Maqolalar, Vijdon erkinligi

Hijobli ayollar o’z huquqlarini qanday himoya qilishi kerak? (Birinchi maqola)

O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy Javobgarlik to’g’risidagi Kodeksining 1841-moddasida jamoat joylarida ibodat libosida yurganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Ushbu moddadagi “ibodat libosi” iborasi musulmon ayollari kiyadigan hijobni anglatmasligi, anglatishi mumkin ham emasligi, aks holda ushbu modda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi Qonuniga zid kelishini bundan 3 yil muqaddam “Hijob ibodat libosimi?” nomli maqolamizda yozgan edik.

O’QING: Hijob ibodat libosimi?

Ammo bu mavzuda bahs-munozaralar va hijobdagi ayollarning yuqoridagi qonunchilik moddalari asosida huquqbuzarlikka tortilishi holatlari hanuz davom etmoqda. Bu bizga kelib tushayotgan ko’plab shikoyatlardan ma’lum.

Masalan, bizga jo’natilgan savollardan birida Islom dini talablariga amal qilish maqsadida hijob o’ragan ayolning ichki ishlar xodimlari tomonidan to’xtatilib, jamoat joyida ibodat libosida yurganligi uchun sudga tortilgani va sud uni ma’muriy huquqbuzar deb topgani haqida yozilgan.

Huquqbuzarlikda ayblangan shaxs “ibodat libosi” nimani anglatishi haqida tushuntirish berishlarini so’rab O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Inson huqulari bo’yicha vakil Ombudsmanga murojaat qilgan. Ombudsman havolasi bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha Qo’mita ibodat libosi tushunchasiga rasmiy izoh bergan. Unga ko’ra, Islom dinida maxsus “ibodat libosi” mavjud emas va Islom dini talab qiladigan ayollar yopib yurishi lozim bo’lgan kiyimni muslima ayollar har doim, ibodat paytida ham, undan boshqa paytda ham kiyib yurishi mumkin.

Ammo ushbu xatda musulmon ayollarning kiyinishi bo’yicha Islom dini talab qilgan qoidalar nimalardan iborat ekani haqida tushuntirish berilmagan. Bu xat va unda tilga olingan masalalarning batafsil tahlili haqida kelgusi maqolalarimizda to’xtalamiz.

Bir necha qismdan iborat bo’ladigan maqolalarimizda diniy e’tiqodi bois hijob o’ragan ayollar qonunchilikdagi “ibodat libosi” tushunchasi doirasida huquqbuzarlikka tortilgan holatlarda qanday qilib huquqlarini himoya qila olishlari mumkinligi haqida ma’lumot beramiz. Ularda fuqaro huquqbuzarlikda ayblangan ilk palladan boshlab, masala bo’yica hal qiluv qarori chiqadigan keyingi sud bosqichida, shuningdek, sud huquqbuzarlik sodir etilgan deb topgan holatlarda murojaat qilinadigan navbatdagi instansiyalarning har birida qanday harakat va nimalar qilish lozimligi bo’yicha batafsil tushuntirish beriladi.

Mazkur birinchi maqolada ilk bosqich – ichki ishlar xodimlari hijob o’ragan ayollarni jamoat joylarida to’xtatib, ma’muriy javobgarlikka tortish uchun bayonnoma to’ldirganda nima qilish lozimligi haqida amaliy ma’lumotlarni taqdim etamiz.

Asosiy tushunchalar

Avvalo, mavzuni to’liq tushunish uchun quyidagi masalalar bo’yicha tushunchaga ega bo’lishimiz lozim:

  1. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi vijdon erkinligini kafolatlaydi. “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunga ko’ra, vijdon erkinligi bu fuqarolarning har qanday dinga e’tiqod qilish yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaslik, hech bir dinga e’tiqod qilishga majburlanmaslik huquqini anglatadi.
  2. Konstitutsiyaga ko’ra, birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas.
  3. Konstitutsiya O’zbekistonda xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari ustunligini tan oladi.
  4. Ulamolarga ko’ra, Islom dinida avratni yopish (ayollarning yuz va kaftlaridan boshqa hamma joylari, jumladan, sochlari avrat hisoblanadi – Islom Ensiklopediyasi, O’zbekiston milliy entsiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti, 2004) musulmonlar uchun farz amal hisoblanadi. Demak, musulmon ayollar uchun avrat joylarini yopib yurish (bu xalq tilida va shar’iy istilohda hijob deb ataladi) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mita rasmiy xatida tilga olingan “diniy qoidalar berkitishni talab qilgan a’zolarni yopib turuvchi kiyim” sirasiga kiradi. Qo’mita bunday kiyimni barcha holatlarda kiyish mumkinligini ta’kidlagan (1-rasmga qarang).
  5. Hijobda yurishga yo’l qo’ymaslik shaxsning farz deb e’tiqod qilgan diniy amallarni bajarishiga to’sqinlik qilishi bois vijdon erkinligi huquqiga zid hisoblanadi. Shu o’rinda, hijob o’rashga majburlash ham shaxsning vijdon erkinligi, ya’ni xohlagan diniga e’tiqod qilish yoki qilmaslik, hech bir dinga majburlanmaslik huquqini poymol qilishini eslatib o’tishimiz kerak.
  6. Hijobda yurish “ibodat libosi” hisoblanmaydi, chunki Islom dinida “ibodat libosi” tushunchasi mavjud emas. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mita rasmiy xatidan iqtibos keltiramiz:

“Islom shariatida “maxsus diniy libos”, “ibodat kiyimi” degan tushuncha mavjud emas… Diniy qoidalar berkitishni talab qilgan a’zolarni yopib turuvchi kiyimni shaxs barcha holatlarda, shu jumladan ibodat paytida ham kiyishi mumkin” (1-rasmga qarang).

qo'mita-xati-ibodat-libosi-FB-Edited
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mitaning javob xati (1-rasm)

Militsiya xatti-harakatiga qarshi qanday yo’l tutish kerak?

Hijobda yurgan ayollarni ichki ishlar xodimlari to’xtatib, bunday yurish noqonuniyligi haqida ogohlantirayotgan holatlar sodir bo’layotgani haqida shikoyatlar bor. Odatda, bunday hollarda ichki ishlar xodimlari ayblanayotgan shaxsni ma’muriy huquqbuzarlik to’g’risida bayonnoma tuzish maqsadida militsiya idorasiga yoki fuqarolarning o’zini o’zi boshqaruvchi organi qoshidagi mahalla uchastkasiga olib boradi.

Qonun tilida bu holat huqubuzarni ma’muriy tartibda ushlab turish deb ataladi. MJTKning 284-moddasiga ko’ra, ma’muriy huquqbuzarlikda ayblanayotgan shaxs o’zini o’zi boshqaruvchi organlar qoshidagi militsiya uchastkasida bir soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emas. Militsiya idorasida ushlab turish esa uch soatdan ortiq davom etishi mumkin emas. Ushlab turish muddati shaxs militsiya idorasiga yoki uchastkaga bayonnoma tuzish uchun olib kelingan paytdan boshlanadi (288-modda).

Ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish to‘g‘risida bayonnoma tuzilganda, unga bayonnoma tuzilgan sana va joy, bayonnoma tuzgan shaxsning lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi; ushlab turilgan shaxs haqidagi ma’lumotlar; uni ushlab turish vaqti, joyi va uning asoslari; huquqbuzarning tushuntirishi; ishni hal qilish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlar kiritiladi.

Bayonnomani tuzish vaqtida sizga MJTKning 294-moddasida nazarda tutilgan huquqlaringiz va burchlaringiz tushuntirilishi kerak va bu xususda bayonnomaga yozib qo‘yiladi. Bayonnomaga uni tuzgan militsiya xodimi va siz imzo qo’yishingiz kerak. Agar siz imzo qo’yishdan bosh tortsangiz, militsiya xodimi sizni imzo qo’yishga majburlashi mumkin emas. Bunday holatda bayonnomaga siz imzo qo’yishdan bosh tortganligingiz haqida yozib qo’yiladi (286-modda).

