Jinoyat va ma'muriy huquq

Haydovchilikka o’qish va imtihon topshirish boshqa-boshqa hududlarda bo’lishi mumkinmi?

Savol: Man Samarqand viloyatidan ro’yxatdan o’tgan edim. Endi Toshkent shahrida ro’yxatga olindim. Men Samarqandda haydovchilik guvohnomasiga olish maqsadida o’qishga ariza topshirib, u yoqda o’qidi degan qog’oz olib kelsam, Toshkentda imtihon topshirib, haydovchilik guvohnomasini olsam bo’ladimi?

Javob: O`zbekiston Respublikasida haydovchilarni tayyorlash va haydovchilik guvohnomasini berish masalalari “O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 2 avgustdagi “O`zbekiston Respublikasida avtomototransport vositalarini va shahar elektr transporti vositalarini boshqarish huquqini berish, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tartibini takomillashtirish choralari to`g`risida”gi 156-sonli qarori bilan tartibga solingan. Markur qarorning 1-ilovasida haydovchilik guvohnomasini berish tartibi belgilangan bo`lsa, 2-ilovasida haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tartibi ko`rsatilgan.

Vazirlar Mahkamasi 156-sonli qarorining 1-ilovasi sifatida tasdiqlangan Nizomning 19-bandiga asosan, haydovchilik guvohnomasini olish uchun fuqarolar doimiy yoki vaqtinchalik turar joylardagi hududiy Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmalari(YHXB)da imtihon topshiradilar. Ya`ni, siz haydovchilik guvohnomasini olish uchun Toshkent shahridagi YHXBda imtihon topshirib olishingiz mumkin.

Shuningdek, mazkur Vazirlar Mahkamasi qarorida avtotransport haydovchilarini tayyorlaydigan o`quv muassalarida o`qishning doimiy turar joyga bog`liqligi va o`qish joyi bilan imtihon topshirish hududi aynan bir bo`lishi haqida hech qanday qoida belgilanmagan. Faqat, Vazirlar Mahkamasi 156-sonli qarorining 2-ilovasida belgilangan shart shuki, avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bilan shug`ullanmoqchi bo`lgan ta`lim muassasalari hududiy YHXBlarida hisobga olingan bo`lishi kerak. Ya`ni, siz haydovchilik guvohnomasini olish uchun o`qishga topshirmoqchi bo`lgan Samarqanddagi ta`lim muassasasi YHXBda hisobga olinganligiga alohida e`tibor berishingiz kerak. Ushbu ta`lum muassasasi hisobga olinganligi yoki olinmaganligini Samarqanddagi YHXBdan aniqlashingiz mumkin.

Qolaversa, o`qishni bitirganlik to`g`risidagi guvohnoma haydovchilik guvohnomasidan farqli ravishda avtotransport vositalarini boshqarish huququni bermaydi.

Demak, siz haydovchilik guvohnomasini olish uchun Samarqanddagi ta`lim muassasasiga o`qishga topshirib, ushbu muassasadan olgan o`qishni bitirganlik to`g`risidagi guvohnoma bilan Toshkent shahri YHXBda imtihon topshirishingiz mumkin.

Toshkent shahri YHXB inspektori doimiy turar joyni vaj qilib sizga Toshkentda imtihon topshirishga ruxsat bermasa yoki hujjatlaringizni qabul qilishdan bosh tortsa, Toshkent shahri Ichki ishlar boshqarmasiga yoqoridaqi hujjatni asos sifatida ko`rsatgan holda shikoyat qilishga haqlisiz.

Comments are closed.