Yaqinda O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Futbol federatsiyasi tomonidan Futbol bo’yicha sport musobaqalarini o’tkazish vaqtida tomoshabinlarning (muxlislarning) o’zini tutish Qoidalari ishlab chiqildi. Mazkur qoidalar 22-fevral kunidan e’tiboran kuchga kirdi. Bu maqolada shu Qoidalarning ayrim bandlariga to’xtalib o’tamiz.
Avvalo, shuni aytish lozimki, bu qoidalar faqat futbol bo’yicha sport musobaqalarini o’tkazish paytida muxlislarning o’zini qanday tutishini tartibga soladi. Shu o’rinda haqli bir savol tug’iladi. Boshqa sport turlarini huquqiy tartibga solishga ehtiyoj yo’qmi? Nimaga aynan futbol bo’yicha sport musobaqalari? Stadionda yoki boshqa ochiq sport inshootida futbol emas, boshqa, masalan, gandbol musobaqasini o’tkazish qoidalarini qonuniy tartibga solishga zarurat yo’qmi? Nazarimizda, futbol eng ommabop sport bo’lgani uchun u haqda alohida qonuniy me’yorlar ishlab chiqishga zarurat sezilgan. Ammo, qoidalarni faqat futbol bilan cheklab qo’ymasdan, balki shu kabi barcha sport turlari uchun umumiy tarzda qabul qilish mumkin edi. Zero, har qanday sport musobaqasini o’tkazishda, muxlislar soni oz yoki ko’p bo’lishidan qat’i nazar, muxlislarga qo’yiladigan talab va taqiqlar bir xil bo’lishi kerak.
Yuzingizni bo’yamang
I-bob, 6-paragraf tomoshabinlarga “yuz yoki tananing boshqa qismlarini bo’yash”ni taqiqlaydi. Mazkur qoida qanday maqsadni ko’zlab kiritilganligini tushunish qiyin. Umuman olganda, qonun-qoidalar ijtimoiy munosabatlarni samarali tartibga solishga qaratilgan bo’lishi kerak. Bunda asosiy e’tibor ijtimoiy tartib, xavfsizlik yoki ma’naviy qadriyatlarni himoya qilishga qaratiladi. Yuz yoki tana qismlarini bo’yash esa, umuman olganda, ijtimoiy munosabatlarga jiddiy zarar keltirmaydi. Futbol muxlislari orasida, odatda, yuzlariga bayroq yoki jamoa bayrog’i rasmini chizib olish holatlari ko’p uchraydi. Bunday xatti-harakatning kimgadir yoki nimagadir zarari borligini aniqlash qiyin.
Qolaversa, mazkur qoida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasiga ziddir. Mazkur moddaga binoan, har kim fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi huquqiga ega. Mazkur huquq faqatgina davlat siri va boshqa oshkor etilmaydigan sirlarga taalluqli bo’lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin. Konstitutsiyada fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi nimadan iboratligi haqida tushuntirish berilmagan bo’lsa ham, mazkur erkinlik xalqaro huquq me’yorlarida batafsil bayon etilgan. Jumladan, BMTning Fuqarolik va siyosiy huquqlar to’g’risidagi xalqaro Paktining 19-moddasiga binoan, kishilar o’z fikrlarini yozma ravishda, matbuot vositalari orqali, ifodalanishning boshqa badiiy shakllaridan foydalanish bilan birga, o’z ixtiyoriga ko’ra boshqa usullar bilan ham amalga oshirishi mumkin.
Mazkur Pakt fikrni bayon etish alohida mas’uliyat yuklashini ta’kidlab, qaysi hollarda davlat tomonidan cheklanishi mumkinligini ham qayd etadi. Fikrni ifoda etishni cheklovchi qonunlar quyidagi maqsadlardan birini ko’zlashi shart:
(a) boshqa shaxslarning huquqlari va obro’-e’tiborini hurmat qilish uchun;
(b) davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, aholi salomatligini yoki axloqini muhofaza etish uchun.
Futbol musobaqasiga yuziga O’zbekiston bayrog’idagi ranglarni chizib olgan kishi esa na boshqa kishining huquqi yoki obro’-e’tiboriga rahna soladi va na davlat xavfsizligi, jamoat tartibi, aholi salomatligi yoki axloqiga putur yetkazadi.
“Qonuniy talablar”ni bajarish
I-bob, 4- paragrafda tomoshabinlar sport inshooti ma’muriyati va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xavfsizlik va tartibni saqlash bo’yicha qonuniy talablarini bajarishga majburligi belgilangan. Qonunchilikda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining “qonuniy talablar”i nimadan iboratligi batafsil tushuntirilmagan. Bu esa ba’zi militsiya xodimlarining o’z vakolatlarini suiiste’mol qilishlariga olib kelishi mumkin. Militsiya xodimlarining “qonuniy talablari” nimalardan iborat bo’lishi mumkinligi haqida O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksining 194-moddasida qisman ma’lumot beriladi. Mazkur moddaga binoan, militsiya xodimining qonuniy talablariga quyidagilar kiradi: huquqbuzarlikni to’xtatish, hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etishni talab qilish, ko‘rsatilgan muddatda militsiya idorasiga kelishni talab qilish va transport vositasini to‘xtatish talabi. Qoidalarda gap, asosan, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xavfsizlik va tartibni saqlash bo’yicha qonuniy talablari haqida boradi. Qanday xatti-harakatlar “xavfsizlik va tartibni” buzadigan deb topilishi esa amaldagi qonunchilik doirasida hal qilinishi kerak. Shunday ekan, sport inshootida militsiya Ma’muriy Kodeksda keltirilgan qonuniy talablardan faqat huquqbuzarlikni to’xtatishni talab qilishi mumkin. Militsiyaning Ma’muriy Kodeksda ruxsat berilgan hujjatlarni tekshirish vakolati ham, Qoidalarga ko’ra, xavfsizlik va tartibni buzadigan xatti-harakat bo’lgandagina amalga oshishi mumkin. Shu bilan birga, xavfsizlik va tartibni buzgan kishi ko‘rsatilgan muddatda militsiya idorasiga kelishi talab qilinishi ham mumkin.
