Fuqarolik huquqi

Ikkinchi tomon istamasa ham nikohdan ajratish mumkinmi?

Savol: Nabiramni uch yil ilgari talabalik paytida uylantirdik. Shu orada ikkita farzandli bo’ldi. Ikkinchi farzandlari besh oylik. Hozirgi kunda xotini bilan kelisholmay qolgan. Kelin 2009-yil dekabrda ketib qoldi. Nabiram yarashishni mutlaqo istamayapti, iloj qolmadi. Nohaq tuhmatlar bilan sudga ham berishdi. Oradan ko’p gaplar o’tdi. Ikkita bola uchun alimentni olyapti. Uydan umuman bor narsasini olib ketgan.

Kelin sening uylanishingga yo’l qo’ymayman, senga tinchlik bermayman, «propiska»dan chiqmayman, ajrashmayman ham deb, turli tuhmatlar qiladi. Nevaramni uylantirmoqchiman. Nima qilay, o’n oydan beri ezilib ketdi. Nabiram uylanishga haqlimi?

Javob: O’zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 39-moddasiga binoan, er o’z xotinining homiladorlik vaqtida va bola tug’ilganidan keyin bir yil mobaynida xotinining roziligisiz nikohni buzish to’g’risida ish qo’zg’atishga haqli emas.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining “Sudlar tomonidan nikohdan ajratish haqidagi ishlarni ko’rishda qonunlarni qo’llash amaliyoti to’g’risida”gi qaroriga binoan, bolaning otasi deb qayd etilmagan hollarda ham er bola tug’ilganidan keyin bir yil mobaynida xotinining roziligisiz nikohdan ajralish to’g’risida da’vo qo’zg’atishga haqli emas. Ushbu qoida bola o’lik tug’ilgan yoki bir yoshgacha yashamay, vafot etgan hollarga ham tatbiq qilinishi lozim. Nikohdan ajralish to’g’risidagi ishni qo’zІatish uchun xotinining roziligi bo’lmasa, sud eridan da’vo arizasini qabul qilishni rad etadi, agar qabul qilingan bo’lsa, ish yurgizishni tugatadi. Xotin sudda ish qo’zg’atishdan oldin erining arizasi bo’yicha nikohdan ajralishga rozilik berib, ishni ko’rishda fikri o’zgarsa ham ish yurgizish tugatiladi. Ko’rsatilgan holatlar xotinning o’zi nikohdan ajralish masalasini qo’yishiga to’sqinlik qilmaydi.

Agar xotinning homiladorligi va nikohdan so’ng ajrashishga qarshili ishni apellyatsiya, kassatsiya yoki nazorat bosqichida ko’rish vaqtida ma’lum bo’lib qolsa, ish yuritish shu bosqisda tugatiladi.

Ayni paytda nabirangiz xotinining roziligisiz ikkinchi bolasi bir yoshga to’lmaguncha nikohdan ajralish to’g’risida sudga murojaat qila olmaydi.

6 Comments