Savol: Mening yoshim 20da, BC kategoriya haydovchilik guvohnomam bor. Yaqinda mashinada Toshkent ko’chalarida yurganimda DAN xodimlari to’xtatib, besabab ayblov qo’ydi. Bir marta tortishganimda, protokolga qimmat ayblov qo’yib haydovchilik guvohnomammni olib qo’yishdi. Ularning maqsadi pul olish edi. Haqqimni talab qilganim o’zimga qimmatga tushdi. Haq talashsam, protokolga yozadi. Yaqinda yana shu voqea ro’y berdi. Qachongacha shu hol davom etadi. Ularga qarshi kim chora ko’radi?
Javob: Avvalo, har bir haydovchi avtomobil boshqarish va yo’l harakati qoidalariga aloqador huquqbuzarlik hisoblanadigan har bir holatni yaxshi o’rganib olishi lozim. Transport boshqarish bilan bog’liq huquqbuzarliklarning to’liq ro’yxati O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksining “Transportdagi, Yo’l xo’jaligi va Aloqa sohalaridagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik” nomli 11-bobida to’liq keltirilgan. Yo’l harakati qoidalari bian bog’liq asosiy huquqbuzarliklar ro’yxatini quyida keltirib o’tamiz
Avtomobil boshqarish bilan bog’liq huquqbuzarliklar
1251-modda. Yuk tashish qoidalarini, shatakka olish qoidalarini buzish;
126-modda. Ko‘zgusimon va tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) nostandart oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish;
127-modda. Transport vositalarining tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalaridan foydalanish qoidalarini buzish;
128-modda. Haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi;
1281-modda. Transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi;
1282-modda. Transport vositasini boshqarish paytida monitordan (displeydan) tele-, videodasturlarni tomosha qilish uchun foydalanish va transport vositasiga o‘zboshimchalik bilan monitor (displey) o‘rnatish;
1283-modda. Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi;
1284-modda. Transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan o‘tishi;
1285-modda. Transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi;
1286-modda. Transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi;
129-modda. Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashishi;
130-modda. Transport vositalari haydovchilarining temir yo‘lning o‘tish joylaridan o‘tish qoidalarini buzishi;
131-modda. Transport vositalarini mast holda boshqarish;
133-modda. Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga engil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar etkazilishiga olib kelishi;
134-modda. Haydovchilarning yo‘l harakati qoidalarini buzishi transport vositalarining yoki boshqa mol-mulkning shikastlanishiga olib kelishi;
135-modda. Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi;
136-modda. Transport vositalari haydovchilarining va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi;
137-modda. Yo‘l-transport hodisasi yuz bergan joydan ketib qolish;
Ushbu huquqbuzarliklarning ta’rifi va ularga belgilangan jarima yoki boshqa jazo choralari haqida to’liq ma’lumot olish uchun O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksining “Transportdagi, Yo’l xo’jaligi va Aloqa sohalaridagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik” nomli 11-bobiga murojaat qilishingizni tavsiya qilamiz.
Shuningdek, avtomobilni boshqarish paytida huquqbuzarliklarga yo’l qo’ymaslik uchun O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2000-yil 11-dekabrda tasdiqlangan “Yo’l harakati qoidalari” bilan tanishib chiqishingizni maslahat beramiz.
Endi haydovchi tomonidan yo’l harakati qoidalari buzilgan holatda Davlat Yo’l Harakati Xavfsizligi Xizmati xodimi hujjatlarni qanday rasmiylashtirishi lozimligi haqida ma’lumot olsak.
Yo’l harakati qoidalari buzilishini rasmiylashtirish tartibi
O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2000-yil 23-aprelda 87-son bilan tasdiqlangan “Yo’l harakati qoidalarini buzilishiga doir ma’muriy ishlarni ko’rib chiqishni tashkil etish haqida”gi yo’riqnomaga ko’ra, Davlat Yo’l Harakati Xavfsizligi Xizmati xodimi qoidalarni buzgan shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiradi. Harakatni tartibga solishga vakolatli bo’lgan va xizmat vazifasini o’tayotgan militsiya xodimi (DYHXX xodimi tomonidan tashqari), harbiy avtomobil nazoratining mansabdor shaxsi va harakatni tartibga solishga vakolati bo’lgan boshqa mansabdor shaxlar xizmat vakolatini amalga oshirishga mo’ljallangan bayonnoma varaqalaridan foydalanadilar. Unda ishni to’liq hal etish uchun zarur ma’lumotlarni ko’rsatishlari shart.
Qoidaning buzilishiga doir ma’muriy huquqbuzarlik to’g’risidagi bayonnomada quyidagi ma’lumotlar ko’rsatiladi:
- Bayonnoma tuzilgan sana, vaqt va joy, bayonnomani tuzgan xodimning lavozimi, ko’krak nishon belgisi, familiyasi, ismi-sharifi.
- Huquqbuzarning ismi-sharifi, otasining ismi, yashash va ish joyi, tug’ilgan yili, transport vositasi rusumi, davlat raqam belgisi, tegishliligi va ro’yxatga olingan joy (ushbu ma’lumotlar huquqbuzarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar va transport vositasining hujatlari asosida to’ldiriladi).
- Qoidaning buzilgan bandi, huquqbuzarlikning tafsiloti, ushbu huquqbuzarlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi Kodeksning moddasi.
- Agar guvohlar yoki xolislar va jabrlanuvchilar bo’lsa, ularning familiyalari va yashash manzillari.
- Huquqbuzarning tushuntirishi, ishni hal qilish uchun zarur bo’lgan boshqa ma’lumotlar.
- Huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan shikast.
- Agar haydovchi rulda telefon ishlatish aybi bilan qo’lga tushgan bo’lsa, telefon raqami va rusumi.
- Bayonnoma uni tuzgan va ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar tomonidan imzolanadi, guvohlar, xolislar va jabrlanuvchilar bo’lgan taqdirda esa bayonnoma ular tomonidan ham imzolanadi.
Huquqbuzarlikni tan olmaslik va shikoyat qilish tartibi
Agar siz huquqbuzarlik sodir etilganini tan olmasangiz, bayonnomani imzolashdan bosh tortish huquqiga egasiz. Bu haqda bayonnomaga uni tuzgan shaxs tomonidan yozib qo’yiladi. Siz ham bayonnomaning mazmuni yuzasidan bayonnomaga o’z fukr-mulohazalaringizni yozib qo’yishga, shuningdek, mazkur bayonnomaga imzo chekishdan bosh tortishingiz sabablarini bayon etishga haqlisiz. Demak, huquqbuzarlik sodir etmaganman, deb hisoblasangiz, bu haqda DAN xodimi tuzgan bayonnomaga yozib qo’yishingiz kerak.
Shundan so’ng DAN xodimi sizga huquq va burchlaringiz hamda ushbu ma’muriy ish qayerda va taxminan qachon ko’rilishini tushuntirishi va bu haqda bayonnomaga yozib qo’yishi lozim.
Agar haydovchi amaldagi qonunlarga muvofiq transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish jazosi nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda ayblansa, ishi yuzasidan qaror chiqarilgunga qadar transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasi olib qo’yiladi va bu haqda bayonnomaga, shuningdek, haydovchilik guvohnomasining taloniga yozib qo’yilib, talon transport vositasi haydovchisiga qaytarib beriladi.
“Yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi YO‘RIQNOMA”ga ko’ra, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar huquqbuzarlik sodir bo‘lgan joyda, shuningdek, yuridik shaxslarga tegishli transport vositasi doimiy (vaqtinchalik) ro‘yxatga olingan joyda ko‘rib chiqiladi.
Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ish ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma va ishga oid boshqa materiallar olingan kundan boshlab 15 kunlik muddat ichida ko‘rib chiqiladi.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Ishni ko‘rib chiquvchi mansabdor shaxs ma’muriy hujjatlarni olgandan so‘ng huquqbuzarga ishni qachon va qayerda ko‘rilishi haqida xabarnoma yuboradi.
Ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishda Ma’muriy Javobgarlik to’g’risidagi Kodeksning 295 — 300 moddalarida (jabrlanuvchi, qonuniy vakillar, advokat, guvoh, ekspert, tarjimon) nazarda tutilgan shaxslar qatnashishi mumkin.
Huquqbuzarni ish qachon va qayerda ko‘rib chiqilishidan o‘z vaqtida xabardor etilganligi haqida ma’lumotlar bo‘lganda, undan ishni ko‘rib chiqishni kechiktirish haqida iltimosnoma tushmagan taqdirda ish uning ishtirokisiz ko‘rib chiqilishi mumkin.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishga tayyorlash vaqtida ichki ishlar organining mansabdor shaxsi:
mazkur ishni ko‘rib chiqish o‘zining vakolat doirasiga kirish-kirmasligi;
ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma va ishga oid boshqa materiallar to‘g‘ri tuzilgan-tuzilmaganligi;
ishni ko‘rib chiqishda qatnashuvchi shaxslar uni ko‘rib chiqish vaqti va joyi haqida xabardor qilingan-qilinmaganligi;
zarur qo‘shimcha materiallar so‘rab olingan-olinmaganligi;
ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs, jabrlanuvchi, qonuniy vakillar, advokat qilgan iltimoslar to‘g‘risidagi masalalarni hal etadi.
Mansabdor shaxs ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni o‘rganib chiqib, quyidagilarni amalga oshiradi:
ishni transport vositasi ro‘yxatga olingan joyga ko‘rib chiqish uchun yuboradi;
shaxsiy transport vositalari haydovchilari tomonidan sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishning tarbiyaviy va ogohlantiruvchi rolini oshirish maqsadida huquqbuzarning ish, o‘qish joylaridagi jamoalarida yoki yashash joylaridagi DYHXXga ko‘rib chiqish uchun yuboradi;
ishni huquqbuzar yashaydigan joydagi voyaga etmaganlar ishi bilan shug‘ullanuvchi tuman (shahar) komissiyalariga ko‘rib chiqish uchun yuboradi;
sud tomonidan hal etilishi lozim bo‘lgan taqdirda yoki huquqbuzar huquqbuzarlik faktini inkor etsa hujjatlarni sudga yuboradi;
agar huquqbuzarlikda jinoyat alomatlari bo‘lsa, hujjatlarni prokuratura organlariga topshiradi.
Demak, huquqbuzarlik sodir etilganini inkor etsangiz, sizning ishingizni sud ko’rib chiqadi. Agar ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qarordan norozi bo’lsangiz, yuqori turuvchi organga (mansabdor shaxsga) yoki ma’muriy ishlar bo‘yicha tuman (shahar) sudyasiga, sudyaning ma’muriy ishlar bo‘yicha qarori ustidan esa tuman (shahar) sudi raisiga yoki yuqori turuvchi sudga yoki prokuraturaga shikoyat qilishingiz mumkin.
Shikoyat ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan qaror qabul qilingan mansabdor shaxs orqali yoki bevosita shikoyat yo‘llangan sudga yuboriladi.
Huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan qaror chiqargan mansabdor shaxs shikoyatni olgach, uni uch kun ichida ish bilan birga shikoyatni ko‘rib chiqish huquqiga ega bo‘lgan organ (mansabdor shaxs)ga yuboradi.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror ustidan shikoyat shu qarorning nusxasi olingan kundan boshlab 10 kun ichida berilishi mumkin. Mazkur muddat uzrli sabablar bilan (kasallik, ta’til, xizmat safari va h. k.) o‘tkazib yuborilgan taqdirda tegishli tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgach, ustidan qaror chiqarilgan shaxsning arizasiga muvofiq shikoyatni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan mansabdor shaxs tomonidan qayta tiklanishi mumkin.
Belgilangan muddatda shikoyat berish ma’muriy jazo qo‘llanishi to‘g‘risidagi qarorning ijrosini shikoyat ko‘rib chiqilgunga qadar to‘xtatib turadi.
Transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish tarzida jazo berish haqidagi qarorning ijrosi to‘xtatib turilgan hollarda talonning amal qilish muddati shikoyatni ko‘rib chiqish tugagunga qadar uzaytiriladi.
Prokurorning protest bildirishi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan qabul qilingan qaror ijrosini protest ko‘rib chiqilgunga qadar to‘xtatib turadi.
Qonunga xilof ravishda chiqarilganligi sababli qaror bekor qilingan taqdirda ushbu holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi. Aybdor mansabdor shaxsga nisbatan tegishli intizomiy chora ko‘rilib, u haqidagi ma’lumot ma’muriy ish hujjatlariga qo‘shib qo‘yiladi.
Agar Davlat Yo’l Harakati Xavfsizligi Xizmati xodimi o’z vazifasini bajarish davrida noqonuniy xatti-harakatlarga yo’l qo’ysa, masalan, pora so’rasa yoki boshqa noqonuniy faoliyatni amalga oshirsa, to’g’ridan to’g’ri ushbu shaxs ustidan ichki ishlarning yuqori turuvchi organiga, sudga yoki prokurorga shikoyat qilishingiz mumkin. Militsiya xodimlari ustidan shikoyat qilish tartibi haqida to’liq ma’lumotni “Militsiya ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?” nomli maqoladan o’qishingiz mumkin.
3 Comments