Dolzarb mavzu, Konstitutsiyaviy huquq, Maqolalar, Sharh, Xabarlar

Huquqshunos minbari: Maktablarni moliyalash uchun kim masʼul?

Amaldagi qonunchilikka koʻra, har kim bilim olish huquqiga ega boʻlib, davlat bepul umumiy taʼlim olishni kafolatlaydi. Mazkur huquq taʼminlanishi uchun umumtaʼlim maktablarini taʼmirlash maqsadida ham davlat byudjetidan, ham mahalliy hokimiyatdan har yili mablagʻ ajratilishi belgilangan. Butun boshli jamgʻarma ham faoliyat koʻrsatmoqda. Shunga qaramasdan, oʻtgan haftalarda ijtimoiy tarmoqlarda abgor holatda boʻlgan maktablar keng muhokamaga sabab boʻldi. Qolaversa, umumiy taʼlim muassasalarida ota-onalardan turli bahonalar bilan pul yigʻib olish ham odatiy holga aylangan. Xoʻsh, abgor ahvolda boʻlgan umumtaʼlim maktablari uchun kim masʼul? Bu masalaga eʼtiborsizlik koʻrsatayotgan mansabdor shaxslarga qarshi huquqiy chora bormi?

Maktab va kollejlarni moliyalash davlat organlarining majburiyatlari

Bepul umumiy taʼlimni kafolatlash davlatning umumiy taʼlim bilan bogʻliq boʻlgan asosiy sarf-xarajatlarni oʻz zimmasiga olishini anglatadi. Shu sababli, Taʼlim toʻgʻrisidagi Qonunning 31-moddasida davlat taʼlim muassasalarini moliyalash respublika va mahalliy byudjetlar mablagʻlari, shuningdek, byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan amalga oshirilishi belgilangan. Umumtaʼlim maktabi toʻgʻrisidagi Nizomga koʻra, davlat maktab faoliyati va uni rivojlantirishning moddiy-texnik, moliyaviy va boshqa ehtiyojlarining qondirilishini taʼminlaydi (I-bob, 8-band).

Qonunchilik umumiy qoidalar bilan cheklanmasdan, taʼlim bilan bogʻliq boʻlgan alohida ehtiyojlar uchun kim masʼul ekanligini aniq sanab oʻtadi. Jumladan, taʼlimni rivojlantirishga oid 1) maqsadli eksperimentlar, 2) istiqbolli pedagogik dasturlarni ilgari surgan eksperimental va boshqa maktablarning faoliyati Xalq taʼlimi vazirligining markazlashgan fondi hisobidan moliyaviy taʼminlanishi mumkinligi aytiladi (VI-bob, 5-band).

Hokimliklar esa maktablarga zarur inshootlar va binolar, muhandislik kommunikatsiyalari, yer maydonlari, oʻquv qurollari, inventarlarni yetkazib beradi; maktab binolari va inshootlarini oʻz vaqtida asosli va joriy tuzatib berishni, maktablarni asbob-uskunalar bilan taʼminlashni oʻz zimmasiga oladi (VI -bob, 11-band).

Demak, maktablar uchun kerak boʻladigan har qanday mablagʻ va xarajatlarning qoplanish tartibi huquqiy jihatdan aniq belgilangan. Bu degani maktabda yuqorida tilga olingan muammo yoki ehtiyojlardan biri kuzatilganda, maktab maʼmuriyati va ota-onalar birinchi navbatda hokimiyat va mahalliy Xalq taʼlimi boshqarmasidan kerakli mablagʻ ajratilishini talab qilishlari kerak.

Amalda esa rasmiy hujjat talablari bajarilmayotganini koʻramiz. Bu holatda maktab va oʻquvchilarning ota-onalari qanday ish tutishi mumkin?

