Maqolalar, Vijdon erkinligi

Hijobli ayollar sudda o’zini qanday himoya qilishi kerak? (Ikkinchi maqola)

Birinchi maqola: Hijobli ayollar o’z huquqlarini qanday himoya qilishi kerak?

Birinchi maqolamizda jamoat joylarida militsiya tomonidan to’xtatilgan va “ibodat libosi kiyib yurgani uchun” huquqbuzarlikka tortilgan ayollarga bu xatti-harakat ustidan zudlik bilan yuqori organlarga shikoyat qilishni tavsiya qilgan edik.

Navbatdagi maqolamizda ushbu huquqiy holatning keyingi bosqichi, ya’ni sudda davom etadigan himoya yuzasidan amaliy maslahat beramiz.

Agar sizni huquqbuzarlikda ayblagan ichki ishlar xodimlari ustidan yo’llagan shikoyatingiz qanoatlantirilmasa yoki umuman ular ustidan shikoyat qilishga ulgurmasangiz, sizning ustingizdan ma’muriy ish ochiladi hamda belgilangan ma’lum bir kunda sud majlisi bo’lib o’tishi haqida sizga xabar jo’natiladi.

Ma’muriy ishlar tuman jinoyat ishlari bo’yicha sudi tarkibida ko’riladi. Demak, bu ish yuzasidan tuman jinoyat ishlari bo’yicha sudiga borishingiz lozim bo’ladi.

Sudda o’zingizni himoya qilishingiz uchun malakali advokat xizmatidan foydalanishingizni qattiq tavsiya etamiz. Ammo ba’zi bir sabablarga ko’ra advokat yollay olmasangiz, sudda o’z huquqlaringizni o’zingiz ham himoya qilishingiz mumkin. Bu maqolada ana shu ikkinchi holatda bo’lgan, ya’ni advokat yollay olmagan yoki advokat xizmatidan foydalanishni istamagan fuqarolar uchun amaliy tavsiyalar beramiz.

Din ishlari bo’yicha qo’mitaga murojaat qiling

Ichki ishlar xodimi sizni “ibodat libosi”da yurganlikda ayblagandan so’ng, ular ustidan shikoyat qilish bilan birga, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mitaga Ma’muriy Javobgarlik to’g’risidagi Kodeksning 1841-moddasida tilga olingan “ibodat libosi” atamasiga tushuntirish berishini so’rab xat yuboring. “Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida”gi qonunga ko’ra, Qo’mita xatingiz qabul qilinganidan so’ng bir oy ichida sizga yozma ravishda javob berishi lozim. Qo’mita yuborgan rasmiy javob xatidan sudda o’zingizni himoya qilishda foydalanishingiz mumkin.

Din ishlari bo’yicha qo’mitaga ilgari ham xuddi shu savol bilan bir qator fuqarolar murojaat qilgan va diniy qo’mita ushbu savollarga Islom dinida ibodat libosi yo’q va musulmon ayollar din talab qilgan qoidalar asosida kiyinib, barcha joylarda yurishi mumkin, degan mazmunda javob bergan. Qo’mita yo’llagan xatning mazmuni haqida avvalgi maqolamizda kengroq to’xtalganmiz.

Agar qo’mita sizning shaxsiy murojaatingizga sud ishi boshlangunga qadar javob bermasa yoki javobni olishga ulgurmasangiz, sud ishida boshqa fuqarolar murojaatlari yuzasidan qo’mitaning ilgari bergan rasmiy javobidan foydalanishingiz mumkin. Qo’mita yo’llagan rasmiy javobning fotonusxasini quyidagi manzildan yuklab olishingiz mumkin:

SAQLAB OLING: Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mitaning javob xati

Yoningizda Qo’mitadan kelgan rasmiy maktubning bo’lishi sudda o’z huquqlaringizni himoya qilishda yordam berishi mumkin. Sud sizning jamoat joyida hijobda bo’lganingizni Ma’muriy Javobgarlik to’g’risidgai Kodeksning 1841-moddasi asosida “ibodat libosi” deya malakalasa, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mita hijobni ibodat libosi deb hisoblamasligini, umuman, Islom dinida ibodat libosi yo’qligini qo’mita xati asosida sudga taqdim qilishingiz mumkin.