Bundan tashqari, siz bayonnomaning mazmuni yuzasidan bayonnomaga ilova qilinadigan tushuntirish va mulohazalaringizni berishga, shuningdek, mazkur bayonnomaga imzo chekishdan bosh tortganingiz sabablarini bayon etishga haqlisiz (281-modda).

Ma’muriy yo’l bilan ushlab turish paytida ichki ishlar xodimi sizni so’roq qiladi. So’roq davomida o’zingizni vazmin tutib, vahima yoki qo’rquvga tushmasdan, O’zbekiston fuqarosi sifatida o’z huquqlaringizni bilishiningizni, hijobda yurish sizning vijdon erkinligingiz ekanini, hijob bu MJTKdagi “ibodat libosi” emasligini ayting va ularning bunday noto’g’ri harakati ustidan yuqori turuvchi organlarga, sudga, Inson huquqlari bo’yicha vakil Obmudsmanga va barcha tegishli joylarga shikoyat qilishingizni ayting. Ichki ishlar xodimlari bilan suhbatda hech qachon “hijobda yurish noqonuniy ekanligini bilmaganligingiz” (aslida noqonuniy emas!), “qilmishingizdan pushaymonligingiz”, “boshqa takrorlamasligi” kabi so’z va gaplarni tilga olmang.

E’tirozlaringizga qaramay, “ibodat libosi”da yurganligingiz haqida bayonnoma to’ldirishsa, o’sha kunning o’zidayoq yoki ertasiga bayonnomani to’ldirgan ichki ishlar xodimi yoki xodimlari usitidan shikoyat yozing. Bayonnoma to’ldirilgan joy (uchastka yoki militsiya idorasi), sana, bayonnoma to’ldirilgan vaqt va uni to’ldirgan xodim yoki xodimlarning ism-familiyalarini yozib oling.  MJTKga ko’ra, ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish ustidan yuqori organga (mansabdor shaxsga), prokurorga yoki sudga shikoyat qilish mumkin (293-modda).

Har bir fuqaro, huquqiy muammoga duch kelish ehtimoli bor yoki yo’qligidan qat’i nazar, har doim yonida malakali advokatning telefon raqamlarini olib yurishi kerak. Yuqoridagi kabi huquqbuzarlikka oid holatlar yuz berganda va militsiya bilan yuzlashganda, zudlik bilan advokatingizga murojaat qilishingiz va uni chaqirishingiz kerak. Advokatingiz yetib kelguncha militsiya savollariga javob bermaslik huquqiga egasiz (297-modda).

Agar ichki ishlar xodimi yoki xodimlari ma’muriy huquqbuzarlik to’g’risida bayonnoma tuzsa, ular ustidan quyidagi organlarga shikoyat qilishingiz lozim:

  1. Yuqori turuvchi organga, ya’ni ichki ishlar xodimlarining boshlig’iga, tuman ichki ishlar bo’limi rahbariga;
  2. Viloyat ichki ishlar boshqarmasiga;
  3. Ichki ishlar idorasi yoki uchastkasi joylashgan tuman jinoyat ishlari bo’yicha sudiga;
  4. Ichki ishlar idorasi yoki uchastkasi joylashgan tuman prokuraturasiga;
  5. O’zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo’yicha vakili (Ombudsman)ga (O’qing: Ombudsmanga shikoyat qilish tartibi);
  6. Inson huquqlari Milliy Markaziga (Manzili: 100029, Toshkent shahri, Mustaqillik maydoni, 5/3);
  7. Vazirlar Mahkamasiga (Mаnzili: Fuqаrоlаr qаbuli, хаt vа аrizаlаrni ko`rib chiqish bo`limi, 100078, Tоshkеnt shаhаr, Hukumаt uyi, Mustаqillik mаydоni, 5);
  8. Prezident devoniga.