Maktab direktorining huquq va majburiyatlari

Nizomga koʻra, maktab direktorlari davlat va jamoat tashkilotlarida maktab manfaatlarini ifodalaydilar. Ular maktab kengashi, mahalliy hokimlik oldida oʻz faoliyati uchun javob beradi va ularga vaqti-vaqti bilan hisob berib turadi. Direktorlar moliyaviy taʼminlashning turli manbalaridan foydalanib, maktabning oʻz fondini tashkil qiladilar. Direktorlar oʻquv-tarbiya jarayonini rejalashtiradi va tashkil qilish, maktab dasturlarining bajarilishini nazorat qilish, maktab ishlarining sifati va samaraliligiga, bolalikni va mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishiga javob beradi.

Yuqorida sanab oʻtilgan vazifalarni bajarish moddiy taʼminot bilan chambarchas bogʻliq. Zero maktabni taʼmirlash, qurilish, moddiy-texnik va boshqa ehtiyojlari qondirilishi uchun hamisha mablagʻ kerak. Shunday ekan, maktablardagi oʻquv jarayoni bilan bogʻliq boʻlgan ehtiyojlarni bajarish uchun maktab direktori tegishli hokimlik va Xalq taʼlimi vazirligining mahalliy boshqarmalari bilan yaqindan ishlashi kerak.

Demak, maktabning har qanday moliyaviy ehtiyojlari haqida maktab direktori xabardor boʻlib, maktab uchun qoʻshimcha mablagʻ topish majburiyati aynan maktab direktori zimmasida. Maktab uchun qoʻshimcha mablagʻlar bilan tegishli boʻlgan muammolarni hal etish uchun maktab direktori mablagʻ ajratilishini kutmasdan, tegishli davlat organlari va hokimiyatga mustaqil iltimosnoma bilan murojaat qilishi kerak.

Albatta, maktab direktori qoʻshimcha mablagʻ qidirib tegishli davlat idoralariga murojaat qilishi bilan moddiy yordam ajratiladi, deb hech kim kafolat bermaydi. Ammo eng kamida maktab direktori rasman majburiyatlari doirasida qoʻshimcha mablagʻ topish uchun barcha choralarni koʻrishi va bu boradagi saʼyi-harakatlarini hujjatlashtirishi kerak. Aks holda, maktab direktori jinoiy yoki maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin (masalan, Jinoyat Kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) yoki 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) asosida).

Qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka tortilmaslik uchun maktab direktori maktabga qoʻshimcha mablagʻ topish borasida amalga oshirgan barcha harakatlarini hujjatlashtirib borishi kerak. Bu bilan maktab direktori maktab faoliyatini moddiy-texnik va boshqa ehtiyojlarini qondirish uchun qachon va qanday chora koʻrganini koʻrsata oladi. Bundan tashqari, maktab direktori har gal rasmiy murojaat qilganda tegishli davlat organi yordam bermagan taqdirda, mazkur davlat organining harakatsizligi ham hujjatlashtirilgan boʻladi. Shu bilan birga, qaysi hududda joylashgan maktablardan eng koʻp qoʻshimcha mablagʻ talabi kelayotganini kuzatish orqali u yerda aynan qanday muammolar bor ekanligini kuzatish orqali aynan qanday choralar koʻrish shart ekanligini aniqlash osonroq boʻladi.

Ota-ona va homiylar yordami vaqtincha yechim sifatida

Davlat tomonidan ajratilayotgan pullar yetarli boʻlmasa, mablagʻlar vaqtida ajratilmasa yoki bu boradagi maktab direktori harakatlari samara bermasa, maktab direktori oʻquvchilarning ota-onalari yoki homiylardan moddiy yordam olishi mumkinmi?

Joriy yilning aprel oyida maktablarda pul yigʻish masalasi boʻyicha Adliya Vazirligi birinchi marta munosabat bildirib, Xalq taʼlimi Vazirligiga xat yuborgani xabar qilindi. Adliya Vazirligining munosabati umumtaʼlim maktablarida taʼmirlash uchun ota-onalardan pul yigʻish noqonuniy, deb xulosa chiqarishga sabab boʻldi. Fikrimizcha, maktablarda pul yigʻilishi amaldagi qonunchilikni buzmaydi.

