Harbiy

Harbiy xizmatdan kimlar ozod qilinadi?

Savol: Yoshim 23da. 2012-yili oliy o’quv yurtini tugatdim. Viloyatimga kelib, voyonkomatga “propisnoy”imni “propiska”ga qo’yish uchun borgandim, majbiriy ravishga bir oylik armiyaga shartnoma tuzdirib qolishdi. Endi hozir pulini to’laysan, deb har kuni xabar jo’natishyapti. Oilada bitta farzandman. Yana meni tibbiy ko’rikdan o’tkazmasdan turib shartnomaga qo’l qo’ydirib pul o’tkazdirishyapti. Armiyaga borishga mening sog’ligim to’g’ri kelmaydi, sariq kasalligining yuqori darajasidan o’tganman. Jigar sirrozi, grijam ham bor belimda, o’tgan yili davolangandim. Maslahat bering, men nima qilishim kerak?

Javob: Bir oylik harbiy xizmat safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat deyiladi. O`zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to`g`risida”gi qonunining 19-moddasida fuqarolarning muddatli harbiy xizmatga hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilishi tartibi ko`rsatilgan. Unda quyidagilar belgilangan:

Fuqarolarning muddatli harbiy xizmatga hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilishi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan yiliga bir marta – fevral-mart oylarida o`tkaziladi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori chaqiruv boshlanishiga kamida bir oy qolganida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori e’lon qilinganidan keyin chaqiriluvchilar, shu jumladan, vaqtincha ro`yxatda turgan chaqiriluvchilar chaqiruv qog`ozida ko`rsatilgan muddatda chaqiruv punktida hozir bo`lishi shart. Muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o`tamagan va harbiy ro`yxatda turmagan chaqirilish yoshidagi fuqarolar, shuningdek, doimiy turar joyidan vaqtincha boshqa joyga jo`nab ketgan va o`sha yerda harbiy ro`yxatda turmagan chaqiriluvchilar turar joylaridagi mudofaa ishlari organlarida hozir bo`lishi shart.

Korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning va ta’lim muassasalarining rahbarlari xizmat safarida bo`lgan chaqiriluvchilarni chaqirtirib olishlari va ularning chaqiruv uchastkasida o`z vaqtida hozir bo`lishini ta’minlashlari kerak.

O`n sakkiz yoshga to`lgan va yoshi o`n sakkizdan oshgan chaqiriluvchilarning harbiy ro`yxatda turish joyini o`zgartirishiga O`zbekiston Respublikasi Prezidentining navbatdagi chaqiruv to`g`risidagi qarori e’lon qilinguniga qadar yo`l qo`yiladi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori e’lon qilinganidan keyin chaqiriluvchilar harbiy ro`yxatda turish joyini faqat quyidagi hollarda o`zgartirishi mumkin:

boshqa joydagi ishga o`tkazilgan bo`lsa;

yangi turar joyga ko`chib o`tgan bo`lsa;

ta’lim muassasasiga o`qishga kirgan va ta’lim olishni davom ettirish uchun ketayotgan bo`lsa.

Ushbu moddaning oltinchi qismida ko`rsatilgan asoslar (yuqoridagi hollar)ning mavjudligi mudofaa ishlari organiga taqdim etiladigan tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanishi lozim.

Fuqarolar mudofaa ishlari organlari tomonidan belgilangan muddatlarda chaqiruv uchastkalarida hozir bo`lmaganda quyidagilar uzrli sabab hisoblanadi:

fuqaroning chaqiruv uchastkasiga kelishiga imkon bermagan kasalligi;

yaqin qarindoshining (otasi, onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, xotini, bolasi) vafot etganligi yoki og`ir kasalligi;

fuqaroga bog`liq bo`lmagan holda, uning chaqiruv uchastkasiga kelishiga imkon bermagan tabiiy ofat yoki boshqa holatlar.

Hozir bo`lmaganlik sabablari tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanishi lozim.