Shikoyat xati namunasi

Shikoyat xati uchun quyida namuna keltiramiz (Undagi ism va joylar to’qima):

“Men, Jamila Azizova, 8-yanvar, 2014-yil Toshkent shahri Mirzo Ulug’bek tumanida yurganimda shu tuman ichki ishlar xodimlari Akmal Ibragimov va Sardor To’xtasinov meni to’xtatib, O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 1841-moddasiga ko’ra, noqonuniy ravishda jamoat joyida ibodat libosida yurganligimni aytishdi hamda mahalla uchastkasida ma’muriy tarzda ushlab turib, huquqbuzarlik sodir etganligim to’g’risida bayonnoma to’ldirishdi.  Men Islom dini qoidalariga mos ravishda kiyinaman, ya’ni, yuz, qo’l va to’piqlarinimdan boshqa a’zolarimni berkitgan holda kiyinaman. Yuzimni berkitmaganman. O’z dinim qoidalariga amal qilishim, O’zbekiston Konstitutsiyasi va “Vijdon erkinligi to’g’risida”gi qonunga ko’ra, mening vijdon erkinligim hisoblanadi. Mening kiygan kiyimim ibodat libosi emas. O’zbeksiton Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha Qo’mita bergan tushuntirishga ko’ra, Islom dinida maxsus “ibodat libosi” mavjud emas hamda diniy qoidalar berkitishni talab qilgan a’zolarni yopib turuvchi kiyimni barcha holatlarda kiyishim mumkin. Ichki ishlar xodimlari meni nohaq huquqbuzarlikda aybladi, deb hisoblayman. Meni jamoat joylarida ibodat libosida yurganligim borasida tuzilgan bayonnomani noqonuniy deb topib, ichki ishlar xodimlari Akmal Ibragimov va Sardor To’xtasinovning noqonuniy xatti-harakati ustidan  tegishli chora ko’rishingizni so’rayman”.

Shikoyat yuborilgandan keyin nima bo’ladi?

“Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida”gi qonunga ko’ra, har bir shikoyat yo’llangan organ shikoyatlaringizni ko’rib chiqishga va sizga javob berishga majbur. Shikoyat qilish muddatlari va natijalari haqida “Militsiya ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?” nomli maqolamizda batafsil ma’lumot berganmiz.

O’QING: Militsiya ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?

MJTKning 43-moddasiga ko’ra, fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqishni g‘ayrihuquqiy tarzda rad etganlik, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzganlik, asossiz, qonunga zid qaror qabul qilganlik, shuningdek, fuqaroning buzilgan huquqlarini tiklashni, shikoyat munosabati bilan qabul qilingan qarorni real bajarishni ta’minlamaganlik — mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, fuqaroga uning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini berishni asossiz ravishda rad etish — mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi (44-modda).

O’zbekiston hukumati tomonidan elektron tarzda davlat organlari va boshqa tashkilotlarga murojaat qilish amaliyoti www.my.gov.uz vebsayti orqali joriy qilinmoqda. Endilikda shikoyat va arizalarni elektron tarzda yo’llashingiz va javoblarni ham elektron pochta orqali qabul qilishingiz mumkin. www.my.gov.uz loyihasidan foydalanish haqida quyidagi maqolada batafsil ma’lumot berilgan: http://xushnudbek.uz/yagona-portal/

Militsiya xodimlari bayonnomani to’ldirgach, huquqbuzarlik sodir etilgani yoki etilmagani sud tomonidan aniqlanadi. Bu va undan keyingi bosqichlar haqida navbatdagi maqolalarimizda batafsil ma’lumot beramiz.

Shuni ta’kidlab o’tish kerakki, ushbu mavzudagi asosiy muammo militsiya xodimlarining noqonuniy xatti-harakatida emas, balki ular asos qilib olayotgan qonun moddasining o’zi tushunarsiz va noto’g’ri ekanidadir. Bu haqda ham kelgusi maqolalarimizda batafsil to’xtalamiz.

Ikkinchi maqola: Hijobli ayollar sudda o’zini qanday himoya qilishi kerak?

6 Comments