Savol: Chet elda yashayman, lekin O’zbekiston fuqarosiman. Ismimni osonlashtirish maqsadida o’zgartirmoqchiman. Kimga murojaat qilishim kerak va bu qanday amalga oshiriladi? Rahmat.
Javob: O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 19-moddasiga asosan fuqaro o’z ismini o’zgartirishi mumkin. Ismini o’zgartirishga bo’lgan huquqni fuqaro to’la fuqarolik layoqatiga ega bo’lganidan so’ng, ya’ni 16 yoshga to’lganidan so’ng amalga oshira oladi. Fuqaroni o’z ismini o’zgartirishi avvalgi ismi bilan olgan huquq va burchlarini bekor qilish yoki o’zgartirish uchun asos bo’lmaydi. Ismini o‘zgartirgan fuqaro o‘zining avvalgi ismiga rasmiylashtirilgan hujjatlarga o‘z hisobidan tegishli o‘zgartirishlar kiritilishini talab qilishga haqli. Fuqaro o’zgartirilgan ismini fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish uchun belgilangan tartibda ro’yxatdan o’tkazishi kerak. Demak, O’zbekiston Respublikasi fuqarosi o’z ismini o’zgartirmoqchi bo’lsa, doimiy ro’yxatdan o’tgan yashash joyidagi Fuqarolik holati dalolatnomalari yozish (FHDYO) organlariga bu haqda ariza va tegishli hujjatlar bilan murojaat qilishi lozim. Ismini o’zgartirmoqchi bo’lgan O’zbekiston Respublikasi fuqarosi chet elda bo’lsa, FHDYO organlari vazifasini bajaruvchi fuqaro yashaydigan chet davlatdagi O’zbekiston Respublikasi konsullik idoralariga ariza va tegishli hujjatlar bilan murojaat qilish lozim. Tegishli tarzda FHDYO yoki konsullik idorasiga murojaat qilingach, ushbu organlar tomonidan ariza asosli deb topilsa, ismni o’zgartirishga bo’lgan huquq amalga oshadi. Ismni o’zgartirish haqidagi arizaning asosli deb topilish shartlari quydagi qoidalarda belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 12-apreldagi 171-son qaroriga 1-ilova sifatida tasdiqlangan “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari”da ismni o’zgartirish qoidalari ham belgilangan bo’lib, ismni o’zgartirishga aloqador bo’lgan barcha bandlarni quyida keltirib o’tamiz:
“XI. FAMILIYA, ISM VA OTA ISMINI O‘ZGARTIRISH
166. Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish haqidagi arizalar ariza beruvchi 16 yoshga to‘lgach turar joydagi FHDYO organi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Agar 16 yoshga to‘lgan shaxs pasport yoki pasport o‘rnini bosuvchi shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat olgunga qadar familiyasi, ismi, ota ismini o‘zgartirish haqida ariza bersa, unda arizaga tug‘ilganlik haqida guvohnoma va tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi nusxasi ilova qilinadi.
167. Familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizalar:
“Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga binoan;
agar familiya, ism va ota ism eshitilishda yoqimsiz bo‘lsa;
agar familiya, ism va ota ismi millatiga to‘g‘ri kelmasa;
xohishga qarab nikohgacha bo‘lgan familiyaga (nikohda turgan davrida ham, nikohdan ajratilgandan keyin ham) qaytishda;
oilada bir xil familiyada bo‘lish istagi paydo bo‘lganda (agar nikoh tuzish paytida er-xotin umumiy familiyani tanlamagan bo‘lsa);
FHDYO organi tomonidan uzrli deb topilgan boshqa asoslarga ko‘ra ko‘rib chiqiladi.
168. Familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizaga quyidagilar:
a) ariza beruvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi;
b) agar ariza beruvchi nikohda turgan bo‘lsa, u holda nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomasi, agar nikohdan ajratilgan bo‘lsa — nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnomasi;
v) agar ariza beruvchining voyaga yetmagan bolalari bo‘lsa, u holda bolalarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari;
g) ariza beruvchining pasportidan yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatidan ko‘chirma;
d) agar ariza beruvchi voyaga yetmagan yoki sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, u holda ota-onasining yoxud vasiy yoki homiyning arizasi;
ye) 1 dona (3 x 4 o‘lchamli) fotosurat ilova qilinadi.
169. O‘zgartirishlar kiritilishi uchun zarur bo‘lgan dalolatnoma yozuvlari yo‘qolgan taqdirda, familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish ular tiklanganidan keyin amalga oshiriladi.
170. Qabul qilingan ariza maxsus daftarga kiritiladi.
171. FHDYO bo‘limi mudiri taqdim etilgan hujjatlar asosida, zarur hollarda esa boshqa FHDYO organlaridan o‘zining talabi bo‘yicha kerakli dalolatnoma yozuvlari nusxalarini olganda yig‘ilgan hujjatlarni yig‘majildga tikadi va tegishli tekshiruv o‘tkazish uchun ichki ishlar bo‘limiga jo‘natadi.
