Konstitutsiyaviy huquq

Ichki ishlar organlariga qarindoshlari sudlanganlar ishga olinadimi?

Savol: Men 2015-yil IIB ga ishga kirish uchun borib, 2016-yil hujjatlarimni topshirdim. 2016-yil 8-dekabr kuni oxirgi bosqich – tanlov testidan o’tishim kerak edi. Ammo quyidagi sabab tufayli testga kirmadim. Keyin IIB Axborot markaziga yozgan arizamiz ijobiy hal bo’lmadi. 2017-yil mart oyidan kuchga kiradigan yangi qonun bo’yicha testga kirasan deyishgandi. Opamdan Jinoyat kodeksini 228-moddasi, 2-qismi, “b” bandi bilan ochilgan jinoyat ishi Jinoyat protsessul kodeksining 84-moddasi, 5-qismi, 2-bandiga asosan ayblilik masalasi hal qilinmasdan turib harakatdan tugatilgan. Tuman Jinoyat ishlari bo’yicha tumanlararo sudining bergan ma’lumotnomasida “sudlanmagan, sudlanganlik holatini olib tashlash uchun zaruriyat mavjud emas” deyiladi. Men kimga, nima deb murojaat qilishni bilmayapman. Yuristlardan tayinli javob ololmadim, IIV ishonch raqami +99871-233-39-39 raqamiga qo’ng’iroq qildim, lekin “alo militsiya” deb uzilib qolaverdi. Aslida qaysi normativ hujjatda yozilgan qarindoshi sudlangan bo’lsa, ishga olinmaydi degan yozuv qayerda bor?

Javob: Lex.uz qonunchilik hujjatlari tizimida olib borilgan qidiruv natijasida O’zbekiston Respublikasi qonunlarida ichki ishlarga ishga kirish uchun oila a’zolari yoki qarindoshlari sudlanmagan bo’lishi lozim degan qoida mavjud emasligi aniqlandi. Shunday qoida Ichki ishlarning ichki qonunosti hujjatlarida bor yoki yo’qligi haqida bizda ma’lumot mavjud emas.

Ichki ishlar organlarining mazkur vaj sababli ishga kirish uchun imtihonni topshirish uchun arizangizni rad etishlari quyidagi sabablarga ko’ra noto’g’ri:

  1. Ichki ishlar organlariga ishga kirish uchun arizachilarning oila a’zolari yoki qarindoshlari sudlanmagan bo’lishi lozim degan qoida mavjud emas. Mazkur vajni keltirayotgan mansabdor shaxs yoki organ uning haqiqatdan qonun hujjatlarida belgilanganligini isbotlashi, ya’ni iqtibos keltirishi lozim. Konstitutsiyanign 30-moddasiga ko’ra, O‘zbekiston Respublikasining barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozim.
  2. Mazkur qoida Ichki ishlar organlarining ichki qonun osti hujjatlarida belgilangan bo’lsa, mazkur qoidani sizga nisbatan qo’llashi noqonuniy holat bo’ladi. Chunki:
    1. Konstitutsiyaning 26-moddasida o’rnatilgan aybsizlik prezumpsiyasiga ko’ra, aybi sudda o’z tasdig’ini topmaguncha jinoiy ishda gumonlanuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi, aybdor emas deb hisoblanadi.
    2. Siz bergan ma’lumotga ko’ra, opangizning ishi tergov jarayonida ayblilik masalasi hal etilmay turib, amnistiya akti asosida tugatilgan. Demak, opangiz hech qachon sudlanmagan. Bundan kelib chiqadiki, Ichki ishlar organlari yuqoridagi vajni sizga nisbatan ishlatishlari noto’g’ri va noqonuniy.
    3. Agar opangiz sudlangan taqdirda ham, u amnistiya akti asosida avf etilgan bo’lsa, sudlanganlik olib tashlanadi. Oliy Sud Plenumining “Sudlanganlik holati tugallanishi va olib tashlanishga oid qonunchilikni qo’llash bo’yicha sud amaliyoti to’g’risida”gi qarorining 5-moddasiga ko’ra, sudlanganlik holati tugallangan yoki olib tashlangan paytdan boshlab shaxs sudlanmagan hisoblanib, ushbu shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligi fakti va uning uchun sudlanganlik bilan bog’liq barcha huquqiy oqibatlar qat’iyan va so’zsiz bekor bo’ladi. Demak, Ichki ishlar organlari yuqoridagi vajni sudlanganligi olib tashlangan yoki tugatilgan shaxslarga (ularning qarindoshlariga) nisbatan ham ishlata olmaydi.
  3. Ichki ishlar organlarining ichki tartib, qoida va nizomlari omma uchun ochiq emasligi sababli, mazkur qoida ichki qonunosti aktlarida bor yoki yo’qligi haqida ma’lumotga ega emas. Mazkur qoida qonunosti aktlarida o’z ifodasini topgan holda ham, Tashabbus tahririyati mazkur qoida Sovet tuzumidan qolgan sarqit deb hisoblaydi. Mazkur qoida (agar mavjud bo’lsa) O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida belgilangan demokratik prinsiplar, jumladan teng huquqlilik  prinsipшga zid keladi.

O’z buzilgan huquqlaringizni tiklash uchun, mazkur sabab bilan sizni imtihonga kiritmagan shaxs yoki organ ustidan yuqori turuvchi mansabdor shaxs va/yoki organgan (viloyat, Respublika) maqolada keltirilgan asoslar bilan shikoyat qilishni tavsiya qilamiz. Bundan tashqari, Ichki ishlar organlarining, Prezident va boshqa tegishli organ hamda mansabdor shaxslar virtual qabulxonalariga o’z huquqingizni talab qilgan holda shikoyat qilishni tavsiya qilamiz. Ichki ishlar organlari tarkibida ijobiy o’zgarishlarni amalga oshirish boshlangan davrda, mazkur (yozilmagan) qoida ham batamom o’chirilishi lozim deb hisoblaymiz. Siz yuqori turuvchi mansabdor shaxslarga shikoyatlaringiz bilan mazkur muhim jihatni ularning e’tiboriga havola qilasiz deb umid qilamiz.

Comments are closed.