Sudda o’zingizni qanday tutishingiz kerak?

Sudga borishdan oldin mahkama jarayonida aytadigan gaplaringiz, sizning himoyangiz uchun qo’llaniladigan ma’lumotlar va huquqiy asoslarni qanday taqdim etish yuzasidan jiddiy tayyorgarlik ko’ring. Kerakli qonun normalarini o’qib chiqing, ulardan nusxa ko’chiring, zarur bandlarini yod oling hamda aytadigan gaplaringizni o’rni va muhimligiga qarab tartib bilan raqamlab chiqing.

Sudda o’zingizni vazmin tuting. Vahima va hayajonga berilmang. Eng muhimi, hech kimdan qo’rqmasdan, aybsizligingizga bo’lgan ishonch ruhingizni boshqalarga ko’rsatgan holda va baland ovoz bilan dona-dona va tushunarli qilib gapiring. Hatto bu sudda yutqazgan taqdiringizda ham, aslo tushkunlikka tushmang. Chunki oldingizda sud qarori ustidan shikoyat qilishning yana ikki pog’onasi (milliy qonunchilik doirasida) turibdi.

Sud majlisiga ham Islom dini qoidalari asosidagi kiyimingiz, ya’ni hijobda kelishdan cho’chimang. Bundan kiyinish sizning vijdon erkinligingiz ekanini, bu huquqingiz Konstitutsiya va qonunlar bilan himoyalanganini, Islom dinida ibodat libosi mavjud emasligini ayting. Vijdon erkinligi huquqi va hijobning unga aloqasi haqida avvalgi maqolalarimizdan birida batafsil ma’lumot berganmiz. Vijdon erkinligi huquqingiz buzilganini isbotlash uchun shu maqoladagi ma’lumotlardan foydalaning.

O’QING: Hijob ibodat libosimi?

Har bir gapingiz uchun huquqiy dalil keltirishga harakat qiling. Masalan, Diniy ishlar bo’yicha qo’mitaning “ibodat libosi”ni sharhlagan xatidan nusxa (Ikki yoki undan ko’p nusxada, har ehtimolga qarshi), vijdon erkinligi va boshqa huquqiy kafolatlar tilga olingan Konstitutsiya va boshqa qonun hujjatlari moddalaridagi matnlardan to’liq ko’chirma oling. Shuningdek, ushbu moddalarning sizga tegishli bo’lgan joylarini o’zingizga tushunarli tarzda alohida belgilab qo’ying.

Sud sizni aybdor deb topsa nima qilish kerak?

Siz yoki advokatingiz yuqorida tilga olingan barcha himoya choralarini qo’llagani yoki taqdim etganiga qaramay, sud Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksning 1841-moddasi asosida sizni jamoat joylarida ibodat libosida yurganlikda aybdor deb topsa, quyidagi maslahatlarimizga amal qiling.

Kodeksga ko’ra, 1841-modda asosida huquqbuzar deb topilgan shaxsga jazo sifatida eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solinishi yoki o‘n besh sutkagacha bo’lgan muddatga ma’muriy qamoqqa olinishi mumkin.

Sud sizni aybdor deb topsa va siz bu qarordan norozi bo’lsangiz, ushbu sud qarori ustidan shikoyat qilish huquqiga egasiz.  Quyida sud qarorlari ustidan shikoyat qilish tartibi va bosqichlari haqida ma’lumot beramiz.

Kassatsiya tartibida shikoyat qilish

MJTKning 319-moddasiga asosan, sud qarori chiqqandan so’ng, norozi bo’lgan taraf 10 kun muddat ichida kassatsiya tartibida shikoyat berishi mumkin. Shikoyatni tuman sudi orqali yoki bevosita viloyat jinoyat ishlari bo’yicha sudiga yo’llashingiz mumkin.

