Sharh

Ichki ishlar organlari to’g’risidagi qonunga qisqa sharh: kuch ishlatish asoslari va tartibi

Ichki ishlar organlari to’g’risidagi Qonunning (Qonun) ahamiyati va asosiy muammolari haqida avvalgi maqolamizda yozgan edik. Ushbu maqola Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kuch ishlatish asoslari va tartibi qonunda qanday bayon qilingani haqida. Qonuniy kuch ishlatish shartlari Qonunning 21-moddasida belgilangan. Mazkur Qonun qabul qilinishidan avval Ichki ishlar xodimlari tomonidan kuch ishlatish tartibi alohida qonun bilan tartibga solinmagan edi. Shu nuqtai nazardan qaralganda, yangi Qonunda kuch ishlatish asoslari qonuniy tartibga solinishi muhim ahamiyat kasb etadi.

​​​Ijtimoiy shartnoma

Davlat organlari tomonidan kuch ishlatish haqida gapirar ekanmiz, ijtimoiy shartnoma tushunchasini eslatib o’tish kerak. Kuch ishlatish vakolati ijtimoiy shartnoma nazariyasiga asoslanadi. Ijtimoiy shartnomaga ko’ra, fuqaro va davlat o’rtasidagi munosabatlar ma’lum huquq va majburiyatlar asosida quriladi. Bunda ikki tomon o’z zimmasiga bir qator majburiyatlarni oladi. Mana shu majburiyatlarni bajarish, o’z navbatida, ikki tomonga huquq, imtiyoz va vakolatlar beradi. Masalan, fuqaro davlat qonun-qoidalariga bo’ysunishni, soliq to’lashni, davlat boshqaruvida hokimiyat organlari orqali ishtirok etishni va vaziyat taqozo etganda, o’z mamlakatini himoya qilish uchun harbiy safarbarlikni o’z zimmasiga oladi. Davlat esa hokimiyat bo’linishi, qonun ustuvorligi, fuqarolarning haq-huquqlari va xavfsizligi, davlat organi va xodimlari xalq manfaatlari uchun faoliyat yuritishini ta’minlash kabi majburiyatlarni oladi. Shu sababli, fuqaro o’z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmaganda davlat o’zining majburlov va kuch ishlatish tizimini ishga soladi. Masalan, fuqaro jinoyat sodir etganda, jabr ko’rgan kishi davlatning kuch ishlatar organlari tomonidan himoya qilinishi kerak.

Ammo ​davlat tomonidan kuch ishlatilishi​ shaxs huquq va erkinliklari cheklanishining eng keskin va ba’zan shafqatsiz ko’rinishi bo’lgani uchun, ​davlat organi xodimlarining kuch ishlatish vakolatlari tegishli qonunlar bilan batafsil tartibga solinishi kerak.

​Kuch ishlatish asoslari ​

Qonunning 21-moddasiga binoan, kuch ishlatishning uch ko’rinishi bor: jismoniy kuch, maxsus vositalar va o’qotar qurolni qo’llash. Xodim kuch ishlatish huquqiga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina ega.

Har qanday kuch ishlatishdan avval Ichki ishlar xodimi uchta asosiy talabga qat’iy rioya etishi shart:

  1. Yaroqlilik: Xodim kuch ishlatish bilan bog’liq sharoitlardagi harakatlarga kasbiy yaroqliligini tekshirish uchun davriy tekshiruvdan o’tgan bo’lishi va tegishli sertifikat olishi kerak. Afsuski, Qonun yaroqlilik tekshiruvi qaysi asoslarga ko’ra amalga oshirilishi masalasiga aniqlik kiritmaydi. Xodim tomonidan kuch ishlatish vakolatining suiiste’mol qilinishi xavfini kamaytirish uchun, yaroqlilik tekshiruvi talablari aniq belgilangan va ularga qat’iy rioya etilishi ta’minlanishi kerak. Masalan, asossiz yoki nomutanosib ravishda kuch qo’llagan xodimni tegishli ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortish bilan birga, Ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan butunlay mahrum etish maqsadga muvofiq bo’ladi.
  2. Ogohlantirish: Kuch qo’llashdan avval xodim kuch ishlatish niyati to’g’risida aniq ifodalangan ogohlantirish berishi kerak. Mazkur talabdan quyidagi ikki holat istisno: [a] ogohlantishning imkoni bo’lmaganda; yoki [b] kuch ishlatishni kechiktirish fuqarolarning yoki xodimning hayoti va sog’lig’iga bevosita xavf tug’diradigan holat bo’lganda. Demak, faqat qurol qo’llashda emas, balki barcha turdagi kuch ishlatishdan avval xodim ogohlantirish berishi kerak. Masalan, tayanch punktiga borishdan bosh tortayotgan shaxsga qarshi kuch ishlatishdan oldin, qisqa bo’lsa ham, “Qonuniy talabimga itoat qilmasangiz kuch ishlatishga majbur bo’laman” ma’nosida ogohlantirish berilishi talab etiladi. Muammo shundaki, Qonun bunday ogohlantirish berilgani ustidan nazorat o’rnatmaydi. Masalan, ogohlantirish bermagan xodim “Ogohlantirish berdim,” – deb iddao qilsa, bu holat qanday isbotlanadi va kimning ustiga yuklanadi? Bunday holatning oldini olish uchun, fuqarolar Ichki ishlar xodimlari bilan bo’lgan munosabatlarni hujjatlashtirishga harakat qilishlari kerak. Bunda kuch ishlatishga guvoh bo’lgan shaxslarning ism-shariflari va telefonlari yozib olinishi va xodim harakatlarini telefonga qayd etish tavsiya etiladi.
  3. Mutanosiblik: Kuch ishlatish yuzaga kelgan vaziyat va shaxs xatti-harakatining xususiyati va xavflilik darajasiga mutanosib bo’lishi kerak. Bunda xodim iloji boricha shaxsga zarar yetkazmaslikka intilishi shart. Masalan, asosli ravishda tayanch punktiga borishni talab etgan xodimga qarshilik ko’rsatgan shaxs qo’liga kishan solish va tayanch punktiga olib ketish uchun kuch ishlatishga ruxsat beriladi. Ammo qo’liga kishan solingan kishini zarurat bo’lmagan holda urib-tepkilash mutanosiblik talabini buzadi.

Kuch ishlatilgandan keyin rioya etilishi shart bo’lgan talablar quyidagicha:

  1. Kuch ishlatish natijasida tan jarohati olgan fuqarolarga birinchi yordam ko’rsatilishi;
  2. Imkon qadar qisqa vaqt ichida tibbiy yordam ko’rsatilish choralari ko’rilishi;
  3. Jarohat olgan fuqaroning qarindoshlari 24 soat ichida xabardor etilishi;
  4. Kuch ishlatilgani haqida xodim bevosita boshlig’iga darhol axborot berishi;
  5. Kuch ishlatish natijasida yetkazilgan har-qanday zarar haqida xodim darhol prokurorga habar berishi shart.

Kuch ishlatilgandan keyin rioya etilishi shart bo’lgan talablarda quyidagi kamchiliklarni ko’rish mumkin.

Birinchidan, jarohat olgan fuqaroning qarindoshlarini xabardor etish uchun 24 soat berilishining sababini tushunish qiyin. Xodim tomonidan kuch ishlatilishi natijasida hushini yo’qotgan kishi taqdiri va sog’lig’i haqida xabardor bo’lish uchun yaqinlari 24 soat kutishlarini huquqiy yoki amaliy jihatdan asoslab bo’lmaydi. Mazkur qoidadan farqli o’laroq, Qonun yetkazilgan zarar haqida prokurorni darhol xabardor qilish kerakligini aytadi. Prokuror darhol xabar qilingani bilan jarohat olgan kishining na jismoniy, na ruhiy holatida ijobiy o’zgarish ro’y beradi. Fikrimizcha, jarohat olgan kishining yaqinlari eng qisqa vaqt ichida xabardor etilishi kerak. Ichki ishlar organlari xodimlari juda og’ir ish tartibi va sharoitlarida ishlashlarini hisobga olgan taqdirda ham, bu muddat 4-6 soatdan ortiq bo’lmasligi kerak.

Bundan tashqari, tibbiy yordam ko’rsatilishi “imkon qadar qisqa vaqt ichida” deb belgilanishi ham bir qator amaliy muammolar tug’diradi. Masalan, qay holatlarda “imkon qadar qisqa vaqt ichida”

​yordam  ko’rsatildi deb topiladi? Xodim tomonidan kuch ishlatilishi natijasida jag’i singan fuqaro oldin so’roqqa tutilishi, keyin tibbiy yordam ko’rsatilishi mazkur qoida talablariga muvofiq bo’ladimi? Yoki tibbiy yordam berishdan oldin jarohat ko’rgan kishiga turli talablar qo’yilishi, masalan, iqrornomaga qo’l qo’yishni talab qilishchi? Xodim tomonidan kuch ishlatilishi natijasida jiddiy jarohat ko’rgan fuqaro uchun tibbiy yordam chaqirilishi kifoyami yoki xodim uni bevosita o’zi kasalxonaga olib borishi kerakmi?

