Internet sahifalarida yosh ayolning bolani emizayotgan rasmini internetda joylagani uchun eri tomonidan jiddiy jarohatlangani haqida video va rasmlar tarqaldi.
Mazkur voqea bo’yicha to’liq tavsilotlar mavjud emas. Ammo dastlabki huquqiy bahoni berish mumkin.
Har bir zamonaviy davlatda o’zgaga tan jarohat yetkazish jinoyat hisoblanadi. Jinoiy qilmish sodir bo’lishiga jabrlanuvchining xatti-harakatlari sabab bo’lgan taqdirda ham jinoiy qilmishni oqlamaydi. Qonunlar bilan taqiqlangan xatti-harakatni sodir etgan kishiga qarshi faqat davlat muvofiq jazo qo’llashi mumkin.
Hech bir shaxs birga yashashni istamagan shaxs bilan er-xotin sifatida yashashga majbur emas. O’rtadagi ziddiyatni tinch yo’llar bilan hal qilib bo’lmaganda, er-xotin qonunda belgilangan tartibda ajrashishi mumkin. Ammo xotini eriga yoqmagan ishni qilgani uchun uni mustaqil ravishda jazoga tortishi, xususan tan jarohat yetkazishga qonunan hech qanday ruxsat yo’q. Bunday holatlar ro’y bermasligi uchun keng jamoatchilik va davlat jiddiy choralar ko’rishi kerak. Aks holda ayollar himoyasiz, jinoyatchilar esa jazosiz qolishda davom etadi.