Kodeksning 320-moddasiga ko’ra, kassatsiya shikoyati kassatsiya instansiyasi sudi, ya’ni viloyat sudi Raisining topshirig’iga binoan, viloyat sudyasi tomonidan ko’rib chiqiladi.

Quyida kassatsiya tartibida sudga yoziladigan shikoyatning taxminiy namunasini e’tiboringizga havola etamiz (Kirill imlosida). Shikoyatdagi ism va joy nomlari to’qima.

Жиноят ишлари бўйича Жиззах вилоят суди Раёсатига

Жиззах вилояти,   жиноят ишлари бўйича Зомин туман судининг 2014 йил 15  январда  чиқарган қароридан норози бўлиб,   ҳуқуқбузар деб топилган Нурова Намуна Низомовна томонидан

ШИКОЯТ

(Кассация тартибида)

2014 йил 10 январда Зомин туман ИИБ ходимлари жамоат жойларида ибодат либосида юрганлигимни иддао қилиб далолатнома расмийлаштирди.

2014 йил 15 январда № 00 сонли ишда жиноят ишлари бўйича Зомин туман суди Қ.Қозиев  раислигида Зомин туман ички ишлар бўлимидан келиб тушган маъмурий ишни кўриб чиқиб,   мени жамоат жойида ибодат либосида юрган ва натижада Ўзбекистон Республикаси Маъмурий жавбогарлик тўғрисидаги Кодексининг 1841-моддасида назарда тутилган ҳуқуқбузарликни содир этган деб топди.

Мен жиноят ишлари бўйича Зомин туман суди қарорининг мени ҳуқуқбузарлик содир этганликда айбдор деб топган қисмидан қуйидаги сабабларга кўра норозиман:

1. Жиноят ишлари бўйича Зомин туман суди менинг ишимни ҳар томонлама, тўла ва объектив равишда кўриб чиқмади.   Маъмурий жавобгарлик тўғрисидаги Кодекснинг 3-моддасида маъмурий жавобгарлик тўғрисидаги қонун ҳужжатлари қонунийлик,   фуқароларнинг қонун олдида тенглиги, одиллик ва айб учун жавобгарликнинг муқаррарлиги каби тамойилларга асосланиши белгиланган.   Мазкур Кодекснинг 269-моддасига биноан эса, маъмурий ҳуқуқбузарлик тўғрисидаги ишларни юритиш вазифаларига ишни ўз вақтида, ҳар томонлама, тўла ва объектив равишда кўриб чиқиш киради.

Суд мен кийган кийим нима сабабдан «ибодат либоси» ҳисобланишини ҳуқуқий жиҳатдан асослаб бермади. Кодекснинг 1841-моддаси асосида маъмурий жавобгарликка тортиш учун суд «ибодат либоси» тушунчасига таъриф бериши ва менинг кийимим нима сабабдан «ибодат либоси» ҳисобланишини кўрсатиб бериши керак эди.

Суд тегишли эксперт ёки мутахассис хулосасини эътиборга олиб қарор чиқариши лозим эди.

Юқоридаги сабабларга кўра, ушбу қарор асоссиз деб топилиб, Ўзбекистон Республикаси Маъмурий жавобгарлик тўғрисидаги Кодексининг 321-моддасига асосан бекор қилиниши керак деб ҳисоблайман.

2. Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамаси ҳузуридаги Диний ишлар бўйича қўмита жамоат жойларида ҳижоб билан юриш ҳақида фуқаролардан тушган саволларга, «Ислом шариатида «махсус диний либос», «ибодат кийими» деган тушунча мавжуд эмас», «Диний қоидалар беркитишни талаб қилган аъзоларни ёпиб турувчи кийимни шахс барча ҳолатларда, жумладан ибодат пайтидан ҳам кийиши мумкин», деб тушунтириш берган.

