Savol: Yangi ishga qabul qilingan yosh o’qituvchi talabalar paxta terimidaligida maktab ma’muriyatidan ruxsat olib, 14 kun ishga chiqmadi. 9-dekabrda kasaba uyushmasi qo’mitasi majlisida yangi o’qituvchiga intizomiy jazo yoki ishdan bo’shatish qo’yilishi ta’kidlandi. Lekin undan ishda 14 kun bo’lmagani haqida hech qanaqa tushintirish xati yoki ogohlantirish xati olinmagan. Kasaba Uyushmasi Qo’mitasini chiqarmoqchi bo’lgan qarori asoslimi? Bu qaror yosh kadrlarga nisbatan adolatlimi?
Javob: O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasining 2-qismi 4-bandiga ko’ra, xodim o’z mehnat vazifalarini bir marta qo’pol ravishda buzganda ish beruvchi tashabbusi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin.
Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelishi mumkin bo‘lgan mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzishlarning ro‘yxati:
ichki mehnat tartibi qoidalari;
korxona mulkdori bilan korxona rahbari o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi;
ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan qo‘llaniladigan intizom haqidagi nizom va ustavlar bilan belgilanadi.
Xodimning o‘z mehnat vazifalarini buzishi qo‘pol tusga egaligi yoki ega emasligi har bir muayyan holda sodir qilingan nojo‘ya harakatning og‘ir-engilligiga hamda bunday buzish tufayli kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin bo‘lgan oqibatlarga qarab hal etiladi;
Demak, xodimning 14 kun ishda bo’lmasligi kollejning ichki mehnat tartibi qoidalarida, intizomiy nizom va ustavlarda “mehnat shartnomasini qo’pol ravishda buzish” deb keltirilgan bo’lishi mumkin. Bundan tashqari, xodim xatti-harakatlarining og’ir-yengilligi qarab qo’pol tusga ega yoki intizomiy jazoga loyiq deb topilishi mumkin. Masalan, talabalarning paxta terimidaligi davomida xodimning ishga kelmasligi nisbatan yengil nojo’ya harakat deb topilishi mumkin.
Kodeksning 102-moddasiga ko’ra, mehnat shartnomasi xodim aybli xatti-harakatlar sodir etganligi munosabati bilan bekor qilingan hollarda (100-modda ikkinchi qismining 3[1] va 4-bandlari), ish beruvchi xodimni mehnatga oid munosabatlarning bekor qilinishi to‘g‘risida kamida uch kun oldin xabardor qiladi yoki unga shunga mutanosib kompensatsiya to‘laydi.
Ogohlantirish muddati davomida, mehnatga oid munosabatlar xodimning aybli xatti-harakatlar sodir etganligi munosabati bilan bekor qilish to‘g‘risidagi ogohlantirishni istisno etganda, xodimga boshqa ish qidirish uchun haftada kamida bir kun shu vaqt uchun ish haqi saqlangan holda ishga chiqmaslik huquqi beriladi. Xodimni ogohlantirish muddatiga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri, shuningdek uning davlat yoki jamoat vazifalarini bajargan vaqti qo‘shilmaydi, mehnatga oid munosabatlarning korxona tugatilganligi natijasida bekor qilinishi bundan mustasno.
Modomiki xodim 14 kun ishga chiqmasligi to’g’risida kollej ma’muriyatidan ruxsat olgan ekan, kasaba uyushmasi qo’mitasiga ishdan javob so’raganligi haqida ma’lumotnoma, u bo’lmasa ishga chiqmaslik uchun ruxsat so’ragan ma’muriyat vakillarini guvoh sifatida keltirib, xatti-harakatlari nojo’ya emasligini isbotlashi lozim.
Shunga qaramay, xodim ishdan bo’shatilsa, mehnat shartnomasini g’ayriqonuniy tartibda bekor qilganligi ustidan kollejning yuroqi turuvchi organiga yoki to’g’ridan-to’g’ri tuman fuqarolik ishlari bo’yicha sudiga shikoyat qilish mumkin.
Qonun yosh va keksa kadrlarga hamda barchaga barobar.
[1] Mehnat kodeksi 100-modda 2-qismi 3-bandi: xodimning o‘z mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganligi. Avval mehnat vazifalarini buzganligi uchun xodim intizomiy yoki moddiy javobgarlikka tortilgan yoxud unga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan ta’sir choralari qo‘llanilgan kundan e’tiboran bir yil mobaynida xodim tomonidan takroran intizomga xilof nojo‘ya harakat sodir qilinishi mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzish hisoblanadi.
3 Comments