172. Ichki ishlar bo‘limi taqdim qilingan hujjatlarni 30 kun mobaynida o‘rganib chiqadi, ariza beruvchining familiyasi, ismi, ota ismini o‘zgartirishi xususida asoslangan xulosa tuzadi va FHDYO organiga taqdim qiladi.
173. Ichki ishlar bo‘limining xulosasini olgandan keyin FHDYO organi taqdim etilgan hujjatlar asosida familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish yoki rad qilish to‘g‘risida asoslangan xulosa tuzadi.
174. Familiya, ism, ota ismi o‘zgarganligi to‘g‘risida ichki ishlar bo‘limiga 7 kun mobaynida, agar ariza beruvchi harbiy xizmatga majbur bo‘lsa, mudofaa ishlari bo‘limiga xabarnoma yuboriladi.
175. Xulosa asosida tug‘ilganlik to‘g‘risida, nikohni qayd etish yoki nikohdan ajratish to‘g‘risida, bolalarining tug‘ilganligi to‘g‘risidagi dalolatnoma yozuvlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi va yangi guvohnoma beriladi. Eski guvohnomalar yig‘majildga tikib qo‘yiladi.
176. Agar o‘zgartirish kiritish talab etiladigan dalolatnoma yozuvi boshqa joyda bo‘lsa, u holda FHDYO organi dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida xabarnoma yuboradi.
177. FHDYO organi xabarnomaga binoan dalolatnoma yozuviga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi va yangi guvohnomani to‘ldiradi va uni ariza beruvchiga topshirish uchun uning yashash joyidagi FHDYO organiga yuboradi, shuningdek dalolatnoma yozuvining ikkinchi nusxasiga ana shunday o‘zgartirishlarni kiritish uchun tegishli FHDYO arxiviga xabarnoma yuboradi.
178. O‘zaro qonuniy nikohda turgan er yoki xotindan birining familiyasi o‘zgartirilishi ikkinchisining ham familiyasi o‘zgarishiga sabab bo‘lmaydi.
Ota-onalar yoki ulardan birining familiyasini o‘zgartirganligi ularning voyaga yetgan bolalarining familiyasi o‘zgarishiga sabab bo‘lmaydi.
Ota-onalardan har ikkalasining familiyasi o‘zgartirilishi 16 yoshga to‘lmagan bolalar familiyasining ham o‘zgartirilishiga sabab bo‘ladi.
Agar ota-onadan biri familiyasini o‘zgartirsa, ularning voyaga yetmagan bolalarining familiyasini o‘zgartirish masalasi ota-onalarning kelishuviga binoan, bunday kelishuv bo‘lmaganda esa vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.
179. Otaning ismini o‘zgartirishi voyaga yetmagan bolalarning ota ismi o‘zgarishiga olib keladi.
Voyaga yetgan bolalarning ota ismi faqat ularning arizalariga ko‘ra o‘zgartiriladi.
180. Agar nikohga kirish paytida o‘zining nikohgacha bo‘lgan familiyasini saqlab qolgan shaxs keyinchalik erining familiyasini qabul qilsa, shuningdek, nikohga kirish paytida qabul qilgan familiyasini nikohgacha bo‘lgan familiyasiga o‘zgartirsa, u holda o‘zgartirish faqat nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga kiritiladi.
Agar nikohdan ajratilgandan keyin nikohdagi familiyasini saqlab qolgan shaxs uni nikohgacha bo‘lgan familiyasiga o‘zgartirsa, u holda o‘zgartirish faqat nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga kiritiladi.
181. 16 yoshga to‘lgan shaxslar tomonidan familiyasi, ismi, ota ismi o‘zgartirilgan barcha hollarda o‘zgartirish faqat tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvining “bola to‘g‘risida ma‘lumotlar” ustuniga kiritiladi.
Ota-ona to‘g‘risidagi ma‘lumotlar o‘zgarishsiz qoldiriladi.
182. O‘zbekiston Respublikasining chet elda doimiy yashovchi fuqarolarining arizalari konsul tomonidan ko‘rib chiqiladi. Arizaga mazkur Qoidalarning 167-moddasida ko‘rsatilgan hujjatlar ilova qilinishi lozim. Zarur hollarda konsul arizachining iltimosi asosli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarni va o‘zgartirish kiritilishi lozim bo‘lgan dalolatnoma yozuvlarini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali tegishli organlardan talab qilib oladi.
Yig‘ilgan hujjatlar asosida konsul Tashqi ishlar vazirligi orqali O‘zbekiston Respublikasining yoki ariza beruvchi yashab turgan davlatning vakolatli organlaridan ariza beruvchining familiyasi, ismi, ota ismini o‘zgartirishiga ruxsat berilganligi haqidagi xulosani olishi zarur.
Ushbu xulosa asosida konsul familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish haqida asoslangan xulosa tuzadi va uni yig‘majild bilan birga o‘zgartirish kiritilishi lozim bo‘lgan dalolatnoma yozuvi saqlanib turgan FHDYO organiga yuboradi.
183. Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi ariza 45 kun mobaynida ko‘rib chiqilishi kerak.
184. Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirganlik uchun belgilangan tartibda davlat boji undiriladi”.
3 Comments