Tinchlik davrida quyidagilar muddatli harbiy xizmatga chaqirilmaydi:

ushbu qonunning 21 va 22-moddalariga muvofiq chaqirilish muddati kechiktirilgan va chaqirilishdan ozod etilgan shaxslar;

ishi yuzasidan surishtiruv yoki dastlabki tergov olib borilayotgan yoki jinoyat ishi sudda ko`rilayotgan shaxslar.

“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to`g`risida”gi qonunning 21-moddasida muddatli harbiy xizmatga hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish asoslari ko`rsatilgan. Unga ko`ra:

Chaqiriluvchilarning muddatli harbiy xizmatga, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish tuman (shahar) chaqiruv komissiyasining qarori asosida ularning oilaviy sharoitiga ko`ra, salomatligiga ko`ra, o`qishni davom ettirishi uchun amalga oshiriladi.

Chaqiriluvchilarning muddatli harbiy xizmatga va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilish muddatini oilaviy sharoitga ko`ra kechiktirish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

1) chaqiriluvchining ota-onasi mehnatga qobiliyatsiz bo`lib, ularni boqishi shart bo`lgan mehnatga qobiliyatli voyaga yetgan boshqa o`g`li bo`lmasa. Ota-onaning mehnatga qobiliyatsizligi qonun hujjatlariga muvofiq aniqlanadi;

2) chaqiriluvchining mehnatga qobiliyatli yolg`iz onasi yoki otasi bo`lib, ularning qaramog`ida o`n olti yoshga to`lmagan ikki va undan ortiq farzandi bo`lgani holda mehnatga qobiliyatli voyaga yetgan boshqa o`g`li bo`lmasa;

3) chaqiruv kunida chaqiriluvchining tug`ishgan aka-ukalaridan biri muddatli harbiy xizmatni

o`tayotgan bo`lsa;

4) chaqiriluvchining onasiz tarbiyalanayotgan voyaga yetmagan bir farzandi bo`lsa;

5) chaqiriluvchining birinchi yoki ikkinchi guruh nogiron xotini va voyaga yetmagan ikki va undan ortiq farzandi bo`lsa.

Chaqiriluvchini uning ota-onasi vafot etganligi, ular uzoq muddat betobligi munosabati bilan yoki boshqa uzrli sabablarga ko`ra kamida besh yildan beri o`z qaramog`ida saqlayotgan shaxslar uning ota-onasiga tenglashtiriladi.

Umumta’lim maktablarida, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida tahsil olayotgan chaqiriluvchilar, shuningdek oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi o`qishda tahsil olayotgan talabalar o`qishni davom ettirishlari uchun ularning chaqirilish muddati o`qishni tamomlagunlariga qadar kechiktiriladi.

Ta’lim muassasalaridan o`qishdan chiqarilgan shaxslar chaqirilish muddatini kechiktirish huquqidan mahrum bo`ladilar.

Chaqirilish muddatini kechiktirish asoslarini yo`qotgan chaqiriluvchilar, shuningdek, ushbu qonunga muvofiq chaqirilish muddatini kechiktirish huquqiga yoxud chaqirilishdan ozod etish uchun asoslarga ega bo`lmagan va turli sabablarga ko`ra muddatli harbiy xizmatga yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilmagan shaxslar chaqirilish kuni yigirma yetti yoshga to`lguniga qadar Qurolli Kuchlar safiga navbatdagi chaqiruv paytida chaqiriladilar.

“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to`g`risida”gi qonunning 22-moddasida esa muddatli harbiy xizmatga hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilishdan ozod etish hollari ko`rsatilgan. Unga ko`ra:

Tinchlik davrida muddatli harbiy xizmatga hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilishdan quyidagilar ozod etiladilar:

1) salomatligiga ko`ra harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan chaqiriluvchilar;

2) yaqin qarindoshlaridan biri (aka-ukasi, opa-singlisi) harbiy xizmatni o`tash vaqtida halok bo`lgan yoki vafot etgan chaqiriluvchilar;

3) ro`yxatdan o`tgan diniy tashkilotlardan birida diniy rutba egasi bo`lgan chaqiriluvchilar.