Umumtaʼlim maktabi toʻgʻrisidagi Nizomning VI-boʻlimi maktablarning moliya-xoʻjalik faoliyatiga bagʻishlangan boʻlib, maktabning moliyaviy mablagʻi davlat byudjeti va maktabning boshqa manbalari hisobiga shakllanishi aytiladi. Maktabning oʻz mablagʻlari, jumladan, davlat, tashkilotlar, ota-onalar va boshqa fuqarolarning ixtiyoriy badallari hisobiga shakllanishi mumkin. Demak, ixtiyoriy boʻlgan taqdirda, maktablarda ota-onalardan yoki homiylardan pul yigʻish noqonuniy hisoblanmaydi.

Ota-ona tomonidan berilgan toʻlovlar qachon majburiy tus oladi?

Ota-onalar tomonidan toʻlanadigan badallar va boshqa koʻrinishdagi xayr-ehson harakatlari ixtiyoriy boʻlishi kerak. Ota-onani turli yoʻllar bilan pul toʻlashga majbur qilish noqonuniy hisoblanib, har bir ota-ona bunga qarshi qonuniy choralarni koʻrishi shart.

Majburiy toʻlovlar turli xil koʻrinishda boʻlishi mumkin. Masalan, pul toʻlanmagan taqdirda, oʻqituvchi oʻquvchini sinf oldida kamsitishi yoki tanbeh berishi mumkin. Yoki boʻlmasa, yangi oʻquvchini maktabga qabul qilish uchun ota-onadan maktab fondi uchun pul oʻtkazishini shart qilib qoʻyishi mumkin. Demak, ota-ona maktab maʼmuriyati soʻragan pulni yoki boshqa koʻrinishdagi yordamni bermagani uchun farzandiga qarshi qilingan har qanday bosim noqonuniy hisoblanadi.

Ixtiyoriy toʻlovlarni nazorat qilishning ahamiyati

Aytaylik, davlat tomonidan yetarli mablagʻ ajratilmayapti. Maktab rahbariyati ota-onalardan qonunchilikda ruxsat etilgan usulda pul yigʻishga kirishdi. Bunda ota-onalar rozilik bildirgan taqdirda ham, barcha toʻplangan mablagʻlar rasmiylashtirilishi kerak. Aks holda, ota-onalardan yigʻilgan mablagʻlar qanday tasarruf etilayotganini nazorat qilish qiyin boʻladi. Masalan, ota-onalar majlisida sinf rahbari raqs toʻgaragini ochish uchun qoʻshimcha 3 000 000 soʻm qoʻshimcha mablagʻ zarurligini aytsa va ota-onalar mazkur pulni yigʻib berishga rozilik bildirsa, pul kim tomonidan va qay koʻrinishda yigʻilishi (masalan, bank hisobiga pul oʻtkazish yoki naqd pul toʻlash), mablagʻ qaysi maqsadlar uchun sarflanishi (masalan, raqs toʻgaragi olib boriladigan xonani taʼmirlash va jihozlash), mablagʻ koʻzlangan maqsadlarda sarflanishini kim nazorat qilishi, mablagʻlar qanday sarflangani haqida ota-onalarga qachon va qay koʻrinishda hisobot berilishi kabi masalalar haqida rasmiy hujjat tuzilishi shart (bayonnoma koʻrinishida boʻlishi mumkin).

Ota-ona oʻz ixtiyori bilan pul toʻlashga qaror qilganda, mablagʻni iloji boricha maktab bank hisobiga oʻtkazish kerak. Bu oʻz navbatida pul oʻtkazilganligini isbotlashni osonlashtiradi. Shu bilan birga, maktab rahbariyati mazkur mablagʻ qanday sarflangani haqida hisobot berishini osonlashtiradi. Ota-ona pulni naqd toʻlagan taqdirda esa, pulni qabul qilib olgan oʻqituvchidan qachon, qanday miqdorda va nima maqsadlar uchun pul olingani haqida tilxat tuzib, oluvchi va beruvchi tomonidan imzolanishi kerak. Ota-onalar tomonidan shunday hujjat tuzilishining nazorat qilinmasligi toʻplangan mablagʻlarning koʻzlangan maqsadlar uchun sarflanmasligiga yoki umuman mablagʻ behuda sovurilishiga olib kelishi mumkin.

