Savol: Jamoat joylarida, davlat idoralarida, nodavlat tashkilotlar binosida kundalik 5 vaqt namozni yakka holda yoki jamoat bo’lib o’qishga qonunda qanday qulaylik yoki cheklovlar bor? Bir odam katta yo’l chetida namoz o’qib olibdi. Uni ko’rib qolgan huquq tartibot xodimlari ushlab ketishibdi. Yana bir voqea: madaniyat va istirohat bog’ida bir muzey bor, muzey aslida o’tmishda masjid bo’lgan, bir guruh otaxonlar shom namozi vaqti bo’lganda, o’sha masjid sahnida jamoat bo’lib, namozni ado qilishgan va shu sababli IIB xodimlari tomonidan ushlanib, tazyiqqa uchrashgan, natijada katta miqdorda jarima to’lashgan. Ushbu holatlarning qonuniyligi borasida ma’lumot bersangiz.
Javob: O’zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunining 3-moddasi 2-bandiga ko’ra, fuqaro o‘zining dinga, dinga e‘tiqod qilishga yoki e‘tiqod etmaslikka, ibodat qilishda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda qatnashish yoki qatnashmaslikka, diniy ta‘lim olishga o‘z munosabatini belgilayotgan paytda uni u yoki bu tarzda majbur etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mazkur qonunning 14-moddasida shunday deyiladi:
“Ibodat, diniy rasm-rusumlar va marosimlar diniy tashkilotlar joylashgan manzildagi ibodatxonalarda va ularga tegishli hududlarda, ziyoratgohlarda, qabristonlarda, zarur hollarda fuqarolarning ixtiyoriga binoan ularning uylarida o‘tkaziladi.
Kasalxonalarda, gospitallarda, keksalar va nogironlar uylarida, dastlabki qamoq va jazoni o‘tash joylarida ibodatlar va diniy rasm-rusumlar shu yerdagi fuqarolarning iltimoslariga binoan o‘tkaziladi.
Diniy marosim va ibodat binolaridan tashqarida o‘tkaziladigan ommaviy ibodatlar, diniy rasm-rusumlar va marosimlar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi”.
Bu normada ibodat qilish mumkin bo’lgan joylar sanab o’tilgan, ammo qayerda ibodat qilish mumkin emasligi haqida qoida belgilanmangan. Qonun matnining “O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi”, deyilgan bandi ostiga “Batafsil ma‘lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-yanvardagi 15-son qarori bilan tasdiqlangan “Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish” Qoidalariga qarang”, deya izoh berilgan.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ushbu qoidalarga ko’ra, diniy ommaviy tadbirlar kategoriyasi nomini olish uchun mazkur tadbirda kamida 100 kishi ishtirok etishi kerak.
“2. Mazkur Qoidalar maqsadlari uchun ko‘ngilochar, teatr-tomosha, konsert, sport, reklama dasturlari va boshqa dam olish dasturlarini, shuningdek kamida 100 kishi ishtirokida umumxalq, diniy, professional bayramlarni o‘tkazish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ochiq va yopiq inshootlarda, maydonlarda, binolarda va boshqa joylarda tashkil etiladigan kishilarni to‘plash ommaviy tadbir deb e‘tirof etiladi.”
Ma’lum bo’ladiki, jamoat joylarida yolg’iz yoki 2-3 kishi bo’lib namoz o’qish ommaviy ibodat, diniy rasm-rusumlarni o’tkazish tushunchasiga kirmaydi. Fuqarolar Konstitutsiyadagi vijdon erkinligi prinsipiga ko’ra, ibodat qilish huquqiga egalar va uni cheklash inson huquqlarining poymol etilishi hisoblanadi.
Qonunning 3-moddasi 4-bandiga ko’ra, dinga e‘tiqod qilish yoki o‘zga e‘tiqodlar erkinligi milliy xavfsizlik va jamoat tartibini, boshqa fuqarolarning hayoti, salomatligi, axloqi, huquqi va erkinliklarini ta‘minlash uchun zarur bo‘lgan darajadagina cheklanishi mumkin. Ammo hozirgi kungacha qonunchilikda biror norma bilan jamoat joylari, davlat idoralari va nodavlat tashkilotlar binolarida yakka yoki jamoa bo’lib namoz o’qishni cheklash holatlari uchramagan.
