Savol: Мен ишлайдиган ишлаб чикарувчи ташкилот “ЗИЛОЛ” фирмасига шартнома асосида 800 000 сум маблаг утказиб берган эди. Лекин орадан 2 кун утгач, “ЗИЛОЛ” фирмаси шартномани бажара олиш имкони йуклигини тушуниб у маблагни кайтариб берди. Лекин биз адашиб яна уша фирмага яъни “ЗИЛОЛ” фирмасига 800 000 сум маблагни утказиб юборибмиз. Ушбу маблагни кайтаришини сураб “ЗИЛОЛ” фирмасига мурожаат килсак у бу суммани кайтаришни хохламаяпти. Биз пулни кандай килиб кайтариб олсак булади?
Javob: Agar siz ishlayotgan ishlab chiqarish tashkiloti va “ZILOL” firmasi o’rtasida tuzilgan shartnoma yoki alohida tarzda hakamlik bitimi tuzilgan bo’lsa, unda mazkur muammoni hakamlik sudida hal qilish mumkin. Hakamlik bitimi bu taraflarning nizoni hakamlik sudiga hal qilish uchun topshirish haqidagi kelishuvidir. Sizning tashkilotingiz hamda “ZILOL” firmasi o’rtasida ana shunday kelishuv bo’lmagan taqdirda sizning tashkilotingiz nizoni hal qilihni so’rab xo’jalik sudiga murojaat qilishi kerak bo’ladi.
O’zbekiston Respublikasi Xo’jalik Protsessual Kodeksining 24-moddasi xo’jalik sudi tomonidan hal etiladigan nizolar deb nomlanib, ushbu moddaning 1-bandida tuzilishi qonunda nazarda tutilgan shartnoma yuzasidan chiqqan kelishmovchiliklar xo’jalik sudida hal etilishi belgilab qo’yilgan.
Ushbu holatda, Xo’jalik Protsessual Kodeksining 112-moddasiga ko’ra, xo’jalik sudiga yozma da’vo arizasi bilan murojaat etish kerak. Ariza da’vogar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Da’vo arizasida quyidagilar ko’rsatilishi lozim:
- Ariza berilayotgan xo’jalik sudining nomi;
- Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi, ularning pochta manzillari;
- Agar da’vo baholanishi lozim bo’lsa, da’voning bahosi;
- Da’vo talablariga asos bo’lgan holatlar;
- Da’vo talablarini asoslovchi dalillar;
- Undiriladigan yoki nizolashayotgan summaning hisob-kitobi;
- Da’vogarning qonun hujjatlarini dalil qilib keltirgan talablari;
- Nizoni javobgar bilan sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etilganligi to’g’risidagi ma’lumotlar, agar shunga o’xshash nizolar uchun qonun yoki shartnomada nazarda tutilgan bo’lsa. Ya’ni sizning tashkilotingiz va “ZILOL” firmasi o’rtasida tuzilgan shartnomada talabnoma yuborish ko’zda tutilgan bo’lsa sizning tashkilotingiz ushbu talabnomani “ZILOL” firmasiga yuborganligini tasdiqlovchi hujjatni ham ariza bilan birga xo’jalik sudiga topshirishingiz kerak.
- Ilova qilinayotgan hujjatlar ro’yxati.
Da’vo arizasi javobgar joylashgan joydagi sudga beriladi. Tuman va shaharlarda xo’jalik sudlari mavjud emas. Xo’jalik sudlarining eng birinchi instansiyasi viloyatlar va Toshkent shahar miqyosidadigi sudlari hisoblanadi. Shuning uchun “ZILOL” firmasi Toshkent shahrida joylashgan bo’lsa, unda siz Toshkent shahar xo’jalik sudiga da’vo arizasi bilan chiqishingiz kerak. Shu bilan birga da’vo arizangizning hamda ilova qilingan hujjarlar nusxasini “ZILOL” firmasiga ham jo’natishingiz kerak bo’ladi.
Arizangizda siz asosan davlat boji to’laganligingiz haqidagi kvitansiyani, “ZILOL” firmasi bilan tuzgan shartnoma nusxasini, javobgarga da’vo arizasi bilan ilova qilingan hujjatlar nusxasini yuborganligingiz haqida ma’lumotni, “ZILOL” firmasiga pulni qaytarishni so’rab qilgan yozma talabingiz nusxalarini taqdim etishingiz kerak bo’ladi.
Mana shu hujjatlar belgilangan tartibda topshirilsa va ular haqqoniy bo’lsa, sud sizning xatolik tufayli o’tib ketgan mablag’ingizni qaytarish haqida hukm chiqarib beradi.