Savol: Eri qidiruvda bo’lgan ayol qanday qilib nikohni bekor qilishi mumkin?
Javob: Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish Qoidalariga muvofiq, agar shaxs sud tomonidan bedarak yo’qolgan, deb topilsa, arizacha yashab turgan tumandagi FHDYO organiga nikohni bekor qilish to’g’risida ariza berishi mumkin.
Fuqarolik kodeksining 33-moddasiga ko’ra, agar fuqaroning qayerdaligi haqida uning yashash joyida bir yil davomida ma’lumot bo‘lmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq, sud bu fuqaroni bedarak yo’qolgan deb topishi mumkin. Shunday ekan, eringiz qidiruvda deb rasmiylashtirilgan kundan boshlab bir yil o’tgach, siz yoki boshqa manfaatdor shaxs yashab turgan tumandagi fuqarolik ishlari bo’yicha sudga eringizni bedarak yo’qolgan deb topish to’g’risida ariza berishingiz mumkin. Sud eringizni bedarak yo’qolgan shaxs deb topsa, bu haqda qaror qabul qiladi. Mana shu qaror bilan FHDYOga nikohingizni bekor qilishni so’rab murojaat qilishingiz mumkin.
Sud tomonidan bedarak yo‘qolgan deb topilgan shaxs qaytib kelsa, uning murojaati bo‘yicha FHDYO organi unga ham nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma beradi.
Agar eringiz hali bedarak yo’qolgan shaxs deb topilmagan bo’lsa va boshqa kutishni xohlamasangiz, hozirning o’zida o’zingiz yashab turgan tuman fuqarolik ishlari bo’yicha sudiga nikohdan ajratish to’g’risida ariza berishingiz mumkin. Arizangizga eringizning qidiruvda ekanligi haqida Ichki ishlar idorasidan ma’lumotnomani ilova qilishingiz kerak.