Savol: Germaniyada yashayman. 10 va 6 yoshli ikki farzandimni O’zbekistonga jo’natmoqchiman. Ularni yolg’iz o’zlarini yuborishim mumkinmi?
Javob: Avvalo, siz farzandlaringiz uchadigan aviakompaniya bilan bog’lanib, ulardagi yosh bolalarning yolg’iz uchishiga oid qoidalar haqida ma’lumot olishingiz kerak. Yolg’iz uchishi mumkin bo’lgan bolalarning minimum yoshi va ularning uchish tartibi turli aviakompaniyalarda turlicha bo’lishi mumkin. Shuningdek, to’xtamasdan (nonstop) uchadigan, orada to’xtab uchadigan va xalqaro reyslar uchun har-xil qoidalar bo’ladi. Masalan, ayrim aviakompaniyalar orada to’xtab samolyot almashtiriladigan reyslarda yosh bolalarning yolg’iz uchishiga ruxsat bermaydi.
“O’zbekiston havo yo’llari” yosh bolalarni 5 yoshdan xalqaro reyslarda yolg’iz uchishiga ruxsat beradi. Buning uchun maxsus formani to’ldirib, aviakompaniyaga topshirishingiz kerak. Unda bolani jo’natayotgan tomonning, ya’ni ota yoki onaning to’liq ism-familiyasi, adresi va bolani ikkinchi tomonda qabul qilib oladigan odamning to’liq ism-familiyasi va adresi yozilishi kerak.
Shuningdek, agar orada to’xtab, samolyot almashtiriladigan bo’lsa, samolyot qo’nadigan shahardagi aeroportda ham bolani kutib olib, keyingi samolyotga chiqarib yuboradigan odam bo’lishi kerak. “O’zbekiston havo yo’llari”ning yosh bolalarni yolg’iz uchishi bo’yicha qoidalari haqida aviakompaniya saytidan to’liq ma’lumot olishingiz mumkin.
Ikkinchidan, farzandlaringiz O’zbekistonga kira olishi uchun kerakli hujjatlarga, ya’ni fuqarolikka yoki vizaga ega bo’lishi lozim. Fuqarolikni tasdiqlovchi hujjatlar – pasport, tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnoma yoki fuqarolik to’g’risidagi guvohnoma bo’lishi mumkin. “O’zbekiston havo yo’llari” ma’lumotiga ko’ra, xalqaro reyslarda yolg’iz uchuvchi 16 yoshgacha bo’lgan bolalar o’zlari bilan fuqarolikni tasdiqlovchi guvohnomaga ega bo’lishi kerak. Bunday guvohnomani olish ucun o’zingiz yashab turgan mamlakatdagi O’zbekiston Respublikasi elchixonasi yoki konsulligiga murojaat qilishingizni tavsiya qilamiz.
Ilova: Yolg’iz uchadigan bolalarni jo’natish uchun anketa (O’zbekiston havol yo’llari)