3. Диний эътиқодга кўра кийиниш ҳар бир кишидаги мавжуд виждон эркинлигининг ажралмас қисмидир. Ҳижоб мусулмон аёллар учун номаҳрам эркаклар ҳузурида доимо кийиш лозим бўлган либос ҳисобланади[1]. У фақат ибодат пайти кийиладиган кийим бўлмай, балки мусулмон аёл учун диний амалларнинг ажралмас бир қисмидир[2]. Ислом дини қоидалари талаб қиладиган, аёллар учун номаҳрам эркаклардан тўсиш лозим бўлган аъзоларни ёпиб турувчи кийим кийиш менинг виждон эркинлигим, конституциявий ҳуқуқимдир.

4. Виждон эркинлиги Ўзбекистон Республикаси Конституциясининг 31-моддасида,   «Виждон эркинлиги ва диний ташкилотлар тўғрисида»ги қонуннинг 3-моддасида кафолатланган. Ўзбекистон Республикаси Конституцияси Ўзбекистон ҳудудида Конституция ва қонунларнинг сўзсиз тан олинишини мустаҳкамлайди.   Қолаверса,   Конституциянинг 16-моддаси бирорта ҳам қонун ёки норматив ҳужжат Конституция нормалари ва қоидаларига зид келиши мумкин эмаслигини белгилаган.

Юқоридагилардан келиб чиққан ҳолда ҳамда Маъмурий Жавобгарлик тўғрисидаги Кодекснинг 323-моддасига асосан,

Сўрайман:

Жиноят ишлари бўйича Зомин туман судининг 2014 йил 15 январда чиқарган қарорини бекор қилишингизни.

Илова:

  1. Жиноят ишлари бўйича Зомин туман суднинг 2014 йил 15 январдаги қарори.
  2. Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамаси ҳузуридаги Диний ишлар бўйича қўмитанинг «ибодат либоси»га тушунтириш берган  ҳолда менга йўллаган мактуби (агар шундай мактуб олган бўлсангиз).

 

2014 йил 16 январь                                                                           Н.Нурова

(Имзо)

SAQLAB OLING: Kassatsiya tartibida sudga yoziladigan shikoyat namunasi (Word | PDF)

Tuman sudi qarori ustidan shikoyat yo’llaganingizdan so’ng, viloyat sudi Raisi kassatsiya tartibida shikoyat keltiradi.

Shikoyatingizni tuman sudi orqali topshirayotgan bo’lsangiz, ya’ni viloyat sudiga o’zingiz bormasdan, sizning ishingiz bo’yicha qaror chiqargan tuman sudining o’ziga topshirsangiz, tuman sudi shikoyatni uch sutka ichida ish materiallari bilan birga viloyat sudiga yuboradi.

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida shikoyat bergan shaxs davlat boji to‘lashdan ozod etiladi. Shuni alohida ta’kidlab o’tish kerakki, fuqarolik ishlaridan tashqari boshqa barcha sud ishlarida (jumladan, biz ko’rib chiqayotgan ushbu ma’muriy ishda ham) sudda ishi ko’rilayotgan shaxs hech qanday to’lov to’lamaydi. Sud qarori ustidan yozilgan shikoyatlar uchun ham, shuningdek, ushbu shikoyatlar asosida o’tkazilgan keyingi instansiya sudlari uchun ham hech qanday haq olinmaydi. O’zingiz yollagan advokat uchun beriladigan haq bundan mustasno.

Ayni paytda tuman prokuroriga tuman sudi chiqargan qarorga protest bildirishini so’rab iltimos yo’llashingiz mumkin (315-modda). Prokuror ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan:

1) tuman (shahar) sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudyasi qarori ustidan — tuman (shahar) sudi raisiga yoki yuqori turuvchi sudga;

2) boshqa organ (mansabdor shaxs) qarori ustidan — qaror chiqargan organga (mansabdor shaxsga) yoki yuqori turuvchi organga (mansabdor shaxsga) protest bildirishi mumkin (317-modda).

SAQLAB OLING: Kassatsiya tartibida protest keltirish to’g’risida prokurorga ariza (Word | PDF)

10 kunlik muddat uzrli sabablar bilan o‘tkazilib yuborilgan taqdirda, bu muddat viloyat sudi tomonidan qayta tiklanishi mumkin. Uzrli sabablar deganda, shu muddat ichida favqulodda holatlar sodir bo’lishi, ya’ni kutlimagan voqealar yuz berishi, masalan, kasal bo’lib qolishingiz, farzandlaringizning kasal bo’lishi yoki boshqa shunga o’xshash hodisalarni tushunish mumkin.

