Savol: O’zbekistondagi chet el xususiy firmasida ishlaydigan xodim homiladorlik ta’tiliga chiqayotganda homiladorlik nafaqasini olishga haqqi bormi? Umuman, homiladorlik nafaqasi qay tartibda to’lanadi?
Javob: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 12-moddasiga asosan, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga to‘liq yoki qisman tegishli bo‘lgan va O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan korxonalarda O‘zbekiston Respublikasining mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari qo‘llaniladi. Yuqoridagi moddadan ma’lum bo‘ladiki, Siz to‘liq homiladorlik nafaqasini olishga haqlisiz.
Xuddi shu Kodeksning 233-moddasiga ko’ra, ayollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda — yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.
Homiladorlik va tug‘ish ta’tili jamlangan holda hisoblab chiqilib, tug‘ishga qadar amalda bunday ta’tilning necha kunidan foydalanilganidan qat’i nazar ayolga to‘liq beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish Vazirining 2002-yil 1-aprel, 21-sonli “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi Buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga asosan, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa belgilangan tartibda taqdim etilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi asosida beriladi. Mehnatga layoqatsiz varaqasi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash Vazirligining “Mehnatga layoqatsizlik varaqalari va ma’lumotnomalar berish tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnoma”siga asosan, fuqaro ro‘yxatdan o‘tgan yashash joyidagi davlat tug‘riqxonalarida beriladi.
Yuqoridagi Nizomning 48-bandiga muvofiq, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa ish haqining 100 foizi miqdorida beriladi.
Homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin unga bolasi 2 yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta’til beriladi. Bu davrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamlarini aniq yo‘naltirilgan tarzda qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish to‘g‘risida”gi 2002-yil 25 yanvarda qabul qilingan Farmoniga muvofiq, o‘sib kelayotgan yosh avlodning jismoniy, aqliy va ma’naviy jihatdan barkamol insonlar bo‘lib yetishishi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida bola 2 yoshga to‘lgunga qadar uni parvarish qilish bo‘yicha onalarga beriladigan nafaqalar miqdori 2002-yilning 1-fevralidan boshlab eng kam ish haqining 170 foizi, 2003-yilning 1-yanvaridan boshlab esa 200 foizi miqdorida belgilangan.
Shu kodeksning 237-moddasiga asosan, homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishga yo‘l qo‘yilmaydi va ish o‘rni saqlanib qoladi.