Savol: Ota yoki onaning o’z farzandiga yaxshi muomalada bo’lmasligi, uni urishi, yomon so’zlar bilan so’kishiga qonunchilikda biror javobgarlik bormi?
Javob: Albatta bor. Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 47-moddasiga ko’ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga etmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga etmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi — eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bolalarning majburiy umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilish — eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning 1-qismidagi “voyaga etmagan bolalarni tarbiyalash” deganda quyidagilar nazarda tutiladi:
Ota-onalik huquqi bolalar manfaatlariga zid tarzda amalga oshirilishi mumkin emas. Bolalar manfaatlarini ta’minlash ota-ona g‘amxo‘rligining asosini tashkil qilishi lozim.
Ota-onalik huquqini amalga oshirishda ota-ona bolalarining jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga, axloqiy kamolotiga zarar etkazishga haqli emas. Bolalarni tarbiyalash usullari mensimaslik, shafqatsizlik, qo‘pollikdan, insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomaladan, bolalarni haqoratlash yoki ekspluatatsiya qilishdan holi bo‘lishi kerak.
O‘z ota-onalik huquqini bolalarining huquq va manfaatlariga zid tarzda amalga oshirayotgan ota-ona qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Demak, farzandi bilan yomon muomalada bo’lgan, uni urgan, haqoratlagan ota-ona yoki vasiy yoxud homiy MJTKning 47-moddasi 1-qismi bilan javobgarlikka tortiladi.