilishi mumkin. Masalan, tergovchi iqrornoma olish maqsadida keng bilakli kishi qo’liga kichik enli kishan solish orqali jismoniy azob berishni ko’zlasa, bunday xatti-harakatlar 235-modda tomonidan taqiqlangan harakatlar qatoriga kiradi.
  3. Qo’rqitish: Huquq-tartibot organi xodimi tomonidan qo’rqitish turli ko’rinish olishi mumkin. Istalgan ko’rsatmani bermagan taqdirda rezina tayoq bilan do’pposlanishini aytish ochiq qo’rqitish hisoblanib, albatta 235-moddada taqiqlangan harakatlar doirasiga kiradi. Ammo qo’rqitish ochiq va aniq ko’rinishda bo’lishi shart emas. Masalan, gumondor sheriklari haqida ma’lumot bermaganiga javoban tergovchi gumondor yonidagi stolga rezina tayoq, ombir, begiz kabi qiynoqqa solishda qo’llaniladigan jihozlarni qo’ya boshlasa, ushbu xatti-harakatlar, mazkur jihozlar qo’llanilmagan taqdirda ham, 235-moddada taqiqlangan harakatlar doirasiga kiradi.
  4. Suv yoki ovqat bermaslik: Yuqorida tilga olingan misollarda huquq-tartibot organi xodimi aniq harakatlarni amalga oshirishi kerak. Ammo ba’zi holatlarda mansabdor shaxs harakatsizligi uchun ham 235-modda asosida jazolanishi mumkin. Masalan, tergovchi hibsda saqlanayotgan kishidan ma’lumot olish uchun unga belgilangan tartibda suv yoki ovqat bermasligi. Yoki bo’lmasa, hibsda saqlanayotgan kishining og’ir jarohati yoki kasalligi borligini bila turib, unga tibbiy yordam ko’rsatmaslik yoki yordam ko’rsatishni ma’lumot olish bilan shart qilish 235-moddada taqiqlangan harakat hisoblanandi.
  5. Bilvosita usullar: Biron maqsadni ko’zlab kishiga ruhiy yoki jismoniy azob berish bilvosita yo’llar bilan amalga oshirilgan taqdirda ham 235-moddaning qo’llanilishiga sabab bo’lishi mumkin. Masalan, qamoqxonada saqlanayotgan kishidan kerakli ma’lumotni olish uchun tergovchi qamoqxonadagi boshqa mahbuslarni ishga solishi mumkin. Keng qo’llaniladigan usullardan biri bu gumondorni tergovchiga aloqador mahbuslar bilan bir xonaga joylashtirish va u mahbuslarga gumondordan tegishli ma’lumot yoki iqrornomani olgunga qadar ruhiy va/yoki jismoniy azob berishni buyurish.

Demak, yuqorida muhokama qilingan holatlarning birontasi ro’y berganda, JKning 235-moddasi qo’llanilishi mumkin. Kelgusi maqolamizda 235-moddani qo’llashda xatti-harakatni qiynoqqa solish yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala deb ta’riflash bilan bog’liq bo’lgan huquqiy muammolarga to’xtalamiz.

Comments are closed.