MJTKning 318-moddasiga asosan, belgilangan muddatda, ya’ni 10 kun ichida shikoyat topshirilganda, ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qarorning ijrosi shikoyat ko‘rib chiqilgunga qadar to‘xtatib turiladi; ma’muriy qamoq jazosini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror va ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyda undirib olinadigan jarima solish hollari bundan mustasno.

Shuningdek, prokurorning protest bildirishi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan qabul qilingan qaror ijrosini protest ko‘rib chiqilgunga qadar to‘xtatib turadi. Ammo prokurorning protesti ma’muriy qamoq jazosi qo’llanishi to’g’risidagi qaror va ma’muriy huququbuzarlik sodir etilgan joyda undirib olinadigan jarima solish hollarini to’xtatib turishi yoki turmasligi haqida qonunchilikda ma’lumot berilmagan.

Viloyat sudi kassatsiya shikoyati keltirganda yoki prokuror protest kiritganda, viloyat sudi (sudyasi) ishni shikoyat va protest tushgan kundan boshlab o‘n kun muddat ichida ko‘rib chiqadi. Ko‘rib chiqish davomida viloyat sudi chiqarilgan qarorning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshiradi (319-modda).

Kassatsiya instantsiyasi sudi sudyasining qarori chiqarilgan vaqtdan boshlab kuchga kiradi.

Nazorat tartibida shikoyat qilish

Agar kassatsiya tartibida shikoyat berishning 10 kunlik muddatini uzrsiz sabablarga ko’ra o’tkazib yuborgan bo’lsangiz, ya’ni belgilangan muddat ichida kassatsiya tartibida shikoyat qilishga ulgurmagan bo’lsangiz yoki kassatsiya tartibidagi shikoyatingiz asosida ishingizni ko’rib chiqqan viloyat sudi avvalgi qarorni o’zgarishsiz qoldirsa, sizda shikoyat qilishning yana bir turi mavjud. U nazorat tartibida shikoyat qilish deb ataladi.

Odatda, ma’muriy ish bo‘yicha sudya tomonidan qabul qilingan va qonuniy kuchga kirgan qaror yuzasidan keltirilgan shikoyat yoki protest yuqori turuvchi sudning sudyasi tomonidan ushbu sud raisining topshirig‘iga binoan ko‘rib chiqiladi. Ammo O’zbekiston Oliy Sudi Plenumining “Ma’muriy huquqbuzarlik to’g’risidagi ishlarni ko’rish bo’yicha sud amaliyoti to’g’risida”gi qarorining 25-bandiga ko’ra, ish yuqori turuvchi sudning sudyasi tomonidan kassatsiya tartibida ko‘rilgan bo‘lsa, nazorat tartibidagi shikoyat yoki protest mazkur sud raisi yoki uning o‘rinbosarining qarori bilan hal etiladi.

Demak, agar tuman sudida ishingizni yakka sudya emas, balki sud rayosati (sudyalar) ko’rib chiqqan bo’lsa, kassatsiya instansiyasida ishingizni viloyat sudining yakka sudyasi ko’rib chiqadi. Kassatsiya tartibidagi viloyat sudyasining chiqargan qaroridan norozi bo’lib bergan shikoyatingizni nazorat instansiyasida viloyat sudi rayosati (sudyalar) ko’rib chiqadi.

Agar 10 kunlik kassatsiya shikoyati berish muddatini uzrsiz sabablarga ko’ra o’tkazib yuborgan bo’lsangiz ham, jinoyat ishlari bo’yicha viloyat sudi Rayosatiga tuman sudi chiqargan qarordan norozi bo’lib nazorat tartibida shikoyat berishingiz mumkin.

Nazorat instansiyasida sudga shikoyat qilish bilan birga, protest kiritishini so’rab prokurorga ham ariza berishingiz mumkin.

