Fuqarolik huquqi

Farzandim ikki davlat fuqaroligini olishi mumkinmi?

Savolingiz: Men turk fuqarosiga turmushga chiqqanman. Oilam bilan Turkiyada yashayman. O’zim O’zbekiston Respublikasi fuqarosiman. Bitta qiz farzandim bor. Qizim Turkiyada tug’ildi va Turkiya fuqaroligini oldi. Men O’zbekiston fuqarosi bo’lganligim uchun qizim ham O’zbekiston fuqaroligini olib, ikki davlat (ham Turkiya, ham O’zbekiston) fuqarosi bo’lishi mumkinmi?

Javob: O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 21-moddasiga ko’ra, O’zbekiston Respublikasining butun hududida yagona fuqarolik o’rnatiladi. Demak, O’zbekiston Respublikasida ikki fuqarolikka yo’l qo’yilmaydi.

”O’zbekiston Respublikasining fuqaroligi to’g’risida”gi qonunning 14-moddasiga ko’ra, ota-onasining fuqaroligi har xil bo’lib, ulardan biri bola tug’ilgan paytda O’zbekiston Respublikasining fuqarosi bo’lgan bo’lsa, agar bu vaqtda ota-ona O’zbekistondan tashqarida doimiy istiqomat joyiga ega bo’lgan bo’lsalar, O’zbekiston Respublikasidan tashqarida tug’ilgan bolaning fuqaroligi ota-onasining yozma tarzda ifodalangan kelishuvi asosida belgilanadi. Demak, keyingi farzandlaringiz tug’ilganda ularning O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lishini xohlasangiz, farzand tug’ilgan vaqtda buni turmush o’rtog’ingiz bilan yozma tarzda ifodalangan kelishuv asosida rasmiylashtirishingiz mumkin.

Turkiya fuqaroligiga ega farzandingizni O’zbekiston fuqaroligiga o’tkazishni xohlasangiz, ”O’zbekiston Respublikasining fuqaroligi to’g’risida”gi qonunining 17-moddasiga asosan, ota-onasidan biri, ya’ni siz O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega bo’lganligingiz uchun farzandingizning Turkiya fuqarolidan voz kechganligi, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini tan olishini ifodalab, O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini so’rab Turkiyada joylashgan O’zbekiston diplomatik vakolatxonalariga yoki konsullik muassasalariga murojaat qilishingiz kerak. Arizaga Turkiya fuqaroligidan voz kechganlikni isbotlovchi Turkiya davlati tomonidan berilgan hujjat ilova qilinishi kerak.

O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga oid masalalarga doir arizalardan davlat boji undiriladi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan imzolangan ‘’Davlat boji stavkalari”ning 7-bandi a-qismiga binoan O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish haqidagi arizadan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida davlat boji undiriladi.

Qo’shimcha ma’lumot uchun quyidagi hujjatni o’qib chiqish tavsiya etiladi:

ЎЗБЕКИСТОН РЕСПУБЛИКАСИНИНГ ФУҚАРОЛИГИ БИЛАН БОҒЛИҚ МАСАЛАЛАРНИ КЎРИБ ЧИҚИШ ТАРТИБИ ТЎҒРИСИДАГИ НИЗОМНИ ТАСДИҚЛАШ ҲАҚИДА ПРЕЗИДЕНТ ФАРМОНИ

5 Comments