Uzoq tanaffusdan so’ng yana bir maqola orqali siz hurmatli “Tashabbus.uz” o’quvchilari bilan muhojirlik strategiyasi haqidagi fikrlarimizni davom ettirmoqchimiz. Bu maqolada, asosan, Kanadaga immigratsiya qilish haqida fikr yuritiladi, ammo ular boshqa davlatlarga ham taalluqli bo’lishi mumkin.
Bu yerdagi fikrlar o’z tajriba va kuzatuvlarimizga asoslanib yozilgani sababli, boshqa mutaxassislarning qarashlari bilan bir xil bo’lmasligi mumkin va har bir insonda bu mavzuda farqli fikrlar bo’lishini tabiiy hol deb hisoblaymiz.
Strategiya o’zi nima va uning immigratsiyaga nima aloqasi bor?
Strategiyani oddiy til bilan har tomonlama hisoblab chiqilgan re’ja deb qabul qilishimiz mumkin. Lekin strategiyani nafaqat oddiy re’ja, balkim strategiya egasining kuchli taraflari, kuchsiz taraflari, kamchiliklari, imkoniyatlari va maqsadini inobatga olgan va ko’pincha uzoq bir maqsadni ko’zlab tayyorlangan mukammal re’ja deyish mumkin. Maqsadga erishishning bir necha yo’llari bo’lgani kabi, stratergiyalar ham vaziyatga qarab har xil bo’lishi mumkin. Keling, buni immigratsiya misolida ko’rib chiqaylik.
Bir insonning o’zi yoki oilasi bilan birga o’z davlatidan boshqa bir davlatga ko’chishi hayotidagi eng katta qadamlardan biri bo’lishi mumkin. Bu qadamni qo’yish uchun esa juda qat’iy va qiyin bir qaror olishi kerak bo’ladi. O’zi tug’ilib o’sgan yurtidan begona yurtga borib uzoq muddat yashash qarorini berish oddiy re’ja yoki shoshma-shosharlik bilan amalga oshiriladigan ish emas. Dono xalqimizning ikki og’iz gapi bu maqolada nima demoqchi bo’lganimizni juda chiroyli ifoda etadi: “Har yerni qilma orzu, har yerda bordir tosh-u tarozi” yoki “Yetti o’lchab, bir kes”.
Bu dono gaplar, bir tarafdan, biz tushuntirmoqchi bo’lgan strategiya haqida lo’nda maslahat berayotgandek. Ikkinchi tarafdan esa, go’yo “tarozini yaxshilab hisoblab va qo’ymoqchi bo’lgan qadamni puxta o’lchagandan keyin, maqsad sari olg’a yurish kerak” deyayotgandek bo’lyapti. Shuning uchun immigratsiya qilmoqchi bo’lgan inson o’ziga yolg’on umidlarni bermasdan, aldamasdan va aldanmasdan, oldiga realistik bir maqsad qo’yishi kerak bo’ladi. Bunday tayyorgarlikni strategiya deb atasak bo’ladi.
Har bir buyuk ish birinchi qadamdan boshlanadi
Immigratsiya qilishga qaror berdingiz, deb hisoblaylik. Keyingi masala immigratsiyaning qanday turini ko’zlayotganingiz haqida aniq bir to’xtamga kelishingiz kerak Qisqa muddatlimi, ya’ni sayohatga, o’qishga yoki ish tajribasini orttirishga ketyapsizmi? Yoki uzoq muddatga, ya’ni kamida 5-10 yil doimiy yashashga, oilangizni birga olib ketib, farzandlaringizni boshqa yurtda tarbiyalashga niyat qildingizmi?
Bunday savollarni nafaqat tabiiy, balki “ko’z ochuvchi” deb ham atash mumkin. Qorong’u tunnelga bir fonus bilan kirsangiz ham, agar ko’zingizni ochmasangiz, bunday yorug’lik manbasidan ne foyda? Ha, albatta o’sha qorong’u tunnel sizni bir joyga olib boradi, lekin o’sha joyga yetib borguncha qancha mashaqqatlar chekiladi va u yoki bu joyingiz jarohat olishi ham mumkin. Shuning uchun fonarni qo’lga olish kerak (yani, kerakli tayyorgarlikni qilish kerak) va kerakli savollarga javob topib, ko’zni ochib, oldinga yurish kerak.
Agar maqsad qisqa muddatli bo’lsa, bunga kerakli tayyorgarligim bormi, degan savolga ham javob izlang? Bizning tajribamizda bu borada juda ko’p uchraydigan holatlarni xalq tilida quyidagi dialoglar bilan ifodalash mumkin:
– Hurmatli Alijon (yoki Valijon), sizga qanday yordam bera olamiz?
– Aka, men shu Kanadaga qanday qilib ketsam bo’ladi?
– Buni ko’p imkonlari bor, qaysi biri sizni qiziqtiradi?