Jismoniy kuch ishlatish

Yuqorida har qanday kuch ishlatishdan avval va keyin Ichki ishlar xodimlari qat’iy rioya etishi shart bo’lgan talablar muhokama qilindi. Endi e’tiborni bevosita kuch ishlatish turlariga qaratamiz.

​ Qonun kuch ishlatishning asosiy uch ko’rinishi haqida gapiradi:

  1. Jismoniy kuch ishlatish;
  2. Maxsus vositalardan foydalanish; va
  3. O’qotar qurolni qo’llash.

Qonunning 22-moddasiga ko’ra, jismoniy kuch ishlatish ichiga ​kurashning jang usullarini qo’llash ham kiradi. Jismoniy kuchni faqat quyidagi holatlarda qo’llash mumkin:

  1. Jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarliklarga chek qo’yish uchun;
  2. Jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni huquqni muhofaza qilivchi organga olib borish va bu shaxsni ushlab turish uchun;
  3. Xodimning qonuniy talablariga qarshilik ko’rsatilishini bartaraf etish uchun.

​Jismoniy kuch ishlatish qonuniyligini har bir vaziyatda alohida tahlil etish talab etiladi. Bunda asosiy e’tibor jismoniy kuch ishlatishning mutanosibligiga qaratilishi kerak. Masalan, DAN xodimidan qochgan haydovchi boshi berk ko’chaga kirib qolishi natijasida mashinasini to’xtatgan bo’lsa va DAN xodimi talablariga qarshilik ko’rsatmayotgan bo’lsa, DAN xodimi unga qo’l kishanini taqib olib ketishi mumkin, ammo jang usullarini qo’llab, haydovchini urib-tepishi mutanosiblik qoidasini buzadi. Natijada, DAN xodimi, haydovchi ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan bo’lsa ham, unga qarshi noqonuniy jismoniy kuch ishlatgan bo’ladi.

Maxsus vositalarni qo’llash

Qonunning 23-moddasiga binoan, maxsus vositalarga, jumladan, quyidagilar kiradi: rezina tayoqlar, ko’zdan yosh oqizuvchi moddalar, qo’l kishanlar, elektroshok qurilmalari, xizmat hayvonlari, transport vositalarini majburiy to’xtatish vositalari, tinchlantirish ko’ylagi, zirhli mashinalar va to’siq-g’ovlarni bartaraf etuvchi vositalar.

Maxsus vositalarni, jumladan, qiyidagi hollarda qo’llashga ruxsat beriladi:

  1. Fuqaroga yoki xodimga qilingan hujumni qaytarishda;
  2. Ichki ishlar organi xodimiga qarshilik ko’rsatilishiga check qo’yishda;
  3. Jinoyatni sodir etish chog’ida yoki uni sodir etganidan keyin darhol ko’rib qolingan, yashirinishga urinayotgan shaxsni ushlashda;
  4. Qurolli qarshilik ko’rsatishi mumkin bo’lgan shaxsni ushlashda;
  5. Fuqarolarning hayoti va sog’lig’iga, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi ommamiy tartibsizliklarga hamda boshqa g’ayriqonuniy xatta-harakatlarga chek qo’yishda.

 Maxsus vositalarning qo‘llanilishi uchinchi shaxslarning hayoti, sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasligi va mol-mulkiga zarar yetkazmasligi kerak.

​Qonun odamning boshiga, bo‘yniga, o‘mrov suyagiga, qorniga, jinsiy a’zolariga, yurak sohasiga rezina tayoq bilan zarbalar berishni taqiqla​ydi. Demak, rezina tayoq bilan zarbalar ​kishining asosan qo’l va oyoqlarigia berilishi mumkin.

​ ​Afsuski, qonun qo’l kishanlari va elektroshok qurilmalaridan foydalanish qoidalarini belgilamaydi. ​Masalan, qo’l kishan taqishda gumondor bilagining qalinligi e’tiborga olinishi kerak. Ba’zi holatlarda, Ichki Ishlar xodimlari qasddan bilagi yo’g’on bo’lgan shaxsga kichik qo’lkishan taqish orqali o’ta keskin og’riq berishlari mumkin. Xuddi shu yo’sinda, ekeltroshok qurilmasini odam tanasining qaysi qismlariga qo’llash mumkinligi aniq belgilanishi kerak. Fikrimizcha, elektroshok qurilmasidan foydalanish qoidalari rezina tayoqni qo’llash qoidalariga yaqin bo’lishi kerak, ya’ni kishining boshiga, bo’yniga, o’mrov suyagiga, jinsiy a’zolariga va yurak sohasiga elektroshok qurilmasini ishlatish taqiqlanishi kerak.