Ushbu moddaning 2-bandida ko`rsatilgan shaxslar o`z roziliklari bilan harbiy xizmatga chaqirilishlari mumkin.

Jinoiy javobgarlikka tortilgan, shuningdek, sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi

olib tashlanmagan fuqarolar harbiy xizmatga chaqirilmaydilar.

“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to`g`risida”gi qonunning 20-moddasida harbiy va muqobil xizmatga chaqirilayotgan fuqarolar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan Qurolli Kuchlarda tinchlik va urush davrida tibbiy ko`rikdan o`tkazish to`g`risidagi nizomga muvofiq majburiy tibbiy ko`rikdan o`tishlari shartligi ko`rsatib o`tilgan. Shuningdek, ushbu moddada chaqiruv komissiyalari to`g`risida quyidagilar belgilab o`tilgan:

Chaqiriluvchini tibbiy ko`rikdan o`tkazish, uning ma’naviy va kasbiy fazilatlarini, shuningdek, oila a’zolarining moddiy va ijtimoiy ahvolini o`rganish natijalariga muvofiq tuman (shahar) chaqiruv komissiyasi quyidagi qarorlardan birini chiqaradi:

harbiy xizmatga yaroqliligi va qo`shin turini belgilagan holda harbiy xizmatga chaqirish to`g`risida;

harbiy xizmatga yaroqliligi va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga tayinlash to`g`risida;

harbiy xizmatga yaroqliligi va muqobil xizmatga chaqirish to`g`risida;

salomatligiga ko`ra harbiy xizmatga vaqtincha yaroqsizligi to`g`risida;

ushbu qonunning 21 va 22-moddalariga asosan harbiy xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish to`g`risida yoki chaqirilishdan ozod qilish to`g`risida;

salomatligiga ko`ra tinchlik davridagi harbiy xizmatga yaroqsizligi, urush davridagi harbiy xizmatga cheklangan ravishda yaroqliligi va zaxiraga o`tkazish to`g`risida;

harbiy xizmatga yaroqsiz deb topib, harbiy ro`yxatdan chiqarish to`g`risida.

Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar chaqiruv komissiyalari zimmasiga quyidagi vazifalar yuklanadi:

chaqirilish muddatini kechiktirish yoki chaqirilishdan ozod qilish qay darajada to`g`ri ekanligini

tekshirish;

chaqiriluvchilarni harbiy kasblarga tayinlashda ularning jismoniy va umumiy tayyorgarligi,

tajribasi, qobiliyati, qiziqishi va boshqa fazilatlarini hisobga olish qay darajada asosli

bo`lganligini nazorat qilish;

fuqarolarning tuman (shahar) chaqiruv komissiyalarining qarorlari ustidan bergan shikoyatlarini

ko`rib chiqish.

Harbiy xizmatga chaqirilgan va qo`shinlar safiga yuborilgan shaxslarni, shuningdek tibbiy ko`rik

natijalaridan va Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar, tuman (shahar) chaqiruv

komissiyalarining qarorlaridan noroziligini bildirgan shaxslar bo`lsa, harbiy qismlarga

jo`natilishidan avval ana shu shaxslarni nazorat tarzida tibbiy ko`rikdan o`tkazishni tashkil etish

O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy vrachlar komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.

Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar chaqiruv komissiyalari tuman (shahar) chaqiruv komissiyalarining qarorlarini ko`rib chiqish va bekor qilish huquqiga ega.

Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) chaqiruv komissiyalarining qarorlari ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Yuqoridagilardan xulosa qiladigan bo`lsak, sizning sog`lig`ingiz harbiy xizmatga to`g`ri kelishi yoki kelmasligi masalasini O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.02.2003 yildagi 95-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko`rik o`tkazish to`g`risida”gi Nizom asosida “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to`g`risida”gi qonunning 20-moddasiga binoan chaqiruv komissiyalari tekshiruv o’tkazib, qaror qabul qilishi kerak. Agar sizni tibbiy ko`rikdan o`tkazmagan bo`lishsa yoki chaqiruv komissiyalari qarorlaridan norozi bo`lsangiz, siz doimiy ro`yxatda turgan joyingizdagi mudofaa ishlari bo`yicha bo`limlarga ariza bilan murojaat qilishingiz mumkin. Ular “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to`g`risida”gi qonunning 20-moddasida belgilanganidek, sizni harbiy qismlarga jo`natilishdan oldin nazorat tarzida tibbiy ko`rikdan o`tkazishi kerak bo`ladi. Ushbu tibbiy k`orikni tashkil etish O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy vrachlar komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, tuman (shahar) chaqiruv komissiyalarining qarorlari ustidan Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar chaqiruv komissiyalariga shikoyat qilishingiz mumkin. Ular tuman (shahar) chaqiruv komissiyalarining qarorlarini ko`rib chiqish va bekor qilish huquqiga ega. Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) chaqiruv komissiyalarining qarorlari ustidan sudga shikoyat qilishingiz mumkin.

Shuningdek, agar “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to`g`risida”gi qonunning 21 va 22-moddalariga asosan harbiy xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish to`g`risida yoki chaqirilishdan ozod qilish to`g`risidagi holatlardan biri sizning shaxsingizga to`g`ri kelsa, shu holatlarni inobatga olib sizning harbiy xizmatni o`tashingiz vaqtincha kechiktirilishi yoki harbiy xizmatni o`tashdan ozod qilinishingiz mumkin.

Majburiy ravishda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga shartnoma tuzdirish masalasiga to`xtaladigan bo`lsak, bu O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 22.02.2003 yildagi 99-son qarori bilan tasdiqlangan “O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni o`tashi tartibi to`g`risida”gi Nizomning 12-bandi bilan tartibga solinadi. Unga ko`ra,

“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to`g`risida”gi qonunni, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorini bajarish yuzasidan chaqiriluvchilar bilan Mudofaa vazirligi o`rtasida kelishmovchiliklar paydo bo`lgan taqdirda, bunday kelishmovchiliklar qonunga muvofiq sud tartibida ko`rib chiqiladi va hal etiladi.

Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga olingan shaxs tomonidan pul badali to`liq hajmda to`lanmagan yoki uning bir qismi to`lanmagan taqdirda, shartnoma shartlariga muvofiq, to`lanmagan summa (muddatida to`lanmagan qismi) fuqarodan sud tartibida undirib olinadi.

Badalning to`liq summasi shartnomada belgilangan muddatda to`lanmaganda yoki belgilangan to`lov olti oydan ortiq muddatga kechiktirilganda fuqaro muddatli harbiy xizmatga chaqirilishi mumkin. Bunda uning tomonidan badal summasining to`langan qismi qaytarilmaydi.

Shartnoma tuzishdan bosh tortilgan taqdirda maxsus hisob raqamiga to`lanishi kerak bo`lgan pul badallari qonun hujjatlariga muvofiq undiriladi.

Xulosa qiladigan bo`lsak, agar tibbiy ko`rik natijasiga ko`ra xarbiy xizmatga yaroqli deb topilsangiz, siz shartnomada ko`rsatilgan shartlarga rioya qilib, belgilangan muddatlarda badal pulini to`lashingiz kerak. Agar tibbiy ko’rik natijalaridan norozi bo’lsangiz va yuqori turuvchi mudofaa organiga bu haqda shikoyat qilsangiz, yuqori turuvchi organ ishingizni ko’rib chiqqunga qadar, badal puli to’lashni to’xtatib turishingiz mumkin. Harbiy xizmatdan bo`yin tovlagan fuqarolar “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to`g`risida”gi qonunning 51-moddasida belgilanganidek, qonun hujjatlariga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortiladi.

5 Comments