Savol: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning www.islom.uz sayti va boshqa shunga o’xshash ichida terror, davlat siyosatiga qarshi gaplar bo’lmagan sof diniy materiallardan iborat veb-saytlarga kirish, ulardagi materiallardan ta’lim maqsadida foydalanish va saqlash qonun bilan qanday chegaralangan? Buning uchun huquqiy javobgarlik bormi? Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 184-moddasini batafsil tushuntirib, masalaga oydinlik kiritsangiz, shoyadki huquqimizni bilib olsak.
Javob: O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksining 184-moddasi “Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash yoki tarqatish maqsadida saqlash” deb nomlanadi:
“184-modda. Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash yoki tarqatish maqsadida saqlash
Diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga da‘vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash —materiallarni hamda ularni tayyorlash va tarqatishning tegishli vositalarini musodara qilib, fuqarolarga eng kam ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha,
mansabdor shaxslarga esa —yuz baravaridan yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma‘muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi”.
Ushbu modda mazmun jihatidan ikki qismga bo’linadi:
Birinchisi, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash.
Ikkinchisi, ushbu turdagi materiallarni tarqatish maqsadida saqlash.
Mazkur moddaning mazmunidagi jamoat xavfsizligi deganda insonlar hayotiga va mol-mulkiga xavf solishning oldini olish tushuniladi. Jamoat tartibi esa jamoat joylarida shakllangan ijtimoiy munosabatlar tarmog’idir. Bu tarmoqni shakllantirish orqali insonlar mehnat faoliyati, turmushi va dam olishi, shuningdek, ijtimoy axloq, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish talablariga rioya qilish uchun osoyishta vaziyat va qulay sharoit ta’minlanadi. Demak, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallar deganda jamoat joylarida shakllangan ijtimoiy munosabatlar hamda inson hayoti va mol-mulkiga nisbatan xavf soladigan varaqalar, kitoblar, plakatlar, videokassetalar, disklar kabi materiallar tushuniladi. Bu turdagi materiallarni tarqatish deganda, bu kabi materiallarni ommaviy axborot vositlarida e’lon qilish, osib qo’yish, ko’pchilik oldida e’lon qilish, ya’ni bu kabi materiallarning yozma va og’zaki usulda hech bo’lmaganda bir shaxsga oshkor etilishi tushuniladi. Ushbu turdagi materiallarni hatto bir nusxasini saqlash ham ushbu moddada nazarda tutilgan saqlash hisoblanib, javogarlikka tortilishga asos bo’ladi.
Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 184-moddasi birinchi qismidagi harakatlar uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgandan keyin yana shu harakat ikkinchi marta sodir qilinsa, unda bu harakat Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilishga asos bo’ladi.
Shuni alohida ta’kidlab o’tish kerakki, yuqoridagi moddalar, ya’ni MJK 184-moddasi hamda JK 244-1-moddasining umumiy mazmuniga ko’ra, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash hamda tarqatish maqsadida saqlash asosan respublikada barqaror vaziyatni buzishda dindan niqob sifatida foydalanuvchilar tomonidan sodir etiladi. Ya’ni, mazkur jinoyatdan ko’zlangan asosiy maqsad diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik go’yalarini tashviq qilish natijasida davlatdagi barqarorlikka tahdid solish hisoblanadi.
Ushbu qonun moddalarida nazarda tutilgan diniy ekstremizm, separatizm, qo’poruvchilik kabi g’oyalarni ilgari surmaydigan, faqat diniy ta’lim-tarbiya hamda diniy savodxonlikni oshirishga qaratilgan materiallar javobgarlikni keltirib chiqarmaydi.
Respublikada chop etiladigan hamda chetdan kirib kelayotgan diniy mazmundagi kitoblar, video, avdio mahsulotlari hamda internet tarmog’idagi diniy ta’lim-tarbiyaga qaratilgan saytlar tegishli davlat organlari tomonidan nazorat qilib boriladi. “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunga hamda Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 23-apreldagi qarori bilan tasdiqlangan “O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mita to’g’risida” gi nizomning 6-qismiga ko’ra, qo’mitaga yuklangan vazifalardan biri diniy adabiyotlarni ekspertizadan o’tkazish hisoblanadi:
“ – Respublikada chiqariladigan yoki chet ellardan keltiriladigan diniy tusdagi mahsulotlarni (matbuot va elektron nashrlarni, audio, video kassetalarni, CD, DVD va boshqa disklarni) ekspertizadan o’tkazadi va mazkur faoliyatni muvofiqlashtiradi”.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida bosma va kitob, teleradio-, audiovizual mahsulotlar va Internet tarmog‘i axborot resurslarini ishlab chiqarish va tarqatish sohasida qonun hujjatlariga rioya qilinishi ustidan monitoring olib borish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko’ra, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring Markazi internet tarmog’iga qo’yiladigan materiallar monitoringini olib boradi. Nizomda monitoring olib borish tartibi quyidagicha belgilangan:
“Monitoring uch bosqichda olib boriladi:
birinchi bosqichda — axborot xizmatlari bozori sub‘ektlari tomonidan ishlab chiqariladigan va tarqatiladigan mahsulotlar to‘g‘risidagi axborotlar to‘planadi va umumlashtiriladi;
ikkinchi bosqichda — axborot xizmatlari bozori sub‘ektlarining tarqatiladigan mahsulotining mazmuni bosma va kitob, teleradio-, audiovizual mahsulotlar va Internet tarmog‘i axborot resurslarini ishlab chiqarish va tarqatish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi o‘rganib chiqiladi;
uchinchi bosqichda — axborot xizmatlari bozori sub‘ektlari tomonidan qonun hujjatlari talablari buzilishining aniqlangan holatlari bo‘yicha Markaz sabablari asoslangan xulosa, ogohlantirish va tavsiyalar tayyorlaydi.
Xulosalar monitoring davomida aniqlangan qonun hujjatlari talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan axborot xizmatlari bozori sub‘ektlariga nisbatan tegishli chora-tadbirlar ko‘rish uchun tayyorlanadi hamda davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga yuboriladi”.
Islom.uz sayti O’zbekistonning Uz. domenida ro’yxatdan o’tgan va unga qo’yiladigan materiallar yuqorida tilga olingan monitoring markazi tomonidan nazorat qilib boriladi. Agar saytda yuqoridagi qonun moddalarida nazarda tutilgan noqonuniy faoliyat qayd etilganda, ushbu saytning noqonuniy faoliyati haqida tegishli idoralarga xabar berilgan va natijada sayt allaqachon faoliyatdan to’xtatilgan bo’lar edi. Uz. Domenida bundan boshqa yana ko’plab diniy ruhdagi islomiy veb-sahifalar mavjud bo’lib, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallar bo’lmagani bois ular hech qanday to’siqsiz ochiq faoliyat yuritmoqda. Demak, diniy ekstremizm, separatizm, qo’poruvchilik kabi g’oyalarni ilgari surmaydigan va boshqa qonunda nazarda tutilgan noqonuniy faoliyatlar bilan shug’ullanmaydigan, faqat diniy ta’lim-tarbiya hamda diniy savodxonlikni oshirishga xizmat qiluvchi saytlarni yaratish va ulardan foydalanish qonuniydir.
2 Comments