Savol: Mening dadam fuqaroligi bo’lmagan shaxs hujjati bilan O’zbekistonda yashaydi. Dadam shu yerda tug’ilib o’sgan, ota0onasi ham, bolalari ham o’zbekistonlik. 1991-93 yillarda O’sh viloyatida tekstil fabrikasida ishlagan. O’sha yillarda propiskasini O’shga ko’chirib ishlagan, keyin nima sababdandir ularga fuqaroligi bo’lmagan shaxs hujjati berishgan. Endi biometrik passportni qanday qilib olishi mumkin?
Javob: Dadangiz O‘zbekiston Respublikasini “Fuqarolik to‘g‘risidagi” qonuni qabul qilingan paytda O‘zbekistonda bo‘lmagan va shu sabab unga shunday maqom berilgan. Ushbu qonunning 4-moddasiga muvofiq ushbu qonun kuchga kirgan paytda O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan, boshqa davlatlarning fuqarolari bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligi tan olingan. Dadangiz O’zbekiston pasportini olish uchun avval O’zbekiston fuqaroligini olishi lozim. Hozirgi kunda barcha fuqarolarga biometrik pasport beriliayapti.
“Fuqarolik to’g’risida”gi qonunning 17-moddasiga muvofiq O’zbekiston fuqaroligini olmoqchi bo’lgan shaxslar:
- chet el fuqaroligidan voz kechish;
- so‘ngi besh yil davomida O‘zbekiston Respublikasi xududida doimiy yashash;
- qonuniy tirikchilik manbalari mavjud bo‘lishi;
- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini tan olish va bajarish O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish uchun asos bo‘ladi.
Agar shaxs:
- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy tuzumini zo‘rlik ishlatib o‘zgartirishni yoqlab chiqayotgan bo‘lsa;
- faoliyati O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy printsiplariga zid bo‘lgan partiyalar va o‘zga tashkilotlarga a’zo bo‘lsa;
- O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq jazolanadigan hatti-harakatlar uchun ozodlikdan mahrum etilgan va jazoni o‘tayotgan bo‘lsa, uni O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi iltimosnoma rad etiladi.
Agarda otangiz ushbu talablarga javob bersa, doimiy yashash joyingizdagi ichki ishlar bo‘limiga murojaat etishingiz mumkin.
“O’zbekiston Respublikasining fuqaroligi bilan bog’liq masalalarni ko’rib chiqish tartibi to’g’risida”gi Nizomning II bo’limiga muvofiq, respublika hududida doimiy yashovchi shaxslarni O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish uchun materiallarni rasmiylashtirish va ko’rib chiqish tartibi quyidagicha belgilangan.
So’nggi 5 yil O’zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashayotgan xorijiy fuqaro yoki fuqaroligi bo’lmagan shaxs doimiy istiqomat joyidagi ichki ishlar organlari orqali O’zbekiston Respublikasining Prezidenti nomiga fuqarolikka qabul qilish to’g’risida ariza beradi. Arizada O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini tan olishi, uning talablarini bajarishi to’g’risidagi va xorijiy fuqarolikdan voz kechganligi to’g’risidagi majburiyat ko’rsatiladi.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
- ikki nusxada ariza-so’rovnoma;
- xorijiy fuqarolikdan chiqqanlik to’g’risida guvohlik beruvchi hujjat (fuqaroligi bo’lmagan shaxslardan tashqari);
- 2 nusxada tarjimai hol;
- kun kechirishning qonuniy manbalari mavjudligini tasdiqlovchi hujjat (ish joyidan ma’lumotnoma yoki ish haqi, pensiya, nafaqa, divedendlar va kun kechirishning boshqa manbalari ko’rsatilgan boshqa hujjat);
- to’rtta fotosurat;
- 2 nusxada oilasining tarkibi to’g’risida ish joyidan ma’lumotnoma;
- davlat boji to’langanligi yoki uni to’lashdan ozod qilinganligi haqidagi hujjat.
Demak, O’zbekiston Respublikasi tomonidan berilgan fuqaroligi bo’lmagan shaxs hujjati bu pasport emas. O’zbekiston pasportini olish uchun avvalo O’zbekiston fuqaroligini olish lozim. Dadangiz yuqorida ko’rsatilgan tartibda O’zbekiston fuqaroligini olish uchun ariza berishi va fuqarolikni olgach, O’zbekiston pasportiga ega bo’lishi mumkin.