“Tashabbus” huquqiy sayti bir guruh malakali yuristlar tomonidan O’zbekistonda kuchli huquqiy demokratik davlat qurilishi jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini qo’llab-quvvatlash va rag’batlantirish maqsadida tashkil etildi.
Kuchli huquqiy demokratik davlat qurishda O’zbekistonning mavjud qonunchilik tizimi asos bo’lib xizmat qiladi. Mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat qurilishi jarayonining kutilgandan ko’ra sekinroq rivojlanayotganini ikki sabab bilan izohlash mumkin.
Birinchisi, fuqarolarning amaldagi qonunchilikdan hamda shu qonunlar asosida kafolatlangan haq-huquqlardan yaxshi xabardor emasligi, bilgan taqdirda ham, ularni himoya qilish va ulardan samarali foydalanish yo’l-yo’riqlarini bilmasligi.
Ikkinchisi, fuqarolarning ba’zi mansabdor shaxslar tomonidan amaldagi qonunchilikka rioya etmaslik va fuqarolarning konstitutsiyaviy haq-huquqlari buzulishi hollariga befarqlik bilan qarashlari.
Bu kabi qonunbuzarliklarning oldi olinishi uchun mutasaddi davlat organlari tomonidan ko’rilayotgan choralarning o’zi kifoya emas. Fuqarolarimiz o’z haq-huquqlarini yaxshi bilishlari va ularni amalda qo’llay va himoya qila olishlari zarur.
Huquqiy demokratik davlatda qonun ustuvorligi eng asosiy mezondir. “Tashabbus” O’zbekistonda qonun ustuvorligini ta’minlash uchun fuqarolarning yuridik savodxonligini oshirishni eng muhim vazifa va maqsad deb biladi. Mazkur maqsadga erishish uchun “Tashabbus” quyidagi faoliyat turlarini olib boradi:
- Huquqiy maslahatga muhtoj insonlarga bepul yuridik xizmat ko’rsatish;
- Fuqarolarga O’zbekiston huquqiy tizimi, amaldagi qonunlar, fuqarolarning asosiy haq-huquqlari va majburiyatlari haqida ma’lumot berish;
- Fuqarolarga o’z haq-huquqlarini amaldagi qonunchilik doirasida samarali himoya qilish usullarini o’rgatish;
- O’zbekiston qonunlari va huquqiy hujjatlariga norasmiy sharh berish;
- O’zbekistonda ta’lim olayotgan huquqshunos talabalarning bilim va malakalarini oshirishda yordam berish;
- O’zbekiston qonunchiligidagi bahsli mavzu va muammolar yuzasidan huquqshunoslar va huquqshunos talabalar orasidagi ilmiy bahslarni rag’batlantirish;
- Xalqaro qonun normalari hamda xorijiy demokratik davlatlar huquqiy tajribasini o’rganish va ular asosida O’zbekiston milliy qonunchiligini yanada takomillashtirish borasida ilmiy munozaralar tashkil etish.
Izoh: “Tashabbus” mustaqil nodavlat tashkilot bo’lib, hech bir siyosiy, diniy, mafkuraviy guruh, muxolif partiyalar yoki tashkilotlarga aloqador emas.
© 2010 – 2016 Tashabbus