Savol: Biz turmush o‘rtog‘im bilan 1994-yilda qonuniy nikohdan o‘tganmiz, oradan bir yil o‘tgach farzandimiz dunyoga keldi. Ammo kelishmovchiliklar sabab ajrashdik va 1996-yil 1-oktyabrda aliment olish to‘g‘risida sud qarori berilgan. 1999-yil yolg‘iz farzandimni o‘ylab erim bilan yarashdim. 2000-yilda ikkinchi farzandim tug‘ildi. Shundan so‘ng erim meni yana tashlab ketdi. Men ikkala farzandim uchun sobiq erimdan aliment ololamanmi? Uning qiymati qancha bo‘ladi?
Javob: Oila kodeksining 99-moddasiga binoan agar voyaga yetmagan bolalariga ta‘minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta‘minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun – to‘rtdan bir qismi, ikki bola uchun – uchdan bir qismi, uch va undan ortiq bola uchun – yarim miqdori undiriladi. Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e‘tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin. Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam ish haqining uchdan bir qismidan kam bo‘lmasligi kerak.
Shuni yoddan chiqarmaslik kerakki, ota-ona voyaga yetmagan bolalarni har jihatdan ta‘minlashi shart. Voyaga yetmagan bolalarga ta‘minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undiriladi.