– Aka, menga farqi yo’q, qanday qilib bo’lsa ham chiqib ketsam bo’ldi. O’shetlarga borib, bir pul ishlab kelsam bo’ldi, aka…
Dialogning mana shu yerida juda qiyin holatga tushib qolamiz. “Qanday qilib bo’lsa ham, chiqib ketsam bo’ldi…” Bu juda katta qadamga qaratilgan juda kuchsiz strategiya bo’lib ko’rinadi. Dialogimizni bir iloj qilib yana davom ettirishga harakat qilamiz…
– Xo’sh, Alijon, diplomingiz, ish tajribangiz bormi, ingliz (yoki fransuz) tilini bilasizmi?
– Yo’q, aka, lekin qo’limdan hamma ish keladi. Ruschani biroz bilaman…
– Ish tajribangizchi…?
– Shu, endi savdo qilib, yana u-bu ishlarni qilib kelganmiz. “Lyuboy” ishni qilolaman …
Bu vaziyat yanada bizni boshi berk ko’chaga olib kiradi. Xuddiki, sabzi, yog’, go’sht va guruch bo’lmay turib, “Mana hozir sizga bir qo’lbola palovxonto’ra pishirib beraman!” deb kaftgir bilan bir boshni qashlab turgan oshpazga o’xshab qolamiz. Alijonga yordam bergimiz keladi, lekin…
Shunday holatlarda nima qilish kerak?
Alijon ukamiz juda tirishqoq ko’rinadi, lekin qisqa muddatga (sayohat, o’qish va ishga) kela olmasliklarini tushunib, unga mana bunday maslahat bergan bo’lardik:
- Ingliz tilini o’rganish. Bunga 1-2 yil intensiv tayyorgarlik yetadi deb o’ylaymiz (albatta, qobiliyatga qarab). Ingliz tilini bilmasdan turib ingliz tilida gapiradigan odamlar orasida ishlab, pul topish qiyin bo’ladi. Agar Alijon O’zbekistondagi sifatli ingliz tili kurslariga borsalar, bu kurslar taxminan oyiga 100 ming so’m bo’lsa, 2 yilda bu xarajatlar 2 million 400 ming so’m bo’lar ekan (“Qora” bozor narxida 1000 dollar bo’ladimi?);
- Kanadaga immigratsiya qilmoqchi bo’lsalar, Kanada qabul qilayotgan kasbni egallashlari kerak. O’tgan maqolamizda aytib o’tganimizdek, hozirgi kunda qo’l mehnati bilan bog’liq kasb egalarining Kanadaga immigrant sifatida kelish imkoniyatlari yuqori.
O’QING: Kanadaga immigratsiya qilishning yangi imkonlari (Ikkinchi maqola)Mana bu vebsaytda shu kasblarning oxirgi ro’yxati bor. Alijon kasb-hunar kollejiga kirib yoki hunar olish kurslariga borib, masalan, “Elektrik” yo’nalishi bo’yicha diplom olsalar yaxshi bo’lardi. Buning uchun ham, taxminan, 2 yil vaqt ketadi. Lekin shu 2 yil ichida ham ingliz tilini, ham kasbni birgalikda o’rganish mumkin.
- Ish tajribasini olish. Diplom olgandan keyin kamida 2 yil ish tajribasi orttirishingiz kerak. Umumiy qilib aytganda, hech qanday tajribaga ega bo’lmagan Alijon ukamiz yuqoridagi bosqichlarni bosib o’tsalar, 4 yil deganda Kanadaga immigratsiya qilish uchun tayyor holatga keladilar.
Bu uzoq vaqt va juda ko’p xarajat talab qiladi-ku?!
Bunday savolga ham javobimiz bitta – taroziga qo’ying! Tarozining bir pallasiga sarflaydigan vaqtingiz va xarajatlaringizni va ikkinchi pallasiga esa dunyoning yashash uchun eng yaxshi davlatlaridan biri deb topilgan va hayot darajasi eng yuqorilardan bo’lgan Kanadada yashash va pul topish imkonini qoying. Qaysi biri og’irroq bo’larkin? Bu taqqoslashda u yoki bu tarozi pallasi og’ir bo’lishi kerak degan yagona to’gri javob yo’q. Kimgadir tarozining bir pallasi va boshqalarga tarozining ikkinchi pallasi og’irroq kelishi mumkin. Shunga qarab o’z immigratsiya strategiyangizni yanada chuqurroq tushunishingiz va qaror berishingiz mumkin.
Hamma aytganingizni qilsam, aniq Kanadaga ketamanmi, “garantiya” bormi?
