Harbiy, Maqolalar

Harbiy xizmatni o’tagan yigitlarga imtiyoz berilishi ayollar huquqini buzadimi?

© Photo Namangancity.uz

Читайте эту статью на русском

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi qurolli kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2012-yil 31-mayda qabul qilingan Qaroriga ko’ra, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan, harbiy qismlar qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega bo‘lgan fuqarolar barcha yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavrlar tayyorlashda respublikaning barcha oliy ta’lim muassasalariga kirishda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ballarning 27 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga ega bo‘ladilar.

Muddatli harbiy xizmatni o’taganlarga nafaqat oliy o’quv yurtlariga kirishda imtiyozlar, balki ular o’qishga kirgach, to’lov-shartnoma asosida o’qiyotgan bo’lsa, shartnoma to’lovlarini to’lashga yordam berirsh bo’yicha ham ayrim imtiyozlar belgilangan (Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta-maxsus Ta’lim vazirligining O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qurolli kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va to‘lov-kontrakt shakli bo‘yicha o‘qishga qabul qilingan talabalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi Qarori).

Bu ayollar huquqini buzadimi?

Ma’lumki, O’zbekistonda ayollar hamda jismoniy va boshqa ayrim sabablarga ko’ra harbiy xizmatga noqobil deb topilgan erkaklar harbiy xizmatga bormaydi va natijada yuqorida tilga olingan imtiyoz sababli ular va harbiy xizmatga borgan fuqarolar o’rtasida ta’lim olish huquqi bo’yicha noixtiyoriy tengsizlik yuzaga chiqadi.

Shunday ekan, muddatli harbiy xizmatni o’tagan fuqarolarga o’qishga kirishda boshqalar hisobidan imtiyoz berilishi inson huquqlarining buzilishi hisoblanadimi?

Bu masalada xizmatga bora olmaydigan ayollar ko’proq notenglikka duchor bo’lishini hisobga olib, quyida ushbu holatning ayollar tenghuquqligiga qay tarzda ta’sir qilishini tahlil qilamiz.

Agar harbiy xizmatni o’tagan va tegishli tavsiyanomaga ega bo’lgan yigitlarga qabul imtihonlarida qo’lga kiritish mumkin bo’lgan maksimum ballning (bu 226,8 ga teng) 27 foizi beriladigan bo’lsa, bu miqdor 61,2 ballni tashkil etadi. Bu degani, bilimi qanday bo’lishidan qat’i nazar, harbiy imtiyozga ega bo’lgan har bir abiturient to’plagan ballga qo’shimcha 61,2 ball qo’shib beriladi. Natijada bu nomzodlardan bilimi ko’proq bo’lgan, ammo 61,2 balli farqli ko’rsatkich bilan ko’proq ball olmagan boshqa abiturientlar o’z-o’zidan pastga tushib ketadi. Bunday tengsizlikka ko’proq ayollar duch kelishi tabiiy. Chunki ular xohlagan taqdirda ham harbiy xizmatga bora olmaydi va noixtiyoriy ravishda ushbu imtiyoz qurboniga aylanadi.

Bundan tashqari, bu imtiyoz bilimliroq abiturientlarning o’qishga kira olmasligiga sabab bo’lishi ehtimolini oshirishi tufayli malakali kadrlar tayyorlash sifatiga ham salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.

Shuningdek, O’zbekiston oliy ta’lim muassasalarida ayol va erkaklar soni bo’yicha nomutanosiblik mavjud. Ko’plab rivojlanayotgan davlatlarga qaraganda bu borada O’zbekiston ko’rsatkichlari yaxshi bo’lsa-da, ijtimoiy fanlar, biznes, huquq, fan va texnologiya sohalarida ayollar erkaklarga nisbatan kamchilikni tashkil etadi (QARANG: O’zbekistonda ayollar mavqei (Ingliz tilida)). Ta’limning bu yo’nalishlarida ayollar sonini ko’paytirish va jinsiy tenglikka erishish uchun ayollarga alohida imtiyoz berilishi va rag’bat ko’rsatilishi lozim. Aksincha, barcha sohalarda harbiy xizmatni o’taganlar uchun keng va cheklovsiz imtiyoz berilishi ayollar soni kam bo’lgan yo’nalishlarda jinsiy nomutanosiblikni yanada kengaytirib yuboradi.