Umumiy qoidaga ko’ra, biror xatti-harakatning qonun bilan taqiqlanmaganligi uning joizligini anglatadi. Harakat qonunga xilof bo’lishi uchun u tegishli qonun normalarida, Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeks yoki Jinoyat kodekslarida belgilangan bo’lishi kerak. Ammo O’zbekiston Respublikasi qonun normalari orasida 2010-yil 19-oktabr holatigacha bunday taqiqlovchi yoki ma’lum miqdorda cheklovchi norma mavjud emas. Shunday ekan, jamoat joylari, davlat idoralari, nodavlat tashkilotlar binolarida yakka holda yoki jamoa bo’lib namoz o’qish O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko’ra taqiqlanmagan va bunga hech qanday cheklovlar ham mavjud emas.
Mehnat kodeksining 18-moddasida, “Davlat xizmatchilarining mehnatini tartibga solish xususiyatlari qonun bilan belgilanadi”, deyilgan. Ammo hozirgi kunga qadar O’zbekiston Respublikasida “Davlat xizmatchilari to’g’risida” qonun qabul qilinmagan. Davlat xizmatchisi atamasiga ham qonunda ta’rif berilmagan, shunday ekan kimlar davlat xizmatchisi tarkibiga kirishi, ularning qanday huquq va majburiyatlari borligi qonun doirasida aniq tartibga solinmagan. Demakki, davlat idoralarida xizmat qiluvchi shaxslarning davlat idoralarida ibodat qilishlarini taqiqlash to’g’risida qoida mavjud emas.
Mehnat kodeksining 127-moddasida ish kuni (smena) davomidagi tanaffuslar to’g’risida qoidalar belgilangan bo’lib, unda jumladan shunday deyiladi:
“Xodimga ish kuni (smena) davomida dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berilishi kerak, bu tanaffus ish vaqtiga kiritilmaydi.
Tanaffus berish vaqti va uning aniq muddati ichki mehnat tartibi qoidalarida, smena grafiklarida yoki xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilab qo‘yiladi”.
Demak, tanaffus vaqtini xodim ish beruvchi bilan kelishgan holda ibodat qilish uchun o’ziga qulay vaqtga o’tkazishi mumkin. Tanaffus vaqtini ichki mehnat tartibi qoidalariga o’zgartirish kiritish orqali ham qulay vaqtga o’zgartirish mumkin. Ichki mehnat qoidalari xodimlar tomonidan berilgan iltimos va takliflar va kasaba uyushmalari orqali qilingan takliflarni inobatga olgan holda o’zgartirilishi mumkin.
“Ishlab chiqarish sharoitiga ko‘ra dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berish mumkin bo‘lmagan ishlarda ish beruvchi xodimga ish vaqtida ovqatlanib olish imkoniyatini ta‘minlashi shart. Bunday ishlarning ro‘yxati, ovqatlanish tartibi va joyi ichki mehnat tartibi qoidalarida belgilab qo‘yiladi.
Mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar bilan ish kuni (smena) davomida boshqa tanaffuslar ham belgilab qo‘yilishi mumkin”.
Bu qoidadan ma’lum bo’ladiki, ish vaqti (smena) davomida ovqatlanishdan boshqa tanaffuslarga yo’l qo’yilishi mumkin va ularni belgilash tartibi yuqorida ta’kidlaganimizdek, ish beruvchi bilan kelishilgan holda yoki ichki mehnat qoidalariga o’zgartirish kiritish orqali amalga oshirilishi mumkin.
Ushbu kodeksning 177-moddasida ish beruvchining burchlari haqida qoidalar o’rnatilgan:
“Ish beruvchi xodimlar mehnatini tashkil qilishi, qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan mehnat sharoitlarini yaratib berishi, mehnat va ishlab chiqarish intizomini ta‘minlashi, mehnat muhofazasi qoidalariga rioya etishi, xodimlarning ehtiyoj va talablariga e‘tibor bilan qarashi, ularning mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilab borishi, ushbu Kodeksga muvofiq jamoa shartnomalarini tuzishi shart”.
Demak, ish beruvchi xodimlarning ehtiyojlari va talablariga e’tibor bilan qarashi shart. Bu qoida yuqorida aytilgan fikrlani qo’llab-quvvatlovchi qonuniy asos hisoblanadi.
Qonunchilikda jamoat joylari tushunchasiga ta’rif berilmagan bo’lib, aynan qaysi joylar jamoat joyi hisoblanishi noaniq. Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 187-moddasi “Jamoat joylarida spirtli ichimliklar ichish” deb nomlanadi. Shu modda qoidalariga diqqat qilinsa, qaysi joylar jamoat joylari turkumiga kirishi mumkinligi to’g’risida xulosa qilish mumkin, ammo bu normativ sharh bo’la olmaydi (Qonun normalarini sharhlash haqida batafsil ma’lumotni quyidagi maqolalardan olishingiz mumkin: Hijob ibodat libosimi? Huquq normalarini sharhlash).