Bu dunyoda eng aziz bo’lgan shirin jonimizga “garantiya” yo’g’-u, biz qanday qilib “Elektrik” kasbini egallamoqchi bo’lgan Alijonga Kanadaga kelishiga kafolat bera olamiz?! Ertaga, Gollivud filmlarida bo’lganidek, o’zga sayyoraliklar Kanadani bosib olib, “Bundan buyon Kanadaga bironta o’zbekistonlikni qo’ymaymiz; ularning mehmondo’stliklariga qarshi kuchimiz yetmaydi; bizni ketmonlarga o’tqizib kelgan sayyoramizga uchirvorishmasin…!” deb qonun chiqarsa, biz yolg’onchi bo’lib qolishdan qo’rqamiz.
Yuridik firmamiz immigratsiya masalalarida xizmat ko’rsatayotganida aynan mana shu prinsip bilan ishlaydi – yolgo’n ma’lumot, kafolat va umidlar bermaslik. Balkim, Alijon ukamizga kimlardir, “Menga falon ming dollar bersangiz bo’ldi, men sizni bir iloj qilib garantiyasi bilan Kanadaga olib ketaman”, degan bo’lishi mumkin. Lekin, biz bu gaplarni hech qachon aytmaymiz. Bunday yolg’on kafolat ham bermaymiz. Bunday “garantiya”larning oqibati va javobgarligi juda qattiq bo’ladi.
Shu sababli shuni aytish lozim – hech narsaga garantiya yo’q. Faqat, Kanadaga qonuniy yo’llar bilan kelishga imkoniyatingizni oshishingiz mumkin. Yonida kerakli diplomi, boshida ingliz tili bilimi, qo’llarida ish tajribasi va qalbida Kanadaga ko’chib ketish orzusi bo’lsa, menimcha, o’zga sayyoraliklar ham Alijonni to’xtata olmasa kerak. Keyin, bizga telefon qilib, “Rahmat aka, men Kanadaga kelyapman…Endi bitta qo’lbola osh sizdan…” deb qolsa, xursandligimizdan boshimiz boshqa sayyoralargacha yetadi.
Xulosa
Bu mavzuning jiddiy tarafi shundaki, Kanadaga kelish qiyin bo’lishi mumkin. Kanadada yashash hammaga ham yoqmasligi, to’gri kelmasligi yoki ob-havosi juda sovuq bo’lishi mumkin (Lekin 2014-yil qishida O’zbekiston ham Kanadadan hech qolishmadi, ob-havo masalasida). Shuning uchun hamma vatandoshlarimizga, yoppasiga “Qani kettik Kanadaga!” demoqchi emasmiz. Asl maqsadimiz – har bir vatandoshimizni, bir qarorga kelishlaridan oldin, chuqurroq o’ylab, o’z tayyorgarliklarini baholashga undash. Kanadaga immigratsiya qilishning “sirli bir formulasi” ham yo’q. Barcha ma’lumotlarni Internetdan topish mumkin.
Eng muhimi – Kanadaga qonuniy yo’l bilan kelish, bu yerda mavjud imkoniyatlardan foydalanib, o’ziga, ota-onasiga, oilasiga va yaqinlariga imkoniyatlar ochish.
Ma’lumki, Kanadaga turist bo’lib kelib va ishlash huquqi bo’lmay turib, noqonuniy bir shaklda ishlab yurish yo’llari ham bor. Bu noqonuniy yo’llar eng oson va eng “mantiqli” bo’lib ko’rinsa ham, lekin ko’plab muammolari, mashaqqatlari va pushaymonliklari bor. Bular haqida kelgusi maqolalarimizdan birida, nasib qilsa, aohida to’xtalamiz.
Rakhmad SOBIROV,
Barrister & Solicitor, Notary Public
________________________________
Rakhmad SOBIROV Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universitetining Xalqaro huquq fakultetini 2003-yilda bitirib, Vengriyaning Budapesht shahridagi Markaziy Yevropa Universitetida (Central European University) Qiyosiy konstitutsiyaviy huquq yo’nalishi bo’yicha (LL.M. in Comparative Constitutional Law) magistraturani bitirgan. Bir necha xalqaro tashkilotlarda, xususan, EXHT Kotibiyatida (Vena, Avstriya) va Xalqaro Jinoiy Sudda (Gaaga, Gollandiya) amaliy tajriba orttirib, Kanadaning Ottava Universitetining huquq fakultetini 2011-yilda tugatgan (Juris Doctor in Common Law).
Hozirgi kunda Kanadaning Toronto shahrida Sobirovs Law (www.sobirovs.com) yuridik firmasini tashkil etib, yurist va notarius faoliyatini olib bormoqda. Ayni paytda Bombardier Aerospace samolyotsozlik korporatsiyasida shartnomalar va muzokaralar olib borish bo’yicha mutaxassis bo’lib ishlaydi. Tashabbus.uz saytida Rakhmad Sobirov tomonidan bildirilgan fikrlar Bombardier Aerospacega tegishli deb hisoblanmasligi kerak.
One Comment