Ayollar va erkaklar teng huquqliligi bo’yicha xalqaro normalar

Xalqaro va milliy qonunlar tan olgan inson huquqlari tamoyillariga ko’ra, jamiyatning har bir sohasida erkak va ayollar teng huquqlidir. Irqi, millati, jinsi, e’tiqodi, tili, siyosiy qarashlari, ijtimoiy sharoitidan qat’i nazar, diskriminatsiya-kamsitilishlarga uchramaslik har bir shaxsning uzviy huquqi hisoblanadi.

Diskriminatsiya tushunchasi to’rt xalqaro konvensiyada tilga olingan. Bular YUNESKOning Ta’limda kamsitilish (diskriminatsiya)ga barham berish to’g’risidagi, Irqiy kamsitilishning barcha shakllarini tugatish to’g’risidagi, Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to’g’risidagi ham Xalqaro Mehnat Tashkilotining 111-Diskriminatsiya haqidagi konvensiyalaridir. O’zbekiston ushbu xalqaro hujjatlarning barchasini ratifikatsiya qilgan.

Yuqoridagi sanalgan har bir konvensiya, jumladan, Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to’g’risidagi  konvensiya uni ratifikatisya qilgan davlatlarga shaxslar va tashkilotlar tomonidan ayollarga qarshi diskriminatsiya qilinishiga yo’l qo’ymaslik, bu qoidani Konstitutsiya va milliy qonunlarda mustahkamlash hamda diskriminatsiya qiluvchi qonunlar, odatlar va amallarni bekor qilish majburiyatini yuklaydi.

O’zbekiston Konstitutsiyasi, garchi so’zma so’z yozilgan “ayollar va erkaklar teng huquqlidir” ifodasiga ega bo’lmasa ham, barcha fuqarolarning teng huquqliligini to’la e’tirof etadi.

Avvalo, ayol va erkaklar o’rtasidagi teng huquqlilik nima degan savolga to’xtalsak.

Tarixga nazar soladigan bo’lsak, patriarxial g’oyalar ustun bo’lgan joylarda ayollarning huquq va erkinliklari toptalishi holatlari ko’p uchragan. XX asrga kelib, bunday huquqbuzarliklarga xalqaro miqyosda chek qo’yish maqsadida Butunjahon inson huquqlari Deklaratsiyasi va ayollar huquqlarini himoya qiluvchi boshqa ko’plab xalqaro konvensiyalar qabul qilindi. Ushbu hujjatlar davlatlardan o’z hududida ayollar va erkaklarga nisbatan nafaqat teng munosabatda bo’lishni, balki jamiyatda to’la va tabiiy jinsiy (gender) tenglikka erishilmaguncha tarixan huquqlari poymol qilinib kelgan guruh – ayollarga nisbatan imtiyozlar, erkinliklar va yengilliklar berilishini ham talab qiladi.

Bundan tashqari, ayollar va erkaklar uchun bir xil huquq va majburiyatlarni belgilash deganda ularga ikki jinsning fiziologik va jinsiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda bir xil munosabatda bo’lish tushuniladi. Masalan, ayollar jismonan erkaklarga qaraganda zaifroq yoki ayollar erkaklardan farqli o’laroq ona bo’lish xususiyatiga ega. Ammo ayollarning bu tabiiy xususiyatlari ularning jamiyatdagi barcha huquq va erkinliklaridan to’la va erkin foydalanishlarini cheklab qo’ymasligi kerak; balki aynan shunday xususiyatlarga egaligi tufayli ularga qo’shimcha imtiyozlar berilishi kerak.

Shu o’rinda harbiy xizmatga ayollarning chaqirilmasligi ham ayollarga nisbatan notenglik emasmi, degan savol tug’ilishi mumkin. Bu masala ayni kunda ko’plab davlatlarda bahsli mavzu hisoblanadi. Ayrim davlatlarda ayollar ham harbiy xizmatga borishi mumkin, hatto bu majburiy. Shunday bo’lishiga qaramasdan, hech qaysi davlat shu paytgacha ayollardan to’g’ridan-to’g’ri harbiy to’qnashuvlarda foydalanmagan.

Yoki ayollarning harbiy xizmatga chaqirilmasligini ularga nisbatan berilgan bir imtiyoz sifatida ham tushunish mumkin. Ammo bu ularning ta’lim olish huquqi buzilishi evaziga bo’lmasligi kerak.

Harbiylar uchun turli imtiyozlarning berilishi ko’plab davlatlar amaliyotida uchraydi. Lekin u oddiy fuqarolar huquqlarini cheklash orqali amalga oshirilmasligiga alohida e’tibor qaratiladi. O’zbekistonda ham bu masalaning huquqiy nuqtai nazardan notenglikka sabab bo’layotgani qayta o’rganib chiqilib, bunday notenglik va diskriminatsiyaga chek qo’yilishi lozim. Mazkur imtiyoz butunlay bekor qilinishi kerak yoki uni boshqa fuqarolar huquqiga daxl qilmaydigan shakldagi imtiyoz bilan almashtirish kerak.

Imtiyoz olishga ko’proq kim haqli?

Harbiy xizmatga borgan yigitlar o’zlarini vatan himoyasi uchun bag’ishlaydi va bu yo’lda, kerak bo’lsa, jonini ham garovga qo’yadi; shuning uchun ularga maxsus imtiyoz yoki maqom berilishi to’g’ri, deb hisoblovchilar ham bor. Ammo ayollarning homiladorlik davri hamda bola parvarishi bilan shug’ullanishga sarflagan vaqti ham ayollardan katta yo’qotish va qurbonlik talab qiladi.

Masalan, bola parvarishlash ularning ta’lim olish imkoniyatlari va karyerasini cheklab qo’yishi mumkin. O’zbekistonda harbiy xizmatning eng uzoq muddati 12 oy bo’lsa, ayollarning 9 oy homiladorlik davrini, undan keyingi bola parvarishlash davomida kechirgan qiyinchiliklarini vatan uchun harbiylarnikidan kam bo’lmagan xizmatga qiyoslash mumkin.

Shuning uchun “Tashabbus” huquqshunoslari oliy o’quv yurtlariga qabul uchun beriladigan imtiyozga harbiylar emas, balki ko’proq farzandli onalar haql deb hisoblaydi. Ikki nafar farzandi bor onalarga yanada kengroq imtiyoz berilishi, masalan, ularning ta’lim olishlari to’liq davlat byudjeti hisobidan amalga oshirilishi kerak.

Demak, harbiy xizmatni o’tagan fuqarolarga oliy o’quv yurtlariga kirishda beriladigan imtiyoz quyidagi holatlari bilan xalqaro normalarga zid keladi:

Abiturient qizlarning huquqlarini to’g’ridan to’g’ri buzishi oqibatida Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to’g’risidagi konvensiyaga;

Ayollarning oliy ta’lim olish imkoniyatini cheklab, natijada mehnat bozorida ayollar va erkaklar o’rtasida notenglikni yuzaga chiqarishi sababli Xalqaro Mehnat Tashkilotining 111-Konvensiyasiga;

Ayollarning huquqlarini ta’lim sohasida cheklashi tufayli YUNESKOning Ta’limda kamsitilish (disriminatsiya)ga barham berish to’g’risidagi konvensiyasiga.

Bundan tashqari, mazkur imtiyoz O’zbekiston Konsitutsiyasi, “Ta’lim to’g’risida”gi qonun, Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish tartibi to’g’risida Nizom hamda bir necha milliy qonunlarga ham ziddir.

Qayerga shikoyat qilish kerak?

Mazkur holatda oliy o’quv yurtlarining qabul komissiyasi yoki Davlat Test Markazi yoxud boshqa davlat organlariga shikoyat qilishdan foyda yo’q. Chunki ushbu imtiyoz Prezident farmoni bilan belgilangan va tegishli qonun va qarorlar bilan mustahkamlangan.

Bunday holatda eng to’g’ri yo’l – Prezident farmonidagi mazkur bandning konstitutsiyaga zidligi ustidan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga shikoyat qilib, uning bekor qilinishini so’rash bo’ladi. Chunki O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida teng ekani belgilangan. Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilangan tartibda hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos holda tatbiq etilishi kerak.

Konstitutsiyaning 18-moddasiga e’tibor qiladigan bo’lsak ham, imtiyozlar faqat qonun bilan belgilangan tartibda tatbiq qilinadi, deyilgan. Holbuki, yuqoridagi harbiylarga oliy o’quv yurtlariga kirishda berilagan imtiyoz Prezident farmoni bilan belgilangan, qonun bilan emas. Demak, bunday farmon chiqarish ham O’zbekiston Konstitutsiyasiga zid hisoblanadi.

Konstitutsiyaviy sudga fuqarolarning murojaatlari to’g’risida quyidagi maqolamizdan batafsil ma’lumot olishingiz mumkin:

O’QING: Fuqarolar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga egami?

Ushbu savol yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga nafaqat huquqlari poymol bo’lgan yoki manfaatdor shaxslar, balki istalgan fuqaro murojaat qilishi mumkin.

Konstitutsiyaviy sudga yoziladigan shikoyat namunasini tez orada saytimizda e’lon qilamiz.

Comments are closed.