SAQLAB OLING: Quyida nazorat instansiyasi uchun yoziladigan shikoyat namunalarini saqlab olishingiz mumkin:

1. Ish kassatsiya instansiyasida ko’rilgan bo’lsa, ya’ni kassatsiya tartibida chiqarilgan qaror ustidan sudga shikoyat qilayotgan bo’lsangiz:

Nazorat tartibida sudga shikoyat namunasi (Word | PDF);

Nazorat tartibida protest keltirish to’g’risida prokurorga ariza (Word | PDF).

2. Kassatsiya muddati o’tkazilib yuborilgan bo’lsa, ya’ni dastlabki sud qarori chiqarilgandan so’ng 10 kun ichida qaror ustidan shikoyat qilmagan bo’lsangiz:

Nazorat tartibida sudga shikoyat namunasi (Word | PDF);

Nazorat tartibida protest keltirish to’g’risida prokurorga ariza (Word | PDF).

MJTKning 324-moddasiga ko’ra, keyingi instansiya sudi avvalgi sud qarorini bekor qilib, ishni sizning foydangizga hal qilsa, avvalgi qarorga ko’ra undirib olingan pul summalari, haqi to‘lab olib qo‘yilgan va musodara qilingan narsalaringiz qaytarib beriladi; shuningdek, avvalgi qabul qilingan qaror bilan bog‘liq boshqa cheklovlarning bekor qilinishiga sabab bo‘ladi. Olib qo’yilgan mol-mulkni qaytarib berish mumkin bo‘lmagan hollarda, uning qiymati, basharti, bu narsalar tadbirkorlik uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, boy berilgan foydasi ham qoplanadi. Fuqaro avvalgi qaror asosida ma’muriy qamoqqa olingan bo’lsa, ushbu jazo g‘ayriqonuniy ravishda qo‘llanganligi bois yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.

Bundan keyin nima bo’ladi?

Nazorat instansiyasida chiqarilgan sudning qarori O’zbekiston Respublikasi hududida yakuniy qaror hisoblanadi. Chunki nazorat instansiyasi O’zbekiston sud tizimidagi uchta instansiyaning so’nggisi bo’lib, O’zbekiston milliy qonunchiligiga ko’ra, bu instansiya qarori ustidan shikoyat qabul qiladigan organ yoki instansiya mavjud emas.

Ammo bu fuqarolar o’z huquqlari uchun kurashishni shu yerda to’xtatishi kerak, degani emas. Agar nazorat tartibida qabul qilingan qarordan ham norozi bo’lsangiz, oldingizda o’z huquqlaringiz uchun kurashning yana ikki yo’l mavjud.

Birinchisi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo’yicha Qo’mitasiga O’zbekiston ustidan shikoyat qilish, ya’ni xalqaro yurisdiksiyadan foydalanish.

Ikkinchisi esa, sizni huquqbuzar deb topish uchun qo’llanilgan normani Konstitutsiyaga zid deb topishini so’rab, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish.

Masalan, biz ko’rib chiqqan holatda  MJTKdagi “ibodat libosi” atamasi va uning Islom dini qoidalari talab qiladigan hijobga nisbatan talqin qilinishi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va unda kafolatlangan vijdon erkinligi huquqini poymol etgani bois konstitutsiyaga zid deb topilishini so’rab chiqish mumkin. Agar Konstitutsiyaviy sud MJTKdagi 1841-moddani Konstitutsiyaga zid deb topsa, ushbu modda bekor qilinadi va sizni huquqbuzar deb topgan sud qarorlari o’z kuchini yo’qotadi.

Ushbu himoya choralari va ulardan foydalanish yo’l-yo’riqlari haqida kelgusi maqolalarimizda tushuntirish beramiz.

 


[1]Ислом энциклопедияси.  Зуҳриддин Ҳусниддинов таҳрири остида,  Тошкент,  2004 йил.

[2]Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф. www.islom.uz, Зикр аҳлидан сўранг.  http://islom.uz/savollar/smf/index.php?topic=24693.0

3 Comments