Savol: Yoshim 59 da. Yaqinda pensiyaga chiqish arafasidaman. Shu paytgacha xususiy tadbirkorlik ishlari bilan shug’ullanganman. Shaxsiy mehnat daftarcham ochilmagan. Mehnat daftarchasi mavjud bo’lmagan hollarda ish staji qanday aniqlanadi?
Javob: Mehnat daftarchasi bo’lmagan hollarda, shuningdek mehnat daftarchasida zarur yozuvlar bo’lmagan, yoki noaniq va xato yozuvlar bo’lsa, bu holda mehnat stajining mavjud ekanligi fakti ishlanganlik haqidagi ma‘lumotnomalar, buyruqlardan ko’chirmalar, ish haqi berish bo’yicha shaxsiy schetlar, to’lov vedomostlari, ishlar bajarilganligi haqidagi yozma mehnat shartnomalari, ish davri to’g’risidagi ma‘lumotlarni o’zida aks ettiruvchi boshqa yozma hujjatlar asosida ish staji aniqlanishi mumkin. Agar ish faoliyati haqida sanab o’tilgan hujjatlar ham bo’lmasa, u holda kasaba uyushmasi bilan (a‘zolik badallari to’langanligi haqidagi belgilar (marka) yopishtirilgan bo’lsa) ish haqi to’langanligini ko’zda tutuvchi hisob-kitob daftarchasi asosida ham mehnat staji aniqlanishi mumkin.
Ish vaqtini hisobga olib bo’lmaydigan shaxslarning ish davri (mehnat staji) O’zbekiston Respublikasi Pensiya jamg’armasining sug’urta badallari to’langanligi haqidagi ma‘lumotlari asosida aniqlanadi.
Ish vaqtini hisobga olib bo’lmaydigan xodimlarning ro’yxati O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 11-maydagi 249-sonli qarori, 8-ilovasida ko’zda tutilgan bo’lib, ular qatoriga:
1) yuridik shaxs bo’lmasdan tadbirkorlik bilan shug’ullanuvchi shaxslar;
2) dehqon (fermer) xo’jaligi a‘zolari;
3) mehnat shartnomasi bo’yicha xususiy shaxslarga xizmat ko’rsatish bilan shug’ullanuvchi fuqarolar faoliyati ko’rsatilgan.
Ijodiy uyushmalar a‘zolari (yozuvchilar, shoirlar, rassomlar va boshqa ijodiy uyushmalar a‘zolari)ning hamda ijodiy uyushmalarga a‘zo bo’lmagan ijodiy xodimlarning ijodiy faoliyati Pensiya jamg’armasi tomonidan berilgan ijtimoiy sug’urta badallari to’langanligi to’g’risida berilgan ma‘lumotnomalar asosida mehnat stajiga qo’shib hisoblanadi. Ushbu shaxslarning 1991-yil 1-yanvarga qadar bo’lgan davrdagi, ya‘ni ijtimoiy sug’urta badallari to’lanishi qayd etilishi joriy etilgunga qadar bo’lgan ijodiy faoliyati ijodiy uyushmalar tomonidan berilgan ma‘lumotnomaga ko’ra (dastlabki asari e‘lon qilingan, omma oldida ijro etilgan paytdan boshlab) mehnat stajiga qo’shib hisoblanishi mumkin.