​ ​Homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlik belgilari ko‘rinib turgan shaxslarga, voyaga yetmaganlarga nisbatan maxsus vositalarning qo’llanilishi taqiqlanadi.

Shuningdek, kuch ishlatmasdan, jamoat tartibini, transport, aloqa vositalari va tashkilotlarning ishini buzmasdan o‘tkazilayotgan g‘ayriqonuniy yig‘ilishlar, mitinglar, namoyishlar, ommaviy chiqishlar va piketlarni bartaraf etish chog‘ida maxsus vositalarning, shu jumladan, gazli hamda shikastlantiruvchi qurolning qo‘llanilishi taqiqlanadi.

Bunday qoidaning kiritilganligi maqtovga loyiq. Yig’ilishlar, mitinglar, namoyishlar, ommaviy chiqishlar va piketlar, g’ayriqonuniy bo’lgan taqdirda ham, agar kuch ishlatmasdan, jamoat tartibini, transport, aloqa vositalari va tashkilotlarning ishini buzmasdan o’tkazilayotgan bo’lsa, bartaraf etish uchun maxsus vositalarni qo’llash taqiqlanadi.

O’qotar qurolni qo’llash

Qonunning 24-moddasiga ko’ra, Ichki ishlar organi xodimi, jumladan, quyidagi hollarda o‘qotar qurolni qo‘llash huquqiga ega:

  1. Fuqarolarni yoxud o‘zini hayot yoki sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan, zo‘rlik ishlatish bilan qilingan hujumdan himoya qilishda;
  2. Garovdagilarni ozod qilishda;
  3. O‘ta og‘ir jinoyatni sodir etish chog‘ida ko‘rib qolingan va yashirinishga urinayotgan shaxsni ushlashda, agar boshqa vositalar bilan bu shaxsni ushlash imkoni bo‘lmasa;
  4. Qurolli qarshilik ko‘rsatayotgan shaxsni, shuningdek, yonidagi qurolni yoki boshqa taqiqlangan ashyolarni topshirish to‘g‘risidagi qonuniy talabni bajarishni rad etayotgan shaxsni ushlashda.

​Ayollarga, nogironlik belgilari ko‘rinib turgan shaxslarga, yoshi aniq ko‘rinib turgan yoki ma’lum bo‘lgan voyaga yetmaganlarga nisbatan o‘qotar qurolni qo‘llash taqiqlanadi.​

Ichki ishlar organining xodimi o‘qotar qurolni qo‘llashdan oldin ogohlantirishi shart, bundan uning hayotiga yoki fuqarolarning hayotiga bevosita xavf tahdid solayotgan hollar mustasno.

​Nazarimizda Qonun o’qotar qurol qo’llashni batafsilroq tartibga solishi kerak edi. Masalan, o’qotar qurolni qo’llash holati mavjud bo’lganda, Ichki ishlar xodimi o’qni ogohlantirish uchun avval havoga otishi, shundan keyin iloji boricha shaxsning oyog’iga qarab o’q uzish kerakligi belgilanishi kerak edi. Tabiiki, Ichki ishlar xodimi hayoti uchun xafv soladigan holatlar mavjud bo’lganda xodim o’qni ogohlantirishsiz to’g’ridan-to’g’ri hujum etayotgan shaxsga qarata uzishi mumkin.

Noqonuniy kuch ishlatganlik uchun javobgarlik

​21-moddaga ko’ra, Kuch ishlatish chog’ida o’z vakolatlari doirasidan chiqish qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo’ladi. Agar kuch qonunda belgilangan asoslar bo’yicha va tartibda amalga oshirilgan bo’lsa, xodim yetkazilgan zarar uchun javobgar bo’lmaydi. Demak, noqonuniy kuch ishlatgan xodimni javobgarlikka tortish uchun mazkur holatga tegishli bo’lgan barcha holatlarni hujjatlashtirib borish kerak.

​​Masalan, jabr ko’rgan kishi yoki uning oila a’zolari bo’lib o’tgan voqeani va jarohatlarni hujjatlashtirish uchun darhol doktorga murojaat etishlari, doktorga jarohat yeri va og’riqlarni aniq tasvirlab berishlari, barcha bayon etilgan holatlar to’g’ri hujjatlashtirilishini nazorat qilishlari tavsiya etiladi. Barcha hujjatlar tayyor to’lgandan keyin tegishli yuqori turuvchi idoralarga yozma shikoyat topshirishlari kerak.

O’QING: Ichki ishlar organlari haqidagi qonunga sharh

Comments are closed.