Yuqoridagi tavsiyalarga rioya etmaslik umumiy taʼlim uchun ham davlat, ham fuqarolar tomonidan qilinayotgan xarajatlar haqida aniq taassurotga ega boʻlish imkonini cheklaydi. Masalan, har yili umumtaʼlim maktablarini taʼmirlash uchun davlat tomonidan 100 mlrd. soʻm pul ajratilayotgan boʻlsa, mazkur miqdor umumiy taʼlim muassasalarini moliyalash uchun yetarlimi yoki yoʻqmi, hozircha bu haqda xulosa chiqarish qiyin. Sababi, ota-onalar va homiylar ham katta miqdorda toʻlovlarni amalga oshirmoqda. Davlat har yili 100 mlrd. soʻm ajratsayu, yillik ota-ona va homiylardan kelib tushayotgan toʻlovlarning umumiy miqdori 50 mlrd. soʻmni tashkil qilayotgan boʻlsa, demak davlat umumiy taʼlim muassasalari uchun ajratilayotgan pulni eng kamida 50% orttirmogʻi lozim.

Qachon, kimga va qanday shikoyat qilish mumkin?

Maktab ehtiyojlari uchun qoʻshimcha mablagʻ kerak boʻlganda, masalan qurilish yoki taʼmirlash ishlari uchun, ota-onalar birinchi navbatda maktab direktori bilan uchrashib, bu borada qanday choralar koʻrilayotganini soʻrashlari kerak. Ota-onalar birinchi navbatda maktab direktoridan maktabning moddiy ehtiyojlarini qoplash uchun qanday choralar koʻrganini soʻrashlari kerak. Buning uchun alohida ruxsat kerak emas. Axborot izlash va olish har bir fuqaroning konstitutsiyaviy huquqi (29-modda, Konstitutsiya). Qolaversa, mazkur huquq bir qator qonun hujjatlari bilan ham kafolatlanadi (masalan, «Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida»gi Qonunga qarang).

Bordiyu, maktab direktori majburiyatlari va vakolatlari doirasida qoʻshimcha mablagʻ topish uchun barcha choralarni koʻrgan boʻlsa, unda ota-onalar maktab direktori iltimosnomalarini eʼtiborsiz yoki harakatsiz qoldirgan hokimiyat va/yoki mahalliy Xalq taʼlim vazirligi boshqarmasi bilan uchrashib, tushuntirish talab qilishlari kerak. Buning uchun ham mansabdor shaxsning alohida ruxsati kerak emas. Yuqorida tilga olingan huquqiy asoslar yordamida tegishli mansabdor shaxs bilan bogʻlanib, maktab uchun kerak boʻlgan mablagʻlarni ajratishdagi muammolar sababini tushuntirib berishlarini talab qilishi mumkin.

Mabodo hokimiyat va mahalliy Xalq taʼlim vazirligi boshqarmasi amaliy yordam koʻrsatmagan taqdirda, fuqarolar hamisha Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi yoki sudga murojaat qilishlari mumkin. Prokuraturadan qonunlar ijrosi taʼminlanishini, suddan esa tegishli mansabdor shaxslarga qarshi majburiy choralar koʻrilishini soʻrab ariza topshirish mumkin.

Rasmiy idoralar bilan boʻlgan barcha aloqalarni iloji boricha yozma amalga oshirish kerak. Shunda ariza yoki shikoyat qachon va kimning nomiga yuborilganligini koʻrsatish oson boʻladi.

Mirakmal Niyazmatov, huquqshunos

Comments are closed.