“187-modda. Jamoat joylarida spirtli ichimliklar ichish
Ko‘chalarda, stadionlarda, xiyobonlarda, bog‘larda, barcha turdagi jamoat transportida hamda spirtli ichimliklarni quyib sotishga ruxsat etilgan savdo va umumiy ovqatlanish korxonalaridan boshqa jamoat joylarida spirtli ichimliklar ichish —
eng kam ish haqining o‘ndan bir qismidan uchdan bir qismigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”.
Demak, ko’chalar, stadionlar, xiyobonlar, bog’lar, barcha turdagi jamoat transportlari hamda savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari va shunga o’xshash joylar jamoat joylari hisoblanadi. Ma’lum bo’ladiki, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunning 14-moddasida sanab o’tilgan ibodatxonalar, ziyoratgohlar, qabristonlar, kasalxonalar, gospitallar, keksalar va nogironlar uylari, dastlabki qamoq va jazoni o‘tash joylari ham jamoat joylari hisoblanadi va bunday joylarda fuqarolarning ixtiyoriga va iltimosiga ko’ra diniy ibodatlar va diniy rasm-rusumlar o’tkazilishiga qonun ruxsat beradi.
Demak, jamoat joylarida, davlat idoralari, nodavlat tashkilotlar binosida yakka holda yoki 3-4 kishi jamoat bo’lib namoz o’qishi qonuniy hisoblanadi. Bunga ikkita asos ko’rsatish mumkin:
- O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonun va boshqa qonunlarda barcha fuqarolarning vijdon erkinligi ta’minlangan. “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunda ibodat va diniy rasm-rusumlarni qilishga ruxsat berilgan.
- Ma’lum bir xatti-harakat yoki harakatsizlik qonunga xilof, huqubuzarlik yoki jinoyat bo’lishi uchun tegishli qonun normalarida, Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeks yoki Jinoyat kodeksida mustahkamlangan bo’lishi kerak. Hozirgi kunga qadar O’zbekiston Respublikasi qonunchiligi savolda nazarda tutilgan holatlarni taqiqlovchi yoki ma’lum miqdorda cheklovchi normalarni qabul qilmagan.
Savolda keltirilgan ikki holat ham agar faqat katta yo’l chetida namoz o’qiganligi uchun yoki istirohat bog’ida namoz o’qiganligi uchun ichki ishlar xodimlari tomonidan tazyiqqa uchragan bo’lsa, ichki ishlar xodimlarining harakatlari noqonuniy bo’lib, ularning ushbu harakatlari ustidan tegishlicha shikoyat qilish mumkin. Ikkinchi holatda otaxonlar guruhi ma’muriy javobgarlikka tortilib, katta miqdorda jarima to’lashgani haqida yozilgan. Avvalo, ularning Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning aynan qaysi moddasi bilan javobgarlikka tortilganini aniqlash lozim. Chunki jamoat joyida, bu misolda esa, istirohat bog’ida namoz o’qishni taqiqlovchi norma Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksda mavjud emas.
Jinoyat kodeksining 230-moddasida aybsiz kishini javobgarlikka tortish jinoyati haqida qoida mavjud bo’lib, unga ko’ra:
“Surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan aybsizligi ayon bo‘lgan shaxsni ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etganlikda ayblab javobgarlikka tortish —
besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakat og‘ir yoki o‘ta og‘ir ijtimoiy xavfli qilmish sodir etganlikda ayblab sodir etilsa, —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.
Demak, noqonuniy tarzda shaxsni javobgarlikka tortishning o’zi jinoyat hisoblanadi. Militsiya xodimlari yuqoridagi qonun moddasining surishtiruvchi yoki tergovchi maqomiga to’g’ri keladi.
Yuqoridagi kabi noqonuniy javobgarlikka tortish holati ro’y berganda, tegishli tartibda jinoyat ishlari bo’yicha tuman sudiga shikoyat qilish kerak. Davlat idorasi, korxonalarda, nodavlat tashkilotlarda ishlovchilar ibodat qilishda shu idoralar tomonidan qarshilikka uchrasa, agar xodim xizmat qilayotgan idora, tashkilot, korxonada kasaba uyushmalari mavjud bo’lsa, ularga bu haqda xabar berib, huquqlari himoya qilinishni so’rashlari lozim. Kasaba uyushmalari mavjud bo’lmagan taqdirda yoki ular mavjud bo’lsa ham bevosita idora, korxona yoki tashkilot rahbariga bu haqida shikoyat qilish kerak. Agar bu shikoyatlar ham ijobiy natija ko’rsatmasa, undan yuqori turuvchi idoraga yoki to’g’ridan-to’g’ri sudga huquqlarini himoya qilishini so’rab murojaat qilish lozim.
4 Comments