Fuqarolik huquqi

Farzandimni o’z familiyamga o’tkazishim mumkinmi?

Savol:  Mening singlim eridan sud orqali ajrashgan, bitta o’g’ilchasi bor, 2 yoshda. Shu o’g’lining familiyasini almashtirishi mumkinmi?

Javob: Bolaning familiyasini o’zgartirish uchun tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi (FHDYO)ga murojaat qilish kerak. O’zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 70-moddasiga ko’ra,   agar ota-ona alohida yashasa va bola bilan birga yashovchi ota (ona) bolaga o‘z familiyasini berishni xohlasa, vasiylik va homiylik organi bu masalani bolaning manfaatlarini va ona (ota)ning fikrini hisobga olgan holda hal qiladi. Ota yoki onaning turgan joyini aniqlash mumkin bo‘lmaganda, ular ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda, muomalaga layoqatsiz deb topilganda, shuningdek, ota yoki ona bolaga ta’minot berish va uni tarbiyalash majburiyatlarini bajarishdan uzrsiz sabablarga ko‘ra bo‘yin tovlagan hollarda ota yoki onaning fikrini hisobga olish shart emas.

Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 12-apreldagi 171-son qaroriga  1-Ilova sifatida qabul qiling Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish Qoidalariga ko’ra, agar 16 yoshga to‘lgan shaxs pasport yoki pasport o‘rnini bosuvchi shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat olgunga qadar familiyasi, ismi, ota ismini o‘zgartirish haqida ariza bersa, unda arizaga tug‘ilganlik haqida guvohnoma va tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi nusxasi ilova qilinadi.

Bolaning familiyani o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

bolalarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari;
ariza beruvchining pasportidan yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatidan ko‘chirma;
ariza beruvchi tomon (bu savolda: ona)ning arizasi
nikohdan ajrashganlik to’g’risida guvohnoma
1 dona (3 x 4 o‘lchamli) fotosurat ilova qilinadi
Tashabbus izohi: va boshqa ishga aloqador hujjatlar: (bu savolda) bolani ona vasiyligida qolishi to’g’risidagi sud qarori.

Familiyani o‘zgartirish to‘g‘risidagi ariza 45 kun mobaynida ko‘rib chiqilishi kerak. Familiyani o‘zgartirganlik uchun belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.  FHDYO familiya o‘zgartirishni rad etganligi ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.

Comments are closed.