“Maxsus nazorat” nima?
I-bob, 5-paragrafda tomoshabinlar sport inshootiga kirish chog’ida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan maxsus nazoratdan (tekshiruvdan) o’tkaziladi, deb belgilangan. Mazkur qoida ham, ba’zi militsiya xodimlari tomonidan suiiste’mol qilinishi mumkin. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasiga binoan, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan o’tkaziladigan choralar, masalan, nazorat va tekshiruv, kishining shaxsiy daxlsizlik huquqiga rahna soladi. Shunday ekan, mazkur Qoidalarda “maxsus nazorat” yoki “maxsus tekshiruv” nimadan iborat bo’lishi mumkinligi batafsil tushuntirilishi lozim.
Chemodan va portfellarni olib kirish taqiqlanadi
I-bob, 6-paragrafda tomoshabinlarning sport inshootiga nima olib kirishlari taqiqlanishi haqida gap ketadi. Mazkur qoidaga ko’ra, “o’q otar qurol, tez o’t oladigan, portlovchi, zaharli, pirotexnik, o’tkir hidli moddalar, sanchiladigan yoki kesadigan predmetlar”ni haqli ravishda sport inshootiga olib kirish taqiqlanadi. Ammo shular bilan birga, “chemodanlar, portfellar, katta o’lchamdagi o’ramlar va sumkalar”ni olib kirish ham man etilgan. Qanday hajmdagi o’ram va sumkalar Qoidalarga ko’ra taqiqlangan “katta o’lchamdagi o’ramlar va sumkalar” deb hisoblanishi tushuntirilmagan. Bu esa, mazkur Qoidalarni amalda qo’llashda jiddiy amaliy muammolar keltirib chiqarishi turgan gap.
Jamoat tartibi va axloq normalariga rioya etish
I-bob, 6-paragraf “milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni qo’zg’atishga qaratilgan, tadbir ishtirokchilari va boshqa tomoshabinlarni haqorat qiladigan belgi yoki timsol va yozuvlarni olib yurish yoki ochiq namoyish etish”ni taqiqlaydi. Shu bilan birga, “tadbir ishtirokchilarining qadr-qimmatni kamsituvchi hayqiriqlar yoki harakatlar qilish” taqiqlanadi. Shu o’rinda ba’zi ommaviy axborot vositalarida o’yin davomida hayqirish taqiqlandi deya berilgan axborotning noto’g’ri ekanini aytib o’tmoqchimiz. Masalan, 12Uz informatsiyon portali Qoidalar tamoshabinlarga o’yin davomida hayqirishni taqiqladi (“Болельщикам Узбекистана запрещаются выкрики во время матча”), deya xabar tarqatdi. Yuqorida ko’rsatilgani kabi, qoidalar faqatgina qadr-qimmatni kamsituvchi hayqirishlarni man etadi.
Mazkur qoida tartibni saqlashga yordam beradigan qoidalardan biri hisoblansa ham, uni amalda qo’llash jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Masalan, yolg’ondan yiqilib tushgan futbolchi xatti-harakatiga tomoshabinlar o’z noroziliklarini bildirish uchun “Sharmanda!” deb baqirishlari yoki “U-u-uv..” deb qichqirishlari qadr-qimmatni kamsituvchi hayqiriq hisoblanadimi? Bu narsa ayrim muxlislar uchun oddiy munosabat ifodasi hisoblanishi mumkin.
Futbol oyini davomida futbolchi, jamoa murabbiysi va muxlislarning so’kinishi ko’p uchraydi. Agar so’kinishlar qadr-qimmatni kamsituvchi bo’lmasa, ya’ni aniq bir kishiga qarshi aytilmagan bo’lsa, ular Qoidalarning I-bob, 6-paragrafi bilan taqiqlanmaydi. Futbol ishtirokchilarining so’kinishlari Qoidalarning II-bobi, 9-paragrafi bilan taqiqlanishi mumkin. Mazkur qoidaga binoan, tomoshabinlarning “jamoat tartibi va axloq normalariga rioya etishlari” shart. Ushbu qoidani, muhim axloqiy ahamiyatga ega bo’lsa ham, amalda rioya etilishini ta’minlash nihoyatda qiyin bo’ladi.
Qoidalarning II-bobi, 10-paragrafida o’rinli ravishda futbol maydoniga turli buyumlarni futbol musobaqasi ishtirokchilariga qarab uloqtirish taqiqlanishi belgilangan. Shu bilan birga, “o’tish joylarida, zinalarda turish, o’rindiq ustiga chiqib olish” mumkin emas. Mazkur qoidaning oxirgi qismi ijrosini ta’minlash ham juda mushkul. Futbol muxlislari o’yin davomida o’rinlaridan sakrab-turishlari, hayqirishlari, o’rindiq ustiga chiqib olishlari ko’p uchraydigan holat.
Mazkur Qoidalar muhim ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan bo’lsa ham, yuqorida muhokama qilingan masalalarni qoniqarli darajada tartibga solmaydi. Qoidalardagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun yo o’zgartirishlar kiritilishi kerak, yoki yangi tahrirda qabul qilinishi kerak. Aks holda, Qoidalarni amalda ijro etishda ko’plab muammolar bilan birga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari jiddiy